2-bob. Ishsiz va ish qidirayotgan shaxslarni kasb-hunarga o‘qitish faoliyatini tashkil etish tartibi 6. Ishsiz va ish qidirayotgan shaxslarni kasb-hunarga o‘qitish faoliyati Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar bandlik bosh boshqarmalari tomonidan muvofiqlashtiriladi.
7. Mahalliy mehnat organida ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatga olingan hamda kasb-hunar o‘rganish istagini bildirgan taqdirda, qonunchilik hujjatlari hamda ushbu Nizomga muvofiq ushbu shaxs ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatga olingan kundan boshlab kasb-hunarga o‘qitishga yuboriladi.
8. Mahalliy mehnat organida ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatga olinganlar uchun maqbul keladigan ishga doir takliflar mavjud bo‘lmagan va ishga joylashtirish imkoniyati bo‘lmagan taqdirda, ish qidirayotgan shaxs ishsiz deb e’tirof etiladi va kasb-hunarga o‘qitish uchun yuborilishi mumkin.
9. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi:
ishsiz va ish qidirayotgan shaxslarni kasb-hunarga o‘qitish sohasida yagona davlat siyosatini yuritishni ta’minlaydi;
ishsiz va ish qidirayotgan shaxslarni kasb-hunarga o‘qitish tizimini shakllantiradi;
ishsiz va ish qidirayotgan shaxslarni kasb-hunarga o‘qitish uchun to‘lab beriladigan to‘lov miqdorini belgilaydi;
kasb-hunarga o‘qitish faoliyati uchun zarur bo‘lgan normativ-huquqiy bazani yaratadi;
ishsiz va ish qidirayotgan shaxslarni kasb-hunarga o‘qitadi, shu jumladan, ularga kasbiy maslahatlar beradi;
tizimdagi “Ishga marhamat” monomarkazlari va kasb-hunarga o‘qitish markazlarining faoliyatini muvofiqlashtiradi va umumiy boshqaruvni amalga oshiradi, ularning moddiy-texnik bazasini rivojlantiradi;
ishsiz va ish qidirayotgan shaxslarni kasb-hunarga o‘qitish masalalari yuzasidan xalqaro va hududlararo hamkorlikka ko‘maklashadi;
ishsiz va ish qidirayotgan shaxslarni kasb-hunarga o‘qitishning o‘quv-metodik ta’minotini tashkil etishni ta’minlaydi.
10. Hududiy mehnat organlari:
aholi bandligiga ko‘maklashish markazlarini ishsiz va ish qidirayotgan shaxslarni kasb-hunarga o‘qitishni tashkil etishga doir faoliyatini tashkil qiladi va muvofiqlashtiradi;
aholi bandligiga ko‘maklashish markazlarining ishsiz va ish qidirayotgan shaxslarni kasb-hunarga o‘qitish masalalari bo‘yicha uslubiy ta’minlaydi va ularning amalga oshirilishini nazorat qiladi;
nodavlat kasb-hunarga o‘qitish tashkilotlari o‘rtasida ishsiz va ish qidirayotgan, shu jumladan, mehnat migrantlari va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni kasb-hunarga o‘qitish uchun tanlov o‘tkazadi va o‘qitish xarajatlarini qoplash uchun grant ajratadi.
11. Mehnat organlarining mutaxassislari ishsiz va ish qidirayotgan shaxslarga kasb tanlash va kasbiy ta’lim olish imkoniyatlariga doir bepul maslahatlar beradi.
Mehnat organlariga murojaat qilgan shaxslarga kasbiy maslahatlar asosan mehnat bozorining talablarini — ishchi xodimlardan yuksak saviya, ijodiy tashabbus, zamonaviy iqtisodiy fikrlash, ishning yangi uslub va ko‘nikmalarini egallash talablarini qo‘ygan holda, yakka tartibda suhbatlar o‘tkazish, ijtimoiy, psixologik va boshqa sinab ko‘rish (test) usullaridan foydalanib, tegishli kasbga tayyorlashga doir hujjatlarni, mehnat daftarchasidagi yozuvlar va boshqalarni o‘rganish, har bir shaxsning sog‘ligini, kasbiy qiziqishini, qobiliyatini, shaxsiy xususiyatlarini unga tavsiya qilingan yoki o‘zi tanlangan kasbning xususiyatlariga, ta’lim shakli va o‘rniga muvofiqligini aniqlash maqsadida beriladi.
