Ma’naviy-axloqiy asos. Fuqarolik jamiyati chuqur ma’naviy, yuksak madaniy insoniy munosabatlar zamiriga tayanadi. Bu jamiyatning ma’naviy hayotida bir narsa ustuvorlik qiladi, ya’ni inson benihoya darajada ulug’lanadi, umuminsoniy qadriyatlar e’zozlanadi, ular mo’tabar va muqaddas sanaladi. Bunda insonning qadr-qimmati, mehr-oqibat, axloqiy poklik, adolatparvarlik va insonparvarlik kabi oliy qadriyatlar odamlar o’rtasidaga munosabatlarning belgilovchi mezoni sifatida maydonga chiqadi.
Demokratik islohotlar davrida ma’naviyatni yuksaltirishga asosiy e’tibor qaratilayotgani bejiz emas. Zero, ma’naviyat – insoniyat ichki dunyosining ko’zgusi, tafakkuri, ongi va fikr yuritish tarzining mazmun-mohiyatini aks ettiruvchi yuksak ijtimoiy qadriyatdir. Insoniyat hamisha ezgulikka, ma’naviy barkamollikka intilib yashaydi. Yurtimizda amalga oshirilayotgan tub islohotlarning muvaffaqiyati, mamlakatning yaqin kelajaqdagi istiqboli hamyurtlarimiz qanday mavqeni egallashiga, qanaqa madaniy-ma’naviy va axloqiy qadriyatlarni shior qilib olishiga bog’liq bo’ladi16.
Fuqarolik jamiyatida erkinlik, qonun oldida barchaning tengligi, ijtimoiy adolatning ta’minlanishi hamma fuqarolarning ijodiy saloxiyati va iste’dodining bevosita ro’yobga chiqarilishiga imkoniyat yaratiladi.
3. HUQUQIY DAVLAT NAZARIYASI
Davlatni o’z faoliyatini qonun asosida amalga oshiradigan tashkilot sifatida tushunish bilan bog’liq g’oyalar insoniyat taraqqiyotining dastlabki bosqichlaridayoq shakllana boshlagan.
Bunda hokimiyat faoliyatining adolat talablariga mos bo’lishi zarurligi haqidagi g’oyalar ilgari surilgan. Xususan, antik davr mutafakkirlaridan biri Aflotun (miloddan avvalgi 427-347 yillar) bu borada shunday deb yozgandi: “Qonun kuchga ega bo’lmagan va kimningdir hukmi ostida bo’lgan davlatning tez halokatga uchrashini ko’raman. Qonun hukmdorlar ustidan hukmron, hukmdorlar esa uning quli bo’lgan joyda davlatning qutqarilib qolishi hamda xudolar davlatga in’om etadigan barcha ne’matlardan xabar topaman”.
Yana bir yunon mutafakkiri Arastu (miloddan avvalgi 384-322 yillar) ham tabiiy huquq nuqtai nazaridan oqilona qonunlar boshqaruvi kontseptsiyasini asoslab bergan. “Shunday qilib, – deb yozgandi u, – kimki qonun hukmronlik qilishini talab etsa, u ilohiyot va aql hukmronligini talab qilganday bo’ladi, kimki odam hukmronlik qilishini talab etsa, bunga o’z talabini, o’ziga xos hayvoniy xirsini kiritadi, zero, xirsiy tuyg’u hayvonga xos, hukmdorlar garchi eng yaxshi odamlar bo’lsalar-da, g’azab ham ularni chin yo’ldan ozdiradi, bunga qarama-qarshi o’laroq, qonun – bu bosiq, vazmin aqldir”.
Huquqiy davlat haqidagi g’oyalar Evropada o’rta asr va yangi davr mutafakkirlari ijodida yanada rivojlantirildi.
Bodenning fikriga ko’ra, davlat yacheykasi oila sanaladi. O’z maqsadlariga ko’ra oila boshlig’i – davlat hokimiyatining timsoli va in’ikosidir. Davlatchilik tashkilot sifatida shartnoma asosida vujudga keladi. Uning asosiy maqsadi – jamoa orasida tinchlikni kafolatlash, jamoani tashqi xavfdan himoya qilish hamda kishilarning chinakamiga baxtli-saodatli bo’lishlari to’g’risida qayg’urishdir.
Dastlabki burjua inqiloblari davrida G.Grotsiy, B.Spinoza, T.Gobbs, J.Lokk, Sh.Monteske, D.Didro, P.Golbax, T.Jefferson kabi taraqqiyparvar mutafakkirlar huquqiy davlatchilik kontseptsiyasining ishlab chiqilishiga salmoqli hissa qo’shganlar.
Dostları ilə paylaş: |