www.ziyouz.com kutubxonasi
15
Chingizxon bu she’rni birovlarga o‘qib bersa yarashmas edi — qamchisidan qon tomgan hokimi
hukkomning shoirlik qilishini tasavvur etish amri mahol. Lekin tun demay, kun demay ot ustida yurish
o‘zi bo‘lmaydi, charchoq, zerikishga hay berish, yurakni yozadigan, ko‘ngilni ochadigan nimalardir
qilish kerak-ku! Qo‘shiq bitsa bitibdi-da!
Chingizxon dilidagi tantananing bosh sababi boshqa — mana o‘n yetti kundirki, uning tepasida oq
bulut suzib yuribdi — xon qayoqqa borsa bulut shu yoqqa boradi. Folbinning aytgani to‘g‘ri chiqdi.
Yetti uxlab tushga kirmaydi bu. O’sha darvesh sohibkaromatni amiruldashtga katta hurmatsizlik
qilganlikda ayblab qatl ettirish hech gap emas edi. Lekin daydi folbin omon qoldi. Demak, qismat
shunday.
G’arbga yurish boshlangan birinchi kuniyoq barcha qo‘shinlar, karvonlar, ot-ulovlar, so‘yishga
mo‘ljallangan suvay mollar tevarak-atrofda selday oqib borayotgan bir paytda Chingizxon tush
paytida charchagan otini yo‘l-yo‘lakay almashtirayotib ko‘kka boqar ekan, o‘zining qoq tepasida ohista
suzib ketayotgan, ehtimol, bir joyda turgan kichikroq bulutga ko‘zi tushdi, lekin ahamiyat bermadi:
osmonda nima ko‘p — bulut ko‘p.
Soqchilaru yasovullar qurshovida ketayottan xoqon xayolga cho‘mgancha ot ustida o‘tirar ekan,
burgut nigohi bilan ko‘p minglik itoatkor qo‘shinlarini kuzatib ketayotir, G’arbga selday
yopirilib borayotgan jangchilardan har biri qo‘yib bersa xuddi shu xoqonnikiga o‘xshagan hokimiyatga
erishsam degan kishilar bo‘lsa ham Chingizxonning buyrug‘ini ijro etishga kelganda ot tizginini ushlab
ketayotgan qo‘lining barmoqlari kabi itoatkor edi.
Chingizxon osmonga qarab yana o‘sha bulutni ko‘rdi, lekin bu safar ham ahamiyat bermadi. Mil-
mil qo‘shinlar bilan dunyoni bosib olish fikri ila band jahongirning tepasida ortidan ergashib
borayotgan bulut haqida o‘ylashga vaqti yo‘q. Ko‘kdagi bulut bilan yerdagi hukmfarmo o‘rtasida
qanday aloqa bo‘lishi mumkin?
Yurishda ketayotganlarning birontasi ham bulutni payqamadi, unga hech kim ahamiyat bermadi.
O’sha kuni mo‘‘jiza ro‘y berganini hech kim xayoliga ham keltirmadi. Ikki ko‘zi tizginda-yu oyoq ostida
bo‘lgan jangchilarga ko‘kda pishirib qo‘yibdimi. Tumonat qo‘shin bir maromda shaxt bilan olg‘a bosar
ekan, goh pastlikka tushar, goh esa tepalikka ko‘tarilar, otlarning tuyoqlaridan, aravalarning
g‘ildiraklaridan ko‘kka chang-to‘zon o‘rlar edi, dala-dasht hech narsa bo‘lmaganday doimgiday keng
yastanib yotardi. Bu mislsiz yurish, selday oqish xonning vasvasasi va irodasi bilan bo‘layotir, o‘n
minglarcha kishi o‘zining shuhratiga shuhrat, hokimiyatiga hokimiyat, yerlariga yer qo‘shish orzusi
bilan nafas oladigan buyuk xoqonning buyrug‘iyu rag‘bati ila jon deb olg‘a bostirib ketayotir.
Cheriklar shu yurishda kunning kech bo‘lganini ham sezmay qolishdi. Qorong‘i tushdi degancha
to‘xtab tunaladi, saharda yana yo‘lga tushiladi.
Xon va uning a’yonlarining tunashi uchun oldindan shohona o‘tovlar tikilgan. Bu o‘tovlar uzoq-
uzoqlardan oppoq gumbazlarga o‘xshab ko‘zga tashlanadi. Oq o‘tovlarning o‘rtasida hammadan
ulkan, hammadan tantanavor o‘tov yuksalib turibdi; ana shu xon o‘tovining yonida cho‘g‘day qizil
hoshiyali qora shoyi bayroq shamolda hilpiraydi; tug‘ning o‘rtasida og‘zidan olov purkab turgan
ajdaho rang-barang ipak va zar bilan tikilgan. Qovog‘idan qor yoqqan pahlavon qorovullar xonni
intizorlik bilan kutishmoqda. Xon ko‘ngli suygan kishilar davrasida ovqatlanadi, shundan so‘ng
Chingizxon sarkardalari bilan bugungi yurish natijalarini va ertangi ish rejalarini maslahatlashib oladi.
Yurishning boshlanishi chakki emas, demak sarkardalar bilan ulfatchilik qilib, ularning so‘zlarini
eshitsa, o‘zi ham ko‘nglidagini aytib olsa yomon bo‘lmas edi; xoqonning har bir so‘zi qonun, farmon;
xon gapirayotganda uni hamma va har bir kishi jon qulog‘i bilan eshitmog‘i zarur, chunki bu so‘zlar
butun Rub’i maskunga qaratilgan, tezda yetti iqlim uning so‘zlariga g‘ing demasdan quloq osajak,
buyuk harbiy yurishdan murod ham shu — Hammaga o‘z so‘zini o‘tkazishdir. Axir so‘z — bu abadiy
kuch-ku!
Lekin o‘sha kuni ulfatchilik qoldirildi. Birdan xonning yuragida g‘ashlik paydo bo‘ldi, xonning sirkasi
suv ko‘tarmay qoldi. Buning sababini xondan boshqa hech kim bilmas edi.
Qo‘nish joyiga yaqinlashganda Chingizxon o‘z tepasidagi bulutga yana bir — uchinchi marta nazar
Chingizxonning oq buluti (qissa). Chingiz Aytmatov