1. Jahon iqtisodiy muhiti va unda xalqaro iqtisod munosabatlarining tutgan o’rni.
Xalqaro moliya munosabatlari muayyan maqsadlarni amalga oshirish uchun xalqaro darajada shakllantirilgan moliyaviy resurslarni taqsimlash va ulardan foydalanish jarayonidagi iqtisodiy munosabatlarni ifodalaydi. Xalqaro moliya munosabatlari o’ziga xalqaro valyuta munosabatlari, xalqaro kredit munosabatlari, xalqaro investitsiya munosabatlari, xalqaro savdo munosabatlari, xalqaro soliq munosabatlari, xalqaro lizing munosabatlari, mamlakatlar to’lov balansini boshqarish, xalqaro moliya tashkilotlari bilan aloqalar kabi munosabatlarni qamrab oladi. Globallashuv jarayoni – jahon savdosining o’sishi, ishlab chiqarishning ixtisoslashuvi va kengayishi, kapitalning xalqaro oqimini rivojlanishi, xizmatlar va mahsulotlarning xalqaro xarakati xalqaro moliyaning rivojlanishiga zamin yaratdi. Shuningdek, mazkur holat jahon moliya bozorlarining, xalqaro moliyaviy korporatsiyalarning yuzaga kelishiga, davlatlararo moliyaviy munosabatlarning va xalqaro moliyaviy faoliyatning boshqa jihatlarini murakkablashuviga olib keldi.
Xalqaro moliya doimiy o’zgaruvchan xalqaro pul tizimlarining holati va rivojlanishini, alohida mamlakatlar to’lov balansining o’zgarishini, xalqaro moliya bozorlari, xalqaro moliyaviy korporatsiyalar, xalqaro bank va investitsion faoliyatni namoyon etadi. Xalqaro moliya tizimining asosiy ishtirokchilar bo’lib quyidagilar hisoblanadi: banklar, transmilliy korporatsiyalar, portfel investorlar va xalqaro rasmiy karzdorlar. Xalqaro moliyaviy operatsiyalar alohida mamlakatlarning moliya tizimiga jiddiy ta’sir ko’rsatuvchi kuch hisoblanadi.
Xalqaro moliya o’zida ob’ektiv asosga ega bo’lgan moliyaviy munosabatlarni ifodalaydi. Xalqaro moliyaning moddiy asosi bo’lib mamlakatlar o’rtasida amalga oshiriladigan xalqaro moliyaviy oqimlar, jumladan, pul oqimlari – import qilingan mahsulot va xizmatlarning to’lovlari hamda mahsulot va xizmatlar eksportidan kelgan valyuta tushumlari, ushbu oqimlar xo’jalik yurituvchi sub’ektlar moliyasini ifodalashi mumkin, lekin ular turli mamlakatlarga tegishli bo’ladi, shu boisdan mamlakatlar o’rtasidagi pul oqimlari xarakatini namoyon etadi. Shuningdek, kredit mablag’lari oqimi ham ikki tomonlama bo’lib hisoblanadi, bir tomondan qarzning berilishi bo’lsa boshqa tomondan esa, uning qaytarilishi va foizlarning to’lanishi namoyon bo’ladi. Shunday qilib, mazkur oqimlar asosida moliyaviy resurslarning mamlakatlar o’rtasidagi xarakati yuzaga keladi. Ularning taqsimlanishi bir tomondan valyuta kurslari asosida ikkinchi tomondan esa, bojxona tariflari asosida boshqariladi.
Moliyaviy resurslar xalqaro moliya tashkilotlari va institutlari faoliyati jarayonida shakllanadi va foydalaniladi. Mazkur institutlar va tashkilotlar davlatlararo tuzilmaga ega bo’lib muayyan funktsiyalarni bajaradi. Ularning moliyaviy ta’minoti umumlashgan (masalan, BMT byudjeti) yoki maqsadli (aniq dasturlar va tadbirlar uchun mo’ljallangan) fondlar orqali amalga oshiriladi.
Moliyaviy resurslarning muayyan qismini xalqaro darajada markazlashuvi jahon xo’jaligi ehtiyojlarini ta’minlaydi, bunday resurlarni shakllantirishning iqtisodiy shart-sharoitlari bo’lib, iqtisodiy integratsiyaning kuchayishi, turli sohalardagi xalqaro loyiha va dasturlarni amalga oshirishda mamlakatlarning ishtiroki, kredit va savdo munosabatlarini rivojlanishi hisoblanadi.
Shunday qilib, xalqaro moliya – bu xalqaro moliya bozori va xalqaro institutlar tomonidan shakllanishi, taqsimlanishi va ishlatilishini o’z ichiga olgan moliyaviy resurslar xarakati asosida hosil bo’lgan munosabatlar tuzilmasi bo’yicha murakkab tizimdir.
Mamlakat davlat moliyasining xususiyatlari sifatida quyidagilarni kelitirish mumkin:
bitta mamlakat xududidan chiqmaydi;
xorijiy sub’ektlarni jalb qilmaydi;
milliy qonunchilik asosida amalga oshiriladi;
mamlakat ichida amalga oshiradigan hisob-kitoblarni o’zida ifodalaydi.
