Biror bir obyektning modelini qurishda ko‘pchilik hollarda yo u bo‘ysunadigan asosiy qonunlar yoki variatsion prinsiplarni ko‘rsatishning imkoni bo‘lmaydi, yo bugungi bilimlarimiz nuqtai nazaridan qaraganda, matematik ifodalash mumkin bo‘lgan shunga o‘xshash qonunlar mavjudligi haqida umuman ishonchli manbalar yo‘q bo‘lishi mumkin. Bu turdagi obyektlarga yondashuvda samarali natijaga erishish yo‘llaridan biri o‘rganilgan hodisalarga o‘xshashlik(analogiya)dan foydalanish hisoblanadi.
Aytaylik, shunday savol qo‘yish mumkin. Radioaktiv yemirilish va populyatsiya dinamikasi orasida, shu jumladan yer kurrasi aholisi sonining o‘zgarishi orasida qanday umumiylik, o‘xshashlik bor? Bunday analogiyaning quyi darajada mavjudligini to‘liq tasdiqlovchi misol sifatida fizika sohasida fundamental bo‘lgan radioaktiv yemirilish modeli va Maltus modeli deb nomlanuvchi populyatsiya rivojlanishining oddiy modellardan birini ko‘rsatish mumkin.