Psixometrik metodlar guruhi. Psixometriya-psixik voqea va hodisalarning miqdoriy tomonining nisbati va tavsiflarini o‘rganadi. Psixometriyaning muhim belgisi psixik jarayonlarning individual farqlar, empirik dalillar dinamikasini, parametrlarini o‘lchash texnologiyasining standartlashganligidir. Psixometriya ishonchliligi bilan ajralib turuvchi psixodiagnostik metodikalarini yaratishga yo‘naltirilgan. Psixometrik usullar tarkibiga psixologik test ham kiradi.
Test – psixologik diagnostika metod bo‘lib, u ma’lum ma’noga ega bo‘lgan standart savol va masalalardan iborat. Test intellektual va maxsus qobiliyatlarini, shaxsning psixofiziologik xususiyatlari va sifatlarining rivojlanishini, kasbiy layoqatni aniqlash, kasbiy ekspertiza va reabilitatsiya shuningdek, kasbiy maslahatlar jarayonida qo‘llaniladi.
Test o‘tkazish 3 bosqichga ajratiladi:
- test, savolnomasini tanlash (tadqiqot masalasi bilan belgilanadi);
- test o‘tkazishda etika normalariga rioya qilgan holda ko‘rsatmaga muvofiq tashkil etish;
- olingan ma’lumotlarni qayta ishlash va natijalarni o‘rganish.
Kasbiy psixologiyada maxsus qobiliyatlarning diagnostikasi va kasbiy yutuqlar muhim ahamiyat kasb etadi. An’anaviy intellektual testlar akademik qobiliyatlarni o‘rganishga qaratilgan. Vakant (bo‘sh) o‘rinlarga nomzodlarni kasbiy tanlovi uchun ishonchli usullarga bo‘lgan ehtiyoj psixologlarni maxsus qobiliyatlarni diagnostika qilish uchun test ishlab chiqildi. Ishlab chiqarishning turli sohalari ishchilarning oldiga o‘ziga xos talablarni qo‘yadi. Kasbiy tanlov, kasbiy maslahat, kadrlarni joylashuvi, vakant ishchi o‘rinlarini to‘ldirish maqsadida muhim kasbiy psixofiziologik xususiyatlar, psixologik sifatlar, kasbiy malakalarni aniqlash imkonini beruvchi testlar bo‘lishi lozim.
Maxsus qobiliyatlar testi asosan kasbiy tanlov uchun qo‘llaniladi. Ayniqsa, sensor qobiliyatlar diagnostikasi xususiyatlarini ko‘rib chiqamiz. Ko‘pgina, kasblar sensor sohaning xususan ko‘rish va eshitishning yuqori darajada rivojlanishini talab qiladi. Vizual qobiliyatlar testi muhim kasbiy belgilarga bog‘liq holda ko‘rish o‘tkirligini, ranglarni farqlay olish va ularning ichki xususiyatlari o‘rtasidagi bog‘liqliklar darajasini aniqlaydi. Eng keng tarqalgan ko‘z o‘tkirligini aniqlab beruvchi test - sinovda ishtirok etayotgan sinaluvchilarga bosma harflar tasvirlangan jadval ko‘rsatiladi va tadqiqotchi tomonidan ko‘rsatilayotgan harflarni aniqlash kerak bo‘ladi.
Eshitish qobiliyatlarini aniqlashda ovoz, signal ko‘p hollarda odam ovozi eshittiriladi. Chuqurroq o‘rganilishi maqsadida masalan, musiqiy eshitish qobiliyatini aniqlash testlari qo‘llaniladi.
Harakat qobiliyatlarini diagnostika qilish-harakat reaksiyalarini tasvirlash va koordinata tezligini aniqlash maqsadida qo‘llaniladi. Bunday hollarda biz sensomotor diagnostikasini nazarda tutishimiz kerak, chunki aksariyat hollarda bu ko‘rish orqali bajariladi. Chet elda barmoqlar mahoratini, buyumlarni o‘ynata olish tezligi, qo‘l mustahkamligi, reaksiya vaqti, qo‘l harakatining tezligini tahlil etuvchi testlar keng tarqalgan.
Motor testiga misol keltiramiz. Bunda tadqiqotda ishtirok etayotganlarning oldiga ikki seriyadan iborat bo‘lgan to‘g‘ri burchakli taxta qo‘yiladi. Har qaysi seriyasida 48 tadan teshik bo‘lib, seriyalardan biridagi teshiklar silindrli sterjenlar bilan to‘ldirilgan. Sinaluvchilarga imkon qadar sterjinlarni boshqa seriyalardagi teshiklarga olib o‘tish taklif qilinadi. Bunday tadqiqotda ishtirok etayotgan kishi ma’lum vaqt davomida ishning qancha qismini bajara olgani hisobga olinadi.
Shuningdek, ishchilar kasbiy tanlovida texnik qobiliyatlar testi muhim o‘rin egallaydi. Texnik qobiliyatlar deganda – murakkab intellektual qobiliyatlar tushuniladi. Bu qobiliyatlar o‘z ichiga keng tasavvurlar, texnik salohiyat va sensomotor malakalarini qamrab oladi. Texnik qobiliyatlar testi – injenerlar, mexaniklarni kasbiy tanlovida keng doirada qo‘llaniladi. Bu borada A.A.Beknet va Minnesotski testlari keng tarqalgan.
Maxsus qobiliyatlarning so‘nggi guruhiga A.Anastazi kasbiylashgan qobiliyatlarni kiritadi. Ularni o‘lchash uchun tuzilgan testlar faoliyatning ma’lum kasb sohasida shakllantiriladi. AQShda Minnisota shtatida konselariya testi keng ommalashgan bo‘lib, tartibni qabul qilish tezligi, ishbilarmonlik atamalar ro‘yxatini bilishi, eshitishi, xabardorlik, savodxonlik chiroyli nutqqa egalik kabi qobiliyatlarni aniqlab beradi.
Kasbiylashgan qobiliyatlarga shuningdek, badiiy, musiqaviy, tadqiqiy konstruktorlik, ishbilarmonlik, ijtimoiy va ijrochilik qobiliyatlari kiradi. Kasbiy yutuqlar testi faoliyatning ma’lum bir turini egallash darajasini o‘lchash yoki kasbiy tayyorgarlik natijalarini tashxis qilish maqsadida qo‘llaniladi.
Yutuqlar testi sinovdagilarning ma’lum bilim, ko‘nikma va malakalarini egallanganlik darajasini aniqlab beradi. Iqtidor testlaridan farqli ravishda ular maxsus ta’lim dasturlarining kasbiy tayyorgarlikning ma’lum samaradorligiga, kasb egallashga bo‘lgan ta’sirini o‘lchaydi. Boshqacha qilib aytganda, yutuqlar testi asosan individning ta’lim yakunidagi so‘nggi muvaffaqiyatlarini baholashga yo‘naltirilgan.
Insonlarda yutuqlar testining 3 ta shaklini qo‘llashadi: harakat testlari, yozma va og‘zaki testlar. Bu testlarda aniq kasbiy faoliyatda eng muhim bo‘lgan bir qator topshiriqlarni bajarish talab etiladi. Harakat testlari idoraviy kasblarda (texnik kotiba, mashinistka, stenografist va hokazolarda) keng qo‘llaniladi.
Yutuqlarning yozma testlari maxsus bilimlar ya’ni, savodxonlik uchun muhim bo‘lgan kasblarda ishlatiladi. Mazkur testlar asosiy tushunchalar, mavzulardagi sinfiy belgilar, texnik tavsiflar, formulalarni o‘rganilganligini o‘lchashga yo‘naltirgan. Standartlashgan baholash shakli ob’ektiv harakatga ega bo‘lib, guruhiy ishlashga imkon beradi va ko‘p vaqtni talab etmaydi.
Kasbiy yutuqlarning og‘zaki testlari – maxsus kasbiy bilimlarga tegishli bo‘lgan standartlashgan savollar seriyasidan iborat. Savollar kasbiy faoliyatni tahlil etish, malakali ishchilarni kuzatish va har qaysi savolning muhimliligi asosida tanlanadi. Yutuqlar testlarini kasbiy salohiyatni baholash maqsadida qo‘llanishi AQShda psixologlar attestatsiyasi tajribasidan ko‘rish mumkin. Yutuqlar testining keng tarqalishi ular mutaxassislarga, ishchi kasbiy tayyorgarlik darajasini aniqlash hamda shaxsda kasbiy tanlashni kuzatish va kasbiy yutuqlarni bashorat qilish imkonini beradi.