Xalqaro moliya esa turli xildagi jihatlarni o’rganadi. Bularga:
iqtisodiy kategoriya sifatida – moliyaviy resurslarning fondlari bo’lib, xalqaro iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish asosida tashkil etilgan hamda xalqaro ahamiyatga ega bo’lgan umumiy ehtiyojlarni qondirish va jahon darajasida ijtimoiy takror ishlab chiqarishning rentabelligini va uzluksizligini ta’minlash uchun foydalaniladi.
institutsional jihatdan – bu banklar, valyuta va fond birjalari, xalqaro moliya institutlari, mintaqaviy moliya-kredit tashkilotlari, xalqaro va mintaqaviy iqtisodiy tashkilotlar va birlashmalar majmui bo’lib ular orqali jahon moliyaviy oqimlarining xarakati amalga oshiriladi.
iqtisodiy munosabat sifatida – bu, jahon bozorida kapital, xizmatlar, tovarlar xarakati vaqtida milliy mahsulotlarning qayta taqsimlanishi jarayonida yuzaga keluvchi pul ko’rinishidagi munosabat. Davlatlararo va transmilliy moliya-kredit munosabatlarini o’z ichiga oladi va ularda xorijiy elementlar ishtirokini ifodalaydi.
Xalqaro moliyaning asosiy funktsiyalariga quyidagilar kiradi:
taqsimlash funktsiyasi;
nazorat funktsiyasi;
takror ishlab chiqarish jarayoniga moliya yordamida xalqaro valyuta-kredit va moliya tashkilotlarining aralashuvi bilan bog’liq tartibga solish funktsiyasi;
barqarorlashtirish funktsiyasi. Mazkur funktsiya jahon xo’jaligi tizimida iqtisodiy va ijtimoiy munosabatlar uchun barqaror sharoitni yaratishda namoyon bo’ladi.
Xalqaro moliya munosabatlari shakllanishi va rivojlanishining asosiy omillari quyidagilardan iborat:
Jahon bozorlarining vujudga kelishi, ayniqsa tovar bozorlari.
Xalqaro mehnat taqsimoti.
Iqtisodiy aloqalarning baynalmilallashuvi va globallashuvi.
Iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda integratsiya jarayonlarining kuchayishi.
Ilmiy-texnika taraqqiyoti;
Xalqaro moliya munosabatlarining ko’p tomonlama tartibga solish tizimini takomillashtirilishi;
Jahon iqtisodiyotida global muammolarning keskinlashuvi.
Xalqaro moliya jahon xo’jaligining aniqlovchi tizimlaridan biri hisoblanib, milliy va jahon iqtisodiyotiga aniqlovchi ta’sir ko’rsatadi. Xalqaro moliya munosabatlari va xalqaro qayta ishlab chiqarish jarayonlarining o’zaro bog’liqligi . Xalqaro moliya yaxlit tizim sifatida faoliyat ko’rsatadi va uning elementlariga quyidagilar kiradi:
Jahon valyuta tizimi – milliy va zahira valyutalar, xalqaro jamoaviy valyutalar, o’zaro konvertirlash shartlari, valyuta pariteti, valyuta kursi, valyuta kurslarini tartibga solishning milliy va xalqaro mexanizmlaridan tashkil topgan.
Xalqaro hisob-kitoblar – moliyaviy instrumentlar, ishlab chiqarish omillari, tovarlar xarakati, shuningdek, xalqaro hisob-kitoblar bilan bog’liq barcha operatsiyalarni aks ettiruvchi to’lov balansiga xizmat qiladi.
Xalqaro moliya bozorlari va muayyan moliyaviy instrumentlar savdosi mexenizmlari – valyuta, kredit, qimmatli qog’ozlar.
Xalqaro soliqqa tortish – pul mablag’lari fondlarini shakllantirish metodi sifatida.
TMKlarning xalqaro moliyaviy menejmenti, bunda transmilliy moliyalashtirish, risklarni boshqarish, xalqaro investitsiyalash jarayoni asosiy o’ringa chiqadi.
Jahon iqtisodiyotining tizim sifatidagi faoliyati tovarlar, xizmatlar va ishlab chiqarish omillarining harakati bilan bog’liq. Ushbu bog’liqlik asosida xalqaro moliya munosabatlari yuzaga keladi.
Xalqaro moliya munosabatlari bu xalqaro moliya bozori ishtirokchisi bo’lgan shaxsning qaroriga muvofiq tarzda o’ziga tegishli bo’lgan xorijiy valyutalarning harakat jarayonini tavsiflovchi fundamental iqtisodiy kategoriyadir.
1970 yillarda xalqaro moliya tizimida sezilarli o’zgarishlar sodir bo’ldi va mazkur o’zgarishlar ta’sirida zamonaviy jahon valyuta-moliya tizimi shakllana boshladi. Jahon moliya tizimidagi o’zgarishlar va xalqaro moliya munosabatlarining rivojlanishi ko’p jihatdan trasmilliy korporatsiyalar faoliyati bilan bog’liq bo’lib, ular tomonidan butun dunyo bo’ylab ishlab chiqarish tarmoqlarini vujudga keltirish hamda barcha resurslardan samarali foydalanishga qaratilgan global strategiya amalga oshirildi. Shuningdek, xalqaro moliya munosabatlari rivojlanishida moliyaviy jihatdan barqaror hamda ko’p sonli xorijiy filiallarga ega bo’lgan transmilliy banklar muhim rol o’ynadi.
Xalqaro kreditlashdan foydalanish xususiyatining o’zgarishi bilan bog’liq ravishda xalqaro kredit bozori hajmi keskin ortib bordi. Uning oxirgi yo’nalishi nafaqat xalqaro ayriboshlash sohasi (mahsulotlar, xizmatlar va boshq.) balki, ishlab chiqarish sohasi ham bo’ldi. Bu holat, birmuncha yirik kreditlarni uzoq muddatlarga jalb etishni, shuningdek, moliya-kredit xizmatlari majmuasini rivojlantirishni talab etardi. 1970 yillarda xalqaro kreditni to’lov balansining taqchilligini bevosita yoki bilvosita moliyalashtirish uchun foydalana boshladilar. Xususiy firmalar bilan bir qatorda yirik qarzdorlar sifatida hukumatlar, davlat tashkilotlari va korxonalar, xalqaro kredit tashkilotlari yuzaga keldi.
Ushbu davrda neft import qiluvchi rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlar to’lov balanslari jami taqchilligining qariyb 60% xalqaro kapital bozorlari hisobiga moliyalashtirildi. Xalqaro kredit hajmining oshishi nafaqat evrokreditlarning o’sishi hisobiga balki, xorijiy kreditlash bozorlari kengayishi hisobiga sodir bo’ldi. Yaponiya milliy valyutasi “iena” hisobiga xorijiy kreditlar bozori hajmining oshishi natijasida Tokioda ienadagi xorijiy obligatsiyalar emissiyasi hajmi keskin ortdi. Mazkur holat natijasida Yaponiya ienasi evrovalyuta bozorida keng qo’llanila boshlandi.
1970 yillarda xalqaro kapital bozori kengayishiga bir qator omillar ta’sir ko’rsatdi va natijada xalqaro resurslar aylanishi va likvidligi oshib bordi. Ushbu davrda jahon iqtisodiyoti ikkita neft inqirozini boshdan kechirdi va neft narxining birdaniga keskin o’zgarishiga sabab bo’ldi. Mazkur holat natijasida neft eksport qiluvchi mamlakatlarda yirik valyuta ortiqchaligi, neft import qiluvchilarda esa, jumladan ko’plab rivojlangan mamlakatlarda joriy hisoblar bo’yicha taqchillik yuzaga keldi. Bu taqchillik asosan retsipient-mamlakatlarga xalqaro banklar, evroobligatsiyalar bozori orqali tushgan neftedollarlar hisobiga qoplandi.
Jahon iqtisodiyotida ro’y bergan boshqa muhim o’zgarishlar ham xaqaro moliya munosabatlari rivojlanishiga ijobiy va salbiy jihatdan sezilarli darajada ta’sir ko’rsatdi. Ushbu o’zgarishlar jumlasiga, jahon va hududiy valyuta tizimlaridagi o’zgarishlar, valyuta tizimi tamoyillarining o’zgarishi, qarzdorlik inqirozlari, mamlakatlar tomonidan iqtisodiy integratsion birlashmalarning tuzilishi, xalqaro va mintaqaviy moliya tashkilotlarining vujudga kelishi, transmilliy korporatsiya va banklar faoliyatining kengayishi, jahonda ro’y bergan moliyaviy-iqtisodiy inqirozlarni kiritish mumkin.
Xalqaro moliyaning barcha tashkiliy elementlari jahon moliyaviy muhitida birlashadi.
Jahon moliyaviy muhiti – investorlar va korporatsiyalar moliyasi, banklar boshqaruvchilari qabul qiluvchi qarorlarga ta’sir ko’rsatadi hamda jahon moliya bozori o’sishi sharoitini aniqlaydi.
Xalqaro moliya tizimining asosiy funktsiyalari sifatida quyidagilarni ko’rsatish mumkin:
Xalqaro moliya munosabatlarining sub’ektlari sifatida quyidagilar ishtirok etadi: davlat, korxona, tashkilotlar, firmalar hamda xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari, transmilliy korporatsiyalar, transmilliy banklar, birjalar, jismoniy shaxslar. Xalqaro moliya munosabatlari turli mamlakatlarning xo’jalik yurituvchi sub’ektlari o’rtasida, davlat va boshqa mamlakatlar xukumatlari hamda xalqaro tashkilotlar o’rtasida, davlat va korxonalar bilan xalqaro moliya institutlari o’rtasida yuzaga kelishi mumkin.
Davlat xalqaro moliya sohasida faoliyat ko’rsatuvchi asosiy sub’ekt hisoblanadi. Markaziy banklar – bu iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solish organlari bo’lib, ularga monopol tarzda banknotalar chiqarish, pul muomalasi, kredit va valyuta kursini tartibga solish, valyuta zahiralarini saqlash vazifalari biriktirilgan. Xalqaro tashkilotlar – ular xalqaro shartnoma asosida tashkil etilgan bo’lib, doimiy faoliyat ko’rsatuvchi organlarga ega bo’lgan holda jahon xo’jaligi birliklarining iqtisodiy, ijtimoiy rivojlanishiga yordamlashish vazifalarini bajaradi.
