David Rikardo (1772–1823) klassik iqtisodiy maktabining atoqli vakillaridan biri hisoblanadi. U Londonda badavlat birja makleri yahudiy Avraam Rikardo oilasida tug’ilgan. Oiladagi 17farzandning uchinchisi bo’lgan David yoshligida muntazam ta’lim olgan emas va u hech qachon kollej va universitetlarda ham o’qimagan. Lekin u otasi yordamida tijorat sirlarini yaxshi o’rgangan va 16 yoshidayoq kontora va birjada otasiga yordamchi bo’lib ishlagan.
D.Rikardo 21 yoshida otasi bilan aloqani uzishga majbur bo’ldi. Chunki otasi uning xristian dinidagi qiz bilan bo’ladigan nikohiga qarshi edi. Oradan 5–6 yil o’tgach, D.Rikardo birjada o’ynab yirik boylik orttirdi (bu davrga kelib uning oilasida uchinchi farzand tug’iladi, keyinchalik bu oila yana beshta farzand ko’radi). D.Rikardo 1810 yilga kelib London moliya dunyosidagi yirik shaxslarning biriga aylanadi.