Kurs ishining maqsad va vazifalari. Kurs ishining asosiy maqsadi iqtisodiyot nazariyasi fani, qadimdan to hozirgi davrgacha paydo bo`lgan iqtisodiy fikr, g`oya, qarash va ta'limotlarning mazmuni, mohiyati, ularning evolutsiyasi va bugungi kundagi ahamiyati tarixiy ketma-ketlik asosida yoritishga va iqtisodiyot nazariyasi sifatida shakllanishi va undagi asosiy ta'limotlar bilan tanishtirishdan iboratdir.
Ishning tarkibi.Kurs ishi kirish, asosiy qism, xulosa,
qo’shimcha atamalardan, foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati, hamda foydalanilgan saytlardan iborat.
Iqtisodiyot nazariyasining fan sifatida shakllanishi. “Tarixiy xotirasiz kelajak yo’q”
O`zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti, akademik I.A.Karimov. Har qanday tarixni o`rganish avvalo hozirgi kun va kelajak uchun ahamiyatlidir. Taniqli yozuvchi va adibimiz Abdulla Qodiriy aytganidek: “Moziyga qarab ish tutish xayrlidir”. Ayniqsa hozirgi davrda iqtisodiyot har bir inson hayotiga jo`shqinlik bilan kirib bormoqda va odamlar iqtisodiyot to`g`risida imkoni boricha ko`proq bilishga intilmoqdalar. Xo`sh, ummon kabi keng iqtisodiyot fanini o`rganishda nimadan boshlamoq kerak, degan savol tug`ilishi tabiiy.
Bizningcha, bu ishni, shifokor davolanuvchini tuzatishni uning kasallik tarixidan boshlagani kabi, tarixdan boshlash zarur. Albatta, bugungi va ertangi kun muammolarini to’la hal etishda o`tgan asr iqtisodchilaridan barcha savollarga tayyor javob topish qiyinligi aniq, ammo, o’tgan donishmandlarning fikr-mulohazalari hozirgi va kelajak to’g’risida to’g’ri xulosa chiqarish uchun yaxshi imkoniyat beradi. Aniqrog’i, velosipedni qayta kashf qilishga hojat qolmaydi, tarixiy tajriba shunisi bilan ham qimmatlidir.
Iqtisodiyot insoniyat tarixi kabi qadimiydir. Iqtisodiyotga oid fikr, g’oya, qarash, nazariya va ta’limotlar ham ko’p ming yillik tarixga ega. Lekin ularning asosiy qismi yozuv paydo bo’lganidan so’ng, yozma manbalardan bizgacha yetib kelgan. Bu manbalar, ulardagi g’oyalar avvalo insoniyatning muqaddas mulkidir, uni topish, o`rganish va kelajak uchun saqlash savobli bo`lsa, ulardagi nodir fikrlarni hayotga tatbiq etish ham nazariy, ham amaliy ahamiyat kasb etadi, katta tarbiyaviy ahamiyatga ega.
Antik olimlarning iqtisodiy qarashlari
Iqtisodiyotning turli yo`nalishlari va maktablari :
1.QADIMGI DUNYO IQTISODIY TA'LIMOTLARI. Qadimgi Osiyodagi iqtisodiy g`oyalar. Iqtisodiy fan manbalarini avvalo jahon sivilizatsiyasining beshigi bo`lgan qadimgi Sharqdan izlamoq mantiqan to`g`ridir.
Iqtisodiy g`oyalarning shakllanishi insoniyatning paydo bo`lishi bilan boshlangan. Ammo, hozirgi paytda qo’lyozmalarda aks ettirilgan g’oyalargina tahlil qilingan.
Dastlab quldorlik jamiyati Sharqda sinfiy ajralish boshlangan joylarda, Mesopotamiya (Tigr va Yefrat daryolari oralig’ida) va Misrda eramizdan avvalgi IV ming yillikda yuzaga keladi. Bunga asosiy sabab shuki, bu yerda texnologik inqilob ro`y berdi, metall qurollar ishlatila boshlandi, qishloq xo`jaligida intensiv, ko`p hollarda sug`orma dehqonchilikka o`tildi, shu asosda nisbatan turg`un qo`shimcha mahsulot olish imkoni tug`ilgan. Oqibatda, jamiyatda mehnat taqsimotini rivojlantirishga, ko`pgina hunarmandchilik sohalarining ajralib chiqishiga, sinfiy tabaqalanishga turtki bo`ldi.
Bu davrda qo`shimcha mahsulot olishning asosiy usuli jamoaga birlashgan dehqonlarni ekspluatatsiya qilish yo`li bilan renta - soliq olish (Osiyoda) bo`lsa, qullarni (davlat yoki xususiy) beayov ishlatish bilan ham (Yevropada) katta boylik orttirilgan. Sharqda davlatning iqtisodiyotga aralashuv darajasiga qarab, ayrim "erkin" aholining ahvoli qullarnikidan deyarli farq qilmagan (umuman, Sharq mamlakatlarida qulchilik masalasi hali uzil-kesil hal etilgan emas. Akademik V.V. Struve uni tan oladi. Lekin ko`pgina olimlarning fikricha, Sharqda quldorlik klassik shaklda rivoj topmagan, patriarxal, ya'ni uy xo`jaligida ustun bo`lgan. Sharq, jumladan Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi xo`jalik faoliyatida nisbatan erkin odamlar ishtirok etgan. Masalan, dehqonchilik, hunarmandchilik, qurilish sohasida qullar mehnatidan foydalanilmagan. Antik dunyo (G’arbiy Yevropa)dagi ayrim regionlarda xalqaro savdoni olib borish bilan bog`liq ravishda tovar-pul munosabatlari ham anchagina rivojlangan (masalan, Gretsiyaning ayrim shaharlari). Shu asosda qulchilikka asoslangan xususiy mulkchilik rivoj topdi. O`z mahsulotini sotishga mo`ljallab ishlab chiqargan qulchilik xo`jaliklari ekspluatatsiyani kuchaytirishni talab etgan. Oqibatda, klassik yoki antik qulchilik yuzaga keldi (Gretsiya va Italiya).
