Xalq og‘zaki adabiyoti. Afrikada istiqomat qilayotgan hamma xalqlarning xalq og‘zaki adabiyoti mavjud. Janrlari har xil: ertak, mif, qo‘shiq, topishmoq, masal va h.k. Ham nasrda, ham nazmda ifoda qilinadi. JAR, Gambi, Zimbaba, Beninda janrlar boy, Nubiy, Jibut va Janubiy Sudanda o‘ziga xoslik nihoyatda kuchli. Professional aytuvchilar, qo‘shiqchilar bor.
Afrika xalq og‘zaki ijodining qadimiy janri bu hayvonlar haqidagi ertaklar bo‘lib, aksariyat hollarda quyon, toshbaqa va o‘rgimchak ayyor qahramon rolini bajaradi. Bu ertaklarning asosiy xususiyati shundan iboratki, ularda axloqiylashtirish yo‘q. Ammo yaqin asrlarga qadar Afrika og‘zaki adabiyoti namunalari yozib olinmagan. Ilk yozib olish 17-18 asrlarga to‘g‘ri keladi. Bu paytda Afrika koloniyaga aylantirilayotgan edi, yozib olish ham kolonizatorlar tomonidan amalga oshirilgan. Og‘zaki adabiyotning yirik namunalari qatoriga eposlar kiradi. Maliga oid “Silamaka va Pullori Fulba”, “Sundyata Mandingo”, Markaziy Afrikaga oid “Mvindo Nyanga haqida rivoyat”, Sudanga oid epik poetik bitiklar bor.
Yozma adabiyot. Yozma adabiyot ilk bor Afrikaning shimolida paydo bo‘ldi. Qadimiy yozma adabiy yodgorliklar Misrga tegishli bo‘lib, m.a.gi 3000 yillikka borib taqaladi. Bundan tashqari, adabiy matnlar yunon, lotin va finik tillarida yaratilgan. Keyingi yozma adabiyotda arab adabiyoti ta'siri kuchli bo‘lganini qayd etish kerak. Ko‘plab Afrika mamlakatlarida yozma adabiyot XX asrda, ular o‘z mustaqilligini e'lon qilgandan so‘ng paydo bo‘ldi, deyish mumkin. Misr adabiyotidan tashqari yozma adabiyot Efiopiyada 4-7 asrlar oralig‘ida paydo bo‘lgan Aksum podshohligi davrida yaratilgan. Yana Mali va Madagaskarda ham qadimiy adabiy matnlar bor. Sudan “Sennar xronikasi” va “Tabakat” deb nomlangan qadimiy lug‘atlarga ega. 12 asrda asos solingan Tombuktudagi universitet adabiyotning yirik markazi bo‘lgan. Shimoliy Afrikada, xususan, Mali, Chad, Sudanda adabiyot arab-islom madaniyatining bir qismi sifatida rivojlangan. Tanzani va Madagaskarda arab yozuvi qo‘llanilgan.