III. Bozor iqtisodiyotiga o‘tishning sobiq sotsialistik mamalakatlar yo‘li. Bu mamlakatlarda davlat mulki hukmron mavqega ega bo‘lib, iqtisodiyot davlat tomonidan markazlashgan tarzda tuzilgan rejalar asosida boshqarilgan.
Yaratilgan mahsulot ham davlat tomonidan taqsimlangan.
Totalitar iqtisodiyotning bozor bilan umumiyligi yo‘q, ular bir-biriga zid, tabiatan har xil. Shuning uchun ham bu modelda aholiga bozor munosabatlari g‘oyalarini singdirmay, ularda yangicha ko‘nikma hosil etmay turib, bozor iqtisodiyotiga o‘tib bo‘lmaydi. Lekin bu tizimning afzalligi shundaki, u o‘ziga xos yo‘llar bilan kuchli ishlab chiqarish va ilmiy-texnikaviy kadrlar potensialini yaratgan. Ularga tayangan holda bozor iqtisodiyotiga o‘tish nisbatan engil kechishi mumkin.
Bu tizimga kirgan mamlakatlarda xususiy mulk tamomila yo‘qotilgan yoki qisman mavjud. Tadbirkorlikka intilish, iqtisodiy taraqqiyot darajasi turlicha; masalan, Polsha, Vengriya, Germaniyada xususiy mulkchilik ancha saqlangan. Sobiq ittifoqda esa akincha, xususiy mulk tamomila yo‘qotilgan. Bularning hammasi albatta, bozor iqtisodiyotiga o‘tishda o‘z ta’sirini o‘tkazadi.
Mustamlakachilikdan ozod bo‘lib, mustaqil rivojlanayotgan mamlakatlarning bozor iqtisodiyotiga o‘tish yo‘lining xususiyati -bu qoloq, an’anaviy iqtisodiyotdan erkin bozor iqtisodiyotiga o‘tishdir. Nihoyat, sobiq sotsialistik mamlakatlar yo‘lining muhim belgisi markazlashtirilgan, ma’muriy — buyruqbozlikka asoslangan iqtisodiyotdan hozirgi zamon rivojlangan bozor tizimiga o‘tishdan iboratdir. Bu yo‘lning boshqa yo‘llardan farqi shundaki, totalitar iqtisodiyotning bozor iqtisodiyoti bilan umumiyligi yo‘q, ular batamom bir-biriga zid. Shu bilan birga uchinchi yo‘lda bozor munosabatlariga o‘tayotgan mamlakatlarning o‘zi o‘tish sharoitlari, iqtisodiy rivojlanish darajasi, mulkchilik va xo‘jalik yuritish shakllari bilan bir-birlaridan farqlanadi. Bularning hammasi bozor iqtisodiyotiga o‘tishning mazkur yo‘lining o‘ziga xos xususiyatlaridir.
O‘tish davrida bozor iqtisodiyotini shakllantirishning asosiy yo‘nalishlari bo‘lib quyidagilar hisoblanadi:
Iqtisodiyotni erkinlashtirish.
Iqtisodiyotni monopoliyadan chiqarish va raqobat muhitini yaratish.
Institutsional o‘zgarishlar.
Tarkibiy o‘zgarishlar.
Makroiqtisodiy, asosan, moliyaviy barqarorlashtirish.
Bozor xo‘jaligiga mos bo‘lgan aholini ijtimoiy himoyalash tizimini shakllantirish.