Xulio Florensio Kortasar (1914-1984) Belgiyaning Bryussel shahrida tavallud topgan argintinalik yozuvchi. Uning yoshlik yillari Buenos-Ayres shahrida o‘tdi. Maktabni tamomlagach, Xulio poytaxtdagi universitetning adabiyot va falsafa fakultetiga o‘qishga kiradi, biroq mablag‘ yetishmaganligi sabab o‘qishgni tashlab, yetti yil qishloq maktabida o‘qituvchilik qiladi. 1944 yili u Mendosa shahridagi universitetda ishlay boshladi. 1951-yili adabiy yo‘nalishdagi stipendiyani qo‘lga kiritib, yevropaga ketadi va uzoq yillar davomida YUNESKO tashkilotida tarjimonlik qilib, umrining oxirigacha Fransiyada yashadi.
Adabiy faoliyatini simvolist-shoir sifatida boshlab, 1938-yili ilk “Hozirlik” she'riy to‘plamini chop ettirdi. Butun umri davomida she'rlar yozgan bo‘lsa-da, ularni nashrga bermagan. Yozuvchining birinchi “Ishg‘ol qilingan uy” hikoyasi ustozi Borxes tomonidan chiqariluvchi jurnalda 1946-yili chop ettirildi.
Kortasar ijodidagi alohida jihat shundaki, uning o‘zi tayyorlab nashrga topshirgan hikoyalar har gal har xil holatda nashr ettirilgan. Ular har gal qayta ishlangan, boyitilgan, syujet qobig‘ida turli munosabat qavatlari paydo bo‘la borgan. Bu esa uning asarlari haqidagi adabiy qarashlarning, tarjimalarning uzluksiz o‘zgarib borishiga olib keladi. Yillar davomida e'lon qilingan “Imtihon” (1945-yili yozilgan, 1986-yili nashr qilingan), “Yutuqlar” (1969), “Klassiklar o‘yini” (1963), “62. Yig‘ish uchun andaza” (1968) romanlari, “Bestiariy” (1951) va “O‘yinning tugashi” (1956-1964) hikoyalar to‘plamlarida o‘qish va yaratish birdek davom etadi. G‘oya ichida g‘oya, syujet ichida syujet, obraz ichida obraz va ular yuzaga keltirayotgan matn ichida matnlar o‘quvchi shuurini doimiy band qilib turadi, oxiri yo‘q voqyealarning yakunini o‘zi yaratishga majbur qiladi. Qayta-qayta o‘qish, har safar o‘qilganda turlicha tushunish, tushunishning o‘quvchi dunyoqarashiga mos ravishda kengayib va torayib borishi asarni o‘qishdagi asosiy jarayonga aylanadi. Bir qahramonni turli qiyofada ikkilantirish, uchlantirish va ularni harakatnig umumiy oqimida uchrashtirish kabi poetikaning yangi o‘yinlari rebusni yechgandagi huzurni beradi, o‘quvchilarda yangi adabiy ehtiyojni tug‘diradi va bu ehtiyojni uning o‘zi qondiradi.
“O‘yinning tugashi” hikoyasida ichki qiyofaning o‘yinda, niqobda tashqi olamda namoyon bo‘lishi ifodalangan. Tashqi olam kasalmand qizning asl holatini yoqtirmadi va u yashashning yangi shaklida – o‘yin ichida, niqobda harakatni boshladi. Simvolika, tabiiy psixologizm, oddiy syujetning tig‘iz va murakkab qavatlari asarda “sehrli” kuch yashirinib yotgandek tasavvur uyg‘otadi.
Roman ochkolar bo‘yicha yutsa, hikoya nokautlar bilan g‘olib keladi (R.Arlt) deb hisoblagan, Kortasar novella janrini yuqori cho‘qqilarga olib chiqdi va “Xronoplar va famlar” (1962), “Hamma olovlar – olovdir” (1966), “Bu yerda aylanib yurgan kimsa” (1977), “Qandaydir Lukas” (1979), “Biz Glendani shunday sevamizki..” (1980), “Vaqtdan tashqarida” (1982) novellalar to‘plamlarini chop ettirdi.
1967 yili XX asr ikkinchi yarmi Lotin Amerikasi adabiyotidagina emas, balki jahon adabiyotidagi eng mashhur asarlardan biri paydo bo‘ldi. Ana shu mashhur “Yolg‘izlikning yuz yili” romanining muallifi kolumbiyalik yozuvchi Gabriel Garsia Markes(1928-2014) edi.
Gabriel Markes 1928-yili Kolumbiyaning Arakataka shaharchasida tug‘ildi. Uning bobosi iste'fodagi polkovnik Nikolos bola hayotida o‘chmas iz qoldirdi. Bobosi va buvisi ertaklari og‘ushida katta bo‘lgan Gabriel keyinchalik ular haqida quyidagicha xotirlaydi: “Bobom va buvim jinlar bilan to‘lib ketgan eski uyda yashar edilar. Ularning har ikkisi ham irimchi bo‘lib, g‘aroyib tasavvurga ega bo‘lganlar”.
Markesning bolalik kezlari uning ongiga singib ketgan shu va shunga o‘xshash xotiralar, keyinchalik, uning ijodidagi realistik tasvir bilan fantastik unsurlarni birikib ketish tamoyilini belgilab berdi.
1948-yilda Bogotada bo‘lib o‘tgan qonli voqyealar Garsiya Markes huquqshunoslik fakultetida ta'lim oluvchi universitetning yopilishiga sabab bo‘ldi. U Kartaxenda o‘qishni davom ettirmoqchi bo‘ladi. Biroq jurnalistikaga bo‘lgan qiziqish o‘qishni tugallashga imkon bermadi.
Uning dastavval provinsiyada, keyinchalik poytaxtda, so‘ngra esa Rim, Parij va Karakasda muxbir sifatida faoliyat ko‘rsatishi, Markesning keyingi badiiy ijodiga ijobiy ta'sir o‘tkazdi. Muallifning o‘zi keyinchalik tan olishicha, uning 1947-1948 yillarda vaqtli matbuotda e'lon qilingan dastlabki hikoyalari, Kafka asarlari ta'sirida yaratilgan.
Keyinchalik uning “Polkovnikka hyech kim yozmaydi” (1958), “Katta onaning o‘limi”(1962) singari asarlari nashr yuzini ko‘rdi. Ular Markesning 1972 yili Romulo Galegos mukofotiga sazovor bo‘lgan eng mashhur asari “Yolg‘izlikning yuz yili”ning yaratilishi uchun muhim bosqich vazifasini o‘tadi. Ushbu roman XX asrgacha bo‘lgan adabiy merosning ko‘plab usullari, G‘arbu Sharq an'analarini o‘zida mujassam etgan. Asar yolg‘izlik – zavolga giriftor bo‘lgan bir oilaning fojiali taqdiri orqali insoniyat tarixining yuz yilida sodir bo‘lgan manzaralarni aks ettiradi.
Xose Arkadio Buendia va uning umr yo‘ldoshi Ursula Iguaran asos solgan Makondo shaharchasi nafaqat bu yerda sodir bo‘ladigan voqyealarning foni, balki Ikkinchi jahon urushidan keyingi Lotin Amerikasi tarixining umumlashgan va tipik tasviridir. “Yolg‘izlikning yuz yili”da sehrli ertak, afsona, naql unsurlari ob'ektiv tarixiy hikoya bilan shu qadar uyg‘unlashib ketganki, ba'zan real voqyeani fantastik hodisadan ajratib oolish qiyinchilik tug‘diradi, umuman, ularni ajratishning keragi ham yo‘q, go‘yo. Ushba unsurlar asarda teng holda bo‘lib, Rablega xos giperbola realistik lavhalar bilan birikib ketgan. Romanda yolg‘izlik kishiningma'naviy jihatdan qashshoqlashuvi, atrof olamdan uzilib qolishigina emas, odamning o‘ziga-o‘zi begonalashuvi sifatida ham talqin qilinadi. Asar azaliy an'analar, ona-bolalik, qarindosh-urug‘chilik, og‘a-inilik munosabatlari hamda muqaddas diniy aqidalarning yemirilishi oqibatida paydo bo‘luvchi ommaviy loqaydlik va yolg‘izlik nazarda tutilgan.
“Yolg‘izlikning yuz yili”dan so‘ng Markes bolalar uchun bir qancha hikoyalar to‘plami hamda “Mening baxtli va taniqli bo‘lmagan davrim haqida” deb ataluvchi avtobiografik reportajlar turkumini nashrdan chiqardi. 1975 yilda yozuvchining ko‘pdan buyon amalga oshirishni istagan rejasi “Patriarxning kuzi” romani orqali ro‘yobga chiqdi. Lotin Amerikasi xalqlari uchun dolzarb bo‘lgan mavzu – diktatorlar mavzusidagi ushbu asarda yozuvchining uslub borasidagi izlanishlari ko‘zga tashlanadi. Asarning tili “Yolg‘izlikning yuz yili”ga nisbatan ancha murakkabdir.
Romanning qisqacha mazmuni quyidagicha: Diktator Nikonor Alvarado shu qadar cheksiz hokimiyatga ega bo‘lganki, uning uchun endi boshqarishning keragi ham yo‘q. U ta'rifsiz qudratga ega ekanligidan kar bo‘lib qolgan. Uning sayroqi qushlar saqlanuvchi qafaslar to‘la saroyida sigirlar ham bemalol yuraveradi. Diktator 16 yoshli go‘zal qizga oshiq bo‘lib qoladi. Ushbu muhabbat uni shu qadar umidsizlikka tushiradiki, natijada, bir tunning o‘zida uch mingta siyosiy mahbusni qatl ettirishni buyuradi. Asar voqyealari hikoya qilinayotgan paytda diktator 123 yoshga to‘lgan edi. U necha yildan buyon hokimiyat tepasida ekanligini ham eslay olmaydi. Eshitish qobiliyatini yo‘q bo‘lganligini ham sezmaydi, uning uchun kanareykalar sayramay qo‘ygandek tuyuladi. U butunlay eshitish qobiliyatidan mahrum bo‘lganda hayotidagi ulug‘ orzusi ro‘yobga chiqadi: dengizdan 500 chaqirim uzoqda yashashiga qaramay, kecha-yu kunduz dengiz shovqinini eshita boshlaydi. Diktator bir necha marotaba qayta tirilishlardan so‘ng 200 yosh atrofida vafot etadi. U yoshligida Xristofor Kolumb bilan suhbatlashgan bo‘lsa, keksayganda AQSh elchilari bilan muloqotda bo‘ladi; tushlik paytida favoritlaridan birini yeb qo‘yadi. Muqaddam muttaham va fohisha bo‘lgan onasining xotirasini abadiylashtirmoqchi, ya'ni avliylar qatoriga qo‘shmoqchi bo‘ladi.
Markesning 1981 yilda yozilgan “Oshkora qotillik qissasi” qisqa, aniq va deyarli bayonnoma ruhidagi nasrning namunasi sanaladi. Qissa syujeti asosida Kolumbiyaning Sukre shaharchasida haqiqatda bo‘lib o‘tgan voqyea yotsa-da, unda sodir etilgan qotillikka nisbatan shaharcha ahlining munosabatida insoniyatning bir-biriga nisbatan loqaydligi, etiborsizligi ularni katta falokatlarga giriftor etishi mumkinligi haqidagi g‘oya ifodalangan.
Umuman, Gabriel Garsia Markes ijodi XX-XXI asr jahon adabiyotining yorqin sahifalaridan biri bo‘lib, u adabiy jarayonga sezilarli darajada ta'sir ko‘rsatdi. Buyuk yozuvchi 2014 yilning 17 aprelida 88 yoshda Mexikoda vafot etdi.
Zamonaviy Lotin amerikasi adabiyotining taniqli ijodkorlaridan biri braziliyalik yozuvchi va shoir Paolo Koeo (1947 yili tug‘ilgan) sanaladi. U poytaxt Rio-de-Janeyro shahrida tug‘ilgan. Jami yigirmadan ortiq kitoblar – romanlar, antologiyalar, hikoyalar to‘plamlari muallifi. “Alkimyogar” romani uzoq vaqt eng ko‘p o‘qiladigan kitoblar o‘nligida bo‘ldi. Dunyo tillarida chop etilgan asarlarining adadi 300 milliondan oshib ketgan.
Bo‘lajak yozuvchi yetti yoshida Avliyo Ignatiy Loyola iezuit maktabiga o‘qishga yuborildi, bu yerda u ilk marta hikoyalar yozishni boshladi.Maktabni tugatgach, Rio-de-Janeyro universitetining huquqshunoslik fakultetiga o‘qishga kirdi, lekin tez orada o‘qishni tashlab, jurnalistika bilan shug‘ullana boshladi.
1970 yili Meksika, Peru, Boliviya, Chili, yevropa mamlakatlari va Shimoliy Afrikaga sayohat qildi.
P.Koeloning nomini butun dunyoga mashhur qilgan asari 1990 yilda nashr etilgan “Alkimyogar” romani hozirgacha dunyoning 120 dan ziyod mamlakatida chop etildi (jumladan, o‘zbek tilida asarning uchta tarjimasi mavjud). Romanda insonning umri mobaynida amalga oshiradigan ishlari nimalardan iborat, o‘z taqdiri yo‘lidan borib, ko‘nglidagi orzu-umidlarni amalga oshirish uchun nima zarur degan falsafiy, mohiyatan esa oddiy insoniy masalalar haqida fikr yuritiladi. Bosh qahramoni 16-17 yoshlardagi cho‘pon yigit bo‘lgan ushbu asarda realizm, sarguzasht, mistika, detektiv va didaktika an'analari uyg‘unlashib ketgan.
Hozirda P.Koelo Braziliyaning Rio-de-Janeyro va Fransiyaning Tarbe shahrida istiqomat qiladi.