ishlab chiqarish bosqichlari.
Joriy ta’mirlashda asosan asbob-uskunalar tozalanadi, moylanadi, tekshiriladi, mayda kamchiliklari bartaraf qilinadi, yani uskunalarning foydalanishga doimiy tayyorligi ta’minlanadi.
Asosiy fondlarni ta’mirlash va ularga xizmat ko‘rsatish majmuasi rejali-oldini oluvchi ta’mirlash tizimiga (ROOT) birlashtiriladi va korxona bosh mexanigi tomonidan boshqariladi. Deyarli har bir korxonada ROOT o‘tkazilishini qayd qilish jurnallari mavjud bo‘lib, ularda profilaktika va ta’mirlash tadbirlarini o‘tkazish tartibi va grafigi belgilab qo‘yiladi.
Ta’mirlash ishlari tufayli korxona asosiy fondlarning joriy ekspluatasiyaga tayyorligini ta’minlaydi. Biroq shu bilan bir qatorda korxona asosiy fondlarni yaratish, foydalanish, amortizasiya, qayta tiklash kabi bosqichlarni o‘z ichiga oluvchi takror ishlab chiqarish amallarini doimiy ravishda bajarishga intilishi lozim. Bu bosqichlarni quyidagi chizma yordamida aks ettirish mumkin (4 - chizma).
Takror ishlab chiqarish siklida asosiy fondlarni yaratish jarayoni korxonadan tashqarida amalga oshiriladi hamda asosan qurilish sohasi, mashinaso’zlik, asbobso’zlik hamda asosiy fondlarni yaratish bilan shug‘ullanuvchi boshqa sohalar bilan bog‘liq bo‘ladi. Asosiy vositalarni takror ishlab chiqarishning qolgan bosqichlari korxona hududida amalga oshiriladi. Biroq barcha hollarda ham asosiy fondlarni takror ishlab chiqarish tufayli korxonalar ishlab chiqarishni modernizasiya qilish hamda rivojlanib borayotgan bozor munosabatlari sharoitlarida iqtisodiy va texnik barqarorlikka erishishlarini ta’minlaydi.