Bizgacha yetib kelgan eng qadimgi qo`lyozmada (qadimgi Misr, eramizdan avvalgi XXII asr) noib va aholi o`rtasidagi munosabatlar to`g`risida fikr yuritiladi. Bu davrda sinfiy ajralish to`la shakllanmagan bo`lib, boshqaruv ishiga ishbilarmonlarni taklif etish (yuqori tabaqali, yoki oddiy aholidan bo`lishidan qat'iy nazar) kerak deyilgan.
Qadimgi Misrdan farqli ravishda Mesopotamiyada xususiy mulkchilik va tovar-pul munosabatlarining nisbatan tez rivojlanishi xarakterlidir. Inson shaxsi ozodligining kafolati yo`q bo`lgan o`sha sharoitda qarzdor qulchilik xo`jalik rivojiga olib kelar edi. Bunday jarayonlar soliq to`lovchilar va harbiylardan ajralib qolishi mumkin bo`lgan davlatning kuchsizlanishiga olib kelgan. Saqlanib qolgan yodgorliklarda, yozma qonunlarda iqtisodiy g`oyalar ham mavjud, unda mustaqil ishlab chiqaruvchilarning huquqlarini himoya qilish, tartibga solish bo`yicha muhim fikrlar berilgan. Eramizdan avvalgi XVIII asrda Bobil (Vavilon) da (m.a.1792-1750 yy.) podsholik qilgan Xammurapi (ba'zi manbalarda Xammurabi) qonun to`plamlari (jami 282 ta) diqqatga sazovor (m.a.1760 y.). Bu to`plam 1901-1902 yy. Suza shahri qoldiqlarini arxeologik qazish paytida topilgan (Fransiya poytaxti Parijdagi mashhur muzey - Luvrda saqlanyapti). Nusxasini BMT binosidagi muzeyda ham ko`rish mumkin. Toshga o’yib yozilgan muhim va qadimiy, tarixiy hujjatni tahlil qilish shuni ko`rsatadiki, mavjud davlat sinfiy va sotsial jihatdan ancha mukammal ajralgan. Biz uchun ayniqsa mulkchilik va unga egalik shakllari muhimdir.qonunda "kuchlilar zaifroqlarni cheklamasligi kerak", degan qoida bor. Masalan, qarzdorligi uchun podsho jangchilari va boshqa aholining yerlarini sotish yoki tortib olish man etilgan. Sudxo`rlik faoliyati cheklangan, uning miqdori pulda 20, mahsulotda 33 foizdan ortiq bo`lmasligi kerak.
Asosiy maqsad ishlab chiqarishni, birinchi navbatda qishloq xo`jaligini rivojlantirishni qo`llab-quvvatlash bo`lgan, ya'ni mehnatsiz daromad topishga qarshi kurashilgan. qarzni qarz hisobiga uch yildan ortiq ushlab turish mumkin bo`lmagan. Umuman, xususiy mulkchilik, shu jumladan yerga ham tan olingan. Birovning xususiy mulkiga ko`z olaytirgan, unga zarar yetkazganlar iqtisodiy jihatdan jazolangan. Bu qonunlar to`plami davlatning mamlakatni iqtisodiy boshqarish sohasidagi dastlabki tajribasini ko`rsatadi. Oqibatda shu davrda mamlakat ham siyosiy jipslashdi, ham iqtisodiy ravnaq topdi.
Qadimgi Hindistonning "Manu qonunlari"da (m.a. IV-III asrlar) ijtimoiy mehnat taqsimotining, hukmronlik va bo`ysunish institutlarining mavjudligi aytiladi.
Hindistondagi iqtisodiy g`oyalarni aks ettiruvchi qadimgi yodgorlik "Artxashastra" (m.a. IV-III asrlar oralig`ida)dir (tom ma'nosi bo`yicha ifoda, amaliy hayot to`g`risidagi fan, bu asar m.a. III-II asrlarda to`ldirilgan). Bu qadimiy va muhim tarixiy yodgorlikdir (u Chandragupta I podsholigi davrida podsho maslahatchisi Kautilye Bishnugupta tomonidan yozilgan degan fikr bor). Unda qulchilikni mustahkamlash asosiy vazifa qilib qo`yilgan. qulchilik eng past tabaqalarga xos narsa deb sanaladi. Bu asarda "buyumning qiymati" muammosi ko`tarilgan, qiymat miqdori "ish kunlari" bilan belgilangan, rag`batlantirish esa mehnat natijalariga mos ravishda belgilanishi kerak, deyilgan.
