I-BOB Avstriya-Vengriya birinchi jahon urushi arafasida va urushga kirishi Birinchi jahon urushining boshlanishi
1879 yilda Germaniya – Avstriya o‘rtasida harbiy ittifoq tuzildi. 1882 yilda bu ittifoqqa Shimoliy Afrikada hukmronlik uchun Fransiya bilan raqobatlashayotgan Italiya qo‘shildi. Shu tariqa “Uchlar ittifoqi” tashkil topdi.
1904 yilda eng ko‘p koloniyaga ega bo‘lgan Buyuk Britaniya va Fransiya o‘rtasida mustamlakachilik masalasi bo‘yicha eng muhim shartnoma imzolandi. Tomonlar urush vaqtida bir-birini qo‘llab turishga kelishib oldi. 1907 yilda Rossiya imperiyasi Buyuk Britaniya bilan xuddi shunday shartnoma tuzdi. Shunday qilib, ikkita qarama-qarshi harbiy-siyosiy bloklar: “Uchlar ittifoq” (Germaniya, Avstriya-Vengriya va Italiya) va “Antanta” (Rossiya, Fransiya va Buyuk Britaniya) tuzildi.
Germaniya o‘zining raqobatchilarini bir-biriga qarshi qo‘yish uchun bir necha marta harakat qilib ko‘rdi. 1904 yil rus-yapon urushi vaqtida Germaniya imperatori Vilgelm II Rossiya podshohi Nikolay II ga Angliya va Yaponiyaga qarshi ittifoq tuzishni taklif qilib ko‘rdi. 1905 yilda ikkala imperator Byorka oroli yaqinidagi saroyda uchrashdi va unda Nikolay II Germaniya bilan ittifoqqa rozi ekanligini bildirdi. Biroq Vazirlar Kabineti Rossiyaga eng ko‘p qarz bergan Fransiya bilan do‘stona aloqalarni saqlab qolishni afzal ko‘rdi. Shunday qilib, ikki imperatorning o‘zaro ittifoqi to‘g‘risidagi shartnoma amalga oshmadi.
Germaniya harbiy va iqtisodiy taraflama rivojlangan bo‘lsa-da, Angliya, Fransiya, Rossiya kabi ulkan mustamlakalarga ega bo‘lmagan. Shu bois har taraflama kuchga to‘lgan Kayzer (Germaniya imperiyasida monarxga beriladigan unvon) Germaniyasi dunyoga “Quyosh barchaning yelkasiga birdek nur sochishi kerak”, degan talab bilan chiqdi.
Shu tariqa XX asr boshlarida vujudga kelgan xalqaro vaziyat, rivojlangan imperialistik davlatlarning dunyo birinchiligi uchun kurashi oxir-oqibat insoniyat tarixidagi eng yirik urushni keltirib chiqardi.
1914 yil 28 iyul kuni Avstriya-Vengriya imperiyasining taxt vorisi shahzoda Frans Ferdinand harbiy mashqlarni kuzatish uchun Bosniya markazi Sarayeva shahriga keldi. Bu tashrif shunchaki sayr bo‘lmagan. 28 iyul serblarning motam kuni bo‘lib, aynan shu kuni Serbiya chegaralarida harbiy mashqlar o‘tkazilishi bir ig‘vo edi. Frans Ferdinandning bunday provokatsion harakati serb millatchi doiralarining g‘azabini qo‘zg‘atdi. Tonggi soat o‘n birga yaqin Milyak daryosi yaqinida serb millatchi tashkiloti – “Mlada Bosna” (Yosh Bosniya) a’zosi, 20 yoshli Gavrilo Prinsip oldidan o‘tib ketayotgan shahzoda Frans Ferdinand va uning rafiqasini otib o‘ldiradi. Bundan g‘azablangan Avstriya-Vengriya imperatori o‘z hukumatidan bu qotillikka javoban Serbiyaga urush e’lon qilishni talab qildi.
1914 yil 23 iyunda Avstriya-Vengriya Serbiyaga 10 banddan iborat bo‘lgan talab qo‘ydiki, bu talablarni bajarish suveren davlat uchun haqoratli edi. Shunga qaramasdan, Serbiya o‘zidan talab etilgan 10 ta shartdan 9 tasini bajardi. Birgina “Avstriya hukumati tergovda ishtirok etgan holda Sarayevadagi qotillik ishtirokchilarining har biriga nisbatan tergov o‘tkazishi”, degan band bajarilmadi.
