Ta’lim sohasiga bo‘lgan bunday e’tiborni ko‘rib, to‘g‘risi, juda quvondim. Mas’ul xodimlar ko‘magida imkon qadar har bir murojaat bilan tanishib
chiqishga harakat qildik, zarurlari tegishli mutasaddilarga yo‘naltirildi.
Xabaringiz bo‘lsa, o‘tgan haftada vazirlik vakillaridan iborat ishchi guruh bilan
birgalikda 3 ta viloyatda bo‘ldik. Maktablarning sharoitlarini o‘rgandik. To‘g‘risi,
ahvol qoniqarli emas. Afsuski, maktablarimizda ta’lim sifatini yaxshilash uchun
juda katta va ko‘p ishlar qilishimiz kerak.
Davlatimiz rahbari ta’lim tizimi, farzandlarimizning kelajagi haqida juda kuyunyaptilar va eng oliy vazifamiz deb belgilayaptilar. Shu bois, kerak bo‘lsa,
har bir hudud rahbaridan bugun o‘z viloyat va tumanidagi barcha maktablar
sharoitini bilish talab etiladi. Joylarda fan o‘qituvchilarining bilim va saviyasini
oshirishimiz kerak.
Ayrim o‘qituvchilar bilan suhbatlashdim, afsuski, hatto o‘z fani bo‘yicha oddiy savolga ham javobni bilmaydigan o‘qituvchilar bor ekan. Xo‘sh, nima qilish kerak? Viloyatda, tumanda, maktabda hatto bir nafar yaxshi
pedagog bo‘lsa ham foydalanib, kerak bo‘lsa uni qolgan hamkasblariga mahorat
darsi o‘tkazishga jalb etgan holda maktablarda ta’lim sifatini oshirishimiz
kerak. Sinfda 20 nafar boladan 18 nafari fanni zo‘r bilsa, bilingki, bu o‘sha fan
o‘qituvchisining yutug‘i, demak, u o‘quvchilarini o‘z faniga qiziqtira olgan. Agar
shu sinf o‘quvchilaridan 1-2 nafarigina fandan bilimi kuchli bo‘lsa, demak, u
iqtidorli o‘quvchi yoxud ota-onasi repetitorga bergan, o‘qituvchi esa dars vaqtida
o‘z fanini yetkazib bera olmayotganligidan dalolat.
To‘g‘ri, maktabda sharoit yo‘q, dersiz, lekin o‘qituvchi o‘sha yerda vaqtini
ketkazib o‘tiribdi-ku, jonkuyarlik bo‘lmasa, nima qiladi bu kasbni tanlab?! Uning
qo‘lida inson taqdiri yotibdi!