Italiya Uyg‘onish davri adabiyoti – dunyoni insonparvarlik nuqtai nazaridan talqin qilish, insonning o‘zini Parvardigor yaratgan eng oliy va mahbub jonzod sifatida tasdiqlashi, odamzodning kuch-qudratiga ishonch, hurfikrlilik, xurofotlarga nafrat omili sifatida dunyoga keldi. Bu davr italyan adabiyotining atoqli namoyandalari Franchesko Petrarka va Jovanni Bokkachcholardir. Petrarka lotin tilini o‘rta asrlarda paydo bo‘lgan vulgar so‘z qatlamlaridan tozalagan bo‘lsa, Bokkachcho nasrda adabiy tilning yaratuvchisi bo‘ldi.
Italiyadagi Uyg‘onish davrining eng gullab-yashnagan vaqti XVI asrning birinchi yarmiga to‘g‘ri keladi. Yagona italyan adabiy tilining shakllanish jarayoni aynan shu davrda yakunlandi.
Uyg‘onish davrida italyan tasviriy san'atida ham jiddiy burilish sodir bo‘ladi. Shaharlarning taraqqiy etishi natijasida arxitektura, haykaltaroshlik va rassomlik san'ati, badiiy adabiyot kamol topadi. Italyan gumanist yozuvchilari klerikal ruhdagi adabiyotdan foydalanib, diniy syujetlarni real voqelik bog‘lashga intiladilar. Yangi tematikaga murojaat etish badiiy tasvir usullarini ham o‘zgartiradi. Bu hol, shubhasiz, o‘rta asr adabiyotidagi allegorizmdan realizmga qarab yo‘l ochadi. Garchi yangi zamonning birinchi shoiri Dante ijodida hali simvolistik tasvirlar mavjud bo‘lsa ham, lekin u asta-sekin kamayib boradi. Dastlabki gumanistlar – Petrarka va Bokachcho asarlarida mavhum simvolik iboralar ikkinchi o‘ringa qo‘yilib, realizm esa birinchi o‘ringa chiqariladi, voqelikni tipik ravishda, xarakterli detallar bilan aks ettirishga kirishiladi.
Italiya Uyg‘onish davri adabiyotini o‘rganish florensiyalik mashhur shoir Dante Aligeri (1265-1321) ijodidan boshlanadi. U ikki katta davr oralig‘ida yashab ijod qildi. Dante o‘rta asrlarning so‘nggi va shu bilan birga yangi zamonning eng avvalgi shoiri edi.
Dante XIII-XIV asrlarda Italiyaning asosiy madaniy markazi bo‘lgan Florensiyada tug‘ildi. U she'riyatga erta kirib keldi va ijodining ilk davrida provans shoirlari ta'sirida asarlar yaratdi. She'riyatda fors tili hukmron bo‘lgan bir muhitda Alisher Navoiy o‘zbek tilida ijod qilganday, Dante ham o‘z ona tili – italyan tilida ijod qilgan.
Dante sevgilisi Beatrichega bag‘ishlab “Yangi hayot” she'riy to‘plamini (1283-1292) chop ettirdi va unga 30 ta sonet(o‘n to‘rtlik) va kanson(qo‘shiq) kiritdi. Shoir to‘plamda Florensiya go‘zali Beatriche Portinarining o‘lmas she'riy obrazini yaratdi. She'rlar xronologik tartibda joylashtirilib, ularning mazmuni nasriy hikoyalar, falsafiy izohlar bilan sharhlangan.
Shoir to‘qqiz yoshligida ilk bora o‘zi bilan tengdosh bo‘lgan Beatricheni uchratib, yoqtirib qoladi. To‘qqiz yildan so‘ng ular yana uchrashadilar, qizning ochiq chehra bilan ta'zim qilishi shoirni hayajonga soladi. Shu kuni u tush ko‘radi va uni birinchi sonetida tasvirlaydi. “Yangi hayot” to‘plami G‘arbiy Yevropa adabiyotidagi birinchi avtobiografik qissa bo‘lib, unda shoir sevgan qalbning nozik ruhiy kechinmalarini ustalik bilan tahlil qila olgan.
Dante Beatrichening vafotidan so‘ng ilmiy-falsafiy masalalar bilan shug‘ullanadi. 1305 yili u roman tilshunosligi bo‘yicha dastlabki tadqiqot hisoblanuvchi – “Xalq nutqi haqida” risolasini, 1307-1308 yillari o‘zining mashhur “Ziyorat” traktatini yaratadi.
“Ilohiy komediya” – Danteni butun dunyoga ma'lumu-mashhur qilgan, italyan she'riyatining buyuk durdonalaridan bo‘lib, shoirning o‘zi asarni “Komediya”(o‘rta asrlarda qayg‘u, g‘am bilan boshlanuvchi, xursandchilik bilan yakunlanuvchi har qanday asar komediya deb atalgan) deb nomlagan. “Ilohiy komediya”ga kirgan dostonlar “Do‘zax”, “Arosat (A'rof)” va “Jannat” deb atalgan.
Dante tasvirlagan “Do‘zax” (asarning birinchi qismi) yer markaziga voronka shaklida o‘yib tushirilgan joy bo‘lib, unda 9 pog‘onali chuqurlik bor. Gunohkor jonlar shu pog‘onali chuqurlarda azob chekadilar. Pastki pog‘onaga tusha borgan sari jon qattiqroq azoblanadi. Muhimi shu yerdaki, Dante o‘zining siyosiy muholiflarini do‘zahga tashlaydi, ayniqsa, xristian dini ruhoniylarini qattiq qoralaydi va ularni do‘zaxning so‘nggi pog‘onalariga joylashtiradi.
Dantening tasviricha, “A'rof” (poemaning ikkinchi qismi) yer kurrasiga qarama-qarshi joylashgan. yer bilan uni katta okean ajratib turadi. Okean o‘rtasidagi orolda baland tog‘ bor. Tog‘ yetti pog‘onali bo‘lib, ulardan o‘tib borayotganida aybdorning bittadan gunohi yuviladi, 7 pog‘onadan ko‘tarilganda 7 gunoh (mag‘rurlik, ichi qoralik, g‘azab, umidsizlanish, tamagirlik, mechkaylik, buzg‘unchilik) yo‘qoladi va u jannatga chiqadi. “Jannat” ham 9 qavatga bo‘linadi, jon qancha yuqori pog‘onaga ko‘tarilsa, u guyo xudoning shuncha ko‘p marhamatiga muyassar bo‘ladi.
Dante tabiat hodisalari tasviriga alohida ahamiyat beradi. “Do‘zax” dagi qayg‘uni aks ettirgan bo‘yoq va zulmat “A'rof”da ochiq va moviy osmon bilan almashadi. Dante “Jannat” dagi bog‘larni o‘z vatanidagi yashnagan go‘zal bog‘lar bilan taqqoslaydi.
Dantening “Ilohiy komediya” sining kompozitsiyasi puxta ishlangan. Asar tuzilishida uchlik (poemaning uch qismdan tashkil topishi, uch yirtqich hayvon, iblisning uch yuzliligi, hatto she'rlarning tersina – uch misrali ekanligi) troitsa haqidagi xristian ideyasi simvoli sifatida ko‘rinsa ham, lekin asarning yaratilishida antik adabiyot manbalari asosiy rol' o‘ynaydi.
“Ilohiy komediya” nafaqat Dantening, shuningdek butun o‘rta asrlar g‘arb she'riyatining eng nodir asaridir. Osiyoda “Ramayana” va “Shohnoma”, “Go‘ro‘g‘li” va “Xamsa” kabi buyuk asarlar dunyo madaniyati va she'riyatida qanday ahamiyat kasb etgan bo‘lsa, “Ilohiy komediya” Yevropa va jahon madaniyati va she'riyatida shunday ahamiyat kasb etdi.
Buyuk italyan shoiri Franchesko Petrarka (1304 - 1374)ning ijodi ilk Uyg‘onish davriga to‘g‘ri keladi. Uning ota-onasi Florensiyalik bo‘lib, Dante kabi Oq gvelflar partiyasi tarafdorlari bo‘lgan va shahardan quvg‘in qilinishgan. Aretsso shahrida tug‘ilgan Petrarka, huquqshunoslikni Italiya universtetlarida o‘rgandi, biroq yurist bo‘lib ishlamadi. Antik madaniyat, uning tarixiga qiziqqan bo‘lajak shoir, lotin tilini mukammal o‘rgandi. U o‘z hayotini qadimgi davr olimlari, rimlik shoir va faylasuflarning qo‘lyozmalarini tadqiq etishga bag‘ishlashga qaror qildi. Kutubxonalarga kirib ishlash imkoniyatini unga ruhoniy rutbasi berar edi. Kardinal Jovanni Kolonni bilan birga Yevropaning ko‘plab mamlakatlari va shaharlarida bo‘lgan Petrarka, bir necha yil Fransiyaning janubida yashadi va o‘zining sevimli mashg‘uloti bilan shug‘ullandi. 1342 yili Rimda unga dafna daraxti yaproqlaridan shuhrat chambari taqdim etildi. Bu milliy shoirga bo‘lgan yuksak ehtirom edi. 1327 yilning 6 aprelida Avinon shahrida uning hayotidagi muhim voqealardan biri sodir bo‘ldi. Bu yerda u ilk bora Laura bilan uchrashdi. Go‘zal xonimning qiyofasi bir umrga qalbiga muhrlandi. Shoir unga bag‘ishlab ko‘plab she'rlar, sonetlar bitdi. Lauraga bag‘ishlangan she'rlari ikki qism: “Madonna Lauraning hayoti” va “Madonna Lauraning o‘limi” dan iborat bo‘lgan, “Qo‘shiqlar kitobi” (1358) to‘plamida jamlagan. “Afrika” epik dostoni va buyuk rimliklar hayotiga bag‘ishlangan – “Mashhur kishilar haqida” asari Petrarkaning qalamiga mansub. Shoir tiriklak chog‘laridayoq Italiya adabiy dunyosining yetakchisiga aylandi. Biroq Petrarka jahon adabiyoti tarixida avvalo sonetlar muallifi sifatida nom qozondi. Sonet janri XIII asrda italyan she'riyatida paydo bo‘ldi. Dantening Beatrichega bag‘ishlangan she'rlari sonet shaklida yozilgan bo‘lsada, bu janrni XIV asrda Petrarka yuqori pog‘onaga ko‘tardi. Yevropadagi ko‘plab mamlakat shoirlari uning an'analarini davom ettirdilar.
Sonet janri o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lib, ular quyidagilardan iborat: sonet o‘n to‘rt misradan iborat bo‘lishi kerak. Ular to‘rt bandga bo‘linadi: ikkita birinchi va ikkinchi bandlar to‘rt qatorli bo‘lib, katrena deb ataladi, uchinchi va to‘rtinchi bandlar uch qatorli tersetlardan iborat. Petrarkaning sonetlari aynan shu tarzda qurilgan: