Komil inson ma’naviyati


Tasavvuf va kalom ilmi (Imom G‘azzoliy qarashlari)



Yüklə 83,53 Kb.
səhifə6/9
tarix23.05.2023
ölçüsü83,53 Kb.
#120662
1   2   3   4   5   6   7   8   9
MA\'NAVIYAT VA MAFKURANING JAMIYAT TARAQQIYOTIDA KOMIL INSONNI kopiya

Tasavvuf va kalom ilmi
(Imom G‘azzoliy qarashlari)

Shariat bilan tariqat orasidagi masala g‘oyat nozik masaladir. Bu jihatni anglamagan odam shubhasiz biror tomonga putur yetkazishi mumkin. Chinakam musulmon bо‘lgan, islomni chuqur anglab, uning ma’rifati, hikmat va falsafasidan bahramand bо‘lgan, musulmonlikni Alloh yodida pok yashash deb bilgan kishi hech qachon tariqatni о‘ziga yot deb bilmaydi. Musulmonlikni faqat rasm-rusmlar, odatlar va boshqa tashqi belgilar yig‘indisi deb biluvchi kishi uchun, turgan gap, tariqat mavhum va hatto zararli narsa bо‘lib tuyuladi. Bu о‘rinda shuni aytish kerakki, shariat ahlining hammasini ham tariqat bilan kurashib kelgan, tariqatga muxolif bо‘lgan deb ayta olmaymiz. Kо‘pgina shariat peshvolari tariqat ahliga hurmat bilan qaraganlar, shayxlar bilan dо‘stlashganlar. Bundan tashqari, darvesh sulukiga kirgan faqihlar, shayxulislomlar, obidlar bor edi, masjidlar va xonaqolar orasida aloqa bо‘lib turardi.
Shunga qaramay, shariat va tariqat ahllari orasida muxoliflik davom etib keldi. Zohirbin ulamolar nazdida surunkali taqvo, doimiy rо‘za, riyozat uchun о‘zini qiynoqlarga solish Hazrati Payg‘ambarimiz (s.a.v.) sunnatlariga xilof. Inson hayotdan, ya’ni Alloh bergan ne’matlardan bahramand bо‘lishi va ham о‘z Tangrisiga shukrona sifatida toat-ibodat bilan shug‘ullanishi, bandalik xizmatini bajarib turishi lozim. О‘zini qiynoqlarga solish Allohga xush kelmaydigan ishdir, deydi shariat ahli.
Ammo muxolifatning bosh sababi bu emas edi, zohidlar, «osoyishta» sо‘fiylar shariat ahlini unchalik bezovta qilmaganlar. Shariat ahliga tashvish keltirgan narsa – bu tasavvufning fano, tavhid, ishq va vasl kabi g‘oyalari edi. Chunki mazkur tushunchalar hurfikrlilikni, haqiqatni izlash yо‘lidagi mantiqiy-tafakkuriy jihatni kuchaytirar, vahdat, ruh, Iloh va inson haqida teranroq bilim berar, olam asrorini anglashga yо‘l ochardi. Bu esa zohiriy bilim bilangina cheklangan odamlarga yoqmasdi. Boz ustiga, Haq ishqida bexudu devona bо‘lgan valiylarning «shathiyot»lari, ya’ni zohirda «kufr» bо‘lib kо‘ringan gaplari (chunonchi, Hallojning: «Analhaq» deyishi, Boyazidning «Sharaflanganman, sharaflanganman, sha’nu sharaf menga» degan gapi, Mashrabning «Yorsiz ham bodasiz Makkaga bormoq na kerak, Boshimga urayinmu Ibrohimdan qolg‘on ul eski dо‘konni» deyishi) tabiiyki aqidaparast kishilarni tashvishga solar va ular buni iymondan chekinish deb baholardilar.
Shuning oqibati bо‘ldiki, tasavvuf maslagining eng yorqin fikrli aziz farzandlari Mansur Halloj, Yahyo Suhravardiy, Aynulquzzot Hamadoniy, Imomiddin Nasimiy, Badriddin Hiloliy, Boborahim Mashrab muqallid ulamolar fatvosi bilan rasmiy ravishda qatl etildilar. Mansur va Suhravardiyning bir necha shogirdlari ham qatl etilgan. Shu kabi Zunnun Misriy, Boyazid Bistomiy, Abdulloh Ansoriy, Farididdin Attor, Inb Arabiy, Jaloliddin Rumiy kabi mashhur mutafakkir shayxlar umr bо‘yi shariat ahli bilan kelisholmay, ba’zan esa johil hokimlar, amirlarning tazyiqi ostida umr о‘tkazganlar.
Maqomot va valiylik sirlaridan birinchi bо‘lib sо‘z ochgan Zunnun Misriy Misr ulamolari raisi Abdulloh bin Hakim tomonidan ta’qib ostiga olinadi, Zunnunning qarashlari inkor qilinadi. Zunnun aytgan gaplar ilmi kalom ulamolari aytgan gaplarga tо‘g‘ri kelmaydi, deb uni zindaqa (dunyoning asosida ikki kuch – Yovuzlik va Ezgulik yotadi degan e’tiqodni olg‘a suruvchi Zand dini) tarafdorisan, kofirsan deya toshbо‘ron qiladilar. Abdulqosim Sulamiy о‘zining «Tabaqatus sо‘fiya» kitobida mazkur ma’lumotlarni keltirib, yana davom etadikim, shayx Abusulaymon Doroniy farishtalarni kо‘raman va ular bilan suhbat-lashaman, degani uchun Damashqdan badarg‘a qilingan. Bistom shahri aholisi ham Boyazid Bistomiydan munkir bо‘ldilar. Sababi u: men ham Payg‘ambar singari Me’rojga kо‘tarildim, degan ekan. Sulamiyning yozishicha, Sahl bin Abdulloh Tustariy debdurkim, farishtalar, shaytonlar va jinlar uning oldida hozir bо‘ladilar va u bilan sо‘zlashadilar. Lekin odamlar bunga ishonmay rad etadilar va Sahlni yomon otliq qiladilar. Natijada Sahl Tustardan Basraga qochib borib, о‘sha yerda vafot etdi.
Ulug‘ shayx va shoir Farididdin Attorni «Javharuz zot» (Zot gavhari) asari uchun rofiziylik (shialik)da ayblagan Nishopur ulamolari uni Mansur kabi qatl etmoqchi bо‘ladilar. Biroq shoir qochib jon saqlaydi, lekin mol-mulkidan butkul ajraladi. Yana qizig‘i shundaki, XV asrda, xuddi shu dostonni kо‘chirgan Nizomiddin Haydar Bobuniy degan kotib Samarqandda mullalarning g‘azabiga duchor bо‘lgan va qattiq jazoga hukm etilgan. Xayriyatki, Hirot olimlari bundan xabar topib, Nizomiddinni qutqarib qoladilar (YE.E.Bertels. «Sufizm i mufiyskaya literatura». 372-373-betlar).
Shariat va tariqat orasidagi muxoliflik ilmiy-nazariy yо‘nalishda ham davom etib turgan. Bir qancha risolalar yozilib, sо‘fiylarning sо‘zlari va amallari tanqid qilindi. Shunday kitoblardan biri 1153 yilda vafot etgan Ibn Javziyning arab tilidagi «Talbis iblis» (Iblis vasvasasi) nomli kitobidir. Eronlik olim Sayid Guharin «Tasavvuf istilohlari sharhi» nomli kitobning muqaddimasida Ibn Javziy asari ustida batafsil tо‘xtab о‘tgan. Biz ushbu manba’dan ma’lumot uchun ba’zi iqtiboslarni keltirib о‘tmoqchimiz.
Ibn Javziy tasavvuf tarixini ikki davrga bо‘ladi. Birinchisi – zohidlik davri bо‘lib, u davrda sо‘fiylar shariat talablariga qat’iy rioya qilganlar. Ikkinchisi – darveshlik davri bо‘lib, bu davrda fikru shuurda islom aqidalariga tо‘g‘ri kelmaydigan qarashlar yuzaga kelgan, tariqat qabul qilgan rasm-rusmlar ham ilk islomda yо‘q edi, deydi Javziy. Chunonchi, xirqa kiyib alohida jamoa bо‘lib yurish, raqsu samo’ majlislari tashkil qilish, kuy-qо‘shiq eshitish, chilla о‘tirish, zikr tushish va hokazolar islomga xilof. Sо‘fiylarning bu ishlari odamlarni yо‘ldan ura boshladi, deb yozadi Ibn Javziy, chunki sо‘fiylar bag‘oyat taqvodor kishilar bо‘lganligi sababli dindorlarga ta’sir о‘tkazardi, ammo ikkinchi tomondan, о‘yin-kulguga berilgan dunyoparast kishilar ham sо‘fiylarning ilmini о‘rganishdan kо‘ra, karomat va sehrga e’tibor beradilar, bu esa shaytonning ray’iga ergashishdir. Ibn Javziy yozadi: «Keyingi davrlarga kelib, Iblis ularning ishlariga aralashdi va vasvasaga soldi. Ularning tobe’lari ham bu vasvasaga uchdilar. Iblis vasavasasining mohiyati shundan iboratki, u sо‘fiylarni ilm va donishdan qaytarib, ularga maqsad-muddao ilm emas, balki amaldir, deb kо‘rsatdi. Va ular uchun ilm chirog‘i sо‘ngan-dan keyin zulmat ichra qoldilar va yо‘ldan adashdilar».
Bu tasavvufga qо‘yilgan katta ayb edi. Amalda Ibn Javziy sо‘fiylarni bilimsiz, nodon kishilar deb tahqirlagan. Tо‘g‘ri, tasavvufda shariat ilmi aqliy-mantiqiy ilm sifatida olib qaraladi va sо‘fiy bu ilmning о‘zi bilan chegaralansa bо‘lmaydi, u ishq va botiniy taraqqiyot oraqli g‘aybiy-laduniy bilimlar sohibi bо‘lsagina, maqsadga erishadi, degan qarash bor. Biroq buni shayton vasvasasi yoki nodonlik deb atash xato. Axir Najmiddin Kubro, Ahmad Yassaviy, Bahouddin Naqshband, Xoja Ahrori vali kabi ulug‘ shayxlarni shariat ilmidan bexabar deb bо‘ladimi? Ular bu ilmni suv qilib ichgan odamlar edilar. Ular ana shu shariat ilmidan tashqari yana botiniy-ilohiy ilm ham jо‘sh urib turgan. Ana shu fazilat bilan ular oddiy dindorlar, muhaddisu mufassirlardan ustun edilar.
Ibn Javziyga shariat ilmini ilmi zohir, tariqat ilmini ilmi botin deyish ham yoqmagan, uning nazarida bu tariqatni shariatdan afzal hisoblashdir. «Kо‘p och yurish, surunkali chilla о‘tirish, parhezkorlik bu odamlarning miyasini aynitgan. Shuning uchun ular bid’at va kufr sо‘zlarni aytadilar, xayollariga har xil narsalar kо‘rinadi», deb yozadi Ibn Javziy sо‘fiylar haqida. Sо‘fiylar о‘zlarini islom asoslariga daxldor qilish uchun chahoryorlar – Abubakr, Usmon, Umar va Ali raziyallohu anhularni, bir qism sahobalarni ilk sо‘fiylar deb aytadilar va hatto Hazrati Payg‘ambarimizdan ham sо‘fiylik sifatlarini qidiradilar, Qur’oni Karim oyatlarini sо‘fiyona ruhda shahrlaydilar, deydi Ibn Javziy.
«Talbis Iblis» kitobidan: «Odamlarning bu qavmga (ya’ni sо‘fiylarga) mayli kuchligiga bois shuki, tariqatning tashqi kо‘rinishini ibodatga moslaganlar, ammo botinini raqsu samo’ bilan tо‘ldirganlar, odamlarga esa bu yoqadi».
Yana: «Avvalgi sо‘fiylar shoh va amirlardan nafratlanardilar, ularning in’omlarini olmasdilar. Keyingi sо‘fiylar taxtu toj ahlining yaqin dо‘stlariga aylandilar».
Yana: «Abdurahmon Sulamiyning keltirishicha, Amru Makkiy (Mansurning piri) hikoyat qilibdurkim, Mansur Halloj bilan Makka kо‘chalarini kezardik. Men Qur’oni Majiddin bir oyat о‘qidim. Mansur mening qiroatimga quloq solib dedi: men ham shunga о‘xshash sо‘zlarni ayta olaman».
Va yana: «Sо‘fiylarning kо‘pi xotinlarga qarashni nojoiz hisoblaydilar. Lekin chiroyli yigitlar bilan suhbat qurishni yoqtiradilar… Ularning fikricha, Xudo gо‘zallar jismiga singgandir, gо‘zallar yuziga boqib, Xudoning jamolidan bahra olamiz, deydilar».
Ibn Javziyga tariqat odobi, ya’ni tarkidunyo qilish, xonaqolarda taqvo bilan umr о‘tkazish ham ma’qul emas, muallif buni islom shariatiga xilof deb biladi. Ibn Javziy fikricha, olti sababga binoan bu ish xatodir, ya’ni birinchidan, ushbu harakat odamlarni masjiddan chelashtiradi, holbuki, masjid musulmonlarning asosiy yig‘iladigan joyi bо‘lishi kerak. Ikkinchidan, musulmonlarning jam bо‘lib ibodat qilishi kamayishi mumkin. Uchinchidan, kishilarni masjidga borib namoz о‘qishdan mahrum etadi. Tо‘rtinchidan bu ish nasroniylar va isoparastlarga taqlid bо‘lib, yaka ibodat qilish odatini joriy etadi. Beshinchidan, xonaqo ahli orasida kо‘p yosh yigitlar borkim, ular uylanishi va farzandli bо‘lishi kerak. Tarkidunyo ular hayotiga zomindir. Oltinchidan, xonaqolarda bajariladigan amallar xalq-ni aldash va zalolatga yо‘llashdan iborat. «Keyingi davr sо‘fiy-lari, - deb ta’kidlaydi Ibn Javziy, - xonaqo va rabotlardan tekin yashash va istirohat bilan kun о‘tkazishga о‘rganib qolganlar, faqat ovqat yeyish va о‘yin-kulgi qilish bilan bandlar».
Kо‘rindiki, Ibn Javziy uchun tasavvuf ta’limot sifatidagi nazariy jihatlari, g‘oyalari bilan ham maqbul emas. Muallif xonaqolardagi pir va muridilik muomalasidan tortib, о‘z-о‘zini nazorat qilish shartlari hisoblangan zikru samo’, chilla о‘tirish, surunkali taqvodorlik, maxsus kiyim – xirqa kiyib yurishgacha – hammasini bid’at deb rad etadi («bid’at» – arab tilida yangilik demakdir).
Tasavvufni tanqid qilish keyingi asrlarda ham davom ettirildi, hozir ham afsuskim ayrim mamlakatlarda naqshbanddandiya, suhravardiya va mavlaviya tariqatlarini tanqid etuvchi kitoblar chop etilmoqda. Ularda asosan о‘sha Ibn Javziy aytgan gaplar takrorlanadi.
Endi tariqat ahlining gaplarini ham eshitaylik. Avvalo alohida qayd etamizki, tariqat ahli hech yerda va hech qachon shariatni inkor etgan emaslar. Bil’aks, shariat tasavvufning muhim va zaruriy qismi deb qaralgan. Boshqacha aytganda, shariat ma’