Bu mojaroga “Antanta” davlatlari aralashdi. Xususan, Rossiya mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilishni va bahsni Gaaga sudiga yuborishni taklif qildi. Biroq 26 iyul kuni Avstriya-Vengriya ultimatum talablari bajarilmaganini aytib, o‘z armiyasini Serbiya chegarasiga olib keldi. 28 iyulda Serbiyaga qarshi urush e’lon qilindi va Belgrad o‘qqa tutildi. Bu vaziyatda Rossiya imperiyasi Serbiyaning bosib olinishiga jim qarab tura olmadi. 31 iyulda Rossiya armiyaga umumiy safarbarlik e’lon qildi. Voqealar rivojini jimgina kuzatib turgan Germaniya agar Rossiya safarbarlikni to‘xtatmasa, urush e’lon qilishini bildirdi. Rossiya bunga javob bermadi va harbiy harakatlarni davom ettirdi. Shundan so‘ng Germaniya 1 avgust kuni Rossiyaga, 3 avgust kuni Fransiyaga urush e’lon qildi. Bunga javoban 4 avgust kuni Angliya Germaniyaga urush ochdi. Shu tariqa Birinchi jahon urushi boshlanib ketdi.
Urush dastlab Yevropa mintaqasida yoyildi. Biroq tezda Yevropa chegarasidan chiqib ketdi. 1914 yil 23 avgust kuni Yaponiya Germaniyaga urush e’lon qildi. 1 noyabr kuni Turkiya ham Germaniya tomonidan urushga qo‘shildi. Shunday qilib, Yevropada boshlangan urush 38 ta davlatni qamrab oldi.
“Shliffen rejasi”. Germaniya urushni barchadan ko‘ra ko‘proq istadi. Hatto, oldindan hujum uchun maxfiy rejalar tuzib, uni amalga oshirish uchun qulay fursat kutdi. Bu maxfiy reja “Shliffen rejasi” deb nomlangan. Unga ko‘ra, Germaniya betaraf Belgiya hududi orqali Fransiyaga bostirib kirib, Fransiyani yashin tezligida tor-mor qilganidan keyin butun kuchi bilan Rossiyaga hujum qilishi kerak edi. Germaniya bosh shtabi “Rossiya hujumga o‘tish uchun o‘z qo‘shinlarini olti haftada jangovar holatga keltiradi” deb o‘ylagan. Imperator Vilgelm II o‘z generallariga “Biz tushlikni Parijda, kechki ovqatni esa Petrogradda qilamiz”, degan edi.
G‘arbiy frontda urush 2 avgust kuni boshlandi. Rejaga ko‘ra, Germaniya armiyasi qisqa vaqt ichida Lyuksemburg va Belgiya hududlarini bosib o‘tib, Fransiya chegarasiga yetib keldi. Dastlabki g‘alabalar nemis armiyasini esankiratib qo‘ydi. Ular G‘arbiy frontda g‘alaba qilganliklariga ishonchlari komil edi. Hatto, Vilgelm II “Barglar to‘kilguncha ortga qaytamiz” dedi. Biroq kutilmaganda rus armiyasi Sharqiy Prussiyaga hujum boshladi. Buning oqibatida Germaniya o‘zining G‘arbiy frontdagi kuchlarining bir qismini Sharqiy frontga jo‘natdi. Bu hol Germaniyaning kelgusidagi hujumlariga katta ta’sir ko‘rsatdi. Nemislarning Parijni shimoldan aylanib o‘tish rejasi chippakka chiqdi. Shundan so‘ng Germaniya armiyasi yo‘nalishni janubga tomon o‘zgartirib, Marna daryosiga chiqdi.
1914 yil 5-9 sentyabr kunlari G‘arbiy frontda asosiy janglar bo‘lib o‘tdi. Bu to‘qnashuvda ikkala tomondan 2 million harbiy qatnashdi. To‘qnashuvning birinchi kuni frontning ayrim nuqtalarida nemis armiyasi himoyaga o‘tishga majbur bo‘ldi. Kun sayin Germaniyaning ahvoli og‘irlashib bordi. 9 sentyabr kuni general Bernxard fon Moltke nemis armiyasiga Marna daryosining ortiga chekinishga buyruq berdi.