Kasbiy maslahat berish orqali yordam ko‘rsatishda ayrim aholi guruhlariga — yoshlar, xotin-qizlar, kambag‘al oilalar a’zolari, chet elga ketish istagidagi va u erdan qaytib kelgan mehnat migrantlari, nogironligi bo‘lgan shaxslarga alohida e’tibor qaratilishi lozim.
Ish qidirayotgan va ishsiz shaxslar tarkibidan aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalariga mansub shaxslar ustuvor tartibda kasb-hunarga o‘qitishdan o‘tish huquqiga ega.
12. Ishsiz va ish qidirayotgan shaxslarni kasb-hunarga o‘qitish quyidagi asosiy bosqichlardan iborat:
o‘qitishga bo‘lgan ehtiyojni aniqlash;
o‘qitish o‘rnini aniqlash;
o‘qitish va bandlikka ko‘maklashish yuzasidan shartnomalar tuzish;
o‘quv guruhlarini butlash va kasbga tayyorlashga yo‘llash;
kasbiy ta’lim jarayoni;
kasbiy ta’lim jarayonini nazorat qilish;
kasbiy tayyorgarlikdan o‘tgan shaxslardan malakaviy imtihon olish;
kasbga o‘qitishga doir ishlarni hisobga olish va statistik hisobot.
13. Kasb-hunarga o‘qitishga bo‘lgan ehtiyoj mehnat bozorida ishchi kuchiga kasbiy-malakaviy kesimdagi talabni va hududning rivojlanish istiqbollarini inobatga olib, ishsiz va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni ishga joylashtirishning maqbul variantlarini izlab topish orqali aniqlanadi.
14. Ishsiz va ish qidirayotgan shaxslarni Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan kasb-hunarga o‘qitish mazkur Nizomning 3-bandida ko‘rsatilgan o‘quv muassasalari (tashkilotlar) bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzish asosida amalga oshiriladi.
Mehnat organlari tuzilgan shartnomalar asosida kasb-hunarga o‘qitishga muhtoj bo‘lgan shaxslarga belgilangan shakldagi kasbga o‘qitishga yo‘llanmalarni beradi, o‘quv muassasalari esa ularning o‘qishga qabul qilinganligi to‘g‘risida buyruq chiqaradi.
15. Ishsiz va ish qidirayotgan shaxslarni kasb-hunarga o‘qitish kursli shaklda hamda yakka tartibda tashkil qilinishi mumkin.
16. Kasb-hunarga o‘qitish kursli shaklda tashkil etilganda, odatda, o‘quv guruhlaridagi tinglovchilar soni besh nafardan yigirma nafargacha bo‘lishi mumkin.
17. Ishsiz va ish qidirayotgan shaxslarni yakka tartibda kasb-hunarga o‘qitishda ishlab chiqarish sohasida ta’lim jarayoni asosiy ishidan ozod qilinmagan malakali ishchi — ishlab chiqarish ta’limi yo‘riqchisi rahbarligida tashkilotning ish o‘rnida amalga oshiriladi.
Ishsiz aholini milliy hunarmandchilikning tarixan shakllangan an’analari asosida “Usta-shogird” maktablarida xalq hunarmandchiligining “Usta-shogird” an’anasiga muvofiq kasb-hunar ko‘nikmalarini o‘rgatish ham yakka tartibdagi kasb-hunarga o‘qitish turiga kiradi.
Yakka tartibda kasb-hunarga o‘rgatishda o‘quvchi nazariy bilimlar kursini o‘qituvchilardan maslahatlar (konsultatsiyalar) olish yo‘li bilan va mustaqil ravishda o‘rganishi ham mumkin.
18. Milliy va badiiy hunarmandchilik kasblariga faqat “Hunarmand” uyushmasiga a’zo bo‘lgan va yakka tartibda faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkor ustalarning maktablarida amalga o‘rgatiladi.
