O‘RTA ASRLAR G‘ARB ADABIYOTI REJA O‘rta asrlar adabiyotining asosiy hususiyatlari.
G‘arbiy Yevropa qahramonlik eposi.
XII-XIII asrlarda ritsarlik-kurtuaz adabiyoti.
Shahar adabiyoti.
Fransua Viyon ijodi.
Tayanch so‘z va iboralar:Lotin tili, qahramonlik eposi,kelt eposi,saga, Beovulf dostoni, Sid haqida qo‘shiq, Roland haqida qo‘shiq, diniy mavzudagi dramalar, ritsar-kurtuaz adabiyoti, ritsarlik romanlari, shahar adabiyoti, fablio, “Tulki haqida roman”, Fransua Viyon. Yevropa o‘rta asrlar davri deyarli ming yillikni qamrab olgan bo‘lib – V – XIV asrlarni o‘z ichiga oladi. Rim imperiyasining qulashidan Uyg‘onish davrigacha davom etadigan o‘rta asrlar adabiyoti ilk (V – X asrlar) va so‘nggi (XI – XIV asrlar) bosqichlarga ajratiladi.
Rim imperiyasi parchalanib ketgandan keyin, Yevropa, Osiyo va Shimoliy Afrikaning unga qarashli bo‘lgan hududlarda xalqlarning buyuk ko‘chishi boshlandi. Bu jarayon urushlar, kurash, yangi davlatlarning shakllanishi bilan birga sodir bo‘ldi. Rimliklardan qabul qilingan lotin tili, Yevropaning turli mintaqalarida yashovchi turli millat vakillarini birlashtiruvchi omil bo‘ldi. Ushbu tilda o‘rta asr olimlari va faylasuflari o‘z asarlarini yozdilar. Lotin tili ilm-fanning rasmiy tiliga aylandi. Ma'naviyat va ma'rifatning markazi cherkov hamda XII-XIII asrlarda paydo bo‘lgan universitetlar bo‘lib qoldi. Ularda bo‘lajak olimlar, mutafakkirlar, kashfiyotchilar, ilmiy risola va tarixiy xronikalar mualliflari tahsil oldilar.
Yevropa o‘rta asrlar adabiyotining shakllanishida 3 ta omil muhim rol o‘ynagan: 1) xalq ijodi; 2) antik davr adabiyoti; 3) xristianlik.
O‘rta asrlarda Yevropa mamlakatlarida milliy adabiyotlar shakllandi, bu davrda ayniqsa, ritsarlik she'riyati va romanlari, shahar adabiyoti rivojlandi. Xalq-qahramonlik eposlari o‘rta asrlar adabiyotining noyob namunalari sanaladi. “Beovulf” dostoni ilk o‘rta asrlarda anglosaksonlar tomonidan yaratilgan bo‘lsa, feodal munosabatlari shakllangan davrda Fransiyada “Roland haqida qo‘shiq”, Germaniyada “Nibeluenglar haqida qo‘shiq”, Ispaniyada “Sid haqida qo‘shiq”lar yaratildi. Bu asarlarda davr muxiti o‘z ifodasini topgan bo‘lib, sodir bo‘lgan o‘tgan voqealar poetik shaklda, badiiylashtirilib berilgan. Odatda qahramonlik eposi namunalarida real voqealar badiiy to‘qima bilan uyg‘unlashib ketadi. Yevropa va jahon adabiyotini rivojlanishiga ulkan xissa qo‘shgan adabiyotlardan biri sanaluvchi fransuz adabiyoti negizida o‘rta asrlarda keng tarqalgan ko‘plab asosiy janrlar va yo‘nalishlar shakllandi(milliy qahramonlik eposi, trubadurlar she'riyati, ritsarlik romanlari, shahar adabiyoti janrlaridan – fablio, misteriya va b.). O‘rta asrlarda qahramonlik va qahramon shaxsi haqidagi tasavvurlar antik davrga nisbatan birmuncha o‘zgardi. Agar qadimgi yunonlar qahramonlik haqidagi tasavvurlarini ma'budlar va ularning farzandlari bilan bog‘lagan bo‘lsalar, o‘rta asr qahramonlik dostonlarida asar qahramoni qilib, o‘z Vatani va qiroliga sodiq bo‘lgan jasur kishi tanlanadi. Qadimgi yunon qahramoni Gerakl – Zevsning o‘g‘li, Axill – ma'buda Fetidaning farzandi. “Roland haqida qo‘shiq” dostonining qahramoni – “aziz Fransiya” va imperator Karl uchun jasorat ko‘rsatgan mard va fidokor ritsar. Qahramonlik haqidagi tushuncha ham o‘zgardi: endi bu, shaxsning yuksak, oliy maqsad yo‘lidagi xatti-harakatlarini badiiy ifoda qilish edi.
O‘rta asrlar qahramonlik eposi asarlarining mualliflari haqidagi masala xali-hanuz bahsli-munozarali bo‘lib qolmoqda. Ular jamoaviy-individual ijodning natijasi bo‘lib, mualliflarning nomlari bizgacha yetib kelmagan. O‘rta asr qahramonlik dostonlarining asosida – afsonaviy-tarixiy qahramonlar va ularning faoliyati haqidagi xalq afsonalari yotadi.
G‘arbiy Yevropa qahramonlik eposi. Eposning dastlabki namunalari zamonaviy Britaniya hududida yashagan kelt qabilalari tomonidan yaratilgan. V asr boshlarida kelt (irland) qabilalari Rim imperiyasining zaiflashganidan foydalanib, mustaqillikni qo‘lga kiritdilar. Ilk o‘rta asrlarda kelt qabilalari hayoti haqidagi xalq she'riyati negizida qahramonlik eposi shakllandi. Eposlarni kuylovchilar 2 guruhga – lirik she'riyatni kuylovchi bardlar va epik she'riyat bilan shug‘ullanuvchi filidlarga bo‘lingan. Filidlar o‘z qissalarini nasrda bayon qilganlar, keyinroq ular “saga”(qissa) nomini olgan. Sagalarning ta'sir kuchini yanada oshirish uchun filidlar she'riy parchalar kiritganlar.
Kelt eposining qahramonlik qissalari ulad qiroli Konxobar va uning jiyani Kuxulinning sarguzashtlariga bag‘ishlangan. Bizgacha ushbu qissalarning bir nechtasi yetib kelgan bo‘lib, “Usnex o‘g‘illarining quvilishi”, “Mak-Dato cho‘chqasi haqida qissa”, “Kualngendan buqa o‘g‘irlash”, “Kuxulinning Ferdiad bilan jangi”, “Kuxulinning xastaliga”, “Kuxulinning o‘limi” shular jumlasidan. Qahramonlik eposi bilan bir qatorda maishiy, sarguzasht, fantastik mavzularda ham qissalar yaratildi: “Beyli haqida qissa”, “Etaynga muhabbat”, “Febelning o‘g‘li Branning suzishi”. Qadimgi kelt(irland) eposi G‘arb adabiyotiga sezilarli ta'sir ko‘rsatdi, undagi syujet, obrazlardan keyingi davr adiblari unumli foydalandilar.