Termiz shahridagi Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida jurnalist va blogerlar uchun matbuot anjumani tashkil etildi.
Qayd etilganidek, ushbu markaz davlatimiz rahbarining 2017-yil 14-fevraldagi “Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga binoan oʻz faoliyatini boshlagan. Markaz tomonidan islom dini rivojiga ulkan hissa qoʻshgan buyuk alloma Abu Iso at-Termiziy (Imom Termiziy)ning benazir merosini ilmiy asosda chuqur oʻrganish, muqaddas yurtimiz azaldan ulugʻ allomalar va aziz avliyolar vatani boʻlib kelganini yurtdoshlarimiz va xalqaro jamoatchilik oʻrtasida keng targʻib qilish, milliy-diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va rivojlantirish, shu asosda yosh avlodni ezgu gʻoyalar ruhida tarbiyalash, ularning qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuygʻusini yanada kuchaytirishga koʻmaklashish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu yerda hadisshunoslik, manbashunoslik xalqaro aloqalar va ziyorat turizmini rivojlantirish boʻlimlari tashkil etilgan boʻlib, ilmiy-amaliy aloqalar tobora kengaymoqda. Rossiya, Marokash, AQSH, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Hindiston, Tojikiston va Qirgʻiziston kabi davlatlar bilan hamkorlik ijobiy samara berayotir.
Markaz kutubxonasida yurtimiz va xorijda saqlanayotgan Imom Termiziy va termiziy allomalar merosiga oid 500 dan ortiq qoʻlyozma asarlarning elektron bazasi shakllantirildi.
— Olimlarimiz yurtimizdagi nufuzli ilmiy muassasalar bilan hamkorlikda Abu Iso at-Termiziyning “Sunani Termiziy sharhi” asari oʻn jildini nashrga tayyorlashga muvaffaq boʻldi, - deydi markaz rahbari Shukurollo Umarov. — Hozirgacha mazkur kitobning uch jildi nashrdan chiqdi. Taʼkidlash oʻrinliki, bu asar hadisshunoslikda juda qimmatli manba boʻlib, keng kitobxonlarga moʻljallangan. Termiziy va boshqa allomalarning merosiga oid 6 ta kitob tarjima qilindi, 2 ta raddiya, 10 ta xalqchil risolalar nashr etildi. Termiziy allomalar merosiga doir yana 19 ta oʻquv qoʻllanmasi, ilmiy-ommabop kitob nashr uchun tayyor holga keltirildi.
Hadislarga oid olamshumul ahamiyatga molik asarlar yaratgan buyuk allomalardan biri mashhur muhaddis Abu Iso Muhammad Termiziydir. Uning to‘liq ismi Abu Iso Muhammad ibn Savra ibn Muso Dahhok Sulamiy (umrining oxirlarida ko‘zlari ojiz bo‘lib qolganligi uchun Darir taxallusi bilan ham atalgan) Termiziy bo‘lib, 824-yili Termizda uncha badavlat bo‘lmagan oilada tavallud topdi. Allomaning yoshlik yillari Termiz shahrida o‘tgan, dastlabki ma’lumotni ham shu shaharda olgan. Yozma manbalar va tarixiy osori atiqalardan ma’lumki, o‘rta asrlarda Termiz ham O’rta Osiyoning Urganch, Buxoro, Samarqand, Nasaf singari ilm-fan va madaniyati rivojlangan shaharlaridan biri bo‘lgan. Mana shunday madaniy muhitda o‘sgan Termiziy yoshligidan turli ilmlarni egallashga katta qiziqish bilan intilgan. Bolaligidan o‘ta ziyrakligi, quvvai hofizasi, ya’ni yodlash xotirasining kuchliligi va favqulodda noyob qobiliyati bilan o‘z tengqurlaridan ajralib turgan Termiziy diniy va dunyoviy fanlar, ayniqsa, hadis ilmini alohida qiziqish bilan egallagan va bu boradagi o‘z bilimlarini muttasil oshirish maqsadida ko‘pgina Sharq mamlakatlarini ziyorat qilgan. Jumladan, u uzoq yillar Iroqda, Isfahon, Xuroson, Makka va Madinada yashagan. Ko‘p yillar davom etgan safarlari paytida Termiziy qiroat, bayon, fiqh, tarix, ayniqsa, o‘zi yoshligidan alohida mehr qo‘ygan hadis ilmi bo‘yicha o‘z davrining yirik olimlari – mashhur muhaddislardan ta’lim oladi. Uning ustozlaridan Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Qutayba ibn Said, Ishoq ibn Muso, Mahmud ibn G’iylon va boshqa mashhur muhaddislarni ko‘rsatish mumkin.
Manbalarda yozilishicha, hadislarni to‘plash va o‘rganishda Termiziy har bir qulay fursat va imkoniyatdan unumli foydalangan. U yo‘lda, safarda bo‘lganda ham yoki bir joyda muqim turganda ham o‘z ustozlaridan, uchratgan roviylardan eshitgan hadislarni darhol yozib olar, ularni tartibli ravishda alohida-alohida qayd qilib borardi.
O‘z davrining yetuk muhaddis olimi sifatida tanilgan Termiziy ko‘pdan-ko‘p shogirdlariga ustozlik qilgan. Hadis ilmi borasida uning shogirdlaridan Makhul ibn Fazl, Muhammad ibn Mahmud Anbar, Hamad ibn Shokir, Abd ibn Muhammad Nasafiy, Haysam ibn Kulayb Shoshiy, Ahmad ibn Yusuf Nasafiy va Abul Abbos Muhammad ibn Mahbub Mahbubiylarni sanab o‘tish mumkin. Ilmu irfon olish maqsadida uzoq yillar davom etgan xorijiy safarlardan qaytgan Termiziy o‘z yurtida yirik muhaddis olim sifatida shuhrat qozonib, asarlar ta’lif etish, ko‘plab shogirdlar tayorlash bilan mashg‘ul bo‘ldi. U 892-yilda Termizdan uzoq bo‘lmagan Bug‘ qishlog‘ida vafot etadi va shu yerda dafn etiladi.
Aslida, Qur’oni karimda inson hayotiga oid jamiki masalalar o‘z aksini topgan. Payg‘ambarimiz Muhammad (a.s.)ning o‘zlari aytgan ibratomuz pand-nasihatlari, diniy, axloqiy masalalar xususidagi fikru mulohazalari, ko‘rsatmalari hamda Rasululloh (s.a.v.)ning hayotlari, faoliyatlari xususida sahobiylar tomonidan aytilgan hikoyat va rivoyatlar islomiy ta’limotni to‘ldirib, ko‘p o‘rinlarga aniqlik kiritib bergani uchun hadislar Qur’oni karimdan keyin turadigan asosiy manba sifatida qabul qilingan.
Imom Termiziy faoliyat ko‘rsatgan to‘qqizinchi asrga kelib hadislarni nihoyatda aniq, muhim, shubha uyg‘otmaydigan manbalarga asoslanib to‘plashga alohida ahamiyat berish davr talabi bo‘lgan edi. Negaki, o‘sha davrning o‘zidan boshlaboq, noaniq, hatto soxta hadislar ham el orasida tarqay boshlaydi. Shunday paytlarda, ularni qayta-qayta tekshirib, betinim mehnat natijasida asl holiga qaytargan, ishonchli manbalar asosida to‘plab yozma ravishda tartibga keltirgan oltita hadislar to‘plami (as-Sihoh as-sitta)ni tuzgan mualliflar borki, ularni eng nufuzli va ishonchli muhaddislar deya tan olinadi. Mana shu mashhur muhaddislardan biri Imom Termiziydir.
Imom Termiziy qalamiga mansub asarlarning aksariyati bizgacha yetib kelgan. «Al-Jome’», «ash-Shamoil an-nabaviya», «al-Ilal fi-l-hadis», «Risola fi-l-xilof va-l-jadal», «at-Tarix», «Kitob az-zuhd», «Kitob al asmo va-l-kuna» kabi asarlar shular jumlasiga kiradi. Imom Termiziyning asarlari ichida eng mashhuri, shubhasiz, «al-Jome’» bo‘lib, avval eslatib o‘tganimizdek, oltita ishonchli hadislar to‘plamlaridan biri hisoblanadi. Ushbu asar ilmiy adabiyot va manbalarda «al-Jome’ as-sahih», «Jome’ at-Termiziy», «Sunan at-Termiziy» nomlari bilan ham atalib, Payg‘ambar (a.s.) merosi va faoliyatiga doir muhim manbalardan hisoblanadi.
Imom Termiziyning mashhur asarlaridan yana biri «ash-Shamoil an-nabaviya» bo‘lib, ba’zi manbalarda «Shamoil an-nabiy sallollohu alayhi vasallam» nomi bilan ham keltiriladi. Nomidan ham ko‘rinib turibdiki, bu asar Payg‘ambar (a.s.)ning shaxsiy hayotlari, u zotning surat va siyratlari, ajoyib fazilatlari, odatlariga oid 408 hadisi sharifni o‘z ichiga qamragan manbadir. Bu o‘rinda shuni ta’kidlash kerakki, Payg‘ambar (a.s.)ning fazilatlari, odatlari haqidagi hadislarni to‘plash bilan juda ko‘p muhaddislar shug‘ullanganlar va bu xildagi hadislar turli-tuman asarlardan o‘rin olgan. Lekin Imom Termiziy asarining afzalligi shundaki, u hadislarni tizimli ravishda to‘plab, muayyan tartibga solgan va yaxlit bir kitob holiga keltirgan. Payg‘ambarimiz Muhammad (a.s.)ning hayotiga doir muhim manba sifatida «ash-Shamoil an-nabaviya» azaldan islomshunos olimlar, tadqiqotchilarning diqqatini o‘ziga tortib keladi. Arab tilida bitilgan ushbu asarga bir qancha sharhlar ham yozilgan. Ushbu asarning tili ravon, uslubi g‘oyatda oddiyligini ham qayd qilib o‘tish o‘rinlidir. Asarning ko‘plab tillarga tarjima qilinishi ham (jumladan o‘zbek tiliga) unga bo‘lgan qiziqishning kattaligidan dalolat beradi.
