Mavzu: Avstro-Vengriya birinchi jahon urushi yillarida. Reja: Kirish Asosiy qism i-bob avstriya-Vengriya birinchi jahon urushi arafasida va urushga kirishi
II-BOB Avstriya-Vengriyaning urushdan koʻzlagan maqsadi va urushdan keyingi holati Asosiy voqealar
2.2 Avstriya-Vengriya uchun urush natijalari
Xulosa va takliflar Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati.
Kirish Odamzod “urush” degan so‘zni eshitishi bilan ko‘z oldiga halok bo‘lgan necha yuz minglab insonlarning jasadlari, vayronkorliklar, to‘s-to‘polon va ochlik keladi. Urush insoniyatga hech zamonda yaxshilik olib kelmagan. Biroq, ming afsuslar bo‘lsinki, dunyo tarixida qonli to‘qnashuvlar juda ko‘p bo‘lgan va hozir ham davom etmoqda.
1918 yil 11 noyabr kuni insoniyat tarixiga “Birinchi jahon urushi” nomi bilan kirgan dahshatli qirg‘inbarot o‘z yakuniga yetdi. Bu urush avvalgi to‘qnashuvlarga qaraganda anchayin uzoq muddat, aniqrog‘i, to‘rt yil davom etdi. Urush ko‘lami va ko‘plab davlatlarni o‘z domiga tortgani bilan ham avvalgilaridan ajralib turardi.
XX asr boshlarida imperiyalar o‘rtasidagi ziddiyatning eng muhim sababi sanoat taraqqiyotining jadallashuvi, industrial mamlakatlar sonining ko‘payishi bo‘ldi. Rivojlangan davlatlarning sanoat kapitallari o‘rtasida tashqi bozor uchun kurash boshlandi.
XX asrga kelib, rivojlanayotgan mamlakatlar o‘z raqiblarining ta’sir doiralariga kirib qolishi orqali yangi mustamlakalarni va bozorlarni zabt etishga intila boshladi. Yangi davrning imperialistik urushi Ispaniya – AQSH (1898) o‘rtasida bo‘lib, buning natijasida AQSH Kuba, Filippin, Puerto-Riko va Guam orollarini Ispaniyadan tortib oldi. Shunday qilib, dunyoni qaytadan bo‘lib olish uchun kurash jahon siyosatining muhim omiliga aylandi.
XX asrning boshida dunyoning shunday hududlari belgilandiki, ularning geosiyosiy va iqtisodiy muhim ahamiyati tufayli bu yerlar ustidan nazorat o‘rnatish uchun kurash boshlandi. Birinchi jahon urushi arafasida shunday hududlar sifatida Xitoy va Bolqon yarim oroli ajralib turdi.
Xitoy va uning portlari ustidan nazorat o‘rnatish keng bozorga va boy resursli yerlarga kirib borish imkoniyatini berardi. Bundan tashqari, Xitoy portlariga egalik qilgan mamlakat jahon taraqqiyotida roli tobora ortib borayotgan Osiyo – Tinch okeani mintaqasini o‘z nazoratida ushlab turishi mumkin edi.1 Jahon urushi boshlanishidan oldin kuchli davlatlar o‘rtasida o‘ziga xos muvozanat mavjud edi. Biroq 1900 yilda Rossiya imperiyasining armiyasi qo‘zg‘olonni bostirish bahonasi bilan Manchjuriyaga kirishi bu muvozanatni buzib yubordi. Manchjuriya ustidan nazoratga tayanib, podshoh hukumati Koreyaga ham o‘z ta’sirini o‘tkaza boshladi. Bu esa, o‘z navbatida, Buyuk Britaniya, AQSH va Yaponiyaga yoqmadi. Ayniqsa, 1902 yilda Angliya bilan ittifoq tuzgan Yaponiya Rossiyaning bu ishidan qattiq g‘azablangan edi. Ayni shu pallada Yaponiya hukmron doiralari tavakkal qilib, harbiy jihatdan o‘zidan kuchli bo‘lgan Rossiya imperiyasiga urush e’lon qildi. Bir yil davom etgan urushda Yaponiya g‘alaba qozondi.
Ziddiyatlarning yanada murakkab tuguni Bolqon yarim orolida paydo bo‘ldi. XVIII asrda Rossiya va Avstriyaning umumiy dushmani hisoblangan Usmoniylar imperiyasi kuchsizlanishi strategik jihatdan muhim bo‘lgan Bosfor va Dardanell bo‘g‘ozi va ularga yaqin hududlar ustidan nazorat o‘rnatish uchun ayovsiz kurash boshlandi. Bu yerlarga Rossiya, Avstriya-Vengriya bevosita, Buyuk Britaniya esa bilvosita ko‘z tikkan edi. Bundan tashqari, XX asr boshlarida anchayin qudratli bo‘lib olgan Germaniya imperiyasi bu kurashga qo‘shildi. Germaniya Usmoniylar imperiyasi bilan alohida munosabat o‘rnatib, Bolqon mamlakatlari orqali Istanbul, Bag‘dod va Basraga chiquvchi temir yo‘l qurilishini boshlab yubordi. Bu yo‘l orqali Germaniya Hind okeaniga, Yaqin va O‘rta Sharq mamlakatlari bozorlariga chiqmoqchi edi.