Xalqaro valyuta-kredit va moliya tashkilotlari – jahon iqtisodiyotini barqarorlashtirish maqsadida xalqaro valyuta va moliya-kredit munosabatlarini tartibga solish uchun davlatlararo kelishuvlar asosida tashkil etilgan iqtisodiy tashkilotlar. Xalqaro moliyaning rivojlanishida transmilliy korporatsiyalar va transmilliy banklar kabi sub’ektlar faol rol o’ynaydi.
3. Xalqaro moliya bozorining rivojlanish va xalqaro kapital haratining zamonaviy tendentsiyalari.
Xalqaro kapital harakati sifatida mamlakatlar o’rtasidagi moliyaviy resurslar oqimi milliy investitsiya va jamg’arma o’rtasidagi nomutanosiblik oqibatida kelib chiqadi. xalqaro kapitallar harakati – ayni vaqtda nisbiy ortiqcha bo’lgan pul yoki tovar moddiy mablag’larni mamlakat chegarasidan chetga joylashtirilishidir. Bu iboraning sinonimi kapital eksporti yoki kapitalni chiqarishdir.
Moliyaviy globallashuv sharoitida xalqaro kapitallar harakatida o’ziga xos xususiyatlari sifatida quyidagilar namoyon bo’ladi:
jahonda kapitalning notekis joylashishi. bunda kapital resursi kapitalga boy mamlakatdan kapitalga muhtoj mamlakatga qarab oqib boradi;
ko’p mamlakatlarda jamg’arma va investitsiyaning nomutanosibligi. Buning natijasida investitsiya uchun ortiqcha mablag’lar yoki defitsit sodir bo’ladi. Oqibatda mos ravishda kapitalning sof eksporti yoki importi vujudga keladi;
mamlakatlarning investitsion muhitidagi, shuningdek kapital qo’yilmalar uchun sharoitlardagi farqlanishlar;
kapital egasining kapitaldan foydalanish samaradorligidagi farqlar va uning boshqa chet eldagi kapitalni egallashga qaratilgan harakatlari hamda kapitaldan samarasiz foydalanayotgan joydan o’rin olishga harakat qilishi;
iqtisodiy resurs sifatida odatda kapitalni yuqori darajada safarbar etilishi. Bu holat jahon iqtisodiyoti globallashuvi, erkinlashuvi, transmilliylashuvi va integratsiyalashuvi sharoitida yanada ko’proq kuchga ega bo’ladi.
Xalqaro kapitalning asosiy shakllari sifatida rasmiy kapital, xususiy kapital, qisqa, o’rta va uzoq muddatli, tadbirkorlik kapitali, ssuda kapitali, to’g’ridan-to’g’ri investitsiyalar, portfel investitsiyalarni keltirib o’tish mumkin. Ular o’rtasida o’zaro bog’liqlik va milliy iqtisodiyot uchun qanday shaklda qo’yish afzal ekanligini ko’rishimiz mumkin.
Xalqaro kapitalning asosiy shakllari sifatida rasmiy kapital – davlatlararo tashkilotlar va hukumat qarorlari asosida davlat byudjeti mablag’larini chet eldan qabul qilish yoki chet elda joylashtirishdir.
Mamlakat moliya bozori kontseptsiyasi va xalqaro kapital harakatining asosiy shakllari Xususiy kapital - xususiy yuridik shaxslar (firma, korxona, tashkilot, banklar va boshqalar)ning mablag’larini ularning boshqaruv organlarining qarorlari asosida chet ellarda joylashtirishdir.
Jahon kapital eksportida xususiy kapital etakchi bo’lib, o’z navbatida davlat kapitali, xalqaro tashkilotlarning kapitali keyingi o’rinlarda turadi. Odatda davlat va xalqaro tashkilotlar chetga kapitalni ssuda shaklida, kredit va qarz ko’rinishida hamda moddiy yordam ko’rinishida chiqaradi. Rasmiy va xususiy kapital xalqaro kapitalning ikki xil: tadbirkorlik va ssuda kapitali shaklida namoyon bo’ladi.
Xalqaro tadbirkorlik kapitali tadbirkorlik foydasini olish uchun chet elda bevosita va bilvosita mahsulotlar ishlab chiqarish uchun qo’yilgan mablag’lar hisoblanadi.
Xalqaro ssuda kapitali esa muddatlilik, qaytarishlilik, to’lovlilik shartlari asosida, foiz ko’rinishida daromad olishni ta’minlovchi, bir mamlakatdan ikkinchi mamlakatga chiqarilgan kapitalga aytiladi. Xalqaro ssuda kapitali chet el valyutasidagi depozitlar yoki chet elga bank depozitlari va boshqa qo’yilmalar, shuningdek kredit va qarzlar ko’rinishida bo’lishi mumkin. Statistikada ssuda kapitali ko’rinishidagi investitsiyalarni “boshqa investitsiyalar” sifatida aks etadi.
Tashqi kreditlar va depozitlarning hajmi bo’yicha rivojlangan mamlakatlar etakchilik qilib kelmoqda. Oxirgi o’n yillikda ularning hajmi uch barobardan ko’proqqa oshgan. Bunday kapitalning ¾ qismi banklar orqali xalqaro harakatga keladi. Xalqaro ssuda kapital harakatining asosiy elementlaridan yana biri xalqaro sindikatlashgan kreditlar hisoblanib, ularng rivojlanishi tendentsiyasi xalqaro kredit va depozitlar bilan bir xil bo’lmoqda va jami xalqaro ssuda kapitali harakatidagi ulushi atigi 2%ni tashkil etmoqda.
