www.ziyouz.com kutubxonasi
12
Chingizxonning o‘zi buni bilar, zimdan bu bulutni kuzatar ekan, bu Ko‘k-Tangri irodasining nishonasi
ekanligiga tobora ko‘proq ishona bordi.
Ana shu bulutning paydo bo‘lishini qandaydir darvesh bashorat qilgan edi. O’sha devonavash kishi
xon huzuriga kirganda tiz cho‘kib xushomad ham qilmadi, uning baxt-omadidan payg‘ambarlik ham
qilmadi. Oltinga burkangan o‘tov ichidagi taxtda savlat to‘kib kallasini kibrona ko‘tarib o‘tirgan
haybatli hokimi mutlaqning oldida juldur kiyim kiygan, ayollarnikiga o‘xshash o‘sib ketgan sochlari
yelkasiga tushgan sersoqol, qorachadan kelgan savdoyi paydo bo‘lib, xonga o‘zining o‘tkir nigohi bilan
tikildi.
— Buyuk xoqon, men senga shuni aytmoqchimanki, — dedi u uyg‘ur tilmoch orqali, — Tangri
taoloning irodasi bilan senga Arshi a’lodan ayricha nishona ato bo‘lg‘usidir.
Chingizxon kutilmaganda aytilgan bu so‘zdan bir lahza qotib qoldi. Kelgindining aqli joyida emas,
yoki so‘zining qanday oqibatga olib kelishini tushunmaydi.
— Bu qanday nishona ekan, buni sen qayoqdan bilasan? — qiziqsindi xoqon jahlini bosib,
peshonasi tirishgan bir holda.
— Qayoqdan ma’lum ekanligini aytib bo‘lmaydi, nishonaga kelganda shuni aytmoqchimanki, —
sening boshing ustida bulut paydo bo‘ladi va senga ergashib yuradi.
— Bulut?! — Hayratini yashirmasdan xitob qildi Chingizxon qoshlarini chimirib. Atrofdagilarning
hammasi xonning jahli chiqayotganini sezib jim qolishdi. Tilmoch qo‘rqqanidan lablari oqarib ketdi —
u ham jazodan chetda qolmas edida.
— Ha, bulut,— javob berdi sohibkaromat. — Bu bulut Tangri Taoloning senga oq fotiha bergani,
sening bu dunyodagi darajangning buyukligini isbotlagani nishonasidir. Lekin sen bu bulutni avaylab-
asrashing darkor, uni yo‘qotsang, kuch-qudratingdan ayrilasan...
Oltin o‘tovda jimlik cho‘kdi. Bunday paytda darg‘azab xoqon har narsa qilishi mumkin, lekin uning
ko‘z-yuzlaridan g‘azab gulxani o‘chib borayotgan olovga o‘xshab sekin-asta so‘na boshladi. Dunyo
kezib yurgan darbadar folbinni bo‘lmag‘ur so‘zlari uchun jazoga tortsam, ayniqsa, qatl qilsam bo‘lmas,
aks holda xonlik sha’niga dog‘ tushirgan bo‘laman deb o‘ylab, jahldan tushdi. Chingizxonning siyrak
sarg‘ish mo‘ylovlaridan makkorona jilmaygani sezildi.
— Xo‘b, Tangri Taolo bu so‘zlarni aytishni senga tayinladi deyaylik. Men bunga ishondim ham
deya qolay. Endi menga aytib berchi, ey dono mehmon, osmonda o‘ynab yurgan bulutni men qanday
qilib avaylab-asrashim mumkin? O’sha bulutni qo‘riqlab yurish uchun osmoni falakka qanotli otlarda
navkar jo‘natishim kerakmi? Yo bo‘lmasa navkarlar o‘sha bulutga yugan solib asov otday yetaklab
yurishadimi? Qani aytchi, osmonda shamol haydab yurgan bulutni men yo‘qotmasdan qanday olib
yurishim mumkin?
— Bu yog‘i sening ishing, men aytadiganimni aytdim, — qisqacha javob berdi kelgindi.
Yana hamma rangi o‘chib taxta bo‘lib qoldi, oraga pashsha uchsa eshitiladigan jimlik cho‘kdi,
tilmochning yana rangi oqarib ketdi, oltin o‘tovdagilarning hammasi yer chizib qoldi, es-hushini
yig‘ishtirib olmaganidanmi yoki boshqa sababdanmi har holda hech kim o‘zini xonning qilichiga urgan
sho‘rlik bashoratchining yuziga tik qaray olmadi.
— Sovg‘asini berib jo‘natinglar, yo‘lidan qolmasin, — dedi Chingizxon bo‘g‘iq ohangda va
xoqonning so‘zlari quruqchilikdan qaqrab yotgan tuproqqa tushgan yomg‘ir tomchilari kabi
o‘tirganlarning diliga yoqib tushdi.
Chin emas, yolg‘on emas, bu jumboq voqea tezda hammaning esidan chiqib ketdi. O’zini avliyo
qilib ko‘rsatadigan afandilar dunyoda oz deysizmi? Biroq o‘sha xorijiy darvesh yengil-elpi o‘ylab, o‘zini
o‘limga urgan deyish ham adolatdan bo‘lmasa kerak. Axir u o‘zining kim bilan uchrashganini, nima ish
qilganini bilmasligi mumkin emas. Yasovullar xoqon bilan hazillashish mana bunday bo‘ladi deb uni
asov otning dumiga boylab qo‘yib yuborsa-chi? hammaning oldida sharmandayi sharmisor bo‘lib
o‘ladi-ketadi. Yo‘q, o‘sha dovyurak darbadarning cho‘li biyobonda sherga yuzma-yuz kelganday eng
dahshatli va shafqatsiz hokimi mutlaq huzuriga tortinmasdan, iymanmasdan kirishi bejiz bo‘lmasa
kerak. Bu jinnilikmi yoki chindan ham Tangrining ishimi?
Chingizxonning oq buluti (qissa). Chingiz Aytmatov