Kirish O‘quv-uslubiy qo‘llanma Toshkent davlat texnika universiteti
“Iqtisodiyot” kafedrasi bakalavr yo‘nalishi 2016-2017o‘quv yili uchun
tasdiqlangan “Iqtisodiyot nazariyasi” fani bo‘yicha o‘tiladigan ishchi
dastur asosida tayyorlandi. Mazkur o‘quv-uslubiy qo‘llanma “Talab va
taklif nazariyasi. Bozor muvozanati”, “Ishlab chiqarish xarajatlari tahlili
va foyda nazariyasi”, “Raqobat, monopoliya. Bozorning tartiblanishi va
narxning shakllanishi” mavzularini o‘z ichiga olgan.
Bozor iqtisodiyotining amal qilishida talab va taklif nazariyasi alohida
o‘rin tutadi. Uslubiy qo‘llanmaning “Talab va taklif nazariyasi. Bozor
muvozanati” mavzusida, talab va taklif tushunchalari va ularning
miqdoriga ta’sir qiluvchi omillar, talab va taklif qonuni, ularning
o‘rtasidagi nisbatning o‘zgarishi natijasida bozorda muvozanat o‘rnatilish
shartlari hamda talab va taklif elastikligini ko‘rib chiqilgan.
Ishlatilayotgan resurslardan tejamli va samarali foydalanish
iqtisodiyot nazariyasi fanining muhim masalalaridan hisoblanadi.
Uslubiy qo‘llanmaning “Ishlab chiqarish xarajatlari tahlili va foyda
nazariyasi” mavzusi mikrodarajada resurslardan foydalanish masalalariga
qaratilgan. Ushbu mavzuda ishlab chiqarish xarajatlari tushunchasi, uning
tarkibi, qisqa muddatli va uzoq muddatli davrlarda ishlab chiqarish
xarajatlarining o‘zgarish tamoyillari, foydaning mazmuni va uning
ko‘rsatkichlari yoritilgan.
Bozor iqtisodiyotida raqobat muhim ahamiyatga ega. Raqobat
iqtisodiyotni harakatlantiruvchi kuch hisoblanadi. Mahsulotni ishlab
chiqarish, xarajatlarni kamaytirish, yangiliklar yaratish, ishlab
chiqarishga so‘nggi fan-texnika yutuqlarini joriy qilishni ham raqobat
undaydi. Shuning uchun raqobatni tadqiq qilish muhim ahamiyatga ega.
Uslubiy qo‘llanmaning uchinchi mavzusi “Raqobat, monopoliya.
Bozorning tartiblanishi va narxning shakllanishi” doirasida raqobatning
mohiyati, shakllari va usullari, narxning shakllanishi, monopoliyalarning
iqtisodiy asosi va ularning turlari, O’zbekistonda monopoliyaga qarshi
qonunchilik tavsifi berilgan.
Qo‘llanmadagi barcha mavzular talaba uchun yanada tushunarli
bo‘lishi va olgan bilimini mustahkamlashi uchun har bir mavzu oxirida
shu mavzuga doir asosiy tayanch tushunchalar, masala va topshiriqlar
berilgan.
Uslubiy qo‘llanma Oliy ta’lim muassasasi bakalavr yo‘nalishida
ta’lim olayotgan talabalar uchun mo‘ljallangan.