Onere de Balzak (1799-1850). Fransuz adabiyotining buyuk siymolaridan Onere de Balzak ijodida tanqidiy realizm o’zining yuqori cho’qqisiga ko’tarildi. Balzak fransiyaning Tur shahrida tug’ildi. O’sha davr odatiga ko’ra, u ham Sorbonn universitetining huquq fakultetini tugatadi. Ammo adabiyotga qiziqib, bir yil mobaynida o’z ustida tinmay ishlaydi. Balzakning birinchi tragediyasi «Kromvel»
muvaffaqiyatsiz chiqadi. Lekin yozuvchi umidsizlikka tushmay, adabiyot bilan zo’r berib shug’ullanadi. U uzzu kun, 14-16 soatlab ishlab zamonasining ajoyib san’atkori darajasiga ko’tariladi.
Balzakning yozuvchi sifatida nomini shoyon qilgan va shuhrat keltirgan asari«SHuanlar» (1829) romanidir. SHundan keyin uning«Gobsek», «Sag’ri teri tilsimi», «Noma’lum navodir», «Polkovnik SHaber», «Evgeniya Grande», «Gorio ota»,
«Yo’qotilgan illyuziyalar», «Nyusenjinning savdo uyi», «Dehqonlar» va boshqa asarlari birin-ketin bosilib chiqa boshlaydi. Balzak o’z asarlarini«Inson komediyasi» degan umumiy nom ostida birlashtiradi va ularni quyidagi uch qismga bo’ladi: 1. «Xulqlar haqida etyudlar». 2. «Falsafiy etyudlar». 3. «Analitik etyudlar».
«Inson komediyasi» yozuvchi rejasi bo’yicha143 ta roman va novelladan tashkil topishi kerak edi. Lekin ulardan 96 tasi yozib tugallangan. «Inson komediyasi» yozilgan tarixiy davr chegarasi 1830-1848 yillarni qamrab oladi. O’zini«ijtimoiy fanlar doktori» deb hisoblagan Balzakning ulkan epopeyasi «Inson komediyasi»da ikki mingdan ortiq personaj qatnashadi. Agar fransuz jamiyati tarixchi bo’lsa, Balzak o’zini uning kotibi deb atadi. Bu bilan yozuvchi yirik epopeyasida Fransiya hayotining barcha tomonlarini yoritmoqchi ekanini aytadi. «Inson komediyasi»ning aksariyat asarlarida ko’tarilgan mavzu– pul, boylik, tilla bo’lib, bu boylik asar qahramonlari hayotida muhim rol o’ynaydi. Balzak asarlarida pul kishi xarakterini, ruhiyatini o’zgartiruvchi, yemiruvchi, izdan chiqaruvchi salbiy kuch sifatida ko’rsatiladi. U odamlar o’rtasidagi munosabatga putur yetkazadi, er-xotin orasidagi sevgi-muhabbatni, otalar bilan bolalar o’rtasidagi hurmat-izzatni belgilovchi qabih mezonga aylanadi. YOzuvchining«Gobsek», «Evgeniya Grande», «Gorio ota» hamda«Sag’ri teri tilsimi» kabi asarlarida pulning ana shunday buzg’unchilik rolini ko’ramiz. Aqcha dunyosi Balzak qahramonlarining ayrimlarini halokatga duchor qilsa, ayrimlarini muvaffaqiyatga olib keladi.
«Gobsek» hikoyasining qahramoni ham o’z hayotida oddiy haqiqatni, ya’ni puling qancha ko’p bo’lsa, sen shuncha qudratli bo’lasan, degan oddiy falsafani o’zlashtirib, yoshligidan aqcha, oltin to’playdi. Uning qarindosh-urug’lari ham, do’st- birodarlari ham yo’q. Gobsek juda eski-tuski kiyim kiyadi, xaroba kulbada yashaydi. U hayotning barcha noz-ne’matlaridan, huzur-halovatlaridan voz kechgan. CHol uchun dunyoning lazzati u to’plagan tillalarning jarangida, undan qarz so’rab yolvorgan kishilarning iltijolarida, Gobsek obrazi o’zida pul dunyosini mujassamlashtiradi. Pulga, boylikka xudoga sig’ingandek sajda qiladigan Gobsek aytadi: «Mening yoshimga yetsangiz, dunyoda baxt-saodatdan ham ishonchli, ketidan quvsa arziydigan faqat bir arsa borligini bilasiz. Bu… oltin. Insonning barcha kuchi oltinda mujassamlashgan… Hamma yerda kambag’allar bilan boylar it- mushuk. Demak, seni ezishlariga yo’l qo’ymay, o’zing boshqalarni ezganing tuzuk», - mana tilla jamg’arishni o’z hayotining ma’nosi qilib olgan mumsik Gobsekning hayot falsafasi. Sudxo’r Gobsek dunyoning rohat-farog’atini shuhratparastlikda, deb biladi:
«Shuhratparastlik! Bu narsa bizning qonimizda bor. Xo’sh, shuhratparastlikni nima qondirishi mumkin? Oltin! Haddi-hisobsiz oltin…Hamma narsa oltinda kurtak holatda. Turmushda u hamma narsani beradi».
Tilladan boshqa hech narsani tan olmaydigan bu chol: «Bordi-yu mendan qirol qarz bo’lganda va qarzini muddatida to’lamaganida, men uni boshqa qarzdorlardan oldinroq sudga berardim», - deydi qarzdorlaridan biriga. Sudxo’r Gobsek o’zi ko’zga ko’rinmas kichik odam bo’lsa-da, Parij ko’chalarida yurib, qarzdorlarga dahshat soladi. Yuzlab odamlarning, xilma-xil oilalarning fojiasiga jonli guvoh bo’ladi. Asta- sekin u o’z tillalarining quliga aylanib qoladi.
Shunday qilib, o’zi yemagan, ichmagan boyliklargina emas, hatto Gobsek hayotining o’zi ham ma’nisiz bo’lib qoladi. Bu narsa hikoyaning finalidagi sahnada yaqqol ko’zga tashlanadi. Balzakning xasislik, pul jamg’arish kasaliga mubtalo bo’lgan kishilar haqidagi ikkinchi yirik asari «Evgeniya Grande» romanidir(1833). Grande Somyur shahrining yirik savdogari. U bozorda mollarning qachon narxi oshishi-yu, qachon arzon bo’lishini juda yaxshi biladi. Qisqasi, Grande ishning ko’zini biladigan, faqat o’z foydasigagina ish qiladigan odam. Juda ham ziqna, xasis, pastkash bo’lishiga qaramay, puldorligi sababli, hamma unga xushomad qiladi. Grandening xasisligi shu darajadaki, hatto ishlari yurishmay qarzga botib qolgan o’z ukasiga ham yordam berishni istamaydi. Natijada og’ir ahvolda qolgan uka o’zini-o’zi o’ldirishga majbur bo’ladi. Grande ziqnalik qilib, Parijdan kelgan ukasining o’g’li SHarlga ham o’zini juda kambag’al qilib ko’rsatadi. Grande xonim bilan qizi yevgeniya yiqqan pullarini Sharlga yordam sifatida beradilar. SHarl bu pullar orqali savdo bilan shug’ullanib boylik orttirishi, so’ngra qaytib kelib, yevgeniyaga uylanishi lozim edi. Bundan xabar topgan Grande xotini va qiziga zulm o’tkazadi. Azob ichida qolgan Grande xonim vafot etadi. Grandening o’zi ham kasallanib yotib qoladi. Qizini chaqirib, oltinlarni yaxshi asra, hisobini narigi dunyoda olaman, deb vafot etadi. Savdo ishiga aralashib boyigach, SHarl ham o’zgaradi. Parijga qaytib kelgach, zodagon ayolga uylanadi.
«Inson komediyasi»ning muhim asarlaridan biri bo’lgan «Gorio ota»
romani(1834) otalar va bolalar o’rtasidagi munosabat masalalariga bag’ishlanadi. Yozuvchining bu asarida uning epopeyasida uchraydigan asosiy obrazlardan bir nechasi qatnashadi. Gorio ota uzoq yillar makaron fabrikasini boshqargan, katta boylik orttirgan. Uning xotini o’lib, ikki qizi qolgan. Bular Anastazi va Delfina. Ota qizlarini nihoyatda sevadi va ulardan sira ham pulni ayamaydi. Qizlar zodagonlar doirasida o’sadilar, katta qizi graf de Restoga, kichik qizi baron Nusingenga turmushga chiqadilar. Qizlar erga tekkanlaridan keyin ham otadan pul olib turadilar. Nihoyat, Gorio otaning pullari tugab, kuyovlari uyidan quviladi. SHundan keyin u Parij chekkasidagi Voke xonimning xarob mehmonxonasida istiqomat qila boshlaydi. Gorio ota hali ham qizlarini qaynoq otalik mehri bilan sevadi. Bu mehmonxonada kambag’al student Rastinyak, surgun bandasi Votren ham yashaydilar. Rastinyak Fransiyaning uzoq viloyatidan Parijga o’qish uchun kelgan. Ular kambag’allashib qolgan dvoryanlardir. Tez orada Rastinyak o’qishdan soviydi. Atrofdagi zodagonvachchalar singari kiyinishni, tuzukroq mavqega erishishni mo’ljallaydi. Uyiga xat yozib pul so’raydi. Uyidagilar Rastinyakka pul bilan birga xat ham yo’llab, Parijdan vikontessa de Bosean nomli ayol qarindoshlarini qidirib topishni so’raydilar. Rastinyak vikontessa de Boseanni axtarib topadi. U ayol bu yigitga yordam berishni va’da qiladi. Bu jamiyatda
durustroq joy egallab olish uchun juda ham berahm bo’lishni, odamlarni pochta aravasining otlari singari savalashni maslahat beradi. Votren esa Rastinyakning maqsadlarini sezib, unga millioner Tayferning merosxo’r o’g’lini o’ldirishni, so’ngra boy otaning barcha millionlari yolg’iz qizi Viktorinaga qolishini, Rastinyak bu qizga uylanib, millionlarning egasi bo’lib olishini aytadi. SHu ma’noda ham vikontessa de Bosean, ham Votren Rastinyakka bosqinchilik qonunlarini o’rgatuvchilardir. Keyinchalik Rastinyak Gorio otaning kichik qizi Delfina bilan tanishadi. O’rtadagi yaqinlik muhabbatga aylanadi. Gorio kasal bo’lib yotib qoladi. Qizlarini sog’inadi. Lekin shunda ham ular otani ko’rgani kelmaydilar. Vafot etgan Gorioni Rastinyak, uning o’rtog’i Byanshon va yana bir necha kishi dafn qiladilar. Ota bilan vidolashish uchun qizlari ham, kuyovlari ham kelmaydilar.
«Gorio ota» romani qahramonlarining hayoti favqulodda keskin voqealarga boy. Balzak qahramoni Gorio ota SHekspirning Qirol Lirini eslatadi. Qirol Lir ham butun davlatini qizlari Regana va Gonerilya o’rtasida taqsimlagan edi. Gorio ota ham bor pullarni ikkala qizlariga sarfladi. Ota qizlariga katta sep qilganidan, zodagon avlodidan kuyovlar topganidan xursand bo’lsa, kuyovlar makaronchining qizlariga uylanib, juda katta sepga ega bo’lganidan xursandlar. Gorio ota o’limi oldidan qizlaridan yuz o’giradi. Agar qizlar otani oyoq osti qilsalar, vatan halokatga uchraydi, deb xitob qiladi u.
Balzakning«Sag’ri teri tilsimi» romani(1831) o’sha davrdagi jamiyatning vahshiy qonunlari haqida fantastik tarzda hikoya qiladi. Bu roman ham yosh yigit taqdiriga bag’ishlangan. Asar qahramoni Rafael de Valenten isteedodli shoir va olim. U kecha-kunduz o’z ilmiy ishi ustida bosh qotiradi. Rafael o’z qobiliyati bilan butun Parijni zabt etmoqchi, shuhrat qozonmoqchi. Ammo uning ishlari yurishmaydi. Sevgan ayoli uning sevgisini rad qiladi. Butunlay tushkunlikka tushgan Rafael o’zini Sena daryosiga tashlab o’ldirmoqchi bo’ladi. Ammo bu ishni bir oz paysalga solib, eski nodir-noyob buyumlar saqlovchi chol antikvarning do’koniga kirib tomosha qiladi. Antikvar chol Rafaelga sirli sag’ri terisini beradi. Bu terining siri shundaki, uni olgan kishining barcha istaklari amalga oshadi. SHu bilan birga, terining hajmi ham qisqarib boradi. U qisqarib tugashi bilan teri egasining umri ham tugab, o’ladi.
Rafael qo’liga olgan sharq afsonalarida uchraydigan bu mo’’jizakor teriga quyidagi so’zlar tilsim kabi o’yib yozilgan edi. «Mening egam hamma narsaga ega bo’ladi, ammo uning joniga men ega bo’laman. Tangri irodasi shu. Istaganingni tila, ijobat bo’lg’ay. Lekin tilagingni hayotingga mosla. Joning– menda. Har bir tilagingdan umring kunlari kamaygani singari men ham kamayaman. Menga ega bo’lishni istaysanmi? Ol. Senga tangri yor bo’lg’ay. Omin!»
Qahramon vaqtincha bo’lsa-da, umrini cho’zish maqsadida bu shartga rozi bo’ladi. Rafael terini qo’liga olishi bilan ishlari yurishib ketadi. Do’stlari ko’payadi, jurnallar uning asarlarini bosishga kirishadi. Avval yigitning sevgisini rad qilgan zodagon ayol Feodora endi Rafael yoniga kelib, unga sevgi izhor qiladi. Ammo Rafael uning sevgisini rad qiladi. Tez orada yigit boyib ketadi. Uning barcha orzulari amalga oshmoqda. SHu bilan birga, terining hajmi ham tobora qisqarib bormoqda. Bir vaqtlar o’zini-o’zi o’ldirmoqchi bo’lgan Rafael endi, ajal ko’ziga ko’rinib turganda, bu
fikridan qaytadi. Barcha xohish-istaklarini to’xtatishga, odamlardan yiroqlashishga urinadi. Qahramon terining hajmini kengaytirish, hech bo’lmasa, uning qisqarishini to’xtatish maqsadida zamonasining mashhur olimlari bo’lgan fiziklarga, kimyogarlarga murojaat qiladi. Ammo hech kim sirli terining qisqarish jarayonini to’xtata olmaydi. Nihoyat, sag’ri terisi qisqarib tamom bo’ladi– Rafael o’ladi. Balzakning buyuk xizmati shundaki, u«Inson komediyasi» epopeyasiga kirgan ajoyib ijtimoiy romanlarni yaratdi. Bu asarlarida fransuz hayotining barcha tomonlarini qamrab oldi.
Adib yaratgan epopeya qahramonlarining hayoti muallif hayotining mazmuniga aylanib ketdi. Adabiyotning tolmas zahmatkashi Balzak umr bo’yi tinmay mehnat qildi, asar yozdi. Ammo bir umr qarzdor bo’lib yashadi. Uning buyuk asarlarini nashr etgan nashriyotchilar boyidilar. Buyuk yozuvchiga xiyonat qilmagan narsa uning qalami bo’ldi. Balzakning«Evgeniya Grande», «Gorio ota», «Sag’ri teri tilsimi» romanlari, «Gobsek» hikoyasi o’zbek tiliga tarjima qilindi va o’quvchilarning sevimli kitoblari bo’lib qoldi.
Dostları ilə paylaş: |