Rasmiy kapitalni xalqaro miqyosda ssuda kapitali tarzida tashkillashtirishning mamlakat iqtisodiyoti uchun afzallik taraflari kattadir. Ssuda kapitalining afzalligi foyda me’yori va qaytarilishida iqtisodiy risk darajasi kamligidir.
Xalqaro xususiy kapitalning tadbirkorlik kapitali sifatida qo’yishning afzalligi uni yuqori darajada foyda olishni ta’minlashida va foyda olish maqsadida tadbirkorlik kapitali mablag’lari elastikligi yuqoriligida namoyon bo’ladi. Tadbirkorlik kapitali investorga o’z mulkidan to’g’ridan-to’g’ri investitsiyalar va portfel investitsiyalar shaklida foyda olishni ta’minlaydi. Tadbirkorlik kapitali o’z navbatida to’rt xil: to’g’ridan-to’g’ri investitsiyalar, portfel investitsiyalar, o’rta, uzoq muddatli hamda qisqa muddatli xalqaro kapital qo’yilmalar shaklida namoyon bo’ladi.
To’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalar – mamlakatga uzoq muddatli iqtisodiy foydani ko’zlab qo’yilgan kapital bo’lib, u investorga kapital joylashtirilgan ob’ekt ustidan nazorat olib borishni ta’minlaydi. Bu odatda korxonaning 10 foizdan kam bo’lmagan aktsiyasi yoki ulushiga ega bo’lishni talab etadi.
Xalqaro portfel investitsiyalar – chet el qimmatli qog’ozlari (qarz majburiyatini va ulush munosabatini ifodalovchi qimmatli qog’ozlar va boshqalar)ga qo’yilgan kapital bo’lib, u investorga kapital joylashtirilgan ob’ekt ustidan real nazorat olib borish huquqini bermaydi. Odatda amaliyotda bunday investitsiyalar aktsiya, obligatsiya, veksel va boshqa qarz majburiyatini ifodalovchi qimmatli qog’ozlarning kichik paketi, shuningdek ba’zan portfel investitsiyalardan alohida shakl kasb etuvchi qimmatli qog’ozlarning hosilalari ko’rinishida bo’lishi mumkin.
O’rta va uzoq muddatli xalqaro kapital qo’yilmalar – 1 yildan ko’p muddatga, qisqa muddatlilari esa 1 yilgacha bo’lgan kapital qo’yilmalarga aytiladi.
Xalqaro portfel investitsiyalar qisqa muddatli yuqori foyda olishni maqsad qiladi. Bunda investorning qimmatli qog’ozlar portfeli shakllantiriladi va investor uni boshqarish ya’ni portfelning foydasini maksimallashtirish hamda ushbu portfelning risk darajasini kamaytirish orqali o’ziga maksimal foydani ta’minlaydi.
Xalqaro moliya bozorining tarkibiy ko’rinishi
Xalqaro kapital harakatida ssuda kapitali ham ikki xil ko’rinishda: o’rta, uzoq muddatli hamda qisqa muddatli xalqaro kapital qo’yilmalar shaklida namoyon bo’ladi. Xalqaro kapital harakatida ssuda kapitalini qisqa muddatli tashkillashtirish afzal hisoblanadi. Ssuda kapitalini shartlari o’zgaruvchanlikka moyilligi kamligi uchun, mamlakatda iqtisodiy muhit o’zgara boshlasa, ushbu kapitalning iqtisodiy risk darajasining oshishi, uni qisqa muddatda tashkillashtirishni afzal qilib ko’rsatadi.
Oxirgi o’n yillikda xalqaro kapital harakati tarkibida jiddiy o’zgarish yuz berdi. To’g’ridan – to’g’ri investitsiyalar miqdori o’sdi, undanda jadalroq sur’atda portfel investitsiyalar miqdori o’sdi. Kapitalni ssuda shaklida chiqarish miqdori 2004 yildan boshlab portfel investitsiyalar hajmidan ortib ketdi. 2008 yilda sodir bo’lgan inqirozning salbiy ta’siridan ko’proq xalqaro ssuda kapitallar bozori (boshqa investitsiyalar) aziyat chekdi. Jahonda to’g’ridan-to’g’ri va portfel investitsiyalardan ko’ra, ssuda kapitali miqdorining ko’payishiga asosiy sabab xalqaro moliya bozorda arzon kreditlarga asoslanuvchi transmilliy jarayonlarning bo’lishidir.
Mamlakatdan chetga chiqarilgan kapitallar xalqaro moliya bozori orqali dunyoning qolgan mamlakatlariga qayta taqsimlalandi. Xalqaro moliya bozori xalqaro kapitallarga bo’lgan talab va taklif shakllanadigan, baho beriladigan, jahon iqtisodiyotning moliya sektorida xalqaro moliyaviy aktivlar oldi-sotdi qilinadigan sohadir.
Xalqaro moliya bozori xalqaro valyuta, kredit (depozit), investitsiya, qimmatli qog’ozlar, sug’urta, oltin va hosila moliyaviy vositalar kabi segmentlaridan tashkil topadi (11.2-rasmga qarang).
Xalqaro moliya bozori orqali mahsulotlar va xizmatlar ishlab chiqarish bilvosita (kredit (depozit) bozori) va bevosita (qimmatli qog’ozlar) moliyalashtirilishi mumkin.
Xalqaro moliyaviy aktivlar o’zida quyidagi xususiyatlarni jamlaydi:
Mehnat natijalarini o’zida mujassamlashtirgan holda mustahkamlik, ishonchlilik xususiyati. Moliyaviy aktivlarning ishonchli bo’lishiga tovarlar iste’moli, ayirboshlash va ishlab chiqarishning barcha jarayonlari hamda vaqt omili sabab bo’lgan.
Likvidlilik. Moliyaviy aktivlarning bu xususiyati ularni istalgan vaqtda, tezda boshqa tovarlarga ayirboshlash xususiyatini ko’rsatadi.
Harakatchanlik. Zamonaviy iqtisodiyotda aynan moliyaviy aktivlar jahonning qaysi bir joyida samarali foydalanish imkoniyati paydo bo’lsa, shu erga tezda etib borish xususiyatiga ega.
Universallik. Hozirgi davrda barcha iqtisodiy munosabatlar moliyaviy munosabatlar bilan birga bo’lmoqda.
Real aktivlar taqsimlanmagan holda moliyaviy aktivlarni bo’linish xususiyati. Ularning bunday xususiyati investitsiyalarni tashkil etishda nafaqat yirik investorlarni, balki kichik investorlar mablag’larini ham jalb etish imkonini yaratadi, vaqt omilini tejaydi, investitsiyalar aylanish tezligini oshiradi, kapitalning daromadligini ko’paytiradi. Kichik investorlar uchun investitsion portfellarini diversifikatsiyalash va o’z daromadlarini ko’paytirish imkonini beradi.
Qimmatli qog’ozlarning tovarga o’xshash xususiyati. Qimmatli qog’ozlarni oldi – sotdisidan keyin u iste’mol qilinmaydi, qimmatli qog’ozlar so’ndirilmaguncha muomaladan chiqmaydi. Qimmatli qog’oz egasi ixtiyoriy vaqtda ularni bozorga olib kelib sotishi mumkin.
Bir mamlakat moliya bozoridagi salbiy va ijobiy o’zgarishlarni boshqa bir mamlakat moliya bozoriga ta’siri moliya bozorining globallashuv darajasiga bog’liq bo’lib, bu jarayon milliy fond bozorini xalqaro fond bozoriga integratsiyasini ta’minlovchi vositalar orqali amalga oshiriladi va ularning nechog’lik rivojlanganligini o’zida namoyon etadi. Milliy fond bozorini xalqaro fond bozoriga integratsiyasini ta’minlovchi vositalar bu xalqaro qimmatli qog’ozlar hisoblanadi.
Xalqaro qimmatli qog’ozlar erkin konvertatsiya qilinadigan valyutalarda nominal narxi o’rnatiladigan, xalqaro fond bozori qoidalari asosida xalqaro anderrayterlar orqali ushbu bozorga joylashtiriladigan qimmatli qog’ozlar hisoblanadi. Xalqaro qimmatli qog’ozlarning quyidagi asosiy shakllari mavjud.
Agar xalqaro qimmatli qog’ozlar bir mamlakat ichidagi ikkilamchi qimmatli qog’ozlar bozorida turli investorlar orasida muomalada bo’lsa, bir vaqtning o’zida ular mamlakat ichidagi kapitalni qayta taqsimlash vositasiga aylanishi mumkin, shuningdek, xalqaro qimmatli qog’ozlarni birlamchi joylashtirish mamlakatlar o’rtasidagi kapitalni qayta taqsimlash xususiyatiga ham ega bo’ladi.
Jahon iqtisodiyotida xalqaro moliya bozorining segmentlari tadrijiy ravishda muayyan bosqichlarda shakllangan. Mazkur bozor taraqqiyotining oxirgi bosqichida fond segmenti va xalqaro derivativlar bozorlari jadal rivojlangan.
Xalqaro moliya bozorining tarkibiy tuzilishi va uning shakllanish bosqichlari
Bosqichlar
|
Yillar
|
|
Xalqaro moliya bozorining tarkibiy tuzilishidagi o’zgarishlar
|
|
|
Birinchi bosqich
|
1860 yillar
|
Tashqi savdoning rivojlanishi. Xalqaro oltin-valyuta bozorining paydo bo’lishi.
|
Ikkinchi bosqich
|
1950 yillar
|
Milliy kredit bozorlaridagi operatsiyalarning baynalminallashuvi.
|
1960 yillar
|
Xalqaro kredit bozorining shakllanishi.
|
Uchinchi bosqich:
|
1970 yillar
|
Uzoq muddatli kapitallar xalqaro bozorining shakllanishi. Milliy fond bozorlarining erkinlashtirilishi. Xalqaro fond bozorining shakllanishi.
|
1980 yillar
|
Transmilliy banklar va kompaniyalarning jadal sur’atlarda rivojlanishi. Xalqaro fond bozorlarining yanada kengayishi. Xalqaro sug’urta bozoridagi dastlabki tizimli operatsiyalarning amalga oshirilishi. Xalqaro kredit bozoridagi operatsiyalarning rivojlanishi.
|
To’rtinchi bosqich
|
1990 yillar
|
Xalqaro moliya bozori fond segmentining jadal rivojlanishi. Xalqaro derivativlar bozorining shakllanishi.
|
2000 yillar
|
Xalqaro derivativlar bozorining jadal rivojlanishi.
|
Zamonaviy xalqaro moliya bozorining rivojlanish tendentsiyalari quyidalarda namoyon bo’ladi:
Moliya bozori barcha sektorlarining jadal sur’atlarda rivojlanishi bilan birga kechayotgan baynalminallashuv va globallashuv jarayonlarining chuqurlashuvi;
Transmilliy kompaniyalar, banklar va global moliya muassasalari, shuningdek, alohida davlatlar va davlatlar guruhlari o’rtasidagi xalqaro raqobatning kuchayishi;
Chegaralarni oshib o’tadigan moliyaviy oqimlarning yuqori sur’atlarda harakatlanishi va moliya bozorining tuzilmaviy sektorlari o’rtasidagi aloqadorlikning oshishi;
Axborot tizimlari va elektron aloqa vositalarining jadal sur’atlarda rivojlanishi;
Bozorni bevosita tartibga solishning susaytirilishi;
Moliya bozori ishtirokchilari faoliyatining an’anaviy sohalari o’zgarishi (universal banklar fond sektorida anderrayter, tashkillashtiruvchi va treyderlarga aylanmoqda; investitsiya banklari sindikatlashgan kreditlarni tashkillashtirmoqda, shuningdek, loyihalarni moliyalash bilan shug’ullanmoqda; tijorat banklari, o’z navbatida, investitsiya banklarining an’anaviy faoliyatlariga aralashmoqda va h.k.);
Moliya bozori ishtirokchilarining ixtiyoriy qo’shilishi yoki yirik ishtirokchilar tomonidan o’z tarkibiga olinishi jarayonlari kuchaymoqda, bu esa, o’z navbatida, moliya bozorining barcha sektorlarida operatsiyalarni amalga oshirish imkoniga ega bo’lgan universal moliyaviy xoldinglarning yuza kelishiga sabab bo’lmoqda;
Moliya bozoridagi operatsiyalar riskini kuchayishiga sabab bo’luvchi derivativlar bilan bitimlar hajmi o’sish tendentsiyasiga ega;
AQSh dollari mavqeining tushishi va qadrsizlanishi, bu, o’z navbatida, xalqaro moliya bozoridagi muvozanatning buzilishiga, zamonaviy moliya bozorining inqirozdan keyingi rivojlanishiga shart-sharoitlar yaratishga xizmat qilishi mumkin.
Xalqaro kapital harakatining zamonaviy holati bilan bog’liq quyidagi tendentsiyalar jahon iqtisodiyoti amaliyotda kuzatilmoqda:
Jahondagi kapitalni eksporti va importida rivojlangan mamlakatlar etakchilik qilmoqda.
Xalqaro tadbirkorlik kapitali harakati tarkibida portfel investitsiyalar tomonga siljish tendentsiyasi mavjud. Xalqaro portfel investitsiyalar hajmining oshib borishi bugungi kun jahon moliyaviy iqtisodiy inqirozining kelib chiqishiga asosiy sabablardan bo’lmish “moliyaviy ko’pik”larning paydo bo’lishiga zamin yaratgan.
Xalqaro kreditlar va depozitlarning jahon investitsiyalari tarkibidagi ulushi jahon moliyaviy inqirozidan keyingi davrda kamayib bormoqda.
Jahon kapital eksportidagi Xitoyning ulushi o’sish tendentsiyasiga ega bo’lgan bir sharoitda, kapital importida AQShning ulushi kamayish tendentsiyasiga ega bo’lmoqda. Shunga qaramay jahon kapital importida AQShning ulushi hali-hamon saqlanib qolmoqda.
Sanoati rivojlangan mamlakatlarda chet el investitsiyalarini joylashtirishning asosiy sohasi bank – moliya sektori, xizmatlar sohasi (buning ichida axborot telekommunikatsiya sohasi eng etakchidir), farmatsevtika, biotexnologiya, elektron sanoat, ilmiy va texnologik mashinalar ishlab chiqarish bo’lsa, rivojlanayotgan mamlakatlarda avvalgidek to’g’ridan – to’g’ri chet el investitsiyalar neft – gaz qazib chiqarishga, mashinasozlikning alohida sektorlariga, agrosanoat kompleksiga jalb etilmoqda;
Tadbirkorlik kapitali migratsiyasida sanoati rivojlangan mamlakatlar orasida ayniqsa “Uchlik” (AQSh, G’arbiy Evropa, Yaponiya) mamlakatlari asosiy salmoqqa ega;
Jahon chet el investitsiyalari bozorida asosiy sub’ekt sifatida TMKlarning roli oshmoqda;
Xalqaro fond bozori rivojlanishining asosiy tendentsiyalari quyidagilarda o’z aksini topmoqda:
fond bozorining tobora kengayib va chuqurlashib borishi;
xalqaro fond aktivlari bilan hosila moliyaviy vositalar savdosining o’sishi;
jahonning etakchi moliyaviy markazlarida bozorning kontsentratsiyasi;
bozorning yangi vositalarni yaratishi;
bozorning kompyuterlashuvi;
xalqaro fond bozorida rivojlanayotgan mamlakatlar qimmatli qog’ozlarining ahamiyatini ortishi.
Bundan tashqari, global moliyaviy inqiroz sharoitida fond bozorlarida quyidagi tendentsiyalar yuzaga keldi:
xalqaro fond bozorida kapitalni jalb etishning va operatsiyalarning asosini tashkil etgan holda, xalqaro qarz qimmatli qog’ozlari va xalqaro aktsiyalar bozorining oxirgi o’n yillikdagi hajmi olti barobardan ko’proqqa oshgan, 2008 yil inqiroz davrida ularning o’sishi sekinlashgan, xalqaro aktsiyalar bozorining hajmi asosan rivojlanayotgan mamlakatlar hisobiga qisqargan bo’lsada, hozirda ularning hajmi yana o’sish tendentsiyasiga ega bo’lmoqda. etakchilik qilmoqda;
xalqaro qarz qimmatli qog’ozlar va aktsiyalar bozorida rivojlangan mamlakatlar, xalqaro qarz qimmatli qog’ozlar bozorida moliyaviy institutlarning etakchiligi saqlanib qolmoqda.
rivojlanayotgan mamlakatlar fond bozorining iqtisodiyot tarmoqlari bo’yicha diversifikatsiyalashuv darajasini kichikligi inqiroz davrida uning barqarorligiga salbiy ta’sir ko’rsatgan;
moliyaviy inqiroz sharoitida jahonning rivojlangan mamlakatlari fond birjalarida aktsiyalar bozori kapitallashuvining YaIMga nisbatan salmog’i keskin pasaygan. Jahon mamlakatlari YaIMga nisbatan aktsiyalar bozori kapitallashuvi inqiroz davrida 55%ni, oxirgi besh yillikda rivojlangan mamlakatlarda qarz munosabatini ifodalovchi qimmatli qog’ozlar YaIMga nisbatan kamida 100%ni tashkil etishi kuzatilgan;
rivojlanayotgan mamlakatlar fond birjalarida jahon moliyaviy – iqtisodiy inqirozi sharoitida aktsiyalar va obligatsiyalar bo’yicha savdolar hajmi kamaygan.
Xalqaro moliya bozorini tartibga solishdan ko’zlangan asosiy maqsad quyidagilardan iborat:
moliya bozori barcha sektorlarini moliyaviy barqaror bo’lishiga ko’maklashish (foiz stavkalarini, moliyaviy, investitsion va sug’urta faoliyatidagi risklarni tartibga solish);
inflyatsiyasiz iqtisodiy o’sishni ta’minlash (targetirlangan inflyatsiya, valyuta kurslari, va pul massasini tartibga solish);
tarmoqlararo va davlatlararo kapital harakatini (pul oqimini) ta’minlash (valyuta kurslari va to’lov balansini tartibga solish);
moliya bozori barcha sektorlarida moliyaviy xavfsizlik tizimini shakllantirish.
Xalqaro moliya bozorini tartibga solishning bozor mexanizmi
Bozor iqtisodiyoti sharoitida moliya bozorini rivojlanishiga qarab, uning ishtirokchilari faoliyatini ikki xil tartibga solish amaliyoti taraqqiy topgan, ya’ni ular davlat va bozor munosabatlariga mos, yoki bozor orqali tartibga solish shakllari hisoblanadi. Moliya bozorini bozor orqali tartibga solish iqtisodiyotning qiymat va talab-taklif qonuniga asoslanadi. Moliya bozorida ushbu qonunlarning amal qilishi raqobat muhitida jahon iqtisodiyoti ehtiyojlariga mos ravishda xalqaro moliyaviy oqimlarni ta’minlab beradi. Iqtisodiy agentlar alohida moliyaviy vositalar narxining (kursi yoki foiz stavkasi) o’zgarishi, shakllanishi orqali ularni sotib oluvchilarning talablarini va ularga bo’lgan taklifni aniqlaydilar. Bunda, xalqaro moliya bozori o’zini-o’zi tartibga soluvchi tizim sifatida namoyon bo’ladi.
Iqtisodiyot sektorlaridagi turli bozorlarga o’xshab, moliya bozori ham o’z-o’zini tartibga solish imkoniyatiga qaramasdan mutlaq barqaror tizim sifatida namoyon bo’lmaydi, turli sharoitlarda tizimning turli kamchiliklari oshkor bo’ladi. Moliya bozori ko’plab sub’ektiv omillar, ya’ni siyosiy, ijtimoiy, informatsion, madaniy va boshqa omillar ta’sirida har doim ham o’z-o’zini tartibga solish qobiliyatiga ega emas. Bunday holatda davlat aralashuvi talab etiladi. Jahon tajribasi ko’rsatishicha, xalqaro moliya bozori rivojlanishining zamonaviy bosqichida ham monetarizm va keynschilik tamoyillaridan birgalikda foydalanib, jarayonlarni tartibga solish maqsadga muvofiqdir.
Dostları ilə paylaş: |