Bu asarda davlatni boshqarish bo`yicha takliflar berilgan bo`lib, bir qancha iqtisodiy g`oyalar ham ilgari surilgan. Masalan, unda mahsulotning bozor bahosi bilan uning tabiiy qiymati o`rtasidagi farq aytilgan. Tovarga bo`lgan ehtiyoj ortganda, uning bahosi qiymatdan oshib ketishi mumkin, deyilgan. Savdo bilan shug`ullanuvchilarga alohida urg`u berilgan bo`lib, foyda masalasi ko`tarilgan, foydaning miqdori tovar bahosiga (boshqa harajatlar qatorida) qo`shilib, mahalliy mahsulot uchun 5, chetdan kelgan tovarlar uchun 10 foiz (import o`sha davrda ham afzal) qilib belgilangan.
Davlatning iqtisodiy ishlarga aralashuvi qo`llab quvvatlangan. qishloq xo`jaligiga alohida e'tibor berilgan, bo`sh yerlar xalqqa bo`lib berilishi va soliq to`lash zarurligi, sug`orish inshootlari qurishga e'tibor haqida so`z yuritiladi. Umuman, davlat mamlakatning ishlab chiqaruvchi kuchlarini rivojlantirishi kerak, degan g`oya markaziy o`rinni egallaydi. (Hozirgi davrdagi J.M.Keyns va institutsionalizm tarafdorlari fikri bilan solishtiring,).
Moliya sohasida daromad solig`iga katta e'tibor berilgan. Davlat ba'zi ishlarni rivojlantirishi uchun moddiy va ma'naviy yordam berishi kerak, deyilgan. Mahsulotga baho belgilash, davlatning boyishini ta'minlash (foydani oshirib, sarf-xarajatni kamaytirish), hisob-kitobni tartibga solish, har xil o`g`irliklarga qarshi kurashish kerakligi belgilangan.Shu tamoyillarni amalga oshirish tufayli jamiyatdagi norozilik, tengsizlik yo`qoladi, deyilgan.
Qadimgi Hindistonda yaratilgan "Veda"larda ham bir qancha muhim iqtisodiy g`oyalar keltirilgan.
Respublikamiz olimlarining tadqiqotlariga ko`ra, zardushtiylik (zoroastrizm) dinining (islomgacha) muqaddas kitobi bo`lgan "Avesto" ya'ni "hayot yo`riqnomasi" (asli "Ovasta") da ham muhim iqtisodiy fikrlar bayon etilgan. Jumladan, sun'iy sug`orish asosida dehqonchilik yuritish, ona tabiatni e'zozlash, hayvonlarni asrash, noo`rin so`ymaslik, unga zug`um qilmaslik, tuproq sharoitini yaxshilash masalalari yoritilgan. Bu kitob eramizdan avvalgi II ming yillik oxiri - I ming yillik boshlaridagi voqealarni aks ettiradi va juda qadimiy yodgorlikdir (2700 yilligi bayram qilindi).
Bu dinning ta'sir doirasi juda keng bo`lib, hozirgi Eron, Markaziy Osiyo, Kavkazorti yurtlari (ayniqsa Ozarbayjon) va boshqa joylarda tarqalgan. M.a. II ming yillik oxiri - I ming yillik boshida paydo bo`lgan "Avesto"ning to`liq asl nusxasi saqlanmagan, uning ayrim qismlari topilgan, u qadimiy parfyan, oromiy yozuvida bitilgan, hozirgi davrda rus va o`zbek tillariga tarjima etilgan, ayrim bo`laklari "San'at", "O`zbek tili", "Fan va turmush" jurnallarida e'lon qilindi. Zoroastrizmning asosiy g`oyasi dualizmga, ya'ni bir tomondan Yaxshilik va Yorug`lik (xudosi Axura Mazda), ikkinchi tomondan Yovuzlik va qorong`ilik (xudosi Anxra Manu) kuchlari o`rtasidagi kurashdir.
Ko`chmanchi xalqlarning asosiy boyligi bo`lgan mollar sonini saqlash qo`llanilib, ularni bekordan-bekorga qurbon qilaverish qoralanadi. Bu g`oya ayniqsa ilk zoroastrizmda kuchli. Hayvonot dunyosini asrash, uning sonini oshirish, sifatini yaxshilash (ayniqsa semirtirish) ga alohida urg`u berilgan. Buning uchun esa yaxshi yaylov, kerakli qarov, yemxashak bilan ta'minlash eng yaxshi faoliyat deb baholanadi. Yaxshi ishlarni amalga oshirish kuchli hokimiyat bilan bo`lishi qayd etiladi. Kitobda yozilishicha, hayvonlarni o`g`irlash yoki tortib olish, turar joylarni xonavayron qilishdan asrashga intilish Yaxshilik g`alabasiga olib keladi. Ana shu qoidalarga amal qilganlarga yaylovlar bo`ylab erkin harakat qilishga va'da beriladi, chunki tabiiy yaylovlar cheklangan sharoitda bu "erkin harakat" ta'minoti muhimdir, aks holda o`zaro to`qnashuv va urushlar ro`y bergan.
Ma'lum qonun-qoidalarga bo`ysunish kuchli hokimiyat va mo`'tadillik bilan bog`liq edi. O`zaro shartnomalarga bekamu ko`st amal qilish zarurligi, ayniqsa o`zaro moddiy yordam berish kerakligi targ`ib etiladi.
Avesto ma'lumotlariga qarab shu davrdagi jamiyatning ijtimoiy ahvolini bilib olish mumkin. Bu davrda urug` jamoasi yemirilib, dastlabki sinf (kasta)lar paydo bo`lganligi ayondir, ular kohinlar, harbiylar, chorvadorlar va hunarmandlar, demak, ilk sinfiy jamiyat yuzaga kelayotgan davr bo`lgan. Aholi ko`proq yarim ko`chmanchilik asosida kun kechirgan. Ekstensiv chorvachilik yetakchi edi.
