1-kurs o\'zbek mutaxassislikka kirish majmua 2022-2023
O‘zbek tilining tovush tizimi va yozuvi. O‘zbek tili yozuvi fonematik yozuv hisoblanadi. 1993 yildan boshlab o‘zbek tili yozuvi uchun lotin grafikasi asos qilib olindi. Nutqning har bir tovushi uchun unga mos grafik shakl qabul qilindi.
O‘qituvchi savod o‘rgatish jarayonida o‘quvchilarni tovush va harflar bilan tanishtirishda, ularni sintezlab o‘qishga o‘rgatishda o‘zbek tilining fonetik xususiyatlarini hisobga olishi zarur.
Savod o‘rgatish analitik-sintetik tovush metodiga asosan olib boriladi. So‘z bo‘g‘inga bo‘linadi, bo‘g‘indan kerakli o‘rganilayotgan tovush ajratilib olinadi, tahlil qilinadi, o‘rganiladigan harf bilan sintezlanadi, shu asosda harf va butun o‘qish jarayoni o‘zlashtiriladi. Bunda o‘zbek tili grafik tizimi, tovushlarni yozuvda belgilash xususiyatlari hisobga olinadi. Savod o‘rgatishda o‘zbek tili grafik tizimining quyidagi xususiyatlarini hisobga olish muhim ahamiyatga ega:
1. Savod o‘rgatishda tovush-harf bilan tanishtirish unlilardan boshlanadi. Hozirgi o‘zbek tilida 6 ta unli fonema mavjud: a, o, i, e, u, o‘.
E harfi so‘z va bo‘g‘in boshida qo‘llanadi (ekin, echki, aeroplan), undoshdan keyin o‘rta keng lablanmagan unli tarzida o‘qiladi (kel, tez). Savod o‘rgatishda oldin so‘z boshida keladigan e, so‘ngra undoshdan keyin keladigan e tovush-harfi bilan tanishtiriladi.
O harfi o‘zbekcha, umumturkiy so‘zlarda quyi keng, lablangan o tovushini ifodalaydi, ruscha-baynalmilal so‘zlarda urg‘usiz bo‘g‘inda a tarzida (botanika), o‘ tovushi kabi (tonna), qisqa i tarzida (traktor) talaffuz qilinadi. Shuning uchun bu unli qatnashgan ruscha-baynalmilal so‘zlar savod o‘rgatish davridan so‘ng o‘quv jarayoniga kiritiladi.
A tovushi bahor, savol kabi so‘zlarda o kabi, muomala, munosabat kabi so‘zlarda i tovushiga yaqin talaffuz qilinadi, lekin a yoziladi.
U tovushi qovun, sovun kabi so‘zlarda i tovushiga yaqin talaffuz etilsa ham u yoziladi.
I tovushi bilan, sira kabi so‘zlarda talaffuz etilmasa ham yozuvda doimo saqlanadi.
2. O‘zbek tilida 24 ta undosh tovush bor. Yozuvda ular 23 ta harf bilan ifodalanadi: shulardan 3 tasi harf birikmasi, 21 tasi yakka harf bilan belgilanadi. Ular quyidagilar: b, d, f, g, h, j (jurnal), j (jo‘ja), k, l, m, n, p, q, r, s, t, v, x, y, z, g‘, sh, ch, ng. Undoshlarni o‘rgatishda ham muayyan tartibga, talabga asoslaniladi.
Alifbo davrida undosh tovushlar bilan tanishtirishni sonor, ya’ni ovozdor tovushlar bilan boshlash maqsadga muvofiqdir. Chunki sonor tovushlarni bo‘g‘in va so‘z tarkibidan ajratib olish oson. Lekin ng sonor undoshi n va g undosh tovushlari va harflari bilan tanishtirilgach, o‘rgatiladi. Harf birikmalarini o‘rgatishdagi qiyinchilik hisobga olingan holda, ularning alifbe davrining oxirgi bosqichida o‘rganilishi maqsadga muvofiqdir.