Hamshiralik tashxislari. Tumov, tana haroratining ko'tarilishi, spazmatik yo'tal xurujlari, uyqusizlik, talvasalar va boshqalar.
Davolash va parvarish qilish. Davolashning asosi to'g'ri uyushtirilgan rejim hisoblanadi. Bolani toza havodan imkoni boricha ko'p bahramand qilish: yozda imkon qadar kechayu-kunduz davomida, qishda harorat 10-12°S dan past bo'lmaganda yarim soatdan kuniga bir necha marta ochiq havoda bo'lish (qish kezlari bolalar issiq qilib kiyintirilgan bo'lishi kerak), qishda bolani derazalarini ochib qo'yilgan xonada aylantirib yurish va uxlatish, xonani shamollatib turish zarur.
Ovqat kuchli, to'q tutadigan, vitaminlarga boy, ta'sirlaydigan, quruq masalliqlardan xoli bo'lishi kerak (ushoqlar yo'tal tutib qolishiga sabab bo'lishi mumkin), uni kam-kamdan berib turiladi. Bolani ko'krak berib, emizib boqishga alohida e'tibor berish kerak. Kun tartibi to'g'ri tashkil etilishi lozim.
Bola uyg'oq mahalda uni qiziq o'yin bilan, kitob o'qish, ertak bilan mashg'ul qilib turish kerak. O'yin bilan mashg'ul bolalar kamroq yo'taladi.
Ko'kyo'talga davo qilish uchun hozirgi vaqtda bolaning yoshiga to'g'ri keladigan dozalarda antibiotiklar (levomitsetin, ampitsillin, eritromitsin, tetratsiklin gruppasiga kiradigan preparatlar) ishlatiladi, bular 7-10 kun davomida berib turiladi. Bu preparatlar kasallikning faqat kataral davrida yoki spazmatik yo'tal davri endi boshlanib kelayotgan mahaldagina naf beradi. Antibiotiklar berish to'xtatilganidan keyin ba'zi bolalarda ko'kyo'tal simptomlari qaytadan zo'raya boshlaydi, bunday hollarda yana 4-5 kun davomida davo qilib borish maqsadga muvofiq bo'ladi.
Ko'kyo'tali og'ir o'tayotgan, ayniqsa, 1 yashargacha bo'lgan bolalar o'pkasiga aloqador asoratlari bo'lganida vaqtni o'tkazmasdan turib kasalxonaga yotqizilishi kerak.
Kasallikning kataral davri bilan yo'tal tutadigan davrining dastlabki kunlarida ko'kyo'talga qarshi giperimmun donor zardobi va undan tayyorlangan gammaglobulin yaxshigina naf beradi (muskullar orasiga har kuni 6-9 ml dan yuboriladi, barvaqt ishlatishga boshlangan bo'lsa, 2-3 marta in'ektsiya qilinadi).
Vitaminlarni, ayniqsa askorbinat kislota va B kompleks vitaminlarini keng qo'llanishi tavsiya etiladi.
Qolgan davo choralari kasallik natijasida kelib chiqadigan simptomlarga qarab olib boriladi.
Profilaktikasi. Yasli yoki bolalar bog'chasiga qatnaydigan bolalarni har kuni qabul qilib olishda ular o'zini qanday sezayotganini va xususan yo'tali bor-yo'qligini onasidan surishtirib ko'rish, yo'talib turgan, ayniqsa quv-quvlab yo'tal tutayotgani topilsa yoki bakteriologik diagnoz tasdiqlansa, yo'talayotgan bola boshqa bolalardan darhol izolyatsiya qilib qo'yilishi kerak.
Bemor bilan kontaktda bo'lgan 7 yoshgacha bo'lgan bolalarning hammasi boshqa sog'Iom bolalardan batamom ajratib qo'yiladi. Kontaktda bo'lgan guruhdagi bolalarga 14 kunlik karantin belgilanadi.
Uy sharoitiga qarab bolalarga statsionarda yoki uyida meditsina xizmati ko'rsatiladi. Quyidagi bemorlar albatta kasalxonada yotib davolanishi kerak: a) ko'kyo'tal bilan og'rimagan 1 yashargacha bo'lgan bolalar bor oilalardan chiqqan bemorlar; b) turmush sharoitlari noqulay oilalardagi 3 yashargacha bo'lgan bolalar; v) bolalar muassasalaridan chiqqan birinchi kasal bo'lib qolgan bolalar.
Kasallikning spetsifik profilaktikasi uchun adsorbilangan ko'kyo'tal-difteriya-qoqshol vaktsinasi (adsorbirovannaya koklyushno-difteriyno-stolbyachnaya vaktsina - AKDS vaktsinasi) ishlatiladi.
Ko'kyo'tal-difteriya vaktsinasi bilan bolalar, ko'kyo'tal bilan og'rimagan va difteriyaga qarshi birinchi marta immunlanishi kerak bo'lsa, 3 oylik vaqtidan boshlab emlanadi. Bu vaktsina 3 - 4 hafta oralatib turib, 0, 5 ml dan 3 marta in'ektsiya qilinadi. Oradan 6 - 9 oy o'tkazib revaktsinatsiya qilinadi (yana 0, 5 ml dan).