Kirish refleksologiya vyursburg maktabi psixologiyasi empirik psixologiyadagi idealizm



Yüklə 23,93 Kb.
səhifə1/2
tarix16.12.2023
ölçüsü23,93 Kb.
#183297
  1   2
Bixeviorizm (hulk psixologiyaSI)


BIXEVIORIZM NAZARIYASI (HULK PSIXOLOGIYaSI)


Reja:

  1. KIRISH

  2. REFLEKSOLOGIYa

  3. VYuRSBURG MAKTABI PSIXOLOGIYaSI

  4. EMPIRIK PSIXOLOGIYADAGI IDEALIZM

Kirish
XIX asrning oxirida bir qancha amerika psixolog va fiziologlari, jumladan, E. Torndayk (1874-1949 y.) Dj Uotson (1878-1958 y.), K. Leshli (1890-1958 y.), A. Veys (1879- 1931 y.) va boshqalar empirik psixologiyani tanqid qilib chiqdilar. Ular, avvalo, bu psixologiya foydalanib kelayotgan o‘z-o‘zini ko’zatish metodi (sub’ektiv metod) haqiqiy ilmiy bilimlar bera olmaydi, chunki uning xulosalari sub’ektiv xarakterga egadir. Haqiqiy ilmiy bilimlar ob’ektiv va aniq bo‘lmog‘i kerak. Psixologiya filosofiyaga emas, balki hozirgi zamon tabiatshunosligiga tayanmog‘i va boshqa tabiat fanlari, masalan, fizika, ximiya, biologiya singari, tashqi tajriba dalillari asosida ko‘rilmog‘i kerak. Shuning uchun ham psixologiya o‘z-o‘zini ko’zatish metodini uloqtirib tashlashi va faqat ob’ektiv (tashqi) metoddan foydalanishi kerak, ya’ni psixik hayotni har kim o‘z-o‘zida emas, balki boshqa kishilarda hayvonlarda tashqi ko’zatish va eksperiment yo‘li bilan o‘rganmog‘i kerak. Psixologiya faqat ob’ektiv metod qamrab oladigan narsalarnigina, ya’ni tashqi sezgi organlari yordamida idrok qilinadigan narsalarnigina o‘rganmog‘i kerak.


Psixik hayotni ob’ektiv metod bilan o‘rganishda, aftidan, ongning sub’ektiv hodisalari, inson shaxsining ichki psixik kechirmalari (ya’ni empirik psixologiya o‘rganishi lozim deb hisoblagan hodisalar) qamrab olinmay qolsa kerak. Ob’ektiv metod bilan faqat organizmning harakatlarini, ya’ni mimika, imo-ishoralar, nutq va boshqalarnigina o‘rganish mumkin. Amerika psixologiyasidagi bu oqimning vakillari ham psixolog organizmning faqat tashqi ifodali harakatlarini, inson va hayvon hulkinigina o‘rganmog‘i kerak deb da’vo qildilar.
Uotson shuning uchun ham o‘zining psixologiya sohasidagi asosiy asarini «Psixologiya hulq haqidagi fan» deb nomladi. «Bixevior» degan so‘z inglizcha hulq, demakdir. Amerika psixologiyasidagi bu yo‘nalish shuning uchun ham «bixeviorizm» («Hulq psixologiyasi») deb ataladi.
Organizmning turli-tuman harakatlarini va umuman hayvonlar hamda inson hulqini keltirib chiqaradigan sabablar nimadan iborat degan savolning tug‘ilishi tabiiydir.
Biz odatda, organizmning harakatlari - mimika, imo-ishoralar, nutq ichki ruhiy kechirishlarning faqatgina tashqi zohiri deb bilamiz. An’anaviy - ratsionalistik va empirik - psixologiya ham bizning harakatlarimizning ko‘pchiligi ichki psixik kechiriklarning faqat tashqi ifodasidir deb ta’kidlagan.
