1.3. ISLOH QILISH OMILLARI Kadrlar tayyorlash tizimini tubdan isloh qilishning muhim omillari quyidagilardan
iborat:
respublikaning demokratik huquqiy davlat va adolatli fuqarolik jamiyati qurish yo‘lidan izchil ilgarilab borayotganligi;
mamlakat iqtisodiyotida tub o‘zgartirishlarning amalga oshirilishi, respublika iqtisodiyoti asosan xom ashyo yo‘nalishidan raqobatbardosh pirovard mahsulot ishlab chiqarish yo‘liga izchil o‘tayotganligi, mamlakat eksport salohiyatining kengayayotganligi;
davlat ijtimoiy siyosatida shaxs manfaati va ta’lim ustuvorligi qaror topganligi;
milliy o‘zlikni anglashning o‘sib borishi, vatanparvarlik, o‘z vatani uchun iftixor tuyg‘usining shakllanayotganligi, boy milliy madaniy-tarixiy an’analarga va xalqimizning intellektual merosiga hurmat;
O‘zbekistonning jahon hamjamiyatiga integratsiyasi, respublikaning jahondagi mavqyei va obro‘-e’tiborining mustahkamlanib borayotganligi.
MILLIY DASTURNING MAQSADI, VAZIFALARI VA UNI RO‘YOBGA
CHIQARISH BOSQICHLARI
2.1. DASTURNING MAQSAD VA VAZIFALARI Mazkur dasturning maqsadi ta’lim sohasini tubdan isloh qilish, uni o‘tmishdan qolgan mafkuraviy qarashlar va sarqitlardan to‘la xalos etish, rivojlangan demokratik davlatlar darajasida, yuksak ma’naviy va axloqiy talablarga javob beruvchi yuqori malakali kadrlar tayyorlash Milliy tizimini yaratishdir.
Ushbu maqsadni ro‘yobga chiqarish quyidagi vazifalar hal etilishini nazarda tutadi:
«Ta’lim to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Қонунига muvofiq ta’lim tizimini isloh qilish, davlat va nodavlat ta’lim muassasalari hamda ta’lim va kadrlar tayyorlash sohasida raqobat muhitini shakllantirish negizida ta’lim tizimini yagona o‘quv-ilmiy-ishlab chiqarish majmui sifatida izchil rivojlantirishni ta’minlash;
ta’lim va kadrlar tayyorlash tizimini jamiyatda amalga oshirilayotgan yangilanish, rivojlangan demokratik huquqiy davlat qurilishi jarayonlariga moslash;
kadrlar tayyorlash tizimi muassasalarini yuqori malakali mutaxassislar bilan ta’minlash, pedagogik faoliyatning nufuzi va ijtimoiy maqomini ko‘tarish;
kadrlar tayyorlash tizimi va mazmunini mamlakatning ijtimoiy va iqtisodiy taraqqiyoti istiqbollaridan, jamiyat ehtiyojlaridan, fan, madaniyat, texnika va texnologiyaning zamonaviy yutuqlaridan kelib chiqqan holda qayta qurish;
ta’lim oluvchilarni ma’naviy-axloqiy tarbiyalashning va ma’rifiy ishlarning samarali shakllari hamda uslublarini ishlab chiqish va joriy etish;
ta’lim va kadrlar tayyorlash, ta’lim muassasalarini attestatsiyadan o‘tkazish va akkreditatsiya qilish sifatiga baho berishning xolis tizimini joriy qilish;
yangi ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarda ta’limning talab qilinadigan darajasi va sifatini, kadrlar tayyorlash tizimining amalda faoliyat ko‘rsatishi va barqaror rivojlanishining kafolatlarini, ustuvorligini ta’minlovchi normativ, moddiy-texnika va axborot bazasini yaratish;
ta’lim, fan va ishlab chiqarish samarali integratsiyalashuvini ta’minlash, tayyorlanayotgan kadrlarning miqdori va sifatiga nisbatan davlatning talablarini, shuningdek nodavlat tuzilmalari, korxonalar va tashkilotlarning buyurtmalarini shakllantirishning mexanizmlarini ishlab chiqish;
uzluksiz ta’lim va kadrlar tayyorlash tizimiga byudjetdan tashqari mablag‘lar, shu jumladan chet el investitsiyalari jalb etishning real mexanizmlarini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish;
kadrlar tayyorlash sohasida o‘zaro manfaatli xalqaro hamkorlikni rivojlantirish.