Jamoaning rivojlanishi – jamoa hayotining qonunidir. Xoʻsh, bolalar jamoasining olgʻa harakat qilib borishiga nima yordam beradi? Uning rivojlanishiga nima imkon beradi? Bunday kuch istiqboldir. Hayot shuni koʻrsatadiki, kishining kelajakka umid va ishonch bilan intilishi, hayotiy istiqbolini yurtimizning taqdiri bilan bogʻlab, mustaqil diyorimizning bugungi jamiyat sharoitida ma’naviy va ma’rifiy qiyofasini yaratishda hissa qoʻshgan kishi va jamoa tobora shakllanib, rivojlanib boradi.
Bu intilish va hayotiy istiqbolda kishining ma’naviy va madaniy extiyojlarining jami, uning rivojlanganlik darajasi, butun ma’naviy qiyofasi aks etadi. Istiqbolning eng muhim pedagogik xususiyatlaridan biri shuki, degandi A.S.Makarenko, u oldinga qoʻyilgan maqsad sifatida bolani istagan natijaga erishish imkoniyati bilan qiziqtiradi, unda kelajakni barpo etishda qatnashish istagini uygʻotadi. Quvnoq kayfiyat va olgʻa intiluvchilikni vujudga keltiradi.
Pedagogik nuqtai nazardan istiqbol deganda, shaxsning bolalar guruhini, umuman jamoani rivojlantirishning ichki extiyojlariga javob beruvchi, uning a’zolarini rivojlanish darajasiga, ularning yosh va individual xususiyatlariga hamda jamiyatimiz vazifalariga mos keladigan vazifalar, maqsadlar, ishlari tushuniladi.
Jamoani vujudga keltirish va oʻquvchi-yoshlarni tarbiyalash maqsadi bilan tashkil etiladigan istiqbollar ularning hammasi uchun xarakterli boʻlgan ayrim umumiy xususiyatlarga ega boʻladi:
1. Bevosita bolalarning qiziqishiga hamda vazifani bajarish uchun birgalikda jamoa boʻlib kurash olib borishning quvonchli manzarasiga asoslangan ishlarning maroqli boʻlishi;
2. Ishlarning iijtimoiy foydali qiymati va ularning butun xalqimiz olib borayotgan kurash bilan bogʻliqligi;
3. Istiqbol uchun kurashning borishini aniq tashkil etish;
4. Oʻquvchi-yoshlarda konkret axloqiy sifatlarni tarbiyalashda pedagogik maqsadga muvofiqlik.
Har xil istiqbollarni tashkil etishdagi asosiy metodik usul bolalarni birorta istiqbolga erishish uchun kurashga tayyorlashdan iboratdir. Bu tayyorgarlikka ish rejalari, loyihalar va boshqalarni muhokama qilish kiradi. Soʻngra istiqbol sari harakat qilishga yordam beradigan amaliy ish bajarilishi lozim. Bu ish jamoani tashkil etish va jipslashtirish jarayonidagi eng muhim bosqichlaridan biridir. Shunga erishish kerakki, barcha yoshlar umumiy faoliyatda ishtirok etsin va bu ishtirok etish faol, ijobiy xarakterga ega boʻlsin.
Topshiriqlarni jamoaning barcha a’zolari oʻrtasida toʻgʻri taqsimlash bolalarni qiziqarli ishlarni bajarishga jalb qilishning asosiy yoʻlidir. Bolalarning aql-idroki emas, balki ularning xis-tuygʻulariga ham ta’sir koʻrsatish uchun har qanday ish aniq tashkil etilishi, chiroyli jixozlanishi kerak. Ayniqsa, bayramlarni chiroyli va tantanali qilib tashkil etmoq kerak. Bu bayramlarda ota-onalar va mehmonlar ishtirok etsa, bayram davomida bolalar mukofotlansa, musobaqa yakunlari e’lon qilinsa, yaxshi boʻladi. Bolalarning tayyorgarlikda jamoa maqsadiga erishish jarayoniga jalb qilishning tarbiyaviy ahamiyati shu jihatdan kattaki, bu yoʻl bilan bolalarni maqsadga qaratilgan jamoa axloqiy xulq-atvorini egallashga mashq qildirish uchun shart-sharoit yaratiladi.
Jamoa hayotining me’yori umumiy maqsadga intilishga va qiziqarli ishlar bilan shugʻullanishga emas, balki jamoada bolalar oʻrtasidagi munosabatlar usuliga, ularning tevarak-atrofdagi vaziyatga boʻlgan munosabatlariga, jamoadan tashqaridagi aloqalariga ham bogʻliqdir. Har bir oʻquvchi-yoshlarda oʻz jamoasi uchun faxrlanish tuygʻusini, shaxsiy qadr-qimmat xissini tarbiyalash zarur. Mazkur usul va uslublar jamoani shakllantirishga asosiy yoʻl va vosita sifatida asos boʻladi.
Jamoani shakllantirishda jamoa a’zolari va ularning faoliyatlariga qoʻyiladigan yagona talablar muhim ahamiyat kasb etadi. Yagona talab bolalarning dars jarayonidagi tanaffus, jamoat joylari hamda uydagi xulq-atvor qoidalarini oʻz ichiga oladi. Puxta oʻylab qoʻyilgan talablar tizimining muntazam amalga oshirilishi oʻquv muassasasida muayyan tartibning oʻrnatilishini ta’minlaydi.
