Ingliz Kanadasi adabiyotida ma'rifatparvarlik g‘oyalari yetakchilik qiladi. Shuningdek, mustabidlikka qarshi kurash, Ontario kengliklari, inson va tabiat mavzulari baland pardalarda kuylanadi. Tomas Xambertonning “Soatsoz”i Kanada adabiyotida yaratilgan ilk mashhur va yetuk asar hisoblanadi. Adibning yana “Attashe” degan esse yo‘lida yozilgan asari ham bor bo‘lib, bularda jamiyatdagi muammolar tanqid ostiga olinadi. Shuning uchun ham Tomas Xambertonni “satira otasi” deb nomlashadi. Chunonchi, adib Sem obrazi orqali ayrimlarga xos bo‘lgan manmanlik, tovlamachilik, firibgarlik, oddiy odamlarga nisbatan bepisandlik kabi illatlarni ochib tashlaydi. Xambertonning “Soatsoz”i Amerika, Angliya, Fransiya, Olmoniya kabi mamlakatlarda qayta qayta chop etiladi. Asar keyinchalik jahonning yana qator tillariga tarjima qilinadi. Opa-singil Katrina Treyl va Syuzanna Mudi hikoyalarida esa Kanadaning injiq tabiati, qahraton sovuqlarda yevropaliklarning hayot uchun kurashi, tubjoylik hindu-inuitlar bilan munosabatlari aks ettiriladi. Ingliz Kanadasi adabiyotining ko‘zga ko‘ringan yana bir vakili J. Richardsondir. Ijodkorning “Tekulis – G‘arb kurashchisi” poemasi, “Vakusta”, “Kanadada sakkiz yil”, “Tugallanmagan 1812 yil urushi” romanlarida kanadalik hindularning amerikalik bosqinchilarga qarshi kurashlari aks ettirilgan.
XIX asrning ikkinchi yarmiga kelganda Kanada adabiyotida alohida kayfyat paydo bo‘ladi. Har ikki adabiyot - franko-kanada va anglo-kanada ijodkorlari milliylik uchun kurash, o‘zlikni yagona millat sifatida anglash, go‘zal Kanada tabiatini, vatanparvarlikni kuylash ustivor mavqye kasb etadi. Bu davrga kelib, ingliz Kanadasi she'riyatida Charlz Mer, Aleksandr Maklachlan, Izabella Krounford, Bliss Karmen, Charlz Robertson kabi shoirlar alohida e'tibor qozonishadi. Archibald Lampmen Kanada tabiati kuychisi sifatida o‘z davrining eng iqtidorli shoiri, deb e'tirof etiladi. Asl hinducha ismi Texaki Onveyk bo‘lgan Pomena Jonson poemalari va she'rlarida qadim hindular qo‘shiqlariga jo qiligan erk va ozodlik haqidagi orzu armonlar, ona tabiat manzalari baland pardalarda kuylanadi.
XX asr Kanada adabiyotida yanada o‘zgacha mavzular yuzaga keladi. Xususan, kanadalik inglizlar va kanadalik fransuzlarning ziddiyatli munosabatlari, qarama qarshiliklari, fermerlarning, qishloq hayotining qiyinchiliklari, tabiat injiqliklari mavzulari qalamga olinadi. Xyu Maklenan, Fridrix Fillip Grov, Jak Godbu, Timoti Findley, Ryujan Dyusharm asarlarida mana shu mavzular har tomonlama keng va teran yoritib berilgan.
Adabiyotshunoslar tomonidan Robertson Devisning “Deptfor trilogiyasi” XX asr Kanada adabiyotining eng mukammal asari, deb e'tirof etiladi. TIFF (Timoti Irvin Frederik) ning “Urushlar” romani Kanada general-gubernatorining Oliy mukofotiga noil bo‘lgan. Kanada yozuvchilari asarlari asosida badiiy filmlar yaratiladi. Chunonchi, Maykl Ondatjening “Angliyalik patsient“ filmi “Oskar” mukofoti bilan taqdirlanadi. Bularning hammasi bir bo‘lib esa, Kanada adabiyotining jahonga tanilishiga olib keladi.
Poeziya ham bu davrda gullab yashnadi. Margaret Etvud, Fillis Vebb, Gvedolin Mak Yuin kabi zamonaviy shoirlar o‘ziga xos mavzu va uslubiy rang-baranglik bilan elga, yurtga, dunyoga tanildilar. Adabiyotda har xil tajribalar amalga oshirildi. Chunonchi, Jo Rozenblat she'r shaklida, Leonard Koen esa dunyoni badiiy estetik qabul qilish va aks ettirishda syurrealistik eksperimentlar o‘tkazdi.
Bu vaqtga kelib, adabiyotning millat taqdiridagi ahamiyatiga e'tibor qaratgan Kanada hukumati bu borada qator xayrli ishlarga qo‘l urdi. Jumladan, odamlarning badiiy-estetik ongini shakllantirishga yo‘naltirilgan dasturlar ishlab chiqilib, jamiyatga tadbiq etildi. Mas., hukumatning “She'riyat tarbiyasi” dasturi 7-12 yoshli bolalarning badiiy ijodga bo‘lgan qiziqishlarini rag‘batlantirishga qaratilgan bo‘lib, mamlakatdagi mashhur shoirlarni boshlang‘ich va o‘rta maktablarga biriktirib qo‘yildi. Natijada, shoirlar ustoz maqomida turib, murg‘ak qalb va onglarga she'riyatning sehrli olamidan saboq berdilar. Navbatdagi bosqichda esa talabalar, hukumat idoralari va boshqa ko‘plab sohalar xodimlarining adabiyotga qiziqishlarini oshirish, ularda estetik tuyg‘uni tarbiyalash uchun yozuvchi va shoirlar ishtirokidagi domiy tadbirlar o‘tkazildi. Bundan tashqari, 1990-yillarda “Kanada shoirlari ligasi” tashkil etilib, adabiyotga bag‘ishlangan festivallar, tanlovlar uyushtiriladi, bolalar va kattalar ijodidan namunalar saylanib, nashr qilinadi, butun mamlakat bo‘ylab targ‘ibot ishlari olib boriladi. Mazkur liganing muhim vazifalardan yana biri shu ediki, u chet mamlakatlarda Kanada yozuvchilarining kitob yarmarkalarini tashkil etadi hamda dunyodagi e'tiborli adabiyot markazlariga Kanada ijodkorlarining yangi asarlari haqida axborot tarqatadi. Bunday sa'y harakatlar o‘z mevasi berdi: 2013 yilda 82 yoshli yozuvchi Elis Manro (“Zamonaviy hikoyalar ustasi”) adabiyot bo‘yicha Nobel mukofotiga loyiq deb topildi va bu xabar Kanada adabiyoti shuhratini jahonga yoydi.
Bugungi kunda ko‘pmillatli mamlakatda Kanada yozuvchilar uyushmasi, Kanada she'riyat assotsiatsiyasi, Shoirlar ligasi, Kanada mualliflar assotsiatsiyasi, Yozuvchilar bolalar uchun, Kanada san'ati konfederatsiyasi kabi tashkilotlar faoliyat yuritib, Kanada adabiyotining rivojiga xizmat qilib kelmoqda.