2.2. Aylanma mablag’larning to’zilmasi va harakati hamda ularning korxona iqtisodiyotiga ta’siri. Aylanma tuzilmalarni rejalashtirish va boshqarishning hozirgi paytdagi amaliyotida ushbu mablag’larning tarkibi va tuzilmasini baholash va tahlil qilishga, shuningdek, ularning funksional roli va harakatiga katta e’tibor qaratiladi. Aylanma ishlab chiqarish fondlari korxona aylanma mablag’larining eng faol qismi bo‘lsa, muomala fondlari ishlab chiqarish jarayonida bevosita ishtirok etmaydi hamda yangi iste’mol qiymatini yaratmaydi. Bu yerda umumiy qoida shundayki, aylanma mablag’lar doimo aylanishda bo‘lishi zarur - ularning samaradorligi va korxona iqtisodiyotiga ta’siri aynan shunda ko‘zga tashlanadi.
Aylanma ishlab chiqarish fondlari korxona aylanma mablag’larining asosiy va salmoqli qismi sifatida o‘z tarkibiga quyidagilarni qamrab oladi:
ishlab chiqarish zahiralari – bu ishlab chiqarish jarayonida ishlab chiqarishga kiritish uchun tayyorlangan hamda xom ashyo, asosiy va yordamchi materiallar, yoqilg‘i, harid qilinuvchi yarim tayyor mahsulotlar, butlovchi qismlar, qadoqlash va o‘rov materiallari, asosiy fondlarni ta’mirlash uchun ehtiyot qismlar, yoqilg‘i-moylash materiallaridan tashqil topuvchi mehnat predmetlari;
tugallanmagan ishlab chiqarish va korxonada tayyorlangan yarim tayyor mahsulotlar – bu, ishlab chiqarish jarayonida foydalanishga topshirilgan hamda ishlov berish va yig‘uv jarayonida bo‘lgan, lekin ishlab chiqarish jarayoni to‘liq tugallanmagan hamda ushbu korxonada keyinchalik ishlov berilishi lozim bo‘lgan mehnat predmetlari;
kelgusi davr harajatlari-ayni paytda ishlab chiqarilayotgan, lekin kelajakdagi mahsulotlarga mansub bo‘lgan yangi turdagi mahsulotlarni tayyorlash va o‘zlashtirish harajatlari (masalan, asbob-uskunalarni qayta rejalashtirish, mahsulotlarning yangi turlarini tayyorlash va loyihalashtirishga sarflanuvchi harajatlar va boshqalar).
Aylanma ishlab chiqarish fondlari alohida tarkibiy qismlari yoki elementlari o‘rtasidagi foizlarda ifodalanuvchi o‘zaro munosabatlar aylanma ishlab chiqarish fondlarining tuzilmasini tashqil qiladi. Aylanma ishlab chiqarish fondlari va muomala fondlari o‘rtasidagi xuddi shunday foizlardagi munosabatlar korxona aylanma mablag’larining to’zilmasi deb ataladi.5- chizmada korxona aylanma mablag’larining taxminiy (namunaviy) to’zilmasi ko‘rsatilgan.