Ish vaqti va dam olish vaqti


Dam olish vaqti, uning turlari va ahamiyati



Yüklə 81 Kb.
səhifə2/3
tarix13.06.2022
ölçüsü81 Kb.
#61353
1   2   3
Ish vaqti va dam olish vaqti

Dam olish vaqti, uning turlari va ahamiyati

Dam olish huquqi fuqarolarning eng muhim iqtisodiy-ijtimoiy huquqlaridan bo`lib, unga doir qoidalar xalqaro-huquqiy hujjatlar bilan belgilab qo`yilgan. Jumladan, Xalqaro Mehnat Tashkilotining 47-sonli «Ish haftasini 40 soatgacha qisqartirish to`g`risida»gi, 52-sonli «Yillik haq to`lanadigan ta`tillar to`g`risida»gi Konvensiyalarida, eng umumiy va prinsipial qoidalar esa BMTning 1966 yil 19 dekabrdagi «Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to`g`risida»gi xalqaro Paktida nazarda tutilgan.


O`zbekiston Respublikasi xalqaro huquqning, suveren a`zosi sifatida ushbu xalqaro huquqiy hujjatlarning aksari qismini tan oldi. Shu asosda O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi fuqarolarining dam olish huquqlarini eng muhim ijtimoiy-iqtisodiy huquqlardan biri sifatida e`lon qiladi va o`z qonunlarida bu huquqni real ta`minlashga oid bo`lgan chora-tadbirlarni belgilaydi.
Dam olish huquqi va bu huquqni amalda ta`minlanishi ayrim shaxs, oila, davlat va jamiyat ravnaqi, uning barkamolligi uchun, taraqqiy topishi uchun xizmat qiladi. Shu sababli mehnatga oid qonun hujjatlarida xodimlar dam olish huquqlariga katta ahamiyat beriladi, dam olish vaqtini berish, undan samarali foydalanishga ko`maklashish majburiyatini ish beruvchi zimmasiga yuklaydi.
MKning 126-moddasiga ko`ra dam olish vaqti deganda xodim mehnat vazifalarini bajarishdan holi bo`lgan va bundan u o`z ixtiyoriga ko`ra foydalanishi mumkin bo`lgan vaqt tushuniladi. Xodimning dam olishga oid subyektiv huquqi ish beruvchining qonunda belgilangan vaqtda xodimni ishdan ozod qilish majburiyatiga mos keladi.
Dam olish vaqtining quyidagi turlari mavjud:
a) ish kuni (smena) davomidagi tanaffuslar;
b) kundalik dam olish vaqti;
v) dam olish kunlari;
g) bayram kunlar;
d) yillik mehnat ta`tillari.
Mehnat Kodeksining 127-moddasiga ko`ra, xodimga ish kuni (smena) davomida dam olish va ovqatlanish uchun tanaffus berilishi kerak, bu tanaffus ish vaqtiga kirmaydi. Bunday tanaffus miqdori, berilish vaqti va uning aniq muddati korxona ichki mehnat tartibi qoidalarida, smena grafiklarida yoki xodim bilan ish beruvchi o`rtasidagi kelishuvga binoan belgilab qo`yiladi. Ishning xususiyatiga ko`ra bunday tanaffus berib bo`lmaydigan ishlarda ish beruvchi xodimga ovqatlanib olishini ta`minlashi lozim. Bunday ishlarning ro`yxati, ovqatlanish tartibi va joyi, ichki mehnat tartibi qoidalarida belgilab qo`yiladi.
Kundalik dam olish vaqti (ish kunlari orasidagi dam olish vaqti)ning muddati o`n ikki soatdan kam bo`lishi mumkin emas. Dam olish kuni (ya`ni, ish haftalari, ish smenalari o`rtasidagi dam olish vaqti) besh kunlik ish haftasida ikki kun, olti kunlik ish haftasida bir kun miqdorida beriladi. Xodimlarning dam olish kunlari ishga jalb etishga qoida tariqasida yo`l qo`yilmaydi. Alohida hollarda qonunlarda belgilangan cheklashlar hisobga olingan holda dam olish kunlari ishga jalb etishga yo`l qo`yilishi mumkin.
Bayram kunlari umumiy dam olish kunlari hisoblanadi va bu kuni alohida hollardan tashqari ishga jalb etish mumkin emas. Quyidagi kunlar bayram (ishlamaydigan) kunlardir:
1 yanvar – Yangi yil;
8 mart – Xotin-qizlar kuni;
21 mart – Navro`z bayrami;
9 may – Xotira va Qadrlash kuni;
1 sentabr – Mustaqillik kuni;
1 oktabr – Murabbiylar kuni;
8 dekabr – Konstitutsiya kuni;
Ro`za hayit – (Iyd al-Fitr) diniy bayramining birinchi kuni;
Qurbon hayit – (Iyd al-Adha) diniy bayramining birinchi kuni.

