Ish hujjatlarining xususiyatlari. Ish yuritish tili va uslubi
Hozirgi o‘zbek tilining davlat-ma’muriy, huquqiy muassasalarida, rasmiy
diplomatik munosabatlarida namoyon bo‘ladigan ko‘rinishidir. Qonun matnlari,
farmonlar, farmoyishlar, buyruqlar, xullas, barcha rasmiy ish qog‘ozlari ana shu
uslubda shakllanadi. Bu uslubning og‘zaki va yozma ko‘rinishlari, binobarin,
ushbu ko‘rinishlarning o‘z me’yorlari mavjud.
Jumladan, aniqlik.Ushbu uslubda shakllangan matnda noaniqlikka, izohtalab
o‘rinlarga yo‘l qo‘yilmasligi lozim. Fikr va mazmun sodda, aniq va tushunarli tilda
bayon qilinishi kerak: O‘zbekiston Respublikasida davlat hokimiyati xalq
manfaatlarini ko‘zlab va O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi hamda uning
asosida qabul qilingan qonunlar vakolat beradigan idoralar tomonidangina amalga
oshiriladi. (O‘zR Konstitusiyasi, 7 - modda).
Qolip.Fikr – mulohaza, bayon asosan bir qolipda ifodalanadi. Solishtiramiz:
O‘zbek milliy madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan marhum adabiyot va san’at
namoyandalarini mukofotlash to‘g‘risida.
Betakror iste’dodi va o‘lmas ijodiy merosi bilan o‘zbek milliy
madaniyatining rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan, butun hayotini el-yurt taraqqiyoti,
xalqimiz ma’naviyatining yuksalishiga baxsh etgan vatandoshlarimizning
xotirasini yod etib, ularni Vatan oldidagi unutilmas xizmatlarini inobatga olib,
quyidagi marhum adib va san’atkorlar «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan
mukofotlansin. (O‘zR Prezidentining 2001- yil 22- avgust Farmoni).
O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligi e’lon qilinganligining o‘n yilligi
munosabati bilan amnistiya to‘g‘risida.
O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligi e’lon qilinganligining o‘n yilligi
munosabati bilan insonparvarlik tamoyiliga amal qilib, O‘zbekiston Respublikasi
Konstitusiyasi 93-moddasining 20-bandiga asosan qaror qilaman (O‘zR
Prezidentining 2001- yil 22- avgust Farmoni).
Shu tarzda ariza, qaror, bildirishnoma, ma’lumotnoma, shartnoma,
tabriknoma singari turli xarakterdagi rasmiy hujjatlarning har birining o‘ziga xos
bayon etish qolipi bo‘ladi. Ayni paytda, ularning har birining alohida so‘z va
turg‘un birikmalari ham mavjud bo‘ladi. Masalan, huquqiy hujjatlar matniga ko‘z
yugurtirsak, ularda boshqa vazifaviy uslublarda deyarli uchramaydigan atamalarga
duch kelamiz: ma’muriy javobgarlik, fuqarolik holati, fuqarolik javobgarligi,
aybdor, gumondor, jabrlanuvchi, sudlanuvchi, guvoh, jamoat kafilligi, surishtiruv,
jabrlanuvchi bilan yarashuv va boshqalar.
Ish qog‘ozlari va hujjatlarning xilma-xilligiga qarab ularga oid atamalarning
me’yorlashuvi va chegaralanuvi ham kuzatiladi. Qiyos uchun diplomatik
munosabatlar doirasidagi so‘z va iboralarga ko‘z yugurtiraylik : ahdlashuvchi oliy
tomonlar, elchi, elchixona, muxtor elchi, muxtor vakil, ishonchli vakil, nota,
ratifikasiya, shartnoma, bayonot, qo‘shma bayonot, deklarasiya, tashrif, qarorgoh
kabilar.
Ushbu uslub uchun jargonlar, oddiy so‘zlashuvga xos so‘zlar, emosional-
ekspressiv bo‘yoqqa ega bo‘lgan so‘zlarning ishlatilishi me’yor sanalmaydi va shu
jihati bilan boshqa uslublardan keskin farq qiladi.
Rasmiy uslubning grammatik me’yori ham alohida xususiyatlarga ega.
Masalan, ot so‘z turkumiga oid so‘zlar ko‘p ishlatiladi. Noaniqliklarga yo‘l
qo‘yilmaslik maqsadida ular olmoshlar bilan almashtirilmaydi: O‘zbekiston
Respublikasi o‘z taraqqiyot yo‘lini, o‘z nomini aniqlaydi, o‘z davlat ramzlarini:
gerbi, bayrog‘i, madhiyasini ta’sis etadi, o‘z davlat tilini belgilaydi. O‘zbekiston
Respublikasi davlat mustaqilligining ramzlari muqaddasdir (1991- yil 31- avgustda
qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi asoslari
to‘g‘risida» gi Qonunning 16 - moddasidan).
Bu uslubda fe’lning harakat nomi shakli faol qo‘llaniladi, gapning kesimi
ko‘pincha hozirgi zamonning majhul nisbatida ifodalanadi, hujjatning xarakteriga
qarab shart mayli shakliga tez-tez murojaat etiladi. Masalan, «O‘zbekiston
Respublikasi Konstitusiyasining «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining
mutlaq vakolatlari» haqidagi 78 – moddasida o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish,
qabul qilish, belgilash, tasdiqlash, tartibga solish, o‘zgartirish, joriy qilish,
komissiyasini tuzish, saylov kunini tayinlash, saylash, ozod etish, ratifikasiya
qilish, ta’sis etish, amalga oshirish singari fe’lli birikmalar ishlatilgan. Ushbu
hujjatda amalga oshiriladi, asos bo‘ladi, tashkil etadi, belgilanadi, asoslanadi,
hisoblanadi, himoya qilinadi, amalga oshiradi, tan olinadi, ish ko‘radi, ado etadi,
kafolatlanadi, taqiqlanadi, tavsiya etiladi singari fe’llarning faol ishlatilishi ham
yuqoridagi fikrning tasdig‘idir. Yana :O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. A.
Karimovning ma’ruzasidagi konseptual qoidalar va xulosalar ma’qullansin hamda
ular Oliy Majlisning kelgusi faoliyatida inobatga olinsin. Ma’ruzaning dasturiy
xulosalari prokuratura, boshqa huquqni muhofaza qilish organlari, sudlar faoliyati
uchun asos qilib olinsin.O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga …
mustaqillik va demokratiya qo‘lga kiritgan yutuqlarni himoya qilish, ijtimoiy
adolat, fuqarolar tinchligi hamda totuvligini ta’minlash ishlarini kuchaytirish
tavsiya etilsin. (O‘zR Prezidenti I. A. Karimovning ikkinchi chaqiriq Oliy
majlisining oltinchi sessiyasidagi ma’ruzasi yuzasidan O‘zR Oliy majlisining
2001- yil 29 -avgust qaroridan).
Shu o‘rinda rasmiy uslubda yozilgan matnlar uchun barcha morfologik
vositalar va kategoriyalarning qo‘llanilishi bir xil darajada emasligini ta’kidlash
ham maqsadga muvofiq. Masalan, sonlar va olmoshlar bu uslubda boshqa so‘z
turkumlariga qaraganda ikkinchi darajali omil hisoblanadi.
Rasmiy uslubning sintaktik alomatlari ham matnda darhol ko‘zga tashlanadi.
Unda darak gaplar, uning ayniqsa qo‘shma gap shakli ko‘p ishlatiladi. Yoyiq va
murakkab so‘z birikmalari mahsuldor hisoblanadi, murakkab tipdagi nomlar keng
qo‘llaniladi. Gap tuzilishida o‘zbek tilidagi odatdagi me’yorga amal qilinadi va
yuqorida sanalgan jihatlari bilan ilmiy uslubga o‘xshab ketadi.
Dostları ilə paylaş: |