7.5. Sport markazlari va ularning faoliyatlari
Sport markazlari tushunchasi asosan zamonaviy sport inshootlarini bildiradi. Bu mashg’ulotlarni o’tkazishdagi to’g’ri tushuncha hisoblanadi. Shuningdek, sport jamiyatlari, sport maktablari va ularda faoliyat ko’rsatuvchi rahbarlar, murabbiylar, hakamlar hamda boshqa rasmiy kishilarning sport turlari bo’yicha terma jamolar tuzish, ular bilan o’quv-yig’in mashg’ulotlarini o’tkazish masalalarini muvofiqlashtirish faoliyati ham shu tushuncha ichiga /sport markazi/ kiradi.
Tuzilgan terma jamoalar safida eng kuchli sportchilar yig’iladi, o’quv-yig’in mashg’ulotlari va rasmiy hamda norasmiy musobaqalarda ularning texnik-taktik tayyorgarliklari sinab ko’riladi. Shu jihatdan ham bunday tadbirlarda faqat murabbiylargina emas, balki ilmiy xodimlar, mutasaddi rahbarlar, mas’ul xodimlar, shifokorlar, homiylar ham mashg’ulotlar hamda musobaqalarda ishtirok etish, o’zlarining taxminiy mulohazalarini bildirishlari mumkin.
Bunday hollarda sport turlariga qarab shahar va viloyat markazlarida mavjud bo’lgan eng yaxshi sport inshootlari tanlanadi. Ularga zarur bo’lgan asbob-usxunalar, texnik vositalar, shart-sharoitlar yaratiladi. Sport markazlaridagi o’quv-yig’in mashg’ulotlari va musobaqalar hamda sport inshoot xizmatlari bilan bog’liq tashkiliy ishlar, moddiy-texnik hamda moliyaviy ta’minot ishlari tashkil qiluvchi tashkilot, jamiyat, klub tomonidan amalga oshiriladi. So’nggi yillarda bunday mas’ul va yirik sport tadbirlarini tashkil qilish hamda ularni maqsaddagidek o’tkazish jamg’arma uyushmalari, homiylar tomonidan qo’llab-quvvatlanmoqda.
Sport markazlari faoliyati, asosan, sport inshootlari ma’muriyati, mas’ul jamiyatlar va sport klublari tomonidan boshqariladi. Umumiy rahbarlik sport uyushmalari, sport qo’mitalari tomonidan olib boriladi.
Xulosa qilib aytganda, O’zbekistonning katta sporti rivojiga bolalar va o’smirlar sport maktablari, maxsus olimpiya o’rinbosarlari sport maktablari hamda bilim yurtlari jamoalari o’z hissalarini qo’shmoqda. YOsh sportchilarni tarbiyalab voyaga etkazishda, ularning xalqaro sport maydonlariga qadam qo’yishlarida murabbiylarning xizmati g’oyat kattadir.
O’zbekistonning shon-shuxratini sport orqali jahonga yoyishda kurash, boks, tennis, shaxmat, sharqona yakka kurash va boshqa sport turlari bo’yicha sportchilar mardonavor mahorat ko’rsatmoqdalar. SHu sababdan ham O’zbekiston Prezidenti va hukumati sportni yanada rivojlantirish, ayniqsa, bolalar va o’smirlarning sport maktablari faoliyatini yanada yaxshilash zarurligini ko’zda tutib, qator farmonlar, qarorlar qabul kilmoqda. SHuningdek, tajribali murabbiylar va xalqaro sport musobaqalarining g’oliblari munosib ravishda taqdirlanmoqda. Bunday g’am-xo’rlik va e’tiborlar sport inshootlarini yanada kengaytirish, eng zamonaviy sport inshootlarida terma jamoalarning o’quv-yig’in mashg’ulotlarini o’tkazish hamda musobaqalarni tashkil qilishga muhayyo qilib berilmoqda.
Ta’kidlash lozimki, “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi”ni hayotga singdirish uchun respublika viloyatlarining markazlarida olimpiya o’rinbosarlari kollejlari tashkil etilmoqda. Ular terma jamoalar tarkibini to’ldirish bilan birgalikda jismoniy tarbiya va sport sohasida o’rta ma’lumotli mutaxassislar tayyorlaydi. Eng muhim tomoni shundaki, bu bilim yurtlariga ko’proq mahaliy xotin-qizlardan qabul qilish va ularni davr talablari, milliy qadriyatlar asosida tayyorlash ko’zda tutilmoqda. Bu esa, o’z navbatida, respublika terma jamoalarini mahalliy millat xotin-qizlari bilan ta’minlash hamda milliy sport turlari va xalq milliy o’yinlarini keng yoyish, ularni ommaviylashtirishga zamin tayyorlaydi.
Dostları ilə paylaş: |