Zamonaviy adabiyot. Zamonaviy Afrika adabiyoti mustamlaka davrida, kontinentga yevropa tillari va lotin alifbosi kirib kelishi bilan shakllana boshladi. Mas., JAR da lotin alifbosi XIX asrdan beri mahalliy tillarda yaratilgan matnlarni yozishda ishlatila boshlandi. Yozuvning keng tarqalishini ta'minlagan asosiy kuch nasroniylik bo‘ldi. Missionerlar Injil va boshqa muqaddas matnlarni Afrika mahalliy tillariga tarjima qila boshladi. Lekin ko‘pgina mamlakatlarda o‘z milliy adabiyotining paydo bo‘lishi XX asrning ikkinchi yarmiga to‘g‘ri keladi. Hatto Reyunon orolida mahalliy tilda ilk asarlar 1990 yillarda yozildi.
KANADA ADABIYOTI. Kanadada ikki – ingliz va fransuz tillari davlat tili hisoblanadi. Shuning uchun ham Kanada adabiyoti ikki katta – ingliz Kanadasi va fransuz Kanadasi adabiyotiga bo‘linadi. Ayni paytda, keyingi vaqtlarda xalqaro immigratsiyaning ko‘payishi hisobiga adabiy rang baranglik ham ko‘zga tashlanmoqda. Shuningdek, Kanadaning tubjoy aholisining o‘z adabiyoti ham bor. XVIII asrgacha Kanadada adabiyoti tubjoyga mansub hindu, inuit va eskimoslarning og‘zaki ijodi, dunyo va koinotning yaralishi haqidagi afsonalari, an'anaviy folklor ko‘shiqlari mavjud bo‘lgan. XVI-XVII asrlar mobaynida fransuz va ingliz mustamlakachilarining Kanadaga kirib kelishi bilan Kanada adabiyoti yangi davrga qadam qo‘ydi. Shu davrdan e'tiboran, asarlar fransuz va ingliz mumtoz adabiyoti an'analari ta'sirida yozila boshladi. Ya'ni shaklan yevropacha, mazmunan esa Kanada voqyeligi ifodalangan asarlar paydo bo‘ldi. Demak, Kanada adabiyoti har jihatdan, jumladan, mavzular diapazoni jihatidan ham kengayib, teranlashib bordi.
XIX asr fransuz Kanadasi nazmi taraqqiyotida Kvebek va Monreal deb atalgan romantik yo‘nalishdagi she'riyat maktablari muhim rol o‘ynadi. Emil Nelligan, Deni Garno, Gyustav Freshett, Fransua Kasave, Sharl Jil, Alber Lazosingari shoirlar o‘z ijodlarida avvalgi taqlidchilikdan xalos bo‘lib, o‘z yo‘llarini topishga urinishdi. “Millat shoiri” deb tan olingan Oktav Kremazi she'riy merosi fransuz Kanadasi adabiyotining yorqin sahifasi hisoblanadi. Bu shoir o‘z she'rlarida shaxsiy hissiyotlarni ifoda qilishdan ham ko‘ra jamiyat va millat tafakkurini uyg‘otishga, inson orzu xayollarini aks ettirishga harakat qildi. U 1862 yili “Kanada oqshomlari” nomli ilk adabiy jurnalni nashr qilib, unda davri ijodkorlarining asarlaridan parchalar berib bordi. Shunga qaramay, bu davrda nasrda voqyea bo‘lgulik asarlar yaratilmadi. Chunki jamiyatda hali hanuz cherkovning ta'siri kuchli bo‘lib, ruhoniylar asarlar yozish va chop etishga tish tirnoqlari bilan qarshilik qilib kelishardi. A.Emmonning oddiy fransuzlar hayotidan hikoya qiluvchi “Mariya Shapdelen” romanini aytmaganda, tadqiqotchilar mazkur davrni “yo‘qotilgan imkoniyatlar va yozilmagan kitoblar davri” deyishadi.