Pedagoglar tomonidan qoʻyiladigan talablar quyidagi sharoitlarda ijobiy natija beradi:
1. Qoʻyilayotgan talablar ta’lim oluvchi shaxsini hurmat qilish bilan qoʻshilishi kerak;
2. Qoʻyilayotgan talablar muayyan oʻquv muassasasidagi mavjud sharoitni hisobga ogan holda qoʻyilishi lozim;
3. Qoʻyilayotgan talablar aniq boʻlishi kerak;
4. Oʻquvchi-yoshlarning tashqi qiyofasi, kiyinishi, yurish-turishi hamda muomalasiga nisbatan qoʻyilayotgan talablar ularda ma’naviy madaniyatni shakllantirishga xizmat qilishi shart.
Xulq-atvorni tarkib toptirishga yoʻnaltirilgan talablar bilan tanishtirish mazkur talablar ustida mashq qildirish bilan qoʻshib olib borilishi kerak. Xulq-atvorni tarbiyalash ongni tarbiyalashga qaraganda ancha murakkab ish, oʻquvchilar talablar mohiyatini yaxshi anglashi mumkin, biroq aksariyat hollarda rioya qilmaydilar. Shu bois, muntazam ravishda mashq qildirish madaniy xulq-atvorni odatga aylantiradi.
Talablarning qoʻyilish jarayonida ularga ta’lim oluvchilarning amal qilish ustidan nazorat oʻrnatishi lozim. Nazorat qilib borish turli shakllar yordamida amalga oshiriladi. Nazorat haqqoniy va muntazam boʻlishi kerak. Uning natijalaridan oʻquvchi-yoshlarni ogoh etib borish lozim.
Jamoani uyushtirish va jipslashtirish unda faollarni tarbiyalash bilan chambarchas bogʻliq. Har bir oʻqituvchining jamoani shakllantirish borasidagi harakati jamoaning tayanch yadrosini tanlashdan boshlanadi.
Jamoa faollarini shakllantirish jamoaning u yoki bu faoliyatiga nisbatan extiyoji mazmunidan kelib chiqadi.
Ishonchli, ishchan faollarni yaratish uchun oʻqituvchi oʻquvchilar faoliyatini, ularning jamoa ishlaridagi ishtiroki, xulq-atvorini kuzatib borishi har bir oʻquvchining ijtimoiy faoliyatini tashkil etish layoqatini aniqlashi zarur. Jamoa faollarini shakllantirishda oʻquvchilarning jamoadagi obroʻsini inobatga olish lozim. Jamoa faoli tarkibida bolalarning oʻzlari, albatta pedagog ishtirokida va rahbarligida tanlasa maqsadga muvofiq boʻladi. Pedagog jamoa faoli bilan maslahatlashish tashkil etadi. Jamoa faollarining har bir a’zosi zimmasiga muayyan vazifa yuklash, ma’lum davrda ana shu vazifalar yuzasidan hisobot berib borishlariga erishish lozim. Pedagog ayni shu faolga oshirilgan talab qoʻyadi. Oʻquvchilar jamoasida faol rahbarligida oʻz-oʻzini boshqarish jamoa a’zolaridan ayrimlarining boshqasi ustidan
ustun kelishiga olib kelmasligi kerak. Shu bois, pedagog faolni maqsadga muvofiq faoliyat yuritishini nazorat qilib borishi lozim.
Oʻquvchilar jamoasini shakllantirishda an’analar muhim ahamiyat kasb etadi. Jamoa an’analari – bu barqarorlashgan odat boʻlib, ularni jamoa a’zolari birdek qoʻllab-quvvatlaydilar. Jamoa an’analari mazmunida munosabatlar xususiyati hamda jamoaning ijtimoiy fikri yorqin ifodalanadi.
Jamoa an’analari shartli ravishda ikkiga boʻlinadi:
1) Kundalik faoliyat an’analari;
2) Bayram an’analari.
Kundalik faoliyat an’analari oʻquvchilarning oʻquv faoliyati (oʻzaro yordam) hamda mehnat faoliyati (koʻchatlar oʻtkazish, hasharlar uyushtirish va boshqalar)ni oʻz ichiga oladi. Bayram an’analariga turli voqyea hodisalar bilan bogʻliq sanalarni nishonlash, xususan, «Mustaqillik bayrami», «Navroʻz bayrami», «Xotira va qadrlash kuni» va boshqalar kiradi. An’anaviy bayramlar oʻquv muassasalarda turlicha oʻtkaziladi. Oʻquvchilar an’analar mohiyatini anglasalar, ularga nisbatan ongli munosabatda boʻlsa ta’sir kuchi yuqori boʻladi.
An’analarni yuzaga kelishida oʻquvchi-yoshlarning unga nisbatan munosabati katta ahamiyatga ega. Shaxs va jamoa oʻrtasidagi munosabatlarning rivojlanishi borasida quyidagi andozaning yaratilishi ta’minlanadi.