Lekin bixevioristlar inson xulkining bunday tushuntirishini ilmiy emas deb rad qildilar. Ularnnng da’vosiga ko‘ra, fizik va qonuniyatlariga bo‘ysunmaydigan fiziologik jarayonlar inson hulqiga ta’sir qiladigan va uni boshqaradigan hech qanday alohida psixik faoliyat yoki ong faoliyatining bo‘lishi mumkin emas.
Psixika va ong haqida Uotson: «Agar bixeviorizm fanda qandaydir ko‘zga ko‘rinarli o‘rin olinishini hohlasa (loaqal aniq, ob’ektiv metod sifatida bo‘lsa ham), u «ong» tushunchasini mutlaqo rad qilmog‘i kerak. Ong va uning tarkibiy elementlari - bularning barisi quruq gapdan iborat» deb aytgan.
Shuning bilan birga bixevioristlar psixologiyaning oddiy terminologiyasini ham uloqtirib tashlaydilar. O‘sha Uotsonning o‘zi yana shunday deydi: «sezgi, idrok, diqqat, iroda, xayol kabi tushunchalardan, biror kimsa to‘liq tushungan holda foydalana olishini men mutlaqo bilmayman va unga ishonmayman ham».
Hayvon va insonning har bir harakati tashqi qo‘zg‘ovchilarning ta’siri tufayli ro‘y beradi. Inson va hayvonning hatti-harakatlari tashqi ta’sirotlarga berilgan reaksiyalardir, xolos. Bu reaksiyalar tug‘ma va turmush jarayonida hosil qilingan bo‘lishi mumkin. Tug‘ma reaksiyalarga reflektor harakatlar (instinktlar) kiradi. Hosil qilingan reaksiyalarga esa har xil malakalar kiradi. Masalan, barcha irodaviy harakatlar nutq va boshqa murakkab hulq formalari shunday harakatlardir.
Bixeviorizmning asoschisi Torndayk ko’zatish metodi va mahsus eksperimentlar o‘tkazish bilan hayvonlarda (asosan, kalamushlarda) malaka hosil qilish jarayonini o‘rgangan. Torndayk hayvonlar psixikasini o‘rganishdagi xuddi shu ob’ektiv metodlarni inson psixik hayotini o‘rganishga ham ko‘chirish (tatbiq qilish) mumkin deb hisobladi. Inson hulqi reaksiyalar yig‘indisi sifatida bitta emas, balki butun bir qo‘zg‘ovchilar sistemasi bilan vujudga keltiriladi. Organizmning javob harakatlari yig‘indisini (hulqini) ro‘yobga chiqaruvchi barcha qo‘zg‘ovchilarning murakkab yig‘indisi bixevioristlar situatsiya (tashqi sharoit) deb ataydilar. Bixeviorizm nuqtai-nazaridan, inson xulki ong faoliyati bilan emas, balki tashqi qo‘zg‘ovchilarning yig‘indisini bo‘lgan situatsiya bilan belgilanadi. Iisonning psixik hayoti butunlay organizm reaksiyalarining yig‘indisiga tenglashtirib qo‘yiladi. Psixik hodisalar, psixik jarayonlar tushunchalari o‘rniga ham an’anaviy psixologik tushunchalar hisoblangan sezgi, idrok, iroda, xayol, tafakkur kabi tushunchalar o‘rniga ham har xil nom olgan reaksiyalar ishlatiladi.
Bixeviorizmning nuqtai-nazaricha, psixologiyaning vazifasi avvalo organizm har xil qo‘zg‘ovchilarni qabul qilib olishga xizmat qiluvchi va shu qo‘zg‘ovchiga javob beruvchi apparat va mexanizmlarni o‘rganishdan iboratdir. Shuning bilan birga psixologiya muayyan reaksiya tashqi muhitning inson organizmiga ta’sir qilib turgan qanday predmet va hodisalari bilan ro‘yobga chiqarilishini ham o‘rganmog‘i kerak. Binobarin, psixologiya inson reaksiyalarini faqat tasvirlabgina qolmasdan, balki qo‘zg‘ovchi bilan organizmning javob harakati o‘rtasidagi qonuniy bog‘lanish va munosabatlarni ham qidirib topishi va aniqlashi, hulqning situatsiyaga bog‘liqligini belgilab berishi lozim. Bixevioristlarning fikricha, tashqi qo‘zg‘ovchi bilan inson hulqi o‘rtasida qonuniy, faqat mexanik bog‘lanish bor: qo‘zg‘ovchi (situatsiya) qanchalik kuchli va murakkab bo‘lsa, reaksiya (hulq) shunchalik kuchli va murakkab bo‘ladi va aksincha, qo‘zg‘ovchi (situatsiya) qanchalik kuchsiz va oddiy bo‘lsa, reaksiya (hulq) shunchalik kuchsiz va oddiy bo‘ladi. Demak, bixeviorizmnnng asosiy qoidalaridan biri shuki, inson hulqi hamma vaqt muhit bilan qat’iy mu vozanatda bo‘ladi.
Bixevioristlarning ta’limotiga ko‘ra, inson shaxsi faqat organizm yoki aniqroq qilib aytganda, eng murakkab mashina bo‘lib, u o‘zining barcha (elementar yoki murakkab) harakatlari bilan muhitning shart-sharoitlari va o‘z organizmining strukturasi bilan qonuniy ravishda belgilangan (determinlangan)dir.
Insonning butun faoliyati, uning butun hulqi harakatlardan iborat bo‘lgan fizik, mexanik protsess deb qaraladi: insonniig psixik hayoti nerv sistemasida, mushak va ichki sekretsiya bezlarida ro‘y beradigan harakat va o‘zgarishlarga tenglashtirib qo‘yiladi.
Shuning uchun ham, agar empirik (sub’ektiv) psixologiya ruhning O‘ZIni o‘ranishdan voz kechganligi sababli uni ba’zan «ruhsiz psixologiya» deb atagan bo‘lsalar, ob’ektiv psixologiyani esa «Psixikasiz psixologiya» deb atadilar.
Bixevioristlarning fikricha, psixologiya ham nazariy fan sifatida fizika singari, aniq fan bo‘lmog‘i kerak. Texnika sohasida fizika qanchalik ahamiyatga ega bo‘lsa, ijtimoiy to’zum sohasida psixologiya ham shunchalik ahamiyatga ega bo‘lmog‘i kerak. Uotsonning fikricha, psixologiyaning oldiga shaxs va muhitni shunday tashkil qilish vazifasi qo‘yilmog‘i kerakki, bu bilan jamiyatda oqilona va baxtli hayot kechirish uchun zaruriy shart-sharoitlar yaratilgan bo‘lsin». Bixeviorizm nuqtai-nazaricha, xususan psixologiyaning oxirgi vazifalari insonning yoki butun bir jamiyat (sinf) ning zaruriy hulqini tashkil qilishdan iboratdir. Psixologiya u yoki bu odam, butun bir jamiyat har qanday sharoitlarda ham qanday hatti-harakat qilishini oldindan mumkin qadar aniq va ilmiy jihatdan asoslab aytib bermog‘i kerak.
Bixeviorizm nuqtai nazaricha, ta’lim va tarbiya tarbiyalanuvchilar va o‘quvchilar ongiga tarbiyachi yoki o‘qituvchi tomonidan ta’sir qilishdan emas, balki tegishli situatsiya (sharoit) tashkil qilishdan iboratdir.
Bu situatsiya (qo‘zg‘ovchilar va stimullar YIG‘INDISI) organizmga bevosita ta’sir qilib, inson hulqini kerakli yo‘nalishda shakllantirmog‘i kerak. Ta’lim va tarbiya jarayonining o‘zi esa, kerakli malakalar (ichki va tashqi harakatlar) hosil qilishga tenglashtirib qo‘yiladi, boshqacha qilib aytganda, ta’lim va tarbiya protsesssi pressirovkadan iborat qilib qo‘yiladi.
REFLEKSOLOGIYa
Amerika bixeviorizmi bilan deyarli bir vaqtda Rossiyada ham psixologiyada alohida ob’ektiv yo'nalish paydo bo'lib, uning tashkilotchisi professor V.M.Bexterev(1857-1927 y.) edi.
Bexterov ham, bixevioristlar singari, o‘z-o‘zini ko’zatish metodini va empirik psixologiyani sub’ektiv hamda ilmiy emas deb qattiq tanqid qildi. U ilmiy psixologiya tashqi ko’zatish va eksperimentga asoslanmog'i kerak, deb hisobladi. Sirtdan turib psixika - ongni ko’zatish mumkin bo‘lmaganligi uchun, psixologiya oddiy (tug‘ma) va murakkab (xosil qilingan) reflekslarga asoslangan tashqi reaksiyalarni o‘rganmog‘i kerak. Bu nomlar Pavlovcha shartsiz va shartli reflekslarga to‘g‘ri keladi.
V. M. Bexterov o‘z ta’limotini ob’ektiv psixologiya deb, keyinchalik esa refleksologiya deb atadi. Bexterov inson shaxsining barcha murakkab harakatlarini mashinaga o‘xshagan mexanik faoliyat, reflekslar zanjiri va qo‘shilishi deb hisoblaydi. Masalan, Bexterovning fikricha, inson ongining ijod singari murakkab harakatlari ham ma’lum bir maqsadni ko‘zlagan, bir- birlari bilan ulangan reflekslar yig‘indisidir, maqsad esa o‘zining o ‘tmishdagi tajribasidan yoki boshqalarning tajribasidan olinadi. Bixeviorizmdagi singari, refleksologiyada ham, hissiyot, diqqat, xotira, tafakkur, iroda kabi barcha an’anaviy psixologik tushunchalar shartsiz (sodda) reflekslar va shartli (murakkab) reflekslar haqidagi, markazlashish, reproduktiv, orientirovka reflekslari haqidagi, nutq reflekslari haqidagi ta’limotlar bilan almashtiriladi. Psixologik terminlar biologiya, fizika va mexanika sohasidagi terminlar bilan almashtirilgan edi, masalan, irradiatsiya, konsentratsiya, differensiatsiya, tormozlanish, tormozlanishning yozilishi va boshqalar. Bexterovning psixik faoliyati haqidagi ta’limoti, aslida, amerika bixevioristlarining ta’limotini takrorlagan edi.
VYuRSBURG MAKTABI PSIXOLOGIYaSI
XX asrning boshlarida Germaniyada Vyursburg maktab psixologiyasi deb atalgan alohida yo‘nalish paydo bo‘ldi. Bu yo‘nalishning vakillari O. Kyulpe (1862-1915 y.), K. Byuller (1879- 1922 y.), A. Messer (1837-1937 y.), Ax Narsis (1871-1946 y.) va boshqalardir.
Ular assotsiativ psixologiyani tanqid qilib chiqdilar va tekshiriluvchilariing o‘z-o‘zini ko’zatishlariga asoslangan mahsus eksperimentlar o‘tkazish yo‘li bilan, yuksak psixik jarayonlarni, asosan, tafakkurni sodda psixik elementlarga sezgilar va tasavvurlarga bo‘lib qo‘yish bu murakkab psixik jarayonlarni shu elementlardan tarkib topadilar deb ta’lim berish mumkin emasligini isbotlashga intildilar. Bu eksperimentlarning tashabbuskorlari va uyushtiruvchilari bo‘lgan Kyulpe, Messer, Byuller va boshqalar psixologik eksperimentlarini o‘zlari ustida sinab ko‘rganlar.
Ular o‘z eksperimentlarining yakunlarini analiz qilib, tafakkur yuritish aniq o‘lchash mumkin bo‘lgan vaqtni talab qiladi, deb ta’kidlashga intildilar. Biroq, tafakkur jarayonining mazmunini esa «ilintirib olish» ham mumkin emas ekan, bu protsessning tarkibidagi sezgilarni, tasavvurlarni, so‘zlarni va boshqa yaqqol elementlarni «ilintirib olish» mumkin emas ekan. Tafakkur ham, sezgi singari, birlamchi hodisa ekan: u o‘z tabiatiga ega bo‘lib, tajribaga bog‘liq emas degan xulosaga keldilar.
Vyursburg maktabining vakillari tafakkur funksiyasining birlamchiligi va o‘ziga xosligi haqidagi ta’limoti bilan, tafakkur ruhning alohida qobiliyatidir degan tafakkur hukmidagi sxolastik ta’limotni, ruhni alohida moddiy bo‘lmagan mohiyatdir deb ta’riflovchi metafizik ta’limotni faqat boshqa iboralar bilan ifodalagan holda qaytadan takrorladilar, xolos.
Vyursburg maktabining xulosalari psixologiyadagi o‘ta ketgan idealizmning vakillari, xususan, professor Chelpanov tomonidan yuqori baholandi. Chelpanov bu xulosalardan insonda moddiy bo‘lmagan alohida substansiya sifatidagn ruhning borligini isbotlovchi eng kuchli dalillardan biri sifatida foydalandi.
Vyursburg maktabi psixologlarining asarlari va ularning tafakkurning mohiyati haqidagi xulosalari chet el psixologiyasida, ayniqsa sovet psixologiyasida qattiq. tanqid qilindi. Vyursburg maktabi psixologlarining asarlari psixologiyada idealizmni mustahkamlashga qaratilgan muvaffaqiyatsiz urinishlardan biridir.
Vyursburg maktabi psixologlari qarashlarining ilmiy jihatdan asossizligi, bixevioristlar va refleksologlarning qarashlari singari, sovet psixologlarining tanqidiy asarlarida to‘la-to‘kis isbotlangan.
Nazariyotchilar hayvon psixikasi va inson ongining genetik birligi hamda sifat jihatidan farqi haqidagi, inson ongining mehnatda paydo bo‘lganligi va tarixiy taraqqiyoti haqidagi ta’limotni asoslab berib, psixika va ongni tushunishdagi idealistik va mexanistik qarashlarni mukammal tanqid qilindi. Dialektik materializm namoyondalari inson ongining taraqqiyotida ijtimoiy-tarixiy hayot formalarining ahamiyatini ko‘rsatdilar va tarixda inson ongining faolligini isbotlab berdilar. Metafizik - psixolog ruh nima degan narsa haqida mulohaza yuritgan. Bunda usulning o‘ziyoq behuda edi. Xususan, psixik jarayonlarni tushuntirmasdan turib, ruh haqida mulohaza yuritish mumkin emas: bu yerda progress xuddi shundan iborat bo‘lmog‘i kerakki, ruh nima, degan masalalar haqidagi umumiy nazariya va falsafiy uydirmalarni uloqtirib tashlash va ma’lum psixik jarayonlarni xarakterlaydigan faktlarni o‘rganishni ilmiy zamirida ko‘ra bilishga erishishdir.
XIX va XX asrdagi psixologiya - bu asosan empirik psixologiyadir. Psixologiyada XVII asrda paydo bo‘lgan bu yo‘nalish XIX asrda va XX asrning boshlarida o‘z taraqqiyotining eng yuqori cho‘qqisiga erishdi. Uning yutuqlariga erishuviga sabab eksperiment metodining tadbiq qilinishi edi. Uning predmet doirasi juda kengaydi. Yuqorida aytilganday, psixologiya fanining mahsus o‘z vazifalari va metodlariga ega bo‘lgan bir qancha shahobchalari maydonga keldi.
Empirik psixologiya bir butun narsa emas edi. Bu psixologiyaning ichida bir qancha yo‘nalish va oqimlar mavjud edi. Psixologiya tarixida bulardan ancha mashhur va muhimlari assotsianizm, intellektualizm, volyuntarizm, geshtal psixologiya va freydizmlar edi. Assotsiativ psixologiya haqida yuqorida gapirildi.
Intellektual psixologiya - bu psixikaning asosiy elementi va psixologik faoliyatning asosiy funksiyasi aqlli intellektdir deb hisoblaydigan yo‘nalish. Intellektualistlarnnng fikricha, turli- tuman psixik jarayonlar. shu jumladan emotsional va iroda jarayonlari ham sezgi, tasavvur va tushunchalarning qo‘shilishidir deb tushuntiriladi. Assotsiativ psixologiyaning vakillari intellektualistlarga kiradi, chunki ular ham birlamchi va asosiy element tasavvurlardir deb hisoblaganlar. Psixologiya va pedagogikada intellektualizmniig eng ko‘zga ko‘ringan vakili Gerbart hisoblanadi.
Volyuntaristik psixologiya, intellektualizmdan farq qilib, psixik hayotning asosi sifatida shaxsning irodasini, aktivlanishini, faolligini ilgari suradi. Barcha murakkab psixik jarayonlar, xususan, tafakkur ham insonning irodaviy faolligi deb talqin qilingan.
Volyuntaristik psixologiyaning vakillari G.Lipps (1889-1941y.) G. Myunsterberg (1863-1916 y.) edilar Vilgelm Vundt ham, garchand irodaning asosi hislardir deb hisoblagan bo‘lsa ham, volyuntarist edi.
Freydizm - bu o‘z nomini avstriya nevropatologi va psixologi Zigmund Freyd (1856-1939 i.) nomidan olgan bo‘lib, psixologiya va nevropatologiyadagi alohida yo ‘nalishdir.
Freyd ta’limotiga ko‘ra, shaxs psixologik hayotiniig asosi jinsiy lazzat olishga qaratilgan tug‘ma, ongsiz mayl (instinkt)dir. Lekin tarixan tarkib topgan odat, ahloqiy tamoyillar tufayli, ijtimoiy «senzura»ning mavjudligi tufayli bu mayl to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘siladi. Shuning uchun ham ba’zi kishilarda bu ongsiz tabiiy mayl bilan anglab tug‘ilgan vaziyat o‘rtasida ichki ruhiy konflikt (to‘qnashuv) paydo bo‘ladi. Bu to‘qnashuvlar ba’zan barqaror asab kasalligiga (nevrozga) olib keladi.
Kishilik jamiyatida ko‘pchilik kishilarning hayoti va taraqqiyoti jarayonida bu tabiiy ongsiz mayl energiyasi mehnat faoliyatiga aqliy va ijodiy faoliyatga qaratiladi va sarf etiladi. Hayotning yuksak sohasiga energiyaning shu tariqa ko‘tarilishini sublimatsiya deb ataladi. Freydning ayrim shogirdlari uning ta’limotiga ba’zi bir o‘zgarishlar kiritganlar. Masalan, Adolf Adler (1870-1937 y.)fikricha, seksual (jinsiy) mayl emas, psixik hayotning asosini, balki ustunlikka, hokimiyatga, boshqa kishilar ustidan hukmronlik qilishga bo‘lgan tabiiy mayl tashkil qiladi.
Geshtalt- psixologiya, yoki boshqachasiga struktura, yaxlit psixologiya. Bu yo‘nalishning asosiy vakillari X.Erenfels (1859-1932 y.), V.Keller (1887 y.), K. Kofka(1886-1941 y.) lardir. Bu psixologlar barcha murakkab psixik jarayonlar elementar hodisalardan - sezgilardan tarkib topadi deb hisoblagan assotsiativ psixologiyani tanqid qilib chiqdilar. Geshtalt psixologiyaning vakillari bu ta’limotga qarama-qarshi o‘laroq, har bir psixik hodisa yaxlit obrazdir, yaxlit struktura - Geshtaltdir degan nazariyani ilgari surdilar. Har bir psixik hodisaning mazmuni uning tarkibiga kirgan qism va elementlarning yig‘indisiga nisabatan mazmundorroq hamda boyroqdir. Ayrim element va qismlarning yig‘indisi butunning mazmunini belgilamaydi, balki, aksincha, butun (yaxlit struktura) qism va elementlarning xususiyatlarini» belgilab beradi.
Bu psixik strukturaning yaxlitligi nazariyasi, avvalo, idrok faktlari asosida ishlab chiqilgan edi. Idrok - bu sezgilarniig yig‘indisi emas, balki yaxlit obrazdir, deb ta’kidlanadi. Psixik mahsullar va strukturalarning yaxlitligi haqidagi bu ta’limot keyinchalik xotira, tafakkur va iroda hodisalariga ham tatbiq qilingan edi.
Bu alohida-alohida yo‘nalish va oqimlar, bir qancha umumiy xususiyatga ega bo‘lgan holda (ayniqsa eng muhim momentlarda) «Empirik psixologiya» degan umumiy nom ostida birlashdilar.
Psixologiyaning predmeti va metodlarini bir xilda tushunish bu barcha oqimlariing birlashuviga sababchi bo ‘ldi.
«Empiriklar» psixologiyani ruh haqidagi fan deb emas, «ruhiy hodisalar», yoki «ong hodisalari», yoki bo‘lmasa faqatgina ong haqidagi fandir, deb ta’rifladilar. Bu «ruhsiz» psixologiyadir (N.N.Lange). «Hech qanday metafizikasiz psixologiyadir» (A.I.Vvedenskiy).
Empirik psixologiyaning tarixiy xizmati shundan iboratki, uning vakillari ilmiy jihatdan o‘rganish predmeti sifatida ruhni inkor qildi. Bu holatni psixologiyaning metafizik va idealistik qarashlardan holi bo ‘lish yo ‘lidagn katta qadam deb hisoblash mumkin.
Yuqorida aytilganday, empirik psixologiyaning asosiy metodi ko’zatish, tajribadir. Lekin tabiat fanlaridan psixologiya sohasiga ko‘chirilgai bu metod ichki tajriba sifatida, o‘z-o‘zini ko’zatish (introspeksiya) sifatida boshqacha tus oladi.
Empirik psixologiya ob’ektiv ko’zatish metodidan ham, eksperiment metodidan ham foydalangan: psixik hodisalar har xil mahsus asboblar yordami bilan mahsus laboratoriyalarda o‘rganildi; materiallarni tekshirish va yakunlashda matematik statistika (korrelyatsiya) metodlaridan foydalanildi.
Empirik psixologiyaning psixologiya fani tarixidagi ikkinchi katta xizmati tajribadan foydalanishdan, psixologik eksperimentlar o‘tkazishning metod va texnikasini ishlab chiqishdan iborat.
Psixologlar tomonidan eksperimentning tatbiq qilinishi tufayli inson psixologiyasi sohasida boy materiallar to‘plagangan. Bu materiallarning ko‘pchilik qismi hozirgacha ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan (masalan, Vundt va Ebbingao’zning eksperimental ishlari). Empirik psixologiya aniqlagan ma’lumotlar va ishlab chiqqan eksperimental metod va usullar amaliyotda ham, masalan, meditsina va pedagogika sohalarida foydali bo‘lib chikdi.

Yüklə 23,93 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin