Karer haqida tushuncha. Pog‘ona elementlari. 1. Yerning ustki qismida ochiq kon ishlari olib borilishi natijasida katta chuqurliklar paydo bo‘ladi. Chuqurliklarning yigindisi karer (ochiq kon ishlari korxonasi) deb aytiladi. Bu chuqurliklarning ko‘ndalang kesimi chegarasi tutashmagan bo‘ladi.
Ma’muriy-xo‘jalik tushunchasida esa karer deb konni ochiq usulda qazib olishni tashkil etadigan kon korxonasiga aytiladi. Ko‘mir sanoatida va sochilma konlarni ochiq usul bilan qazib olishda karerni kesim (razrez) deb ataladi.
Foydali qazilmalarni, qoplovchi va o‘z ichiga oluvchi tog‘ jinslarini qazish ishlari tabaqalangan holda yuqoridan pastga qarab olib boriladi. Natijada qazish ishlari olib borilayotgan tog‘ jinslari massivi pog‘ona shaklini egallaydi.
Alohida qazish, yuklash va tashish vositalariga ega bo‘lgan (ta’minlangan) va pog‘ona shaklidagi ishchi yuzaga ega bo‘lgan tog‘ jinsi qatlamining bir qismiga pog‘ona deyiladi.
Har bir pog‘ona unda transport vositalarining gorizont bo‘yicha joylashuviga mos keluvchi balandlik belgisi bilan xarakterlanadi. Pog‘ona belgilari absolyut, ya’ni mutlaq (dengiz sathiga nisbatan) yoki shartli (yuzadagi doimiy punktga nisbatan) bo‘lishi mumkin.
Alohida qazish vositalari bilan qazib olinadigan, lekin barcha pog‘onalar uchun umumiy bo‘lgan transport vositalari bilan xizmat ko‘rsatiladigan pog‘onaning balandligi bo‘yicha qismiga pog‘onacha deyiladi. Pog‘onalarning ish olib boriladigan va ish olib borilmaydigan turlari mavjud. Ish olib boriladigan pog‘onada qoplovchi tog‘ jinslarini olib tashlash yoki foydali qazilmalarni qazib olish ishlari amalga oshiriladi.
Pog‘ona ostki va ustki maydonchalar, qiyalik va brovkalardan iborat (4.1 rasm) bo‘ladi.