19. Milliy hunarmandchilik kasblarini o‘rgatadigan xalq ustalari “Usta-shogird” usulida kasb-hunarga o‘rgatishda o‘zlarining imkoniyatlariga qarab, ta’lim oluvchi shogirdlarning sonini ixtiyoriy ravishda belgilashlari mumkin, biroq ularning umumiy soni o‘n kishidan ko‘p bo‘lmasligi lozim.
20. Mehnat organlari joylarda faoliyat ko‘rsatayotgan hunarmandlar haqida batafsil ma’lumotlar to‘plab, ularning imkoniyatlari, istaklarini inobatga olgan holda ish yuritadilar. Bu ma’lumotlar majmuasi muntazam ravishda to‘ldirilib boriladi.
21. Ustalarning ish o‘rinlarida xavfsizlik texnikasi qoidalari bo‘yicha shogirdlarga beriladigan yo‘riqlarni hisobga olib borish daftari ochiladi. Shogirdlar xavfsizlik texnikasi qoidalari bo‘yicha yo‘riq olganliklari to‘g‘risida ushbu daftarga imzo chekadilar.
22. Ishsiz va ish qidirayotgan shaxslarni kasb-hunarga o‘qitish quyidagi o‘qitish muddatlari bo‘yicha amalga oshiriladi:
uzoq muddatli o‘qitish — o‘quv jarayoni o‘ttiz haftadan qirq haftagacha davom etadi;
o‘rta muddatli o‘qitish — o‘quv jarayoni besh haftadan yigirma besh haftagacha davom etadi;
qisqa muddatli o‘qitish — o‘quv jarayoni to‘rt haftagacha davom etadi;
ishlab chiqarishda kasbga o‘qitish — o‘quv jarayoni ish beruvchida bir vaqtning o‘zida olib boriladigan mehnat faoliyati bilan bevosita bog‘liq bo‘lib, bir nafar o‘quvchi uchun kelgusida ish beruvchida ishga joylashtirilgan holda kasbga tayyorlashdan (stajirovkadan) o‘tishi yigirma besh haftagacha davom etadi;
maqsadli o‘qitish — o‘quv jarayoni to‘rt haftagacha davom etadi.
23. Ishsiz shaxslarni uzoq muddatli hamda o‘rta muddatli kasb-hunarga o‘qitishda mazkur Nizomning 3-bandida ko‘rsatilgan o‘quv muassasalari (tashkilotlar), ish beruvchi, mahalliy mehnat organi va ishsiz shaxs o‘rtasida tuziladigan to‘rt tomonlama shartnoma asosida amalga oshiriladi.
Agar ishsiz shaxs o‘qish tugagach, jismoniy va yuridik shaxslar uchun ish haqini (mehnat daromadini) olishga qaratilgan xizmatlarni ko‘rsatish, ishlarni bajarish bo‘yicha mehnat faoliyatini mustaqil ravishda amalga oshirish majburiyatini hamda o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tishni o‘z zimmasiga oladigan bo‘lsa, o‘rta muddatli o‘qitishga doir shartnoma tuzilayotganda ish beruvchining ishtirok etishi talab qilinmaydi.
Bunda mazkur Nizomning 3-bandida nazarda tutilgan kasb-hunarga o‘qitish faoliyatini amalga oshiruvchi muassasalar (tashkilotlar) mahalliy mehnat organi va ishsiz shaxs o‘rtasida tuziladigan ijtimoiy shartnomaga asosan tashkil etiladi.
Ish qidirayotgan shaxslarni kasb-hunarga o‘qitishda ular bilan ishga joylashtirish bo‘yicha shartnoma tuzish talab etilmaydi.
24. Ishsiz va ish qidirayotgan shaxslarni kasb-hunarga o‘qitish mazkur Nizomning 3-bandida nazarda tutilgan o‘quv muassasalari (tashkilotlari) bilan kelishilgan holda kunduzgi, kechki va onlayn shaklda amalga oshirilishi mumkin.
25. Ilg‘or ish tajribasini chuqur o‘rganish maqsadida kambag‘al oilalarning oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarining so‘nggi bosqichida o‘qiyotgan bitiruvchi farzandlari tashkilotlarga stajirovkaga yuboriladi.