Ideal hayot tarzi quyidagicha talqin etilgan bo`lib, uningcha yerdan shunday joyni topish yoki yaratish kerakki, u yerda ko`p ovqat pishirilishi, doim katta bo`lak go`sht tegishi, otlar pishqirib turishi, ot-arava g`ildiraklari jarangi chiqishi, qamchilar doim ko`tarilib, ovozi chiqib turishi, odamlar jag`i tinmaydigan (ovqat yeyishda), ziravorlar yetarlicha yashirib qo`yilgan, xushbuy hidlar arimaydigan, yaxshi hayot uchun kerakli barcha narsalarni istakka qarab, ko`p miqdorda saqlanadigan omborlar bor joy tushunilgan.
"Avesto" bo`yicha turli tabiiy ofatlarga qarshi zahira oziq-ovqatlar barpo qilish qo`llab-quvvatlanadi (Konfutsiylik va boshqa ta'limotlarda ham bu g`oya katta o`rinni tutadi).
"Avesto"ning yozilishi jihatidan keyingi davrga mansub fikrlarda, masalan, chorvadorlar hamkori Yim to`g`risidagi afsonada "oltin asr"dagi mol-qo`ylarning mo`l-ko`lligi haqida so`z yuritiladi. Yimning xizmati ulug`lanib, kuchli sovuq, qor va suv to`fonidan hayvonlar va odamlarni qutqarish uchun "varu" (qo`rg`on) qurdirib, unga suv o`tkazadi, mayda va yirik mollar, odamlar, it, qush, barcha o`simliklar urug`i va yonib porlab turgan olovni keltiradi (Nuh payg`ambar bilan solishtiring). Odamlar uchun turar joy, hayvonlar uchun molxonalar qurilgani aytiladi...
Bu din hozirgi Markaziy Osiyo, ayniqsa qadimgi Eronda keng tarqaldi, davlat diniga aylandi. M.a. VI-V asrlarda Doro I podsholigi yillarida Eronda, keyinchalik boshqa davlatlarda tarqaldi. Islom dinigacha bo`lgan davrda respublikamiz aholisining asosiy qismi bu dinga e'tiqod qilgan, uning ayrim qoldiqlari hali ham qayd etilib turadi (kelin-kuyovlarni olov atrofida aylantirish, vafot etganlarga chiroq yoqish va boshqalar).
Qadimgi Xitoydagi iqtisodiy g`oyalar m.a. VI-III asrlarda shakllangan. Bu mamlakatdagi dastlabki quldorlik davlatlari e.a. II ming yillikda paydo bo`lgan. Konfutsiylik g`oyasi muhimdir. Uning muallifi Konfutsiy yoki Kun-Szi (m.a. 551-478 yy.) "Lun yuy" to`plamida ("Suhbatlar va mulohazalar") o`z g`oyalarini jamlagan. Olim kelajak rivojini o`tmishdan izlaydi. Shu davrda obro`si pasaygan zodagonlarning manfaatini himoya qiladi (bu g`oyalar keyinchalik Ken-Szi (m.a.312-289 yy.), Syun-Szi (313278 yy.) va boshqalar tomonidan davom ettirilgan). Yoshlarning qariyalarga hurmati, ularga qarshi chiqmaslik g`oyasi asos qilib olingan. Davlat bu katta oila, podsho esa "xalqlar otasi"dir, boyliklar nisbatan tekis taqsimlanishi kerak, soliqlarni me'yorida saqlash, yer ishlarini yaxshi bajarish, hammani o`z vazifalarini bajonidil ato etishi za-rur deyiladi ("Xalqlar otasi" tushunchasining ibtidosiga e'tibor bering).
Bu g`oyalar Xitoydagi muhim iqtisodiy o`zgarishlar davriga to`g`ri keladi. Temir qurollar tufayli dehqonchilik va hunarmandchilik rivoj topdi, tovar-pul munosabatlari o`sdi, savdo-sotiq kuchaydi. Sinfiy munosabatlar keskinlashdi. Shu sharoitda konfutsiylik ijtimoiy, axloq va huquq doirasida tabiiy huquq nazariyasini ilgari surdi. Mamlakatdagi aristokratiya va xalq o`rtasida vujudga kelgan quldorlik va xususiy mulk himoya qilinadi. Konfu-siy "buyuk jamoa mulki" (dehqonlar jamoasi) va xususiy egalik (quldorlar mulki)ni farqlaydi, so`nggisini ko`proq qo`llaydi. Jamiyatning turli qatlamlari xudo tomonidan belgilanganligini ta'kidlaydi va uni tabiiy hol, deydi. Boylikning manbayi mehnat bo`lib, hokimlar boyligi xalq boyligiga asoslanadi. U xalq hisobiga quldorlar boyligi ortishi tarafdori edi, xalqni ko`proq ishlab, kamroq iste'mol qilishga chaqirdi.
Syun-Szi davlatning iqtisodiy jihatdan kuchayishi tarafdori edi, odamlarning boylikka intilishini qoralamagan (ular qonun asosida ish yuritishsa bas). Ammo, inson bir vaqtning o`zida ko`p kasb egasi bo`la olmaydi, degan fikr paydo bo`ldi, ya'ni olim mehnat taqsimoti zarurligi g`oyasini ilgari suradi (bu juda muhimdir). Davlatning iqtisodiy siyosati uchta asosiy tamoyilga asoslanishi kerak:
Harajatlarni iqtisod qilish, ya'ni tejab-tergab sarflash;
Xalq to`qligini ta'minlash;
Ortiqcha mahsulotlarni saqlash zarurligi.
Yetarlicha ta'minot tamoyili insonning jamiyatdagi o`rniga bog`liq holda belgilangan (ya'ni sinfiylik tamoyili mavjud). Ekspluatatsiya qo`llab quvvatlanadi, jamiyatda hammaning o`z aniq joyi bo`lishi kerak, deyilgan, ya'ni hukmdor, tobe', ota, o`g`il. Boshqarish ma'lum qonun asosida emas, balki oddiy odat bo`yicha bo`lishi, og`ir soliq va majburiyatlar bo`lmasligi ta'kidlanadi.
Miloddan avvalgi VI-III asrlarda legistlar (qonuniy degani) oqimi paydo bo`ldi, ular boshqarishni aniq qonunlar asosida (oddiy odatlarga qarshi) olib borish tarafdori edilar (namoyandalari Szi-Chap, Li-Kuy), markaziy davlat kuchli, mamlakat esa yagona birlashgan bo`lishini qo`llab quvvatlashgan. Legistlar (Shan Yan) ayniqsa qishloq xo`jaligi, dehqonchilik, donchilikni rivojlantirishga alohida e'tibor berishgan. Don masalasini hal etish bosh masala deb bilingan. Shan Yanning fikricha, davlat ravnaqi uchun ikki masalani hal etish zarur: don va urush (atrofdagi yerlarni bosib olish). Dehqonlar ro`yxatini o`tkazish, qonun yo`li bilan yig`ilgan don miqdoriga bog`liq yagona soliq tizimini kiritish taklif etiladi. qonun yo`li bilan turli "ishyoqmaslar"ni "yerga qaytarish", ya'ni dehqonchilik bilan shug`ullanishga, ya'ni mehnat qilishga majbur etish siyosatini qo`llash kerak deganlar (Xitoydagi 1960 yillar davomida ro`y bergan madaniy inqilob davrida shu siyosat amalga oshirildi). Undan tashqari qishloq xo`jaligi mahsulotlari bilan savdo qilishni qat'iy cheklash ham talab qilingan (go`yoki savdogarlar bundan katta foyda olishlari mumkin). Savdogarlar savdoni tashlab, dehqonchilikka intilishlari kerak. Erkin sohibkorlik taqiqlangan, umumiy yer egaligi va javobgarlik joriy etilgan (m.a. 351 y.)
"Guan-Szi" (m.a. IV a.) asarida ham xo`jalikni davlat tomonidan tartibga solishning tizimlari ancha mukammal bayon etilgan. Bunda legistlardan farqli, tovar-pul munosabatlarini cheklashga intilmasdan, bu munosabatlarni o`rganib, undan xo`jalikni barqarorlashtirishda ma'lum mexanizm sifatida foydalanish taklif etiladi. Xalq xo`jaligini barqaror saqlash uchun tovarlar baholarini ushlab turish g`oyasi ilgari suriladi. Davlat hokimi non, pul, metallni tartibga solish yo`lini qo`lida saqlasa, mamlakat rivoji nisbatan tekis boradi, deyilgan. Bu asarda ham agrar soha, ayniqsa donchilikka alohida urg`u berilgan. Agar legistlar hunarmandchilik, ayniqsa savdoni befoyda soha deb hisoblagan bo`lsalar, bu asarda esa o`sha sohalarga ham ijobiy baho berilgan. "Yerni boshqarish" uchun davlat yerning tabiiy xususiyatlarini yaxshi bilishi kerak. Yer maydonlari nisbatan tekis taqsimlanishi zarur, dehqonlarni ish qizigan davrda boshqa yumushlarga jalb etmaslik, soliq tizimi sharoitiga qarab (yer unumiga bog`liq ravishda) bo`lishi taklif etilgan. Bu yerda gap Yer kadastrini tuzish to`g`risida boradi, ya'ni bu ishda hisob-kitob bo`lishi qayd etiladi. Asarda yer va suv (tog` va dengiz) larni davlat ixtiyoriga o`tkazish va ulardan daromad yo`lida foydalanish, baholarni tartibga solish yo`li va boshqa ko`p-gina iqtisodiy g`oyalar ilgari suriladi. Bu g`oyalar amalda ham qo`llanildi va yaxshi samara berdi.
Qadimgi Xitoy ijtimoiy hayotida daosizm (aynan - yo`l) g`oyalari alohida o`rinni egallaydi, uning asoschisi Lao-Szi bo`lib, Konfutsiy davrida yashab, ijod etgan (e.a. IV-III asrlar). U taqiqlovchi qonunlarga amal qilmaslikni taklif etdi, qonunlar ko`pligi tufayli "xalq kambag`allashmoqda", degan edi u. Daosizm g`oyalari konfutsiylikka qaramaqarshi bo`lib, insoniyat avvalgi majburiyatlaridan voz kechishi, oddiy tabiiy hayotga qaytishi kerak, degan fikrni ilgari suradi. Bu g`oyaga ko`ra inson ibtidoiy davrga qaytishi, yangi mehnat qurollaridan foydalanmasligi kerak. Ko`rinib turibdiki, unda reaksionlik elementlari bor, ammo bu g`oyada xalq ommasining noroziligi ham aks etgan, chunki sivilizatsiya yutuqlari ekspluatatsiya manfaatlariga ham xizmat qilayotgan edi. Bunda kurashdan voz kechish, davlatning xalq hayotiga aralashuvini inkor etish fikrlari ustun kelgan.
Qadimgi Yunonistondagi iqtisodiy ta'limotlar. Yuqorida qayd etilganidek, antik dunyo mamlakatlarida quldorlik klassik shaklda rivoj topdi, m.a. II-I ming yilliklar davrida shakllandi. qadimgi Gretsiya (Yunoniston) da ijtimoiy-iqtisodiy hayotning hamma jabhalarida quldorlik bevosita ishlab chiqaruvchilarni ekspluatatsiya qilishning asosiy shakliga aylangan edi. Ishlab chiqarish asosan quldorlik munosabatlariga asoslanib olib borildi, qul asosiy ishlab chiqaruvchi kuch hisoblangan (Sharq bilan solishtiring). Dastlabki iqtisodiy g`oyalar Gomerning "Iliada" va "Odisseya" poemalarida aks ettirilgan bo`lib, iqtisodiyotning natural xo`jalik konsepsiyasi ilgari surilgan. Yunon shoiri Gesiod (m.a.VIII-VII asrlar) ning "Mehnat va qonunlar" asarida boylikning kuchi, hokimiyati aks ettirilgan. U dehqonchilikni ulug`laydi, bu sohada qisman qullar mehnati ham ishlatilgan. U davrda oddiy xalq orasida mehnat ancha qadrlangan. qulchilik ofatining bosib kelayotganligidan xavfsiragan shoir go`yoki ilgari hukm surgan "oltin asr", ijtimoiy jabr va og`ir jismoniy mehnatga ehtiyoj bo`lmagan davrni ham yoritgan.
Solon (m.a. 640/635-559 yy.) islohotlari pul xo`jaligining afzalligini ko`rsatib berdi (m.a. 594 y.). Islohot tufayli kulni qarzga berish taqiqlandi. Afinada Perikl (m.a. 444/443-429 yy.) tomonidan olib borilgan ishlar muhim ahamiyat kasb etdi. qurilish, hunarmandchilik, savdo o`sdi. Shu davrda fuqarolar va fuqaro bo`lmagan aholini bir-biriga qarama-qarshi qo`yadigan qonunlar qabul qilindi. Bu ishlar qullarni hunarmandchilik va savdo sohalarida beayov ekspluatatsiya qilish, savdo va pul xo`jaligini rivojlantirish hisobiga amalga oshirildi.
"Ekonomiya" so`zi ("oykonomiya": - "oykos" - uy, xo`jalik va "nomos" - qonun, qoida) tom ma'noda uy xo`jaligi to`g`risida qoida mazmuniga ega bo`lib, Ksenofontning maxsus asarining sarlavhasi bo`lgan.
U rahbarlar va ijrochilar mehnatini farqlaydi. Uningcha ijrochilar jismoniy mehnat bilan shug`ullanadilar. Rahbarlar mehnati bilan erkin odamlar, jismoniy mehnat bilan esa qullar band bo`lishlari kerak. Xo`jalik faoliyati davomida foydali buyumlar, ya'ni iste'mol qiymatlari yaratiladi. qadimgi yunon olimlari ichida birinchi bo`lib, mehnat taqsimotining ahamiyatini tushundi, ko`proq, ortiqcha foyda olish, "xo`jalikni boyitish" uchun qullar talabini imkon boricha kamroq qondirishni tavsiya etgan. Mehnat taqsimoti bilan bozor kattaligi, mahsulotning almashuv qiymati orasida uzviy bog`lanish borligiga e'tibor bergan. Pulning muomala vositasidan tashqari, kapital sifatida jamg`arish funksiyasini ham tan olgan (pulning boshqa funksiyalari inkor etiladi).
Platon (Aflotun) "Davlat" va "Qonunlar" asarlarida ideal davlat qanday bo`lishi kerakligini ochib bermoqchi bo`ldi. Uningcha, bu davrda xususiy mulk va erkin xo`jalik tashabbusiga o`rin yo`q. U aholini uch toifaga ajratgan:
Faylasuflar - davlatni boshqaruvchilar;
Harbiylar - davlatni boshqarish apparatining bir qismi bo`lib, ular biror mulk egasi bo`lish huquqiga ega emas, iste'mol qilish esa ijtimoiy xarakterga ega bo`lishi kerak.
"Qora" toifa - dehqon, hunarmand va savdogarlardan bo`lib, ular mulk egasi bo`lishi kerak.
Bu olimning mehnat taqsimoti, tovar, pul va savdogarlarning ajralib chiqishi o`rtasidagi aloqadorlik to`g`risidagi fikrini o`sha davr uchun buyuk kashfiyot deb baholash mumkin. Ammo, Aflotun qulchilikka asoslangan natural xo`jalikni himoya qildi, pul funksiyasini muomala doirasidagina deb bilishga harakat qildi, pulni jamiyatdagi dushmanlikning bosh sababchisi deb bildi; u sudxo`rlik operatsiyalarini inkor etdi va baholarni me'yorda saqlash yo`li bilan savdogarlarning foydasini chegaralashni talab qildi. Aflotun qullarni fuqarolar deb tan olmadi va ularni biror toifaga kiritmadi (demak, ular mulk egasi ham bo`lishi mumkin emas). qullar mayda ishlab chiqaruvchilar va savdogarlar bilan birga 2-toifa ahlining cheklanmagan talab-ehtiyojlarini to`la-to`kis qondirishlari kerak edi. Shunday qilib, Aflotun o`zining ideal, ya'ni bekamu ko`st davlatini barpo etar ekan, qulchilikni abadiy saqlash tarafdori edi.
Qadimgi Rimdagi iqtisodiy g`oyalar. Shu davrdagi olim va mutaxassislarning asarlarida bir qancha yangi iqtisodiy g`oyalar ilgari surildi. Bu g`oyalarning rivojiga e'tibor berilsa, quldorlik tizimining yemirilishi bilan unga bo`lgan munosabat ham o`zgardi.
Katon Starshiy (m.a. 234-149 yy.) yirik yer egasi bo`lgan, "Dehqonchilik" nomli asarida u qullikka asoslangan natural xo`jalikni himoya qildi. Katon o`z talablarini o`zi ta'minlovchi yoki asosan iste'mol qiymati ishlab chiqaruvchi xo`jaliklarni tan olar edi (natural xo`jalik himoya qilinadi). U faqat ortiqcha mahsulotnigina sotish kerak, xo`jalikda ishlab chiqarish mumkin bo`lmagan narsalarnigina sotib olish zarur, degan g`oyani qo`llaydi. U qul mehnati asosida xo`jalikni yuritishning yangi uslublarini ham ishlab chiqdi. Uning fikricha, qullar yoshligidan sotib olinish kerak, shunda qullarni tarbiyalash, ishga o`rgatish oson bo`ladi (yoshi kattalarda bu ish qiyin kechadi), qullar orasida adovat urug`i sepilsa, ularda egasiga nisbatan ig`volar yo`qoladi, qullar qattiq intizom asosida ishlatilishi, arzimas gunoh uchun jazolanishi, ishiga qarab boqilishi va kiyintirilishi taklif etiladi. Bu davrda natural xo`jalik bilan birga bozor munosabatlari ham rivojlanayotgan edi...
Arab mamlakatlaridagi dastlabki iqtisodiy g`oyalar. Islomdagi iqtisodiy qarashlar.
Ilk feodal munosabatlar va shu davrdagi iqtisodiy g`oyalarning asosi qur'oni karimda (arabcha qiroat, ya'ni o`qish) aks etgan (VII-VIII asrlar). VI asrning oxiri-VII asrning boshlarida Arabistonda feodal munosabatlarning shakllanishi tufayli yagona davlat barpo etishga da'vat kuchaydi. Bu harakat so`nggi din - Islomda o`z aksini topdi. Islom ta'limoti payg`ambarimiz Muhammad alayhissalomga Alloh taolo tomonidan nozil qilingan Qur’oni karimda mujassamlangan. Yagona to`g`ri din bo`lgan Islomdagi yo`l-yo`riqlar hayotning barcha sohalarini qamrab olgan bo`lib, shu jumladan iqtisodiyotga doir masalalarga ham keng o`rin berilgan. Qur'oni Karimdagi asosiy g`oyalardan biri barcha musulmonlarning qardoshligi bo`lib, arab qabilalari shu bayroq atrofida birlashdi. Halol mehnat, dehqon, hunarmandlar mehnati ulug`landi, barcha boylik shu asosda paydo bo`lishi uqtirildi. Bu muqaddas kitobda Alloh taolo savdoga katta ahamiyat bergan, sudxo`rlikni, ya'ni ribo' (sudxo`rlik foizi) ni harom qilgan, mulkning muqaddasligini, birovning mulkiga xiyonat va hatto hasad qilishni katta gunoh degan. Islomda jamiyatning tengsizligi taqdiri azaldan deb tan olinadi, ammo halollik va to`g`rilikka buyuriladi va yolg`on ishlatish, o`g`rilik va mehnatsiz daromad topish man qilinadi. Alloh taoloning Qur'oni Karimda qarz olish va berish, merosni taqsimlash (4-sura, 8-oyat), yetim-esirlarga muruvvat, xayr-ehson qilish (3-sura, 128oyat) haqidagi oyati karimalaridan kelib chiqadigan g`oyalar hamda soliq turlari va miqdori ham katta ahamiyat kasb etadi. Yetimlar haqiga xiyonat qilish eng katta gunohlardan deb e'lon qilingan. Shuningdek, o`zaro yordam ham (5-sura, 3-oyat) zarur, lekin yomon ishlarda va dushmanlikda emas deyiladi. Oyati karima va hadisi shariflarda turli kasblarni egallash, ayniqsa dehqonchilik, qo`ychilik bilan shug`ullanish, mehnat qilish zarurligi marhamat qilingan.
Islom aqidasida isrofgarchilikka qarshi kurash Qur'oni Karimdagi "Yenglar, ichinglar, hadya qilinglar, ammo isrof qilmanglar", degan oyatlar asosida olib boriladi (bu hozirgi davrda eng dolzarb masalaga aylangan). "Daryo bo`yida tahorat qilsalaringiz ham suvni isrof qilmanglar", kabi qoidalar aynan hozirgi zamon iqtisodiyoti va ekologiyasi uchun nihoyatda ahamiyatli. Islom huquqshunosligida foyda miqdori 10 foiz qilib belgilangan.
