Chingizxonning oq buluti (qissa).
Chingiz Aytmatov
www.ziyouz.com
kutubxonasi
1
CHINGIZ AYTMATOV
CHINGIZXONNING
OQ BULUTI
qissa
Suyun Qoraev tarjimasi
ASAR HAQIDA
«Chingizxonning oq buluti»
— Chingiz Aytmatovning «Asrga tatigulik kun»
romaniga ilova
qilingan qissa. Yozuvchi kitobxonlarni romanda taqdiri noma’lum bo‘lib qolgan Abutalip Quttiboev
bilan qaytadan uchrashtiradi.
«Chingizxonning oq buluti» qissasida ikki yo‘nalish – bir tomondan pok qalbli Abutalip
bilan
beshafqat Tansiqboev o‘rtasidagi murosasiz to‘qnashuv,
ikkinchi tarafdan esa, dunyoni larzaga
keltirgan Chingizxonning fojiasi bir-biri bilan botiniy bog‘lanib ketgan.
Chekist Tansiqboev begunoh Abutalipni Yugoslaviyada partizanlar harakatida ishtirok etganlikda,
eski xalq adabiy meroslarini yig‘ib yurganlikda ayblaydi. Biroq Abutalip hayoti har
qancha xavf ostida
bo‘lsa ham bosh egmaydi. Chin inson or-nomusini Tansiqboev kabi hayvontabiat manqurtlarning
oyoq-osti qilishiga imkon berish — insoniyat oldida gunohi kabira ekanligini yaxshi tushunib yetadi.
Chingizxon – tarixiy shaxs, o‘z davrining farzandi.
Chingiz Aytmatov o‘z
qahramonining tabiati, xarakteri bolaligidanoq shakllana boshlaganiga urg‘u
beradi. Chingizxon hali Temuchin deb atalgan bolalik chog‘idayoq, boshqalardan o‘ch olishni,
hammani og‘ziga qaratishni xush ko‘rardi. U suvdan tutilgan baliqni talashib, o‘zining ukasi Bekterni
o‘q-yoy bilan otib o‘ldirib qo‘yadi. Yozuvchi qonxo‘r jahongir tabiatining
ildizlarini ochib berishni
maqsad qilib qo‘ygan. Bolaligidanoq toshbag‘ir bo‘lib o‘sgan, hech kimga yaxshilik ravo ko‘rmaydigan
kishidan ezgulik kutib bo‘larmidi?
Chingizxon ulkan jahongirlik janglariga ikki yil tayyorgarlik ko‘rdi. Oilaviy qo‘shinlarga «jangu
jadallar nihoyasiga yetmaguncha ayollar tug‘masin» degan qahrli farmon berildi.
Yangi qissaning badiiy ahamiyatini ko‘targan voqealardan e’tiborlisi — lashkarboshilardan biri,
yuzboshi Erdene bilan qo‘shin tug‘lariga gul tikadigan kashtado‘z Do‘g‘ulangning ayanchli fojiasidir.
Hokimiyatning kuch-qudrati, zabtidan ikki yosh oshkora oila qurishga muyassar bo‘la olmaydi. Lekin
baribir Chingizxonning farmoni, buyrug‘i ikki qaynoq qalbning muhabbati qarshisida ojiz edi.
Chingizxon ikki olov orasida qoldi — bir ayol tug‘ib qo‘yibdi, deb yurishni to‘xtatish
kerakmi yoki
farmoni oliyni oyoqosti qilganlarga o‘zining qahrini ko‘rsatib, beandishalarni qattiq jazolash lozimmi,
degan savol qiynar edi uni! Osmonda esa oq bulut hamon falak kezmoqda. Uni hech kim
payqamaydi, payqasa ham e’tibor bermaydi unga, bu — Chingizxonning shaxsiy buluti ekanligini kim
biladi deysiz. Bu — xudoning qudrati, sevgan bandasiga ravo ko‘radi buni.
Erdene bilan Do‘g‘ulangning qochish to‘g‘risidagi rejasi barbod bo‘ladi. Do‘g‘ulang chaqalog‘i bilan
qo‘lga tushadi. Endi Erdene nima qilishi kerak?
Do‘g‘ulang chaqaloqni oxirgi marta emizishga ulgurdi. U har qanday yo‘l bilan, hatto o‘zini ajal
tig‘iga urib bo‘lsa ham, Erdenening jonini saqlab qolsa bas. Keyinchalik ota-bola bir iloj qilib topishib
ketar!
Lekin Do‘g‘ulangning aytgani bo‘lmadi. Hammaning ko‘z o‘ngida, otasiz haromzoda tug‘ib olganiga
iqror bo‘lib butun jinoyatni o‘z gardaniga olgan sevgilisining jon azobida qiynalayotganini ko‘rgan