Kategoriya tushunchasi va uning ta’rifi. Yakkalik, xususiylik va umumiylik dialektikasi. Mohiyat va hodisa dialektikasi



Yüklə 258,5 Kb.
səhifə3/24
tarix28.08.2023
ölçüsü258,5 Kb.
#140859
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   24
Falsafa kategoriyalari

Idrok kategoriyalari tarkibiga Kant kategoriyalarning to‘rt turkumi: miqdor, sifat, nisbat va modallikni kiritadi. U inson idrokining aprior shakllari ob'ektiv va umumiy mazmunga ega bo‘ladi, buning natijasida tajriba umumiy va zaruriy ahamiyat kasb etadi, deb qayd etadi.
Aql kategoriyalarini Kant g‘oyalar deb nomlaydi. Kant fikriga ko‘ra, g‘oya mumkin bo‘lgan tajriba chegarasidan chetga chiquvchi tushunchadir. G‘oyalar bizning amaliy va bilish faoliyatimizni tartibga keltiruvchi va tizimga soluvchi sxemalarga aylanadi. Ular inson faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan tartibga solish funksiyasini bajaradi.
Sxema – bu bilish metodi va yo‘nalishi: u predmetni tushuntirmaydi, balki biz aqlga tayangan holda butun olamning xossalari va aloqalarini qanday aniqlashimiz lozimligini ko‘rsatadi. Tartibga soluvchi g‘oyalar sifatida Kant inson (jon) g‘oyasi, erkin iroda g‘oyasi va «narsa o‘zida» g‘oyasini qayd etadi. Xudo g‘oyasini esa, Kant bu g‘oya predmetini shak-shubhasiz qabul qilish (u o‘z holicha mavjudligini taxmin qilish) uchun hyech qanday asosga ega emasligimizni ta'kidlaydi. Bu g‘oya faqat bizga aql dunyodagi barcha aloqalarga oliy aql niyatining mahsuli sifatida qarashni amr etishini ko‘rsatadi. Boshqacha aytganda, aql bizga, Xudo borligi yoki yo‘qligidan qat'iy nazar, Xudo amalda mavjud, deb taxmin qilishni buyuradi. Ammo biz Xudoning borligini aniq bila olmaymiz, chunki Xudo g‘oyasi tajribada o‘z tasdig‘ini topmaydi. Xudo g‘oyasi nazariy aqlni emas, balki amaliy aqlni tartibga solish vositasi (regulyatori) sifatidagina ma'no kasb etadi: agar tabiatshunos bu g‘oyaga nafaqat regulyativ darajada, balki intuitiv darajada ham amal qilsa (ya'ni Xudo borligiga dalil-isbotsiz ham ishonchi komil bo‘lsa), bu yalqov aql sanaladi va u ilm bilan shug‘ullanmagani ma'qulroqdir. Kant aql g‘oyalarini notanqidiy idrok etishdan saqlanishga chaqiradi. Uning fikricha, aql g‘oyalari nafaqat konstruktiv, balki destruktiv rol o‘ynashi ham mumkin. Aql tajribada sinalgan bilim chegarasidan chetga chiqqan va faqat tajribada hyech qachon ko‘rilmaydigan sof tushunchalar bilan ish ko‘rgan har bir holda shunday bo‘ladi. Haqiqiyligi yoki soxtaligini biron-bir tajribada aniqlash mumkin bo‘lmagan fikrlar ham mavjud. Yuqorida ko‘rsatilgan sabablarga ko‘ra fan hisoblanmaydigan metafizika (Kant bo‘yicha- falsafa) tushunchalari ana shunday xususiyatga ega. Kant inson doim tajribada ko‘rilgan bilim chegarasidan chetga chiqish va tabiiy fanlarning imkoniyatlari cheklangan bilimlarini butun dunyoga nisbatan tatbiq etishga harakat qilishini ta'kidlaydi. Tajriba chegarasidan chetga chiqish bizni, masalan, dunyo vaqtda va makonda cheklangan – dunyo vaqtda va makonda cheksizdir, dunyoda hamma narsa maqsadga muvofiqdir – tabiatda maqsadga muvofiqlik mavjud emas, Xudo bor – Xudo yo‘q kabi qarama-qarshi fikrlarning ikkalasi ham haqqoniy ekanligini isbotlashimiz mumkin bo‘lgan aqlning yanglishishlariga olib keladi.
Barcha kategoriyalarni Kant ongimizning bilish ob'ektiga emas, balki sub'ektiga tegishli bo‘lgan aprior elementlari deb e'lon qiladi. Aprior elementlar deganda tug‘ma emas, balki individning rivojlanish jarayonida o‘zlashtirilgan elementlar tushuniladi.
Kant mulohazalarining mantig‘ini tushunish uchun bola nutq qobiliyatining rivojlanishini kuzatamiz. Bunda biz bola so‘zlarni ularning umumiy qabul qilingan ma'nosida emas, balki mazmunini o‘zi o‘zlashtirgan so‘zlar bilan o‘xshashlik bo‘yicha qo‘llashini albatta payqaymiz. «Oyi, mening umurtqam qaerda?», deb so‘raydi sizdan kichkintoy o‘g‘lingiz. – «Mana u», deb uning umurtqasini ko‘rsatasiz. «Yo‘q, - deb u bosh chayqaydi, va mening umurtqam mana bu yerda», deb qo‘li bilan o‘z qulog‘ini ko‘rsatadi. Bu misol bola tug‘ilgan paytdan boshlab tayyor nutq shakllarini o‘zlashtirishini tasdiqlaydi. Bolaning shaxsiy hayot tajribasi yangi so‘zlarni o‘zlashtirish izidan quvib yetolmagani bois, u mazkur so‘zlarga o‘zining tor tajribasidan olingan muayyan ma'noni yuklaydi. Avvaliga so‘z shakli, so‘ngra uning tajribadan olinadigan ma'nosi, avval so‘zlar, so‘ngra – tushuncha, so‘zlar esa odamlar o‘tgan avlodlari madaniyatining yutuqlaridan olinadi: «apriori» - so‘zma-so‘z tarjimada «avvalgidan» deganidir.
Kant mulohazalari zamirida bola tug‘ilgan paytdan boshlab shakllangan til, nutq, fikrlash mantiqi va madaniyatga duch keladi, degan fikr yotadi. Til, tayyor mantiqiy shakllar taassurotlar xaosini muayyan darajada tartibga solish, borliq manzarasiga oqilona tus berish uchun imkoniyat yaratadi. Kant fikriga ko‘ra, til hissiy taassurotlar tajribasidan oldin keladi, ilmiy va odatdagi bilishning zaruriy omili hisoblanadi. Mushohada yuritish va idrok etish shakllarining apriorligi g‘oyasi Kantga hissiy va oqilona bilishning birligini ko‘rsatish imkonini beradi: «sezgilar yordamida biz narsalarni bilamiz va faqat bilishgina bizga mushohada yuritish imkonini beradi; narsalarni biz aql bilan idrok etamiz va idrok etish natijasida tushunchalar yuzaga keladi»2. Aql mulohazalarining dalil-isboti «faqat shunga asoslanadiki, ular har qanday tajribaning intellektual shaklini tashkil etadi va shu sababli ularning qo‘llanilishi doim tajribada ko‘rsatilishi mumkin»3. Umuman olganda, tajribada tasdiqlanmagan har qanday tushuncha uydirmadan boshqa narsa emas.
Kant taklif qilgan falsafiy kategoriyalar tasnifi borliq va bilish kategoriyalarinigina o‘z ichiga olmaydi. Kant falsafasining tarkibiy qismini «Sof aqlning tanqidi» - «Amaliy aql tanqidi» va «Mulohaza yuritish qobiliyatining tanqidi» asarlari ham tashkil etadi. Bu asarlarda mutafakkir insonning ma'naviy qobiliyatlarini axloq va estetika kategoriyalarida tavsiflaydi. Shunday qilib, Kant shunday bir o‘ziga xos tizimni yaratadiki, u yevropa falsafiy tafakkuriga, ayniqsa nemis falsafasiga juda kuchli ta'sir ko‘rsatdi.
Kant g‘oyalari nemis idealizmining taniqli namoyandalari – Fixte, Gegel, Shelling asarlarida tanqidiy yondashuv bilan qayta ishlandi va rivojlantirildi.
I.Fixte falsafaga axloqiy qonun oliy tamoyili sanalgan mustaqil ontologik asos sifatidagi faoliyat kategoriyasini kiritdi. Shu sababli Fixte bilishni ham sub'ekt, ya'ni «Men» (uning terminologiyasida) faoliyatining mahsuli sifatida tushunadi. Bilish ob'ekti («Men emas»)ga kelsak, u inson «Meni»ning mahsuli sanalsa-da, lekin amalda mavjud bo‘lgan narsa emas. Shu o‘rinda, inson dunyoning yaratuvchisi ekan-da, degan tabiiy bir savol tug‘iladi. Fixte o‘z nuqtai nazarini shunday tushuntiradi: «Men emas», ya'ni tabiat «narsa o‘zida», ya'ni ob'ektiv borliqdir, lekin bizning «narsa o‘zida» haqidagi bilimimiz o‘z taassurotlarimizni anglab yetishimizdan boshqa narsa bo‘lmay, ularning manbai «narsa o‘zida» emas, balki aql-zakovatimiz harakati, ya'ni «sof Men»dir. Fixte mushohadaga asoslangan bilimning rolini inkor etmagan holda, tabiatni bilishni ham, insonning tabiat ustidan hukmronligi doirasini kengaytirishni ham ta'minlaydigan amaliyotni birinchi o‘ringa qo‘yadi. Faoliyat nazariy ish ko‘radigan biluvchi «Men» bilan «Men emas» dunyosi o‘rtasidagi bog‘lovchi bo‘g‘indir, shu sababli real borliqni faqat amaliy harakatlar yordamida bilish mumkin. Amalda inson tabiat predmetlarini o‘z ehtiyojlariga muvofiq o‘zgartiradi va shu bois o‘zgartirilgan tabiatni insonning o‘zi aniq aks etadi. Fixtening xizmati shundaki, u nazariy muomalaga, falsafiy kategoriyalar tizimiga amaliyot tushunchasini kiritadi va shu tariqa bilish nazariyasini ham, antropologiya, ya'ni inson haqidagi ta'limotni ham sezilarli darajada boyitadi.
Ma'lumki, G.Gegel falsafasining eng kuchli tomoni dialektika hisoblanadi. U dialektikani mantiq va bilish nazariyasi bilan tenglashtiradi. Gegel falsafasida dunyo mutlaq ruhning o‘z-o‘zini rivojlantirishi sifatida namoyon bo‘ladi. Mutlaq ruh bir vaqtning o‘zida ham substansiya (borliq asosi), ham sub'ekt, ya'ni o‘z rivojlanishi va bilishining manbaidir. Inkorni-inkor Gegel falsafasining asosiy tamoyili hisoblanadi. Ikki tomonlama inkor etish g‘oyasiga muvofiq mutlaq g‘oyaning rivojlanishi quyidagi uch bosqichdan o‘tadi: sof borliq (tezis), yo‘qlik (antitezis); mavjud borliq vujudga kelish va yo‘q bo‘lish sifatida, shakllanish (sintez). Bilishning uch bosqichi (triada) g‘oyasi Gegel falsafasini to‘la qamrab oladi. Nafaqat Gegelning butun falsafasi, balki u ilgari surgan fikrlarning har bir kichik hujayrasi ham uch qismga bo‘linadi («Mantiq fani», «Naturfalsafa», «Ruh falsafasi»). Masalan, mantiqni Gegel ilohiy aqlga mos keladigan sof aql sohasi sifatida ta'riflaydi. U uch qismdan iborat:
- borliq;
- mohiyat;
- tushuncha.
Mantiqning birinchi qismida Gegel borliq tushunchasini tavsiflovchi kategoriyalar: sifat, miqdor, me'yorga ta'rif beradi. Sifatni Gegel «borliq bilan ayniy bo‘lgan bevosita muayyanlik» deb ta'riflaydi. Ayni shu sababli predmet o‘z sifatini yo‘qotar ekan, o‘zining avvalgi mohiyatini ham yo‘qotadi4. Miqdor sifatning inkoridir: «Miqdor sof borliq bo‘lib, unda muayyanlik borliq bilan ayniy emas, balki yo‘qolgan yoki befarq tus oladi»5. Me'yor – predmet borlig‘ining, miqdor o‘zgarishlarining shunday bir chegarasiki, bunda predmet o‘zining aniq sifatini yo‘qotmaydi. Miqdor o‘zgarishlari me'yori chegarasidan o‘tar ekan, predmet yangi sifat holatiga o‘tadi.
Gegelning mohiyat haqidagi ta'limoti - bu harakatlantiruvchi kuch haqidagi ta'limotdir. Mohiyat ichki ziddiyat, qarama-qarshiliklarning ayniyligi. Ayniyatni Gegel tafovutni o‘z ichiga oluvchi nisbiy ayniyat sifatida tushunadi. Gegel ayniyatning matematik tipdagi (AA qabilidagi) formal-mantiqiy talqinini tanqid qiladi. Ayniyat haqidagi ta'limotda Gegel ayniyat, tafovut, qarama-qarshiliklar, ziddiyatlar kabi tushunchalarga ta'rif beradi. Gegel mohiyatni u yoki bu darajada tavsiflovchi ayrim boshqa kategoriyalar, chunonchi: asos, hodisa, mavjudlik, namoyon bo‘lish, munosabat, borliq, substansiyalilik, kauzallik, o‘zaro bog‘lanishni ham ko‘rib chiqadi. Gegel mohiyat refleksiya sifatida ham, ob'ektivlik omili sifatida ham tavsiflanishi mumkinligini qayd etadi. Mohiyat hodisadan ayri holda mavjud narsa emas, hodisa esa mohiyatni yashiruvchi narsa emas, u mohiyat bilan uzviydir. Mohiyat hodisada qanday namoyon bo‘lishini va hodisa mohiyatni qanday ifodalashini ko‘rish lozim. Mohiyat ko‘rinish (ro‘yo) va namoyon bo‘lishga ajratish mumkin bo‘lgan hodisaning tomoni hisoblanadi. Ammo ro‘yo ham hodisani nafaqat niqoblaydi, balki uni namoyon etadi.
Tushuncha haqidagi ta'limotda Gegel ob'ektiv tushunchani farqlaydi u narsalarning o‘zida yashaydi, uning mavjudligi tufayli narsalar mohiyat kasb etadi, narsani anglash uning tushunchasini anglash demakdir. Sub'ektiv tushuncha bizning borliqni bilish usulimiz sifatida ta'riflanadi. Umuman olganda Gegel mantig‘ida tushunchalar (kategoriyalar)ning rivojlanuvchi tizimi o‘z ifodasini topadi. Uning fikricha, tushunchalar dialektikasi narsalar dialektikasini belgilaydi. Har bir kategoriya muayyan mazmunga ega bo‘ladi va inkorni-inkor tamoyiliga ko‘ra hal qilinadigan o‘z qarama-qarshiligining mavjudligini nazarda tutadi. Natijada yanada umumiyroq tushunchalar tizimi vujudga keladi.
Gegel naturfalsafasida o‘zi yashagan davrning ma'lum bo‘lgan ilmiy tasavvurlarini bayon etadi. U tabiatni mutlaq ruhning o‘zgacha borlig‘i sifatida tavsiflaydi va uning vazifasi o‘z falsafasining uchinchi qismi – ruh falsafasida amalga oshadigan sintezga zamin yaratishdan iborat ekanligini qayd etadi. Gegel ta'riflab bergan tabiatni o‘rganishning asosiy tamoyillari hozirgi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q. Bular: antireduksionizm, tabiatni o‘rganishga nisbatan yaxlit yondashuv, tabiatning asosiy sohalari: mexanika, fizika, organikaning o‘ziga xos xususiyati kabilardir.
XX asrda biz yashayotgan sayyora qiyofasi butunlay o‘zgardi. Insonning ishlab chiqarish faoliyati insoniyatni dunyo miqyosidagi ekologik tanglikka giriftor etdi. Yutuqlar va ziddiyatlardan iborat og‘ir va mashaqqatli globallashuv jarayoni yuz berdi. Fanda, xususan astrofizikani, Olamning kelib chiqishini o‘rganish borasida erishilgan ajoyib yutuqlar, ehtimollik nazariyasini matematik asoslash, tizimlar umumiy nazariyasi, turli tipdagi tizimlarning qonuniyatlari haqidagi tasavvurlarning rivojlanishi va hokazolar dialektikaning kategoriyalar apparatini sezilarli darajada boyitdi va ularga aniqlik kiritdi. Dialektika kategoriyalari haqidagi tasavvurlarga sinergetika ham jiddiy tuzatishlar kiritmoqda. (Uning kategoriyalarini biz tegishli bo‘limlarda ko‘rib chiqamiz).
So‘nggi o‘n yilliklarda falsafiy tadqiqotlar doirasiga butunlay yangi soha – virtualistika kirib kelmoqda. Uning falsafiy maqomini va kategoriyalar tizimini belgilash shakllanish bosqichini boshdan kechirmoqda. Hozirgi zamonda falsafada ilmiy va noilmiy bilishning nisbati, bilish sub'ektining roli, falsafiy kategoriyalarning bilish jarayoni va odamlar amaliy faoliyatidagi rolini tushunishga nisbatan yondashuvlarda tub o‘zgarishlar yuz bermoqda. Bu falsafa o‘tmishning falsafiy tafakkuri erishgan yutuqlardan voz kechyapti, degan ma'noni anglatmaydi. O‘tmish mutafakkirlarining dunyoqarashi qanday qonunlarga muvofiq o‘zgargan bo‘lsa, hozirgi zamon falsafasi ham shu qonunlarga muvofiq o‘zgarmoqda va rivojlanmoqda: fan va amaliyot muqarrar tarzda bizning dunyo haqidagi tasavvurlarimizga tuzatishlarini kiritmoqda.

Yüklə 258,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   24




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin