Jahon adabiyoti tarixi


Teodor Drayzer (1871-1945)



Yüklə 2,24 Mb.
səhifə149/183
tarix26.10.2023
ölçüsü2,24 Mb.
#161590
1   ...   145   146   147   148   149   150   151   152   ...   183
Teodor Drayzer (1871-1945). Dreyzer ijodi – XX asrning birinchi yarmi Amerika adabiyot va tanqidiy realizmning cho‘qqisidir. Dreyzer AQSh hayotidagi fojiaviylikni ko‘rsata olgan yirik san'atkordir.
Amerikaning mashhur yozuvchisi Folkner “rus adabiyoti Gogolning “Shinelidan” chiqqani kabi, bizlarning barchamiz ham Drayzerning romanlaridan chiqqanmiz. Bizlarning barchamiz – bu uning o‘zi ham, Folkner ham, Fitsjerald, Xeminguey ham...”, – deb aytgan edi.
Dreyzer Indiana shtatidagi kichik bir joyda kambag‘al ishchi oilasida tug‘ildi. Qashshoqlik yoshlikdan bo‘lg‘usi yozuvchini mehnat qilishga majbur etdi. U ish qidirib Chikagoga boradi, restoranda idish-tovoq yuvadi, tovar stansiyasida nazoratchi bo‘lib ishlaydi, kir yuvish ustaxonasida mexaniklik qiladi. 1883 yilda Dreyzer Indiana universitetiga kirib, bir yil o‘qidi. O‘qish vaqtida buyuk rus adibi Lev Tolstoy ijodi bilan tanishadi. Uning asarlari yosh Dreyzerga katta ta'sir ko‘rsatadi.
Bilimga tashna Dreyzer o‘sha vaqtda keng tarqalgan Gerbert Spenser falsafasini qiziqib o‘rgandi. Spenser “xalqning og‘ir ahvoliga xukumat ham, jamiyat ham aybdor emas. Bunga hayotning biologik qonunlari aybdor”, degan g‘oyani ilgari suradi.. Uning qarashlari Dreyzerni ijtimoiy voqyelarni biologik qonunlar asosida tasvirlashga, turmushni noto‘g‘ri talqin etishga olib boradi.
Dreyzer muxbir bo‘lib Chikago, Nyu-York kabi shaharlarda ishlay boshlaydi. Xalqning og‘ir ahvoli bilan tanishadi. Lekin Spenser qarashlarining asossizligini tushunib yetmaydi. Dastlabki hikoyalaridagi umidsizlik kayfiyatlari, turmushni to‘g‘ri anglamaslik oqibatida kelib chiqadi.
Dreyzer XIX asrning 90-yillarida Nyu-Yorkda yashab, turli jurnallarda muharrirlik qiladi, maqola va ocherklar yozadi. Xalqning ahvoli bilan yaqindan tanishishi uning kelajakdagi ijodiga ko‘plab ma'lumotlar to‘plashiga xizmat qildi. Adibning ijodi 1900 yildan boshlandi, shu yili uning birinchi romani “Baxtiqaro Kerri” bosmadan chiqdi va judda qattiq tanqidga uchradi. Faqat 1911 yilda Drayzerning ikkinchi romani “Jenni Gerxard”, shundan so‘ng ketma-ket “Moliyachi”, “Titan”, “Daho” romanlari yuzaga keladi. I-jahon urushidan so‘ng, 20-yillar o‘rtasida ikki jildli “Amerika fojiasi” nashrdan chiqqach, adib yirik tanqidiy realist sifatida butun dunyoga taniladi.
Dreyzer ijodining birinchi davrida (1900-1917) yirik realistik asarlar yozish bilan bir qatorda, Spenser falsafasiga berilishi unda ziddiyatli fikrlar tug‘ilishiga va yangilash xulosalar chiqarishga olib bordi.
“Baxtiqaro Kerri” (1900) romanining qahramoni kambag‘al fermer qizi Karolina Miberning oilada erkalatib «jajji Kerri» deb atashadi. Kerri esli-xushli bo‘lsa ham, lekin hayotiy tajribasi yo‘q, yoshlik orzulari bilan yashovchi ko‘rgan narsalaridan tegishli xulosalar chiqarishga zaif edi. Xudbinlik uning tabiatiga “monand” bo‘lib, u bilimga emas, balki ne'matlarga intilar edi. Kerrining chekka qishloqdan Chikagodagi opasinikiga borishi ham shular oqibatidadir.
Asarning asosiy g‘oyasi Amerikada barcha uchun barobar imkoniyatlar mavjud, degan soxta tasavvurni fosh etishda ko‘rinadi. Kerrining orzu-istaklari kapitallistik illatlar avj olgan shaharda amalga oshishi qiyin edi. U sarson-sargardonlikda haftalab ish axtaradi. Poyabzal fabrikasidan oddiy ish topib, og‘ir sharoitda ishlay boshlaydi. Lekin ko‘p o‘tmay kasalga chalinib ishga bormagach, ishdan bo‘shatiladi. Opasining uyida yashashga imkoniyat topa olmay, uyiga qaytishni ma'qul ko‘rmay, boshqalarga “beg‘araz” yordamga ko‘rsata boshlaydi. Dastlab Kerri savdo firmasining xizmatchisi, olifta yigit Charlz Druenning yaxshi kiyinishi va chiroyli gaplariga uchadi. So‘ngra bu “oshiq”ning o‘rnini mayxona boshqaruvchisi, puldor va oilali Gerstvud egallaydi. Kerri Drueni tashlab, Gerstvud bilan Nyu-Yorkka qochib ketadi. Gersvud asta-sekin bor boyligidan ajralib, ishsiz qoladi. Butun kunni sadaqa beriladigan non ocheredlarida o‘tkazadi. Kerri esa faqat o‘zini o‘ylab, uni ham tashlab ketadi va teatrga ishga kiradi. Og‘ir axvolda qolgan Gersvud gazdan zaharlanib o‘ladi, Kerri esa o‘sha muhitga moslashib oladi. Yozuvchi Kerrining muvaffaqiyatga erishishini tasodifiy hol, Amerikada dollarning halokatli ta'siri natijasi, deb ko‘rsatadi.
“Baxtiqaro Kerri” romanining qimmati kapitalistik jamiyatdagi xalq ommasining og‘ir turmush sharoiti, Kerrining yuztuban ketishi evaziga ko‘tarilishi, burjua Gerstvud oilasidagi munofiqlik, boy kvartal Brodveydagi dabdabali hayot, tramvay ishchilarining ish tashlashlari tasviri, ishsizlik natijasida ko‘chaga chiqarib tashlangan son-sanoqsiz kambag‘allarning och- yalang‘och tentirab yurishlarining xaqqoniy aks etirilishida ochiq ko‘rinadi.
«Jenni Gerxardt» (1911) romanida ham kambag‘al oiladan chiqqan qizning burjua jamiyatidagi fojiasi ko‘rsatilgan. Asarning g‘oyaviy yo‘nalishi oddiy qizning ahloqiy pokizaligi, uning buzilgan burjua axloqiga qarshi qo‘yilishida namoyon bo‘ladi. Romanning asosiy syujet yo‘li ishchi qizi Jennining fojiasi, u bilan millianerning o‘g‘li Lester Keyn o‘rtasidagi sevgi tarixida ochiq ko‘rinadi. Kambag‘al Jenni boy yigit Keyn o‘rtasidagi sevgi tarixida shu manzara namoyon bo‘ladiki, o‘sha jamiyat urf-odatlari, ijtimoiy adolatsizliklar, bu yoshlarni tabiiy sevgilariga to‘sqinlik qiladi va oxir-oqibatda ular turmush qurolmaydi.
Drayzer oddiy qizning odobligi, vafodorligi, qalbining musafoligini ko‘rsatish orqali xalqning kuch-qudratiga ishonchini ifodalaydi. Jenni o‘zining eng yaqin kishilari - otasi-onasi, qizi Vesta, nihoyat sevgan kishisi, Lesterdan ajraladi. Lekin bunday og‘ir yo‘qotishlar uni umidsizlikka tushirmaydi. U yetim bolalarni asrab oladi va bundan keyingi hayotini ularning tarbiyasiga bag‘ishlaydi.
Drayzerning «Amerika fojiasi» (1925) asari Birinchi jahon urushidan so‘ng yozilgan monumental ikki tomli romandir. Asarning bosh qahramoni burjua-meshchan oilasidan chiqqan-bola Klayd Grifitsdir. Klayd burjua jamiyatiga xos yuzsizlik, boyish yo‘lida har qanday vosilatardan foydalanish kabi yaramas illatlarni o‘zlashtira boradi. U tushgan mashina bir qizni bosib ketgach, Klayd bu yerni tashlab, boy amakisi yashaydigan shaharga boradi va uning fabrikasida ishga joylashadi. Bu yerda u qishloqdan kelib, xizmat qilayotgan kambag‘al qiz Roberta Olden bilan tanishadi va unga uylanmoqchi bo‘ladi. Lekin boylikka, mavqyega erishish maqsadida u badavlat oiladan bo‘lgan Sondra Finchlini olishga intiladi. Klaydning aybi bilan Roberta halok bo‘lgach, sud jarayonida fojeali voqyeaning siri ochiladi va u o‘lim jazosiga mahkum qilinadi.
Romanda Klayd Grifitsda tug‘ilgan xudbinlik Amerika burjua jamiyati va uning zo‘ravonlikka asoslangan vahshiy qonun-qoidalarining oqibati ekani ko‘rsatiladi. Undagi individulistik xirs Roberta Olden, shuningdek, Sondra Finchliga bo‘lgan munosabatda ham ko‘zga tashlanib turadi. Sondra yosh va chiroyli qiz, lekin Klaydni uning go‘zalligi emas, balki boyligi qiziqtiradi. Burjua dunyosining axloqi, boylikka sig‘inish kishining tabiiy xis tuyg‘ularini barbod etadi. Bu narsa oddiy amerikalik yigit Klayd shaxsiyatida ochiq ko‘rinadi.
Amerikacha orzu mehnat qilishga undovchi omil emas, qotillik uchun omilga aylanadi. Romanda Drayzer uch bora vaziyatni takrorlaydi:
1. Klaydning o‘zi.
2. (Klayd tomonidan o‘ldirilgan) Roberta – fabrika xo‘jayinining jiyani bo‘lgan Klayd orqali yuqoriga ko‘tarilmaqchi bo‘ladi. Bunda yozuvchi vaziyatni soddalashtirishga harakat qilmaydi: Klayd Sondrani sevadi, shu bilan birga unga uylanish yuqoriga ko‘tarilishga yordam beradi, Klaydni sevuvchi Roberta ham xuddi shunday holatga tushadi.
3. Prokuror Meysonning tarixi. U yuqoriga ko‘tarilish qay darajada murakkab ekanini biladi. U ayblovchi hukm chiqarishdan manfaatdor, chunki bunga erishsa shtat prokurorligiga nomzodini qo‘yishi mumkin. Meyson Klaydning hal qiluvchi zarbani bermaganligini, bevosita jinoiy harakat qilmagani bilsa-da, yordamchisiga dalillarni qalbakilashtirishiga halaqit qilmaydi.
Klayd obrazi Dreyzer ilgari yaratgan Kerri, Kauervud va Vitli obrazlariga o‘xshamaydi. Ular kabi favqulotdda kuchga ega bo‘lgan qudratli shaxslardan ham emas, balki oddiy amerikalikdir. Voqyealar tasvirida ham o‘zgarish bor. Ilgarigi asarlarida ijtimoiy omillar bilan birga, biologik omillar ma'lum darajada o‘rin egalagan edi. Bu romanda esa, ijtimoiy voqyealarning mohiyati to‘g‘ri talqin etiladi va real ko‘rsatiladi.
“Amerika fojiasi” voqyelikning keng qamrab olishi, ko‘tarilgan g‘oya va tanqidiy fikrning chuqurligi, badiiy mahoratning yuksakligi bilan jahon adabiyotining eng yaxshi realistik asarlari qatoridan joy oladi. Yozuvchining “Istak trilogiyasi” Amerika adabiyotida tanqidiy realizmning eng yaxshi namunasidir. Kaupervard Balzak yaratgan pulga uch, yuzsiz, oltin asosiga qurilgan dunyoning bosqinchilikdan iborat xarakterini aks etgan tipik obrazni eslatadi.

Yüklə 2,24 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   145   146   147   148   149   150   151   152   ...   183




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin