Tovush ustida ishlash. Tovush savod o’rgatishning asosi bo’lib xizmat qiladi. Savod o’rgatish davrida so’z va bo’g’inlarni tovush tomonidan analiz va sintez qilish, tovush va ularning artikulyatsiyasini analiz qilish mashqlari o’tkaziladi, diktsiya (ravshan, burro gapirish) ustida ishlanadi, logopedik ishlar olib boriladi.
I. Analiz mashqlari. 1. Nutq (gap)dan so’zni ajratish; so’zni aniq talaffuz qilish;
bo’g’inlarga bo’lish va bo’g’inlarni aniq talaffuz qilish, urg’uli bo’g’inni ajratish va uni boshqa bo’g’inlardan farqlab, kuchli talaffuz qilib o’qish, maxsus tovushni ajratgan holda so’zni bo’g’inlab o’qish (aaaa-na, nooon, iiin, sssa-na, ki-yyyik, iiish). 2. Darsda o’rganiladigan yangi tovushni ajratish. Bunday tovushni birinchi marta ajratishning bir necha usuli bor:
Bu jarayonda Omonashvili ishlab chiqqan usuldan ham foydalanish mumkin. Bunda tovush emas, harf asos qilib olinadi. O’quvchilar o’rganilgan harflar ichidan notanishini topadilar, so’ng uning o’qilishi va fonetik belgilari ustida ishlanadi:
Darsda yangi tovush birinchi marta ajratib, talaffuz qilingandan so’ng, odatda, shu tovush so’z boshida, o’rtasida, oxirida kelgan va aniq talaffuz qilinadigan so’zlar tanlanib, o’quvchilarga talaffuz qildiriladi.
3. So’zdagi tovushlarni sanash va ularning nomini tartibi bilan aytish, sonini aniqlash, bo’g’inlarni sanash: Olma - ol-ma; o-l-m-a - to’rtta tovush, to’rtta harf, ikki unli tovush, ikki undosh tovush, ikki bo’g’in .... Bu usuldan o’quv yilining ikkinchi yarmida va keyingi sinflarda ham fonetik tahlil sifatida foydalaniladi.
II. Sintez mashqlari. 1. Tovush tomonidan analiz qilingan so’zni yoki bo’g’inni talaffuz qilish va uni kesma harfdan tuzish (yozish); shu so’z yoki bo’g’inni o’qish.
2. O’rganilgan undosh yoki unli bilan (na, ni, no; la, lo, li; ay, uy, oy, ...) bo’g’in jadvalini tuzish; bo’g’in jadvalini kitobdan yoki matndan o’qish.
Xulosa qilganda, faqat analiz yoki faqatgina sintez bilan kifoyalanib bo’lmaydi, ammo tafakkur faoliyatining u yoki bu turi yetakchi o’rin tutadi. O’quvchi so’zni analiz qilish bilan uni leksik ma’noga ega bo’lgan bir butunlik sifatida anglaydi, bu - sintezdir; so’z sintez qilinganda uning tovush tarkibiga diqqat jalb etiladi, bu esa analizdir.
Umuman, savod o’rgatish jarayonida analitik-sintetik ishlar tizimi bolaning faol fikrlashini ta’minlaydi. Analitik-sintetik ishlar usuligina o’quvchilarning bilish mustaqilligini ta’minlaydi, “muammoli” vaziyat yaratadi, bolalarda kuzatuvchanlikni, ziyraklikni o’stiradi.
Tovush-harf tomonidan analiz va sintezni yengillashtiradigan foydali vositalar sifatida kesma harflar, kesma bo’g’inlar va harf terish taxtasi, shuningdek, abak (harakat qiladigan lentali ko’rgazma), kadoskop va shu kabi texnik vositalardan ham foydalaniladi; tovushlarning talaffuzi ustida ishlash uchun, shuningdek, yozib olingan ifodali nutqni (asosan, badiiy asarni) takroriy eshittirish uchun magnitafon yoki lingofon kabineti xizmat qiladi.
Boshlang’ich ta’limning asosiy vazifalaridan biri o’quvchilar nutqini o’stirishdir. Nutq o’stirish uch yo’nalishda: so’z ustida ishlash, so’z birikmasi va gap ustida ishlash, bog’lanishli nutq ustida ishlash orqali amalga oshirilishi metodik adabiyotlarda qayd etilgan.
Savod o’rgatish darslarida ham yuqoridagi uch yo’nalish bo’yicha ish olib boriladi.
Bolalar bu davrda, birinchidan, kiyim-kechak, ish qurollari, mevalar kabi predmetlar bilan tanishish yordamida so’zni ongli ishlatishga; ikkinchidan, turli sodda yig’iq gap (Bolalar yuguryaptilar), sodda yoyiq gap (Lola do’konga bordi), uyushiq bo’lakli gap (Anvar o’qidi va yozdi) tuzadilar. Ular bu ko’nikmalarni amaliy-mashqlar yordamida egallaydilar.
O’qish darslarida o’quvchilar rasmga qarab kichik hikoyacha tuzadilar, o’qituvchi savoliga to’liq javob berishga o’rganadilar. Alifbedagi rangli chiroyli rasmlar tevarak-atrofdagi predmet va hodisalar, hayvonlar va o’simliklarning nomini idrok etishga, bilib olishga yordam beradi.
Savod o’rgatish davrida o’quvchilarning talaffuzi ustida ishlash ham katta ahamiyat kasb etadi, chunki ko’pgina bolalar talaffuzida kamchiliklar bo’ladi: bir tovush o’rniga boshqasini (sh o’rniga s, r o’rniga l) talaffuz qiladilar, chuchuk til bilan duduqlanib gapiradilar, so’zdagi ayrim tovushni tushirib yoki boshqa bir tovush qo’shib talaffuz qiladilar, tovushlar o’rnini almashtirib qo’yadilar va hok. Bu kamchiliklarni bartaraf etish uchun logopedlar maxsus mashqlardan foydalanadilar. O’qituvchi ham har bir darsda va darsdan tashqari vaqtda o’quvchilar talaffuzini kuzatib borishi, kamchiliklarni aytib, to’g’ri talaffuz namunasini ko’rsatishi lozim.
Savod o’rgatish davridagi har bir dars jarayonida nutq o’stirish ishiga alohida e’tibor qaratish lozim. SHundagina o’quvchilarda adabiy nutq (shevalar ta’sirisiz, adabiy me’yor asosidagi nutq) ko’nikmalari shakllanadi va malakaga aylanadi. SHu o’rinda “Alifbe” (mualliflari: R. Safarova, M. Inoyatova, M. SHokirova, L. SHermamatova) darsligi asosida bir soatlik dars namunasini keltiramiz.