Orqa miyaning qattiq pardasi (dura mater spinalis) boshqa pardalarga nisbatan qalin bo‘lib, orqa miyani va uning oldingi va orqa ildizlarini o‘rab turadi. U ikki varaqdan iborat. Uning tashqi varag‘i umurtqa pog‘onasini ichidan qoplagan suyak pardani hosil qiladi. Ichki varag‘i esa yuqorida katta teshik chekkasiga birikib, bosh miya qattiq pardasiga o‘tib ketadi. Pastda qattiq parda II-III dumg‘aza umurtqalari sohasida yopiq qopchiq shaklida tugaydi va 8 sm uzunlikdagi oxirgi ipga davom etadi. Oxirgi ip II dum umurtqasigacha davom etib, suyak pardaga birikib ketadi. Umurtqa pog‘onasini qoplagan suyak usti pardadan qattiq parda epidural bo‘shliq (cavitas epiduralis) vositasida ajrab turadi. Bu bo‘shliqda yog‘ to‘qimasi bo‘lgan yumshoq biriktiruvchi to‘qima va ichki umurtqa vena chigallari joylashgan. Qattiq parda zich tolali biriktiruvchi to‘qimadan iborat bo‘lib, qon tomir va nervlarga boy. Qattiq parda orqa miya ildizlari va nervlarini o‘rab, umurtqalararo teshikka kirib suyak usti pardaga birikib ketadi. Bundan tashqari orqa miyaning qattiq pardasidan chiquvchi ko‘p sonli fibroz tolalar umurtqa pog‘onasining orqa bo‘ylama boylamiga birikadi. Orqa miyaning qattiq pardasining ichki yuzasi to‘r pardadan ingichka subdural bo‘shliq (cavitas subduralis) bilan ajrab turadi. Yuqori tomonda bu bo‘shliq kalladagi shu nomli bo‘shliq bilan qo‘shilsa, past tomonda II dumg‘aza umurtqasi sohasida yopiq holatda tugaydi.
Orqa miyaning to‘r pardasi (arachnoidea spinalis) yupqa plastinka ko‘rinishiga ega. To‘r parda qattiq pardaning ichida joylashib, u bilan umurtqalararo teshik sohasida birikadi. To‘r parda ichida orqa miya, orqa miya ildizlari, otning dumi va orqa miya suyuqligini saqlab turuvchi qopni hosil qiladi. To‘r parda yupqa, ammo pishiq. Uning asosini retikulyar biriktiruvchi to‘qima hosil qiladi, qon tomirlari yo‘q. To‘r parda ostida joylashgan yumshoq pardadan to‘r parda osti bo‘shlig‘i (cavitas subarachnoidalis) bilan ajrab turadi. Bu bo‘shliqda orqa miya suyuqligi joylashadi. Yuqorida bu bo‘shliq bosh miyaning shu nomdagi bo‘shlig‘iga o‘tib ketadi. Pastga tomon to‘r parda osti bo‘shlig‘i kengayib, orqa miya nervlari ildizlarini o‘rab turadi.
Orqa miyaning yumshoq pardasi (pia mater spinalis) orqa miyaga yopishib turadi. U kollogen tolalar va qon tomirlarga boy. Orqa miyaning subaraxnoidal bo‘shlig‘i orqa miyani o‘ng va chap tomondan ushlab turuvchi yumshoq parda qatlamlaridan hosil bo‘lgan tishli boylamlar (ligamenta denticulatum) vositasida oldingi va orqa qismlarga bo‘linadi. Bu qatlamlar bir tomondan orqa miyaning yon yuzasiga oldingi va orqa ildizlar o‘rtasiga biriksa, ikkinchi tomonda to‘r pardaga, so‘ngra u bilan birga qattiq pardaga birikadi va orqa miyani o‘rta holatda ushlab turadi. Bu boylam boshlanishida yaxlit bo‘lib, so‘ng 20-30 ta tishga ajralib ketadi. Bu boylamning yuqori tishi katta teshik sohasida, pastkisi esa XII ko‘krak va I bel nervlarining ildizlari sohasida joylashgan.
Orqa miya suyuqligi subaraxnoidal bo‘shliqda joylashgan bo‘lib, miqdori 120-140 ml. U toza va tiniq suyuqlik bo‘lib, solishtirma og‘irligi 1,005 ga teng. Uning tarkibidagi tuzlar tarkibi qon plazmasi miqdoriga teng bo‘lib, oqsil moddalar miqdori plazmadagidan 10 marta kam. Orqa miya suyuqligi mexanik ahamiyatga ega bo‘lib, orqa miyani tashqi ta’sirotlardan saqlaydi va miya to‘qimasi modda almashuvida ishtirok etadi.