O`rta asr utopiyalari. T. Mor "Utopiya" (lot. yo`q joy) (1516) asarida Angliyada dastlabki kapitalning jamg`arilishi jarayonida dehqonlarning ommaviy qashshoqlanishi jarayonini aks ettirgan. T.Mor gumanist, davlat arbobi va yozuvchi bo`lgan (1529-32 yillarda Angliya kansleri). U Uyg`onish davrining atoqli arbobi Erazm Rotterdamskiyning do`sti edi. Katolik bo`lgan. qirolni ingliz cherkovining Oliy boshlig`i deb qasamyod qilmaganligi uchun T.Mor davlat xoini sifatida hisoblanib, qatl etilgan. Katolik cherkovi tomonidan muqaddaslashtirilgan (1535). U "qo`ylar odamlarni yeb qo`ydi" iborasining muallifidir. Shu davrda dehqonlarni cheklash, ya'ni yerdan siqib chiqarish siyosati amalga oshirildi. Bu jarayon manufaktura, keyinroq esa fabrika rivoji bilan bog`liq edi. Mato to`qish, jun, ayniqsa qo`y juniga bo`lgan ehtiyojni oshirib yubordi. Dastlab botqoq, chakalakzor yerlar o`rab olindi va qo`y boqish uchun yaylovga aylantirildi, keyinchalik dehqonchilik qilinayotgan yerlar ham tortib olinib, dehqonlar - yomenlar sinf sifatida tugatildi. Ular yerdan mahrum qilindi va ko`chaga haydaldi. Bu o`ziga xos agrar inqilob - sanoat to`ntarilishi uchun sabab bo`ldi, lekin millionlab aholi qashshoqlikka mahkum etildi. Shu voqealarni o`z ko`zi bilan ko`rgan T.Mor qayerdaki xususiy mulk hukmron bo`lsa, asosiy boylik bir quchoq odamlar qo`liga to`planadi, degan xulosaga keldi. Yana sotsial ofatning asosi puldir, degan Tomas Mor edi u. Xayoliy "utopiya" mamlakatida ijtimoiy mulkchilik (xususiy mulk bo`lmagan), umumiy mehnat bo`lgan, qishloq va shahar o`rtasidagi tafovut yo`q edi, ishlab chiqarish tartibga solingan, ish kuni olti soat bilan cheklangan, pul yo`q qilingan, taqsimot tekis va bosqinchilik urushlari yo`q edi. T.Mor shunday jamiyatni qurish mumkin deb o`ylagan. Neapol (Italiya) mehnatkashlarining qashshoqligini ko`rgan. U o`zining "Oftob shahri" (1602 y. yozilgan, 1623 yilda chop etilgan) kitobida zolimlarning shohona hayotini tanqid qiladi, u ham T.Mor kabi, bu tengsizlikning asosiy sababi xususiy mulkchilik, deydi. U kelajak jamiyat to`g`risidagi o`z tasavvurini ham beradi, ular T.Morga o`xshash: ijtimoiy mulkchilik mavjud, hammaning mehnat qilishi zarur, mashina mehnati tufayli ish kunlari cheklangan (4 soat), aqliy mehnat jismoniy mehnat bilan almashtirib turiladi, bunda hunarmandchilik, chorvachilik va dehqonchilik bilan nisbatan tekis shug`ullanish shart qilib qo`yiladi, tekis, pulsiz taqsimot amalga oshiriladi. U faylasuf, shoir, siyosiy arbob bo`lgan, keyinchalik esa (1582) rohib bo`lgan. Ispaniya bosqinchilariga qarshi isyon uyushtirgani uchun qamoqqa olingan, 27 yil qamoqda yotib, falsafa, falakiyot, siyosat, tibbiyotga oid o`nlab asarlar yozgan. Uning "Oftob shahri" asari dengizchining hikoyasi shaklida berilgan. Yangi jamiyatda olim kohinlar tabaqasi tomonidan boshqariluvchi ideal jamoa bo`ladi, xususiy mulk va oila bo`lmaydi, bolalar davlat tomonidan tarbiyalanadi, fan va maorif taraqqiy etadi (Galileyni himoya qilgan). Faylasuflarning bergan bahosiga ko`ra, bu olimlarning jamiyati "xomaki ishlangan" "qo`pol kommunizm"dir. Ular asosan hunarmandchilik va dehqonchilikka asoslangan tenglashtirish xususiyatiga ega. Ammo, shunisiga e'tibor beringki, bu kishilar har jihatdan ta'minlangan, bilimli davlat arbobi bo`lganlar, kommunistik jamiyat g`oyasi K.Marks va F.Engelslarninggina g`oyasi emasligini ham eslatib o`tish zarur. Xayoliy sotsializm to`g`risidagi dastlabki g`oyalar Osiyoda Abu Nasr ibn Muhammad Forobiy (870-950, 2-muallim), Germaniyada Tomas Munser (1420-1525)lar tomonidan ham ilgari surilgan. Injil va Qur'oni karimda ham uning elementlari bor.
MERKANTILIZM IQTISODIY TA'LIMOTI. MERKANTILIZM - (ital. sotuvchi, savdogar) - iqtisodiy ta’limotning fan sifatida shakllana boshlashida yuzaga kelgan dastlabki iqtisodiy ta’limot. Merkantilizm ta’limotiga farang olimi A. Monkreten, ingliz olimlari U. Stafford, T. Men, A. Serra va boshqalar asos solganlar. Ularning ilmiy izlanishlarini muomala sohasi, savdo kapitali tashkil etgan. Ular ijtimoiy boylikning o'sish manbayini ishlab chiqarish sohasida emas, balki muomala sohasida savdodan izlaganlar. Buning natijasida foyda muomala sohasidagina vujudga keladi, millatning boyligi pul bilan belgilanadi, degan xulosaga kelganlar