Bunda stajirovka mahalliy mehnat organlari yo‘llanmasi hamda uch tomonlama tuziladigan shartnomaga muvofiq o‘quvchini kelgusida ish beruvchida ishga joylashtirish sharti asosida stajirovkadan o‘tishi yigirma besh haftagacha davom etishi mumkin.
Stajirovka o‘tayotgan bitiruvchilarga stajirovka davrida har oy uchun mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 35,2 foizi miqdorida Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan stipendiya to‘lab beriladi.
26. Ishchi (mutaxassis)lar jumlasidan bo‘lgan ishsiz va ish qidirayotgan shaxslarning kasbiy mahoratini oshirish va keyinchalik ularni ishga joylashtirish, ularda mavjud bo‘lgan kasblar bo‘yicha ushbu guruhdagi fuqarolarning manfaatlarini ko‘zlab va ishlab chiqarish talablariga, ishga joylashtirish imkoniyatlariga muvofiq yuqoriroq tarif razryadlarini (klass, toifa) egallash, ilg‘or texnika va texnologiyalarni, yangi jihoz va materiallarni o‘rganish maqsadida ularning malakasini oshirish tashkil qilinadi.
27. Ishsiz va ish qidirayotgan shaxslarni kasb-hunarga o‘qitishning belgilangan tartibda tashkil etilganligi, o‘quvchilar davomati hamda o‘quv jarayonlarining ish beruvchi talabiga muvofiqligi va uning sifati ustidan monitoring hududiy mehnat organlarining tegishli mutaxassislari tomonidan joyiga chiqqan holda amalga oshirilishi mumkin.
28. Ishsiz va ish qidirayotgan shaxslarni kasb-hunarga o‘qitish jarayoni o‘quv jarayoni tashkil qilingan muassasada (tashkilotda) yakuniy malaka imtihonini joriy tartibda topshirish bilan yakunlanadi.
Ishsiz va ish qidirayotgan shaxslarning zarur tayyorgarligi bo‘lgan hollarda yakuniy malaka imtihonlari, shuningdek, kasb va tegishli malaka darajasini olish uchun kompetensiyalarni baholash bo‘yicha imtihonlarning belgilangan muddatdan oldin topshirilishiga yo‘l qo‘yiladi.
Malaka imtihonlari komissiyasining tarkibiga o‘qishga yo‘llanma bergan mehnat organining vakili ham kiritilishi mumkin.
29. Kasb-hunarga o‘qitish jarayonidan o‘tgan va yakuniy malaka imtihonlarini topshirgan shaxslarga o‘quv jarayonini tashkil qilgan muassasa (tashkilot)lar tomonidan o‘qishni tamomlaganligini tasdiqlovchi hujjat (sertifikat, guvohnoma, diplom va boshqalar) beriladi.
30. Mehnat organlari tomonidan kasb-hunarga o‘qitish uchun yuborilgan va o‘qishni yakunlagan shaxslarning elektron mehnat daftarchasida xodimlar mehnat stajini hisobga olish bo‘yicha yozuvlar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda kiritiladi. Bunda ko‘rsatilgan kasb-hunarga o‘qitish davri mehnat stajiga qo‘shiladi.
31. Kasb-hunarga o‘qitishni amalga oshirayotgan muassasa (tashkilot)lar texnika xavfsizligi qoidalari bilan o‘quvchilarni tanishtirish, o‘quvchilar davomatining hisobga olish, bitiruv malaka imtihonlari bayonnomalarini rasmiylashtirish va o‘qishni tamomlagan bitiruvchiga o‘qishni tamomlaganligini tasdiqlovchi hujjatni berish majburiyatini oladi.
32. Ishsiz va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni kasb-hunarga o‘qitishni ta’minlay oladigan o‘quv tashkilotlarining ro‘yxati hududiy mehnat organlari tomonidan belgilanadi.
33. Mahalliy mehnat organlari tomonidan kasb-hunarga o‘qitish uchun boshqa hududlarga yo‘llangan o‘quvchilar yotoqxonaga (mehmonxonaga) joylashtirilishi mumkin.