Kirish Issiqlik va massa almashinuv jarayonlari va qurilmalarin
1.2. Jarayonlar va qurilmalar tо‘g‘risidagi fanni yuzaga kelishi va rivojlanishi. «Issiqlik va massa almashinuv jarayonlari va qurilmalari» fanining kelib chiqish tarixi kimyo sanoatining rivojlanish bilan bog'liq. Kimyo sanoati XVIII asrning oxiri va XIX asrning boshlarida paydo bo'la boshladi va qisqa davr ichida rivojlangan mamlakatlarda xalq ho'jaligining eng muhim tarmoqlaridan biriga aylandi. Kimyo sanoatining rivojlanishi bilan ishlab chiqarish jarayonlarini umumlashtiruvchi va qurilmalar hisobini samarali hal etuvchi fanga ehtiyoj kuchaydi.
Rossiyada “Asosiy jarayonlar va qurilmalar” fani haqidagi fikrni birinchi bo'lib prof. V.A. Denisov 1828 yilda ilgari surdi. Keyinchalik D.I. Mendeleev kimyo texnologiyasi asosiy jarayonlarinining sinflarini tuzib chiqdi. XIX asrning 90-yillari oxirida prof. A.K. Krupskiy Peterburg texnologiya institutida yangi o'quv fani - “Asosiy jarayonlar va qurilmalarni hisoblash va loyihalash” bo'yicha ma'ruza o'qiy boshladi. Biroz keyinroq Moskva oliy texnika o'quv yurtlarida prof. I.A. Tishchenko shu yangi fan bo'yicha ma'ruzalar o'qiy boshladi. Shu sababli A.K. Krupskiy va I.A. Tishchenko “Asosiy jarayonlar va qurilmalar” fanining asoschilaridan hisoblanadi. 1935 yilda A.G. Kasatkin tomonidan “Kimyo texnologiyasining asosiy jarayon va qurilmalari” darsligi chop etildi. Bu kitob ushbu fanning rivojlanishida katta ahamiyatga ega bo'ldi.
So'nggi yillarda «Issiqlik va massa almashinuv jarayonlari va qurilmalari» fani uzluksiz rivojlanib kelmoqda. Ilmiy-texnikaviy taraqqiyot issiqlik va massa almashinuv qurilmalarini mukammallashtirishni talab qildi. Bu borada I.A. Tishenko, A.G. Kasatkin, M.A. Kichigin, A.V. Lkov, N.I. Gelperin, A.N. Planovskiy, G.K. Filonenko, P.G. Romankov, V.V. Kafarov, I.I. Chernobilskiy, G.N. Kostenko, P.D. Lebedev va A.M. Baklastovlarning ilmiy ishlari hamda ilmiy xodim va muhandis-texniklarning ko'p ilmiy ta'sislarida o'zlarining ko'rsatkichlari bilan chet el qurilmalaridan afzal bo'lgan ko'p miqdordagi unumdorli va iqtisodiyligi yuqori bo'lgan quritgichlar, rektifikatsiya, bug'latgich qurilmalari va issiqlik transformatorlari yaratildi.
O'zbekistonda ushbu fanning tarixi hozirgi Toshkent Davlat texnika universiteti qoshidagi “Issiqlik texnikasining nazariy asoslari” kafedrasi negizida professor D.N. Muhiddinov tashabbusi bilan 1986 yilda “Sanoat issiqlik energetikasi” kafedrasini ochilishi bilan bog'liq. Ushbu kafedraga prof. D.N. Muhiddinov rahbarlik qildi va “Issiqlik va massa almashinuv jarayonlari va qurilmalari” fani ikki qismga “Issiqlik va massa almashinuv jarayonlari va qurilmalari” va “Issiqlik va massa almashinuv qurilmalarini loyihalash, montaj va ekspluatasiya qilish” qismlariga bo'lingan holda prof. D.N. Muhiddinov tomonidan ma'ruzalar o'qildi. Keyinchalik ushbu fanni rivojlanishiga dosentlar A.U. Alimbaev, B.V. Yusupov, R.P Boboxodjaev, A.Sh. Shoislomov, A.A. Badalovlar, xususan Qarshi muhandislik iqtisodiyoti institutida professor G'.N. Uzoqov va dosent U.X. Ibragimovlarning hissalari beqiyosdir.
Hozirgi kunda yuqorida nomlari keltirilgan o'zbek olimlarining rahbarligi ostida issiqlik va massa almashinuv jarayonlari va qurilmalarida issiqlik va massa almashinuv jarayonini jadallashtirish, energetik tejamkor quritish qurilmalarini yaratish, mahsulotlarni saqlash va ishlov berishda issiqlik va massa almashinuv jarayonlarining nazariy asoslari, gradirnyalarda issiqlik va massa almashinuv jarayonini tadqiqot qilish, bug'latish va rektifikatsiya qurilmalarida energetik samaradorlikni oshirish va iqtisodiy samarador bo'lgan moslama va qurilmalarni yaratish va ishlab chiqish bo'yicha chuqur ilmiy izlanishlar olib borilmoqda.