www.ziyouz.com kutubxonasi
9
suzayotganday his qilar edi o‘zini. Faqat xotini Oykumush erining fe’lini yaxshi bilganidan Tansiqboev
dilida qandaydir bir fikr paydo bo‘layotganini, uning kechasi ovga chiqib, o‘z o‘ljasini sezib qolgan
dahshatli yirtqichga o‘xshab hamlaga tayyorlanayotganini payqab qoldi. Xotini erining bu holatini
ko‘zlaridan bildi — uning lochin ko‘zlari bir g‘azabga to‘lsa, bir bo‘zarib ketar edi. Shundan so‘ng
erining qulog‘iga pichirladi: «hamma bilan birga turaylik. Keyin to‘g‘ri uyga ketamiz» — dedi.
Tansiqboev «xo‘p» deganday boshini istar istamas irg‘ab qo‘ydi. Odamlarning oldida e’tiroz bildirish
odobdan emas, lekin e’tiroz bildirsa ham bo‘larkan. Uning miyasida yangi-yangi rejalar pishib yetildi.
Axir yugoslav partizanlari orasida Quttiboev bilan birga boshqa ko‘pgina asirlar ham bor edi, bugun
kunjak-kunjaklarda yashab turgan ana shu asirlar ham nimalarnidir bilishlari, nimalarnidir xotirlashlari
mumkin. Quttiboevni ana shulardan eng faollarini aytib berishga majbur qilish mumkin. Materiallarni
yaxshilab tekshirib ko‘rish zarur, ertaning o‘zidayoq tegishli materiallar olish uchun joylardan rasmiy
xat talab qilish lozim. Yoki Quttiboevning o‘zi mumkin qadar ertaroq markazga borib kelishi kerak.
Materiallarni qidirib topish, sinchiklab ko‘zdan kechirib tegishli xulosalar chiqarish, Quttiboevni esa
chiqarilgan xulosalarga imzo chekishga majbur etish darkor. Shundan so‘ng Yugoslaviyada jang
qilgan sobiq harbiy asirlarga Quttiboev tasdiqlagan ko‘rsatmalar asosida ayb qo‘yish, ana shu
shaxslarni faktlarni oxirigacha aytib bermaganlikda, Sovet Ittifoqiga qaytarish bo‘yicha komissiyadan
o‘tayotganda yugoslav buzg‘unchilarining xiyonatkorona kirdikorlarini yashirganlikda ayblab yana
javobgarlikka tortish zarur. Bunday odamlardan yuzta emas, mingta emas, ko‘proq topsa bo‘ladi, ular
so‘roq tegirmonidan o‘tkazilgach lagerlarga tiqib tashlansa, vassalom, ish bitadi (Bu g‘oyani maxfiy
xat shaklida shipshitib qo‘ygan ma’qul).
Yegulik ichkilik badastir dasturxon atrofida o‘tirganida xayoliga kelgan fikrdan Tansiqboevning
kayfiyati ko‘tarilib, yana ichkisi, yegisi, qo‘shiq aytgisi, yonida o‘tirganlarning jig‘iga tekkisi va
mamnunlik hamda o‘z hayotida qandaydir yangi bir burilish sezganidan qah-qah urib kulgisi keldi. U
o‘tirganlarni sirli nigoh bilan ko‘zdan kechirdi, axir ularning hammasi qon-qardosh va shuning uchun
bo‘lsa kerak, o‘ta dilkash odamlar bo‘lib ko‘rindi, lekin ana shu jonajon kishilar Tansiqboevning
miyasida buyuk g‘oyalar tug‘ilayotgan paytda o‘tirganlarini xayollariga ham keltirishmas edi. Bu orzu-
xayollar og‘ushida uning kallasida qon tez yurishib ketgan, mamnunlikdan yuragi tezroq va kuchliroq
ura boshlagan edi.
Ana shu reja amalga oshsa xizmat yuzasidan kattaroq mansabga minishi turgan gap. Bu oqilona
va mantiqiy reja edi: yashirinib yotgan dushmanlarni qanchalik nobud qilsang, o‘zing shunchalik ko‘p
yutasan. Bunday istiqboldan dil qanot bog‘lar edi. Va u iftixor bilan dildan o‘tkazdi: «Aqlli kishilar ana
shunday ish tutadilar. Har qanday g‘ovlar bo‘lganda ham men yarim yo‘lda to‘xtab qolmayman».
Birdan ishga kirishib ketgisi keldi — Hozir garajdan mashina chaqirsa, Abutalip Quttiboev qamalib
yotgan izolyatorga g‘izillab borsa-yu zudlik bilan ishni boshlab yuborsa, vaqtni boy bermasdan o‘sha
yerning o‘zida, kamerada so‘roq qilsa, so‘roq qilganda ham xiyonatkorning o‘takasini yorib so‘roq
qilsa.
Ish yakunining boshqacha bo‘lishi mumkin emas: Quttiboev aybini bo‘yniga oladi, ingliz-
yugoslavlarning topshiriqlar berganini tan oladi, u bilan partizanlar safida bo‘lgan barcha kishilarni
nomma-nom aytib beradi. 85-moddaning 1-«b» bandi bilan 25 yil qamoqqa hukm qilinadi. Tan
olmaydigan bo‘lsa vatanga xiyonat qilganlikda, xorijiy maxsus xizmat mahkamalari bilan josus sifatida
hamkorlik qilganlikda va mahalliy aholi o‘rtasida mafkuraviy qo‘poruvchilik ishlari olib borganlikda
ayblanib otib tashlanadi, vassalom, yaxshiroq o‘ylab ko‘rsin.
O’z rejalarini amalga oshirish yo‘llari haqida bosh qotirar ekan, Tansiqboev ko‘p jihatlar —
so‘roqning qanday kechishi, Quttiboevning o‘zini qanday tutishi, uni tiz cho‘ktirish uchun qanday
choralar ko‘rish kerakligi haqida ham o‘ylab qo‘ydi, shu bilan birga Quttiboev yashashni xohlasa,
uning hech qayoqqa qochib qutilmasligini, boshqa yo‘li yo‘qligini ham yaxshi bilar edi. Turgan gap,
o‘zini oqlash uchun tish-tirnog‘i bilan harakat qiladi, «mening hech qanday gunohim yo‘q, yugoslav
partizanlari bilan birgalikda qo‘limga qurol olib urushayotganda asirga tushganimning o‘zi gunohimni
yuvib ketadi, yarador bo‘lganman, qon to‘kkanman, urush tugagandan so‘ng komissiya meni vatanga
Chingizxonning oq buluti (qissa). Chingiz Aytmatov