3. Yillik mehnat ta`tili


Mehnat ta`tili barcha xodimlarga, shu jumladan o`rindoshlik bo`yicha ishlayotgan xodimlarga dam olish va ish qobiliyatini tiklash uchun ish haqi saqlangan holda har yili beriladi. Yillik mehnat ta`tilining eng kam muddati o`n besh ish kunidan iborat. Mehnat to`g`risidagi qonun hujjatlarida uzaytirilgan va qo`shimcha mehnat ta`tili berishni nazarda tutadi. Mehnat Kodeksining 135-moddasiga ko`ra quyidagilarga sog`ligi holati va yoshini hisobga olib, yillik uzaytirilgan asosiy ta`til beriladi:


o`n sakkiz yoshga to`lmagan shaxslarga – o`ttiz kalendar kun:
ishlayotgan I va II guruh nogironlariga – o`ttiz kalendar kun.
Ayrim toifadagi xodimlarga mehnat vazifalarining o`ziga xos jihatlari va xususiyatlari hamda boshqa holatlarini e`tiborga olib, qonun hujjatlariga muvofiq uzaytirilgan ta`tillar belgilanadi (masalan, o`qituvchilar, shifokorlar va h. k.lar).
Mehnat Kodeksining 136-moddasida quyidagi hollarda yillik qo`shimcha ta`tillar berilishi nazarda tutilgan:
mehnat sharoiti noqulay va alohida tusga ega bo`lgan ishlarda band bo`lgan xodimlarga;
og`ir va noqulay tabiiy iqlim sharoitlarida ish bajarayotgan xodimlarga;
Mehnat to`g`risidagi qonunlarda va boshqa me`yoriy hujjatlarda, mehnat shartnomasining shartlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda.
Ta`tillarning muddati olti kunlik ish haftasi yuzasidan kalendar bo`yicha ish kunlari bilan hisoblab chiqariladi. Bayram kunlari ta`tilni hisoblashda hisobga olinmaydi. Yillik ta`tilning umumiy muddatini hisoblab chiqarishda qo`shimcha ta`tillar yillik asosiy ta`tillarga (shu jumladan uzaytirilgan ta`tillarga ham) qo`shib jamlanadi. Barcha hollarda qonun hujjatlari bilan belgilangan ta`tillarni jamlashda ularning umumiy muddati qirq sakkiz ish kunidan oshib ketmasligi kerak. Mehnat ta`tilini olish huquqini beruvchi mehnat stajining turlari Mehnat Kodeksining 142-moddasida ko`rsatilgan bo`lib, ular qatoriga haqiqatda ishlangan vaqtdan tashqari yana bir qator vaqtlar ham kiritilgan.
Yillik asosiy ta`til birinchi ish yili uchun xodim kamida olti oy ishlaganidan keyin berilishi mumkin. Ayrim toifadagi xodimlar (homilador va tug`ish ta`tiliga chiqayotgan ayollar, I va II guruh nogironlari, o`n sakkiz yoshga to`lmagan xodimlar va boshqalar)ga olti oy o`tmasdan oldin mehnat ta`tili berilishi mumkin. Keyingi ish yillari uchun ta`til ish beruvchining xodimlar vakillik organi bilan kelishib tuzgan ta`tillarni berish grafigiga muvofiq ravishda beriladi. Bunday grafikni tayyorlash paytida yosh bolali ayollar, I va II guruh nogironlari, urush qatnashchilari, o`n sakkiz yoshga to`lmagan shaxslar va boshqa ayrim shaxslar yoz oylarida yoki ular xohlagan paytda ta`tilga chiqish huquqiga ega ekanliklari hisobga olinmog`i lozim.
Mehnat ta`tili har yili berilishi lozim. Agar ishlab chiqarish tusidagi sabablarga ko`ra xodimga joriy yilda ta`tilni to`liq berish imkoni bo`lmasa, u holda xodimning roziligi bilan ta`tilning 12 ish kunidan ortiq qismi keyingi ish yiliga ko`chirilishi mumkin. Shu yil undan, albatta, foydalanilishi lozim. O`n sakkiz yoshga to`lmagan xodimlarga yillik ta`tilni, shuningdek mehnat sharoiti noqulay va alohida tusga ega bo`lgan ishlar uchun beriladigan yillik qo`shimcha ta`tillarni bermaslik taqiqlanadi.
Xodim vaqtincha mehnatga yaroqsiz bo`lib qolgani, davlat yoki jamoat ishlariga jalb etilgani tufayli mehnat ta`tilidan foydalana olmagan hollarda bu ta`til uzaytirilishi mumkin. Xodim ta`tildan foydalanishga to`sqinlik qiluvchi holatlar haqida ish beruvchini xabardor qilishi shart. Xodimning xohishiga ko`ra ta`til qismlarga bo`linishi mumkin, lekin bunda ta`tilning bir qismi o`n ikki ish kunidan kam bo`lmasligi lozim. Xodimni ta`tildan chaqirib olishga faqat uning roziligi bilan yo`l qo`yiladi. Shu munosabat bilan foydalanilmay qolgan qismi keyingi ish yilining ta`tiliga qo`shib qo`yiladi va natural holda berilishi lozim. Mehnat ta`tilining pulli kompensatsiyasi bilan almashtirishga kamida o`n besh kundan iborat mehnat ta`tili natural holda berilishi sharti bilan yo`l qo`yilishi mumkin.
Ishdan bo`shayotgan xodimga foydalanilmagan barcha asosiy va qo`shimcha ta`tillar uchun pulli kompensatsiyalar to`lanadi. Jamoa shartnomasida yoki xodim bilan ish beruvchining o`zaro kelishuvida xodim ishdan bo`shayotganida asosiy va qo`shimcha ta`tillar natura holida berilib, keyin ishdan bo`shatish belgilanishi mumkin. Bunda ta`tilning tamom bo`lgan kuni mehnat shartnomasi bekor bo`lgan kun hisoblanadi.

Yüklə 81 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin