Ixtiofauna xilma-xilligi va uni saqlash reja Ixtiofauna saqlash-fayllar.org
O‘rgimchaksimonlarning xilma-xilligi O‘rgimchaklar. O‘rgimchaklarning ko‘pchilik turlari yirtqich bo‘lib, pashsha, chivin kabi hasharotlarni qirib foyda keltiradi. Ulardan qoraqurt va biy zaharli hisoblanadi. Qoraqurt O‘rta Osiyo, Kavkaz va Qrimning dasht va cho‘llarida uchraydi (41-rasm, 3). Yosh urg‘ochi qoraqurtning qorni ustida qizg‘ish dog‘lari bo‘ladi. Qoraqurt tuproqdagi chuqurchalar ustiga, toshlar ostiga tutqich to‘r to‘qiydi. To‘riga tushgan chigirtka, qo‘ng‘iz, qandala va boshqa hasharotlar bilan oziqlanadi. Uning zahari odam uchun xavfli, tuya va otlarga, ayniqsa, kuchli ta’sir etadi.Biy eng yirik (3–4 sm) o‘rgimchak bo‘lib, tuproqda, chuqurligi 60 sm gacha bo‘lgan tik inda yashaydi. Tunda inidan chiqib hasharotlarni ovlaydi.
Falangalar. Ular o‘rgimchaksimonlar orasida eng yirigi bo‘lib,asosan issiq va quruq iqlimda hayot kechiradi. O‘rta Osiyo cho‘llarida keng tarqalgan yirik sariq falanganing kattaligi 6–7 sm ni tashkil etadi. Falanganing tanasi bosh, ko‘krak va qorin qismlaridan iborat (41-rasm, 1). Boshida bir juft ko‘zi va og‘iz organlari (jag‘lari) joylashgan. Jag‘lari o‘tkir tirnoqqa, oyoq paypaslagichlari esa yurish oyoqlariga o‘xshaydi. Sariq falanga yirtqich bo‘lib, kechasi ovga chiqadi. U turli hasharotlar, mayda sudralib yuruvchilar bilan oziqlanadi. Uning zahar bezi bo‘lmaydi. Falanga zararkunanda hasharotlarni qirib foyda keltiradi.
Chayonlar janubiy mamlakatlarda keng tarqalgan. O‘rta Osiyo hududida sariq chayon ko‘p uchraydi. Uning yassi tanasi boshko‘krak va qorin qismlariga bo‘lingan (41-rasm, 2). Boshining ustida bir juft yirikroq ko‘zlari, ikki yonida esa besh juft mayda ko‘zchalari bor. Ustki jag‘lari o‘rgimchaknikiga o‘xshaydi, lekin oyoq paypaslagichlari qisqichga aylangan. Uzun qorin bo‘limi keng oldingi va ingichka orqa qismlardan iborat. Qornining oxirgi bo‘g‘imida zahar bezi va nayzasi bor. Nayzaning uchiga zahar bezining yo‘li ochiladi. Chayonlar kunduzi toshlar ostida, devor va yerdagi kovaklarda yashirinib yotib, kechasi ovga chiqadi. Ular qornining ingichka qismini yuqori ko‘tarib, tez yuguradi. Yo‘lida uchragan har xil bo‘g‘imoyoqlilar, asosan o‘rgimchak va hasharotlarni qisqichlari yordamida tutib olib, zaharli nayzasi yordamida o‘ldiradi. Chayonlar 20–30 tagacha tirik bola tug‘ib ko‘payadi. Chayonlar zararkunanda hasharotlarni qirib foyda keltiradi.
Kanalar – mayda o‘rgimchaksimonlar. Tanasi yassi oval shaklda, bo‘g‘imlarga bo‘linmagan. Gavda bo‘limlari qo‘shilib ketgan. Tanasining oldingi uchida jag‘lar va oyoq paypaslagichlari qo‘shilishidan hosil bo‘lgan sanchib so‘ruvchi xartumchasi joylashgan. Ko‘pchilik kanalar parazitlik qilib hayot kechiradi. Voyaga yetgan kanalar turli hayvonlar va odam tanasidan qon so‘rib parazitlik qiladi. Mol kanasi it, qoramol va boshqa hayvonlar, shuningdek, odam qonini so‘radi. Kanalar hidni juda yaxshi sezadi, o‘z xo‘jayinlarini hidi orqali topib oladi. Kanalar qon so‘rish bilan birga terlama, tulyaremiya va ensefalit kabi bir qancha og‘ir kasalliklarni odamlarga yuqtirishi aniqlangan. Tabiatda bu kasalliklarning qo‘z g‘atuvchilari hisoblangan bakteriyalar va viruslar yovvoyi hayvonlarning tanasida yashaydi. Parazit kanalar chorva mollariga va inson salomatligiga katta ziyon keltiradi. Kanalagan hayvonlar ozib ketadi, shu bilan birga ularning mahsuldorligi kamayadi. Parazit kanalardan saqlanish uchun molxonalarni doimo ozoda tutish, hayvonlarni kanalardan tozalab turish zarur. Yaylovda yoki molxonalarda ishlagan kishilarning kiyim-boshlarini kanalardan tozalash, teriga yopishgan kanalarni esa terib olib, o‘ldirish lozim.