О‘zR JKning 64-moddasiga kо‘ra, agar jinoyat sodir etilgan kundan boshlab quyidagi muddatlar:
a) ijtimoiy xavfi katta bо‘lmagan jinoyat sodir etilgan kundan boshlab — uch yil;
b) uncha og‘ir bо‘lmagan jinoyat sodir etilgan kundan boshlab — besh yil;
v) og‘ir jinoyat sodir etilgan kundan boshlab — о‘n yil;
g) о‘ta og‘ir jinoyat sodir etilgan kundan boshlab (ushbu moddaning yettinchi qismida nazarda tutilgan hol bundan mustasno) — о‘n besh yil о‘tib ketgan bо‘lsa, shaxs javobgarlikdan ozod qilinadi.
Javobgarlikka tortish muddati jinoyat sodir etilgan kundan boshlab hukm qonuniy kuchga kirgan kungacha hisoblanadi.
Agar jinoyat sodir etgan va jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxs tergov yoki suddan yashirinsa, muddatning о‘tishi tо‘xtatiladi. Aybdor ushlangan yoki aybini bо‘yniga olib arz qilgan kundan boshlab muddatning о‘tishi qaytadan tiklanadi.
Agar og‘ir yoki о‘ta og‘ir jinoyat sodir etgan shaxs ushbu moddada nazarda tutilgan muddatlar о‘tmasdan qasddan yangi jinoyat sodir etsa, muddatning о‘tishi uziladi. Bunday holda javobgarlikka tortish muddatlari yangi jinoyat sodir etilgan kundan boshlab hisoblanadi. Qolgan hollarda, agar shaxs javobgarlikka tortish muddatlari о‘tmasdan yangi jinoyat sodir etsa, bu muddatlar har bir jinoyat uchun alohida hisoblanadi.
Agar jinoyat sodir etilgan kundan boshlab yigirma besh yil о‘tgan bо‘lsa, shaxs javobgarlikka tortilishi mumkin emas.
Ushbu Kodeks Maxsus qismining moddasida umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlash nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan shaxsga nisbatan, javobgarlikka tortish muddatlarini qо‘llash masalasi sud tomonidan hal qilinadi. Agar sud javobgarlikka tortish muddatini qо‘llashni lozim topmasa, umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi о‘rniga ozodlikdan mahrum qilish tayinlanadi.
Ushbu moddada nazarda tutilgan muddatlar tinchlik va insoniyatning xavfsizligiga qarshi jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan qо‘llanilmaydi.
Jinoyat sodir etilganidan sо‘ng uzoq vaqt о‘tgach, ba’zan muvaffaqiyatli tergov va sudlovga xalaqit beruvchi isbotlash va protsessual xususiyatga ega bо‘lgan bartaraf qilib bо‘lmas qiyinchiliklar yuzaga keladi (jinoyatning ashyoviy izlari yо‘qoladi, guvohlar muhim holatlarni unutadilar va h.k.).
Jinoyat sodir etilganidan sо‘ng katta muddat о‘tganidan keyin jinoyat uchun javobgarlikka tortishning maqsadga muvofiq emasligi jinoyat ishini kech qо‘zg‘atish uni tergov qilish va ish yuzasidan tо‘g‘ri qaror chiqarishni qiyinlashtirganligi bilan ham izohlanadi. Jinoyat kodeksida jinoyat uchun javobgarlikka tortish muddatining о‘tib ketganligi instituti mavjud bо‘lishining zarurligi ana shular bilan belgilanadi.