Fonetika vafonologiya grafika bilan bog‘liq holda savod o‘rgatish metodikasini ishlashda, elementar o‘qish ko‘nikmasini shakllantirishda asos bo‘lib xizmat qiladi. Fonetika va grafikaning fonetik tamoyil asosida yoziladigan imlo qoidalarini o‘zlashtirishda ham ahamiyati katta. Husnixat metodikasi grafika nazariyasiga tayanadi.
Leksikologiyani bilish maktabda lug‘at ishi (ma’nodosh va zid ma’noli so‘zlarga oid xilma-xil mashqlar o‘tkazish, ko‘p ma’noli so‘zlar, ularning ma’no bo‘yoqlari ustida ishlash) ni to‘g‘ri tashkil etish uchun juda muhimdir.
So‘zning tarkibi va so‘z yasalishini o‘rganishda metodikaga so‘z yasalishi, etimologiya, grammatika asos vazifasini bajaradi.
Morfologiya va sintaksis mavhum til hodisalarini shakllantirishni, til qurilishi haqida tushuncha hosil qilishni to‘g‘ri tashkil etishga, grammatik tushunchalardan to‘g‘ri yozuv masalalarini hal qilish uchun foydalanishga imkon beradi. Grammatikadan bilimi bo‘lmagan o‘quvchilarda imlo va punktuatsiyadan ko‘nikma va malakalarni shakllantirish mumkin emas.
O‘qish metodikasi adabiyot nazariyasiga asoslanadi.
Savol va topshiriqlar:
1. Ona tili o‘qitish metodikasining predmeti nimadan iborat?
2. Metodika fani qanday masalalarni o‘rganadi?
3. Ona tili o‘qitish metodikasining asosiy vazifalarini ta’riflab bering.
4. Boshlang‘ich sinflarda ona tili o‘qitish metodikasi fanining asosiy bo‘limlarini aytib bering.
5. Ona tili o‘qitish metodikasi fanining metodologik asoslarini izohlang.
6. Ona tili o‘qitish metodikasining boshqa fanlar bilan bog‘liqligini tushuntiring.
7. Ona tili o‘qitish metodikasining o‘ziga xos tamoyillari qaysilar? Ularga tavsif bering.
8. Nazariy metod nima va u qanday hollarda tatbiq etiladi?
9. Empirik metodni tushuntirib bering.
10. Eksperiment vazifasiga ko‘ra qanday hollarda o‘tkaziladi?
11. Ona tilini o‘qitish tarixiga tavsif bering. Kamchiliklarning sabablari nimada ekanligini ayting.
12. XX asrning 50-70-yillarida boshlang‘ich sinflarda ona tilini o‘qitishda qanday ijobiy siljishlar bo‘ldi?
13. Boshlang‘ich sinflarda ona tili mashg‘ulotlarining turi va mazmunini sharhlang.
14. Boshlang‘ich sinf ona tili dasturi tuzilishi va mazmunini tushuntiring.
15. Boshlang‘ich sinflar ona tili davlat ta’lim standarti va dasturiga o‘z munosabatingizni bildirib taqriz yozing.
16. «Ona tili boshlang‘ich sinflarda o‘quv predmeti» mavzusida qisqacha ma’ruza tayyorlang.