«Ash-Shamoil an-nabaviya»ning birinchi qismida keltirilgan hadisi shariflar Payg‘ambarimiz (s.a.v.) ning surat (tashqi qiyofa)lariga, ikkinchi qismida keltirilgan hadisi shariflar esa ichki dunyolari-yu axloqiy fazilatlarini bayon qilishga bag‘ishlangan. «Ash-Shamoil an-nabaviya»ning XVI asrga oid bir qimmatli qo‘lyozmasi O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida saqlanmoqda. 1980- yilda Toshkentdagi musulmonlar diniy idorasi buyurtmasi bilan «ash-Shamoil an-nabaviya»ning ushbu qo‘lyozmasi ofset tariqasida nashr etilgan bo‘lib, unga qisqacha so‘zboshi O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi hay’atining sobiq raisi, marhum muftiy Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon hazratlari tomonidan yozilgan.
«Ash-Shamoil an-nabaviya» so‘nggi yillarda ham Toshkentda bir necha bor nashr etildi. Bundan tashqari allomaning 1200 yillik yubileyi munosabati bilan gazeta va jurnallarda asar va uning muallifi haqida ko‘plab maqolalar chop etildi.
Mavridi kelganda aytish joizki, buyuk vatandoshimiz Abu Iso Muhammad Termiziy bizga boy va katta ilmiy meros qoldirgan. Afsuski, hozircha bu qimmatbaho meros respublikamizda yetarlicha o‘rganilgani yo‘q. Keng jamoatchilik ham uning hayoti va ijodi haqida to‘liq ma’lumotga ega, deya olmaymiz. 2010-yilda «Sunani Termiziy»ning birinchi jildi arabiy manbaga tayangan holda zarur sharh va izohlar bilan to‘ldirilib, o‘zbek tilida qayta nashr etilganini bu boradagi e’tiborga molik ishlardan biri amalga oshirildi, deyish mumkin.
Ayni vaqtda katta mamnuniyat bilan ta’kidlash joizki, buyuk muhaddisning Surxondaryo viloyati Sherobod tumani hududida joylashgan maqbarasi mustaqilligimiz sharofati bilan batamom qayta qurilib, allomaning yuksak maqomiga munosib zamonaviy, go‘zal va muhtasham yodgorlik majmuasi barpo etildi.
Toʻliq ismi Muhammad ibn Iso ibn Savra ibn Muso ibn Zahhok Sulamiy Termiziy, kunyasi Abu Isodir.
Abu Iso Termiziy hijriy 209 yili (milodiy 824–825) Termiz yaqinidagi Bugʻ qishlogʻida tugʻilgan.
Ustozlari. Abu Iso Termiziy yashagan davrni hadis ilmining oltin davri deyish mumkin. Kutubi sitta – olti eng mashhur hadis kitobi musanniflari shu davrda yashab kamol topgan.
Abu Iso yigirma yoshga yetganida Xuroson shayxlaridan Isʼhoq ibn Rohavayh va boshqalardan ilm oʻrgandi, soʻng Basraga borib, u yerdagi allomalardan dars oldi. Keyin yana yurtlar kezib, taxminan yigirma yil davomida hadislarni oʻrganib, yigʻib yurdi. Imom Termiziyga Muhammad ibn Bashshar, Muhammad ibn Musanna, Ziyod ibn Yahyo Hassoniy, Abbos ibn Abdulazim Anbariy, Isʼhoq ibn Muso, Mahmud ibn Gʻaylon, Saʼid ibn Abdurahmon, Ali ibn Hajar Sufyon ibn Vakiʼ kabi olimlar ustozlik qilishgan. Abu Iso asosan Imom Buxoriyning shogirdi boʻlib, hadis ilmini u zotdan oldi, qoʻlida kamol topdi. Hijriy 250 yili Imom Buxoriy bilan Nishopurda uchrashib, koʻp hadislar xususida bahs qilgani haqida maʼlumotlar bor. Shundan soʻng mashhur “Sunani Termiziy” kitobini yoza boshlagan.
Shogirdlari: Abu Iso Termiziydan koʻpchilik muhaddislar hadis rivoyat qilishgan. Ularning aksariyati Imom Termiziy yashagan diyordan boʻlishgan. Talabalaridan Muhammad ibn Ahmad ibn Mahbubiy faqat allomaning “Al-Jomiʼ” kitobidan rivoyat qilgan. Shuningdek, Abu Homid Ahmad ibn Abdulloh Marvaziy, Haysam ibn Kulayb Shoshiy, Muhammad ibn Munzir ibn Shokir, Abdi ibn Muhammad Nasafiy, Ahmad ibn Yusuf Nasafiy va boshqa koʻpchilik muhaddislar Imom Abu Iso Termiziydan hadislarni tinglab, rivoyat qilishgan.
Asarlari. Abu Iso Termiziy “Al-jomiʼ” yoki “Sunani Termiziy”, “Kitobul asmo val kuna”, “Ash-Shamoil”, “At-Tarix”, “Al-Ilal as-sagʻir”, “Al-Ilal al-kabir”, “Sahobalarning nomlari”, “Vaqf qilingan asarlar”, “Katta tafsir” va “Kitobuz zuhd” kabi hadis va boshqa ilmlarga doir ajoyib asarlar meros qoldirgan.
Olamlarni yo‘qdan bor etgan, bandalariga O‘zini tanitish uchun payg‘ambarlar yuborgan Alloh subhanahu va taologa hamdu sanolar bo‘lsin!
Bashariyatga Robbini tanitib, ummatlarini ikki dunyo saodati yo‘liga yo‘llagan hidoyatchimiz, shafoatchimiz, hazrati Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga durudu salavotlar bo‘lsin!
Alloh azza va jalla O‘zining muborak kalomi Qur'oni Karimni habibi Muhammad sollallohu alayhi vasallamga nozil qilgach, ushbu muqaddas ne'matni hech qanday o‘zgarishsiz saqlashni va'da qilib, shunday marhamat qildi:
«Albatta, Zikrni Biz nozil qildik va albatta, uni Biz muhofaza qilurmiz» (Hijr surasi, 9-oyat).
Robbimizning va'dasi haqdir. Qur'oni Karim o‘n to‘rt asrdan buyon biror harfi o‘zgarmay saqlanib kelayotgan bo‘lsa, qiyomatga qadar ham ana shunday mahfuzdir, chunki u Boqiy Zotning – Parvardigorimizning kalomidir. Ammo ulamolarimiz ushbu oyatda «zikr» deganda nafaqat Qur'oni Karim, balki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflari ham nazarda tutilganini aytganlar. Zero, hadislar – ma'nosi Allohdan, iborasi Muhammad alayhissalomdan bo‘lgan hikmatlar, ko‘rsatmalardir.
Ushbu fikrning naqadar haqligini hayotning o‘zi namoyon qildi, shonli tariximizning o‘zi tasdiqladi. Qur'oni Karim dastlab Nabiy alayhissalomning qalblariga naqshlanib, so‘ng u zotdan bevosita yod olgan ming-minglab sahobalarning diliga jo bo‘lgani, avloddan-avlodga og‘izma-og‘iz o‘tib, saqlanib kelayotganidek, Payg‘ambarimizning hadisi shariflari ham dastlab ashobi kirom, so‘ng tobe'in va taba'a tobe'inlar orqali avloddan-avlodga og‘izma-og‘iz saqlanib kelmoqda. Bu qadar aql bovar qilmas katta miqdordagi ma'lumotlarning asrlar davomida biror harfi o‘zgarmay, biror so‘z qo‘shilmay yoki tushib qolmay saqlanib kelishi yuqoridagi oyati karimaning mo‘'jizasidir.
Har bir ishi benihoyat hikmat bo‘lgan Robbimiz bu muborak va'daning ro‘yobi uchun barcha kerakli shart-sharoitni, muhitni muhayyo qilib, bandalari orasidan bu ulkan mas'uliyatni sharaf bilan ado eta oladigan zotlarni ham dunyoga keltirib qo‘ydi. Darhaqiqat, Qur'oni Karimni yod olib, qalbiga jo qilib, uni kechayu kunduz o‘qiydigan, uni o‘rganadigan va o‘rgatadigan qorilar silsilasi dunyoga kelib turganidek, bir necha yuz minglab hadisi shariflarni to‘plab, ularning matnini so‘zma-so‘z, harfma-harf, roviylarini nomma-nom yod olgan muhaddislar silsilasi ham yetishib chiqdi.
Ne baxtkim, Islom olamida eng mashhur bo‘lgan, eng sahih hadislarni to‘plagan, hadis ilmiga eng katta hissa qo‘shgan muhaddislarning ko‘pchiligi aynan bizning buyuk ajdodlarimizdir, diyorimizda tug‘ilib-o‘sgan ulug‘ zotlardir.
Yurtimiz Islom nuri ila munavvar bo‘lgan asr insoniyat tarixida Sharq uyg‘onishi davri deb ataladi. O‘sha asrdan boshlab diyorimizda butun dunyoga mudarris bo‘lgan, butun Islom olamida e'tirof qilingan buyuk allomalar yetishib chiqa boshlagan. Xususan, Islom ummatiga Qur'oni Karimni tafsir qilish hamda sahih hadisi shariflarni yetkazish va sharhlash borasida buyuk vatandoshlarimizning xizmati beqiyos bo‘lgan.
Ana shu buyuk muhaddislardan biri – buyuk vatandoshimiz imom Termiziy rahmatullohi alayhdir. Bu zotning to‘liq ismi shariflari Abu Iso Muhammad ibn Iso az-Zahhok as-Sulamiy al Bug‘iy at-Termiziydir. Imom Termiziy Movarounnahrning mashhur muhaddislaridan bo‘lib, hijriy 209 (milodiy 824) yili Termiz yaqinidagi Bug‘ qishlog‘ida tug‘ilgan. Termiz shahri o‘sha davrda Samarqand va Buxoroni Balx kabi qadimiy ilm markazlari bilan bog‘lab turuvchi shahar bo‘lgan. Shu bois, u yerda ham ilm-ma'rifat yuksak darajada rivojlangan. Bo‘lajak buyuk muhaddis dastlabki ta'limni Termiz shahrida oladi. Bolaligidan nihoyatda ziyrakligi, misli ko‘rilmagan o‘tkir xotirasi, noyob iqtidori bilan tengqurlaridan ajralib turgan Termiziy turli fanlarni, ayniqsa hadis ilmini alohida qiziqish bilan egallaydi. U zamonasining buyuk muhaddislaridan hadis tinglash maqsadida Islom olamining ko‘pgina mamlakatlariga safar qiladi, uzoq yillar Iroqda, Isfahon, Xuroson, Makkai Mukarrama va Madinai Munavvarada yashaydi.
Manbalarda yozilishicha, hadislarni to‘plashda va o‘rganishda Termiziy har bir qulay fursatdan unumli foydalangan. U yo‘lda, safarda bo‘lganda ham yoki bir joyda muqim turganda ham o‘z ustozlaridan, uchratgan roviylaridan eshitgan hadislarni darhol yozib olib, ularni tartibli ravishda, alohida-alohida qayd qilib borgan. O‘z davrining yetuk muhaddis olimi sifatida tanilgan Termiziy ko‘pdan-ko‘p shogirdlarga ustozlik ham qilgan.
Alloh taolo imom Termiziyga ulug‘ allomalar bilan suhbatlashish, ularga shogird bo‘lish baxtini nasib etdi. Imom Buxoriy, imom Muslim, imom Abu Dovud hamda Basra, Kufa, Xuroson, Hijoz shayxlari, Qutayba ibn Sa'id, Ishoq ibn Muso, Mahmud ibn G‘aylon kabi mashhur olimlar imom Termiziyning ustozlaridir.
Imom Termiziy Abdulloh ibn Muoviya Jumahiy, Ali ibn Hojar Marvaziy, Suvayd ibn Nasr ibn Suvayd Marvaziy, Qutayba ibn Sa'id Saqafiy Abu Roja, Abu Mus'ab Ahmad ibn Abu Bakr Zuhriy Madaniy, Muhammad ibn Abdulmalik Abu Shavorib, Ibrohim ibn Abdulloh ibn Hotam Hiraviy, Ismoil ibn Muso Fazoriy Suddiy kabi shayxlardan hadislar eshitib, o‘zi ham ulardan hadislar rivoyat qiladi.
Imom Termiziyning favqulodda o‘tkir zehni va kuchli xotirasi tillarda doston bo‘lgan. Rivoyat qilishlaricha, shayxlardan biri Imom Termiziyni imtihon qilish uchun u kishiga qirqta g‘arib hadisni aytib, savol beradi. Imom Termiziy qirqta hadisni birorta harfda ham xato qilmay, avvalidan oxirigacha yoddan o‘qib beradilar. Shayx buni ko‘rib, «Senga o‘xshagan odamni ko‘rmaganman», deydi.
Imom Termiziy hijriy 250 yili Nishopurda Imom Buxoriy bilan uchrashib, u zotning huzurlarida hadis ilmini chuqur o‘rganadi, ustozning dargohida kamol topadi. Imom Buxoriy Termiziyga qarata: «Sen mendan foyda olganingdan ko‘ra men sendan ko‘proq foyda oldim», deganlar.
Imom Termiziy o‘zining «Al-Kitabul aziym» deb nomlangan eng mashhur kitobini imom Buxoriy bilan uchrashgandan keyin yoza boshlagan. Bu kitob ko‘proq «Sahihi Termiziy», «Sunani Termiziy» deb ataladi. «Sunani Termiziy» kitobi g‘oyatda mo‘'tabar majmua bo‘lib, takrorlari oz, tartibi go‘zal, o‘ziga xos uslubga ega ulkan ilmiy asardir. Abu Ali Mansur ibn Abdulloh Xolidiy imom Termiziyning «Al-Jomi'us-Sahih» kitoblarini sifatlab: «Kimning uyida mana shu kitob bo‘lsa, uning uyida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam so‘zlayotgandek bo‘ladilar», degan. Butun dunyo musulmonlari, Islom ulamolari imom Termiziyning ushbu kitobini «Olti sahih»ning to‘rtinchisi deb e'tirof qilganlar.
Ibn Atiyya ushbu asar haqida: «Mening nazdimda Imom Buxoriy va imom Muslimning kitobiga qaraganda Imom Termiziyning kitobi nurliroq, tushunarliroq, chunki ikki imomning kitoblaridan faqatgina ilm va ma'rifat ahligina foydalana oladi, xolos», degan.
Imom Termiziyning «Sunan» kitobida imom Buxoriy va imom Muslimlarning kitoblariga kiritilmagan sahih hadislar ham bor.
«Sunani Termiziy» kitobiga Abu Bakr ibn Arabiy, Suyutiy, Safiyurrahman Muborakfuriy kabi qator Islom ulamolari ko‘plab sharh va muxtasarlar yozishgan.
Shuningdek, Imom Termiziy «Shamoilun-Nabaviya», «Ilalu mufrad», «Al-ilal fil-hadis», «Ilalu fiy axiri jomi'», «Kitabuz-zuhd», «Kitabut-tarix», «Asmaus-sahoba», «Kitabu fil asaril mavqufa», «Risola fil-xilof val-jadal», «Kitabul-asmo val-kuna» kabi ko‘plab asarlarni ham yozib qoldirgan.
«Shamoyilun-Nabaviya» Termiziyning mashhur asarlaridan biri bo‘lib, u Payg‘ambar alayhissalomning shaxsiy hayotlari, u zotning surat va siyratlari, ajoyib fazilatlari, odatlariga oid hadisi shariflardan iboratdir. Bu o‘rinda shuni ta'kidlash kerakki, Payg‘ambar alayhissalomning fazilatlari, odatlari haqidagi hadislarni to‘plash bilan juda ko‘p muhaddislar shug‘ullanganlar va bu xildagi hadislar turli-tuman kitoblardan o‘rin olgan. Lekin Termiziy asarining afzalligi shundaki, u hadislarni muntazam ravishda to‘plab, muayyan tartibga solgan va yaxlit bir kitob holiga keltirgan. Ushbu asarga bir qancha sharhlar ham yozilgan. Shu bilan bir qatorda ushbu asarning tili ravon, uslubi g‘oyatda oddiyligini ham qayd qilib o‘tish o‘rinlidir.
Imom Termiziy o‘zining hayotini, butun borlig‘ini, iqtidorini Islom dinining rivojiga, hadis ilmining ravnaqiga baxshida etdi. Hayotining asosiy qismi hadis to‘plash va rivoyat qilish bilan o‘tdi. Imom Termiziy chinakam olim, zohid sifatida kechayu kunduz ilm bilan, toat-ibodat bilan mashg‘ul edi, hatto ko‘p yig‘laganidan hayotining so‘nggi ikki yilida ko‘zi ojiz bo‘lib qolgan edi.
Imom Termiziy hijriy 279 (milodiy 892) yili rajab oyining 13 kechasi o‘zi tug‘ilgan Bug‘ qishlog‘ida vafot etdi. U zotning qabri Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanidadir.
Hofiz Zahabiy «Mezonul-i'tidol» kitobida Termiziyning hijriy 279 yilda vafot etganlarini zikr qilib: «Vafot etgan vaqtlarida yetmish yoshda edilar», degan.
U zotning shogirdlaridan biri: «Imom Buxoriydan keyin Xurosonda ilm va zehn, zuhd va taqvoda Abu Iyso Termiziyga teng inson qolmadi», degan.
Mustaqillik yillarida buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy merosini chuqur o‘rganish, ular abadiy orom topgan maskanlarni obod qilish borasida beqiyos ishlar amalga oshirildi. Jumladan, imom Termiziyning hayoti va ilmiy faoliyatini o‘rganishga bo‘lgan qiziqish ham ancha kuchaydi. Allomaning qator asarlari ona tilimizga tarjima qilinmoqda, ilmiy risolalar va maqolalar yozilmoqda, tadqiqotlar olib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimov shunday degan edi: «Ulug‘ vatandoshimiz – Abu Iso Muhammad ibn Iso Termiziyning merosi, jumladan, «Sunani Termiziy» asari ham musulmon olamida yuksak qadrlanadi. Allomaning asrlar davomida olimu fuzalolarga dastur bo‘lib kelgan insof va adolat, insonparvarlikni targ‘ib etuvchi g‘oyalari hozirgi murakkab davrimizning ko‘plab axloqiy-ma'naviy masalalarini hal etishda ham muhim ahamiyat kasb etishi bilan e'tiborga molikdir». O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida ham imom Termiziyning Sherobod tumanidagi ziyoratgohida ulkan bunyodkorlik ishlarini jadal davom ettirish vazifasi kun tartibiga qo‘yildi.
O‘zbekiston – buyuk allomalar yurti deb ko‘p aytamiz, faxrlanamiz. Darhaqiqat, bobokalonlarimiz bilan har qancha faxrlansak arziydi. Endigi vazifamiz esa bobokalonlarimizning ishlarini davom ettirish, ularning yo‘lini tutish, Vatanimizning sha'nini butun dunyoda yuksaklarga ko‘taradigan solih amallar, xayrli ishlar qilishdir. Buning uchun bugungi kunda barcha shart-sharoitlar muhayyo, faqat xolis niyat, ishtiyoq va ezgu maqsad, tinimsiz mehnat kerak.
Alloh taolo buyuk vatandoshimiz imom Termiziyga olimlarga, solihlarga, zohidlarga va'da qilgan ne'matlarini ato etsin! Jannatmakon yurtimizdan to qiyomatga qadar ham dinimizga bu qadar katta xizmat ko‘rsatadigan, ilm-ma'rifatning rivojiga salmoqli hissa qo‘shadigan zotlar yetishib chiqishini nasib aylasin!
Oʻrta asrlarda yashagan koʻpgina olimlar ilm-fanning turli sohalariga oid dunyoviy fanlar bilan birga diniy ilmlar rivojiga ham katta eʼtibor berganlar. Zotan diniy ilmlar jamiyat taraqqiyotida, insonlarning kamol topishi va dunyoqarashi shakllanishida alohida ahamiyat kasb etgan.
Jahonshumul ahamiyatga ega asarlar yaratgan buyuk allomalardan biri – mashhur muhaddis (hadis ilmi olimi) Abu Iso Muhammad at-Termiziydir. Uning toʻliq ismi Abu Iso Muhammad ibn Savra ibn Muso ibn ad-Dahhok as-Sullamiy (umrining oxirlarida koʻzi ojiz boʻlib qolganligidan ad-Dariyr taxallusi bilan ham atalgan) at-Termiziy boʻlib, u hijriy hisobda 209 (milodiy 824) yilda Termizda, uncha badavlat boʻlmagan oilada tavallud topdi. Markaziy osiyolik mashhur olim va tarixchi Abu Saad Abdulkarim as-Samʼoniy (113/1167) “Al-Ansob” nomli asarida yozishicha, at-Termiziy Bugʻ (hozirgi Sherobod tumani) qishlogʻida vafot etganligi uchun uning nomiga al-Bugʻiy taxallusi ham qoʻshilgan. Uning yoshlik yillari Termiz shahrida oʻtib, dastlabki maʼlumotni ham shu shaharda olgan. Chunonchi, yozma manbalar va tarixiy osori atiqalardan maʼlumki, oʻrta asrlarda Termiz ham Markaziy Osiyoning Urganch, Buxoro, Samarqand singari ilm-fan va madaniyati rivojlangan shaharlardan biri boʻlgan. Mana shunday madaniy muhitda oʻsgan at-Termiziy yoshligidan turli ilmlarni egallashga zoʻr qiziqish bilan intilgan. Bolaligidan oʻta ziyrakligi, yodlash qobiliyatining kuchliligi va noyob qobiliyati bilan oʻz tengqurlaridan ajralib turgan at-Termiziy diniy va dunyoviy fanlarni, ayniqsa, hadis ilmini alohida qiziqish bilan egallagan va bu boradagi oʻz bilimlarini muttasil oshirish uchun koʻpgina Sharq mamlakatlarini ziyorat qilgan. Jumladan, u uzoq yillar Iroqda, Isfahon, Xuroson, Makka va Madinada yashagan. Koʻp yillar davom etgan safarlari chogʻida at-Termiziy ilm-fanning turli sohalaridan – ilm al-qiroat, ilm al-bayon, fiqh, tarix, ayniqsa, oʻzi yoshligidan qiziqqan hadis ilmidan oʻz davrining yirik olimlari – mashhur muhaddislaridan taʼlim oladi. Uning ustozlaridan imom al-Buxoriy, imom Muslim, imom Abu Davud, Qutayba ibn Saʼiyd, Isʼhoq ibn Muso, Mahmud ibn Gʻaylon va boshqa mashhur muhaddislarni koʻrsatish mumkin. Manbalarda yozilishicha, hadislarni toʻplashda va oʻrganishda at-Termiziy har bir qulay fursatdan unumli foydalangan. U yoʻlda, safarda boʻlganda ham yoki bir joyda muqim turganda ham oʻz ustozlaridan, uchratgan roviylaridan eshitgan hadislarni darhol yozib olib, ularni tartibli ravishda alohida-alohida qayd qilib borgan.
Oʻz davrining yetuk muhaddis olimi sifatida tanilgan at-Termiziy koʻpdan-koʻp shogirdlarga ustozlik qilgan. Hadis ilmidagi uning shogirdlaridan Makhul ibn al-Fadl, Muhammad ibn Mahmud, Anbar, Hamad ibn Shokir, Abd ibn Muhammad an-Nasafyun, al-Haysam ibn Kulayb ash-Shoshiy, Ahmad ibn Yusuf an-Nasafiy va Abul Abbos Muhammad ibn Mahbub al-Mahbubiylarni sanab oʻtish mumkin. Musofirchilikdan qaytgan at-Termiziy oʻz yurtida yirik muhaddis olim sifatida shuhrat qozondi va ijodiy ish, shogirdlar tayyorlash bilan mashgʻul boʻldi. U 279 hijriy (milodiy 892) yilda Termizdan uzoq boʻlmagan Bugʻ qishlogʻida vafot etadi va shu yerda dafn qilinadi.
Oʻz ijodiy va ilmiy faoliyati davrida at-Termiziy bir qancha asarlar yaratdiki, ularning aksariyat qismi bevosita hadislarga bagʻishlangan. Gap shundaki, Islom dini chegaralarining kengayishi, uning qonun-qoidalariga asoslangan jamiyat rivojlangan sari turli-tuman yangi gʻoyaviy fikr-mulohazalar va koʻrsatmalarga ehtiyoj tobora kuchaya borgan. Shu sababdan ham barcha jihatlardan namunali zot hisoblangan paygʻambar Muhammad alayhissalomning oʻzlari aytgan ibratomuz pand-nasihatlar, diniy, axloqiy masalalarga doir qarashlari, qoʻrsatmalari hamda paygʻambar alayhissalom hayoti, faoliyati xususida qarindosh-urugʻlari, sahobalari, yaqin safdoshlari aytgan hikoyat va rivoyatlari – hadislarni toʻplash keng koʻlamda avj olgan. Shunga koʻra, islom taʼlimotida hadislar Qurʼondan keyin turadigan muhim manbalar hisoblanadi. Islom ulamolari oʻrtasida ilk davrdan boshlab hadislarning toʻgʻriligi, ularni ishonchli manbalarga asoslanishiga katta eʼtibor berilgan. Chunonchi, oʻsha davrning oʻzidan boshlaboq noaniq, chala-chulpa, hatto soxta hadislar ham el orasida tarqay boshlagan. Shunday paytlarda ular qayta-qayta tekshirilib, muhaddislarning betinim mehnati natijasida asl holiga qaytarilib, yozma ravishda qayd qilingan. Natijada islomshunos yirik ulamolar orasida ishonchli manbalar asosida toʻplangan va tartibga keltirilgan oltita hadislar toʻplami (As-sihoh as-sitta) mualliflari eng nufuzli va moʻtabar muhaddislar deb tan olingan. Mana shu eʼtirof etilgan mashhur muhaddislardan biri – Imom at-Termiziydir.
At-Termiziy qalamiga mansub asarlarning aksariyati bizgacha yetib kelgan. “Al-jomiʼ” (“Jaʼmlovchi”). “Ash-shamoil an-nabaviya” (“Paygʻambarning alohida fazilatlari”), “Al-ilal fi-l-hadiys” (“Hadislardagi ogʻishishlar”), “Risola fi-l-xilof va-l-jadal” (“Hadislardagi ixtilof va bahslar haqida risola”), “At-tarix” (“Tarix”), “Kitob az-zuhd” (“Taqvo haqida kitob”), “Kitob ul-asmo va-l-quna” (“Ismlar va laqablar haqida kitob”) kabi asarlar shular jumlasiga kiradi.
At-Termiziyning asarlari ichida eng mashhuri, shubhasiz, “Al-jomiʼ” boʻlib, avval eslatib oʻtganimizdek, paygʻambar alayhissalomga doir oltita ishonchli hadislar toʻplamlaridan biridir. Ushbu asar ilmiy adabiyot va manbalarda “Al-jomiʼ al-kabir” (“Katta toʻplam”), “Al-jomiʼ as-sahiyh” (“Ishonchli toʻplam”), “Jomiʼ at-Termiziy” (“Termiziy toʻplami”), “Sunan at-Termiziy” (“Termiziy sunnatlari”) nomi bilan ham atalib, paygʻambar alayhissalom hayoti va faoliyatiga doir muhim manbalardan hisoblanadi.
At-Termiziyning mashhur taʼliflaridan yana biri “Ash-shamo-il an-nabaviya” (“Paygʻambarning alohida fazilatlari”) boʻlib, baʼzi manbalarda “Ash-shamoil fi shamoil an-nabiy sallolohu alayhi vasallam” nomi bilan ham keltirilgan. Nomidan ham koʻrinib turibdiki, bu asar paygʻambar alayhissalomning shaxsiy hayotlari, u kishining suvrat va siyratlari, ajoyib fazilatlari, odatlariga oid 408 hadisi sharifni oʻz ichiga qamragan manbadir. Bu oʻrinda shuni taʼkidlash kerakki, paygʻambar alayhissalomning fazilatlari, odatlari haqidagi hadislarni toʻplash bilan juda koʻp muhaddislar shugʻullanganlar va bu xildagi hadislar turli-tuman kitoblardan oʻrin olgan. Lekin at-Termiziy asarining afzalligi shundaki, u hadislarni muntazam ravishda toʻplab, muayyan tartibga solgan va yaxlit bir kitob holiga keltirgan. Muhammad alayhissalomning hayotiga doir muhim manba sifatida “Ash-shamoil an-nabaviya” qadimdan islomshunos olimlar, tadqiqotchilarning diqqatini oʻziga tortib keldi. Arab tilida yozilgan ushbu asarga bir qancha sharhlar ham yozilgan. Shu bilan bir qatorda ushbu asarning tili ravon, uslubi gʻoyatda oddiyligini ham qayd qilib oʻtish oʻrinlidir. Asarning fors va turk tillariga tarjima qilinishi ham unga boʻlgan qizqishning kattaligidan dalolat beradi.
“Ash-shamoil an-nabaviya”ning birinchi qismida keltirilgan hadisi shariflar paygʻambarimiz sallallohu alayhi vasallamning suvrat (tashqi qiyofa)lariga, ikkinchi qismida keltirilgan hadisi shariflar esa ichki dunyolariyu axloqiy fazilatlarini bayon qilishga bagʻishlangan.
“Ash-shamoil an-nabaviya”ning XVI asrga oid bir qoʻlyozmasi Toshkentda, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida saqlanmoqda. 1980 yilda Toshkentdagi Diniy boshqarma buyurtmasi bilan “Ash-shamoil an-nabaviya”ning ushbu qoʻlyozmasi ofset uslubida nashr etilgan boʻlib, unga qisqacha soʻzboshi Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston musulmonlari Diniy boshqarmasi hayʼatining sobiq raisi, marhum muftiy Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon hazratlari tomonidan yozilgan.
“Ash-shamoil an-nabaviya” soʻnggi yillarda ham Toshkentda bir necha bor nashr etildi. Bundan tashqari allomaning 1200 yillik yubileyi (1990) munosabati bilan gazeta va jurnallarda u haqida koʻplab maqolalar chop etildi.
Xulosa qilib aytganda, buyuk vatandoshimiz Abu Iso Muhammad at-Termiziy bizga boy va katta ilmiy meros qoldirgan. Afsuski, hozircha bu qimmatbaho meros jumhuriyatimizda yetarlicha oʻrganilgani yoʻq. Keng jamoachilik ommasi ham uning hayoti va ijodi haqida gʻoyatda oz maʼlumotga ega.