Magnezit - MgCO3. Sinonimi magneziyalli shpat. Singoniyasi trigonal. Simmetriya ko'rinishi ditrigonal. Kristallarining qiyofasi romboedr. Ko'pincha yirik donador agregatlar holida tarqalgan. Nurashdan hosil bo'lgan konlarda ko'pincha karam guliga o'xshaydigan, chinnisimon metakolloid massalar holida topilishi juda ham xarakterlidir. Rangi oq bo'lib, sarg'ish yoki kulrang tovlanadi. Ba'zan qordek oppoq bo'ladi. Shisha kabi yaltiraydi. Qattiqligi 4-4,5. Mo'rt. Ulanish tekisligi romboedr bo'yicha mukammal. Chinnisimon xillari chig'anoq simon yuzalar hosil qilib sinadi. Solishtirma og'irligi 2,9-3,1 g/sm3. O'tga chidamli materiallar tayyorlashda va tibbiyotda ishlatiladi.
Dolomit - CaMg[CO3]2 Singoniyasi trigonal. Topilgan kristallari romboedr shaklida. Ularning egar singari egilgan yonlari ham oz emas. Agregatlari odatda kristallangan, donador, ko'pincha g'ovak, kamdan-kam buyraksimon, katak-katak va boshqa shakllarda bo'ladi. Rangi kulrang, oq , ba'zan sarg'ish, och-qo'ngir, och-yashil tuslarga ega. Katod nurlarida sarg'ish qizil nur sochadi. Qattiqligi 3,5-4. Mo'rt. Ulanishi romboedr bo'yicha mukammal. Solishtirma og'irligi 2,8-2,9 g/sm3 Shishadek yaltiraydi. Dolomit keng tarqalgan jins hosil etuvchi mineraldir. U gidrotermal temir konlarida ham uchraydi.
Qurilish materiallari, metallurgiyada qo'shimcha va o'tga chidamli material sifatida, kimyo va boshqa sohalarda ishlatiladi.
Siderit - FeCO3. Grekcha sideros - temir (temir shpati) demakdir. Singoniyasi trigonal. Kristallari ko'pincha romboedr shaklga ega, uning yonlari egilgan, ba'zan tangachasimon yuza hosil qiladi, dolomit kabi egarsimon egilgan. Agregatlari ko'proq kristallangan, donador, yashirin kristallangan yoki radial shu'la kabi tuzilgan sharsimon konkretsiyalar (sferosiderit, oolit va boshqa shakllar) ham uchraydi. Rangi singan joylarida sarg'ish oq , kulrangroq , ba'zan qo'ng'irroq tusda. Shisha kabi yaltiraydi. Ulanishi mukammal. Mo'rt. Qattiqligi 3,6-4 solishtirma og'irligi 3,9 g/sm3.
Siderit gidrotermal, uncha yuqori bo'lmagan harorat, shuningdek, dengiz havzalarida yoki qo'ltiqlarida hosil bo’ladi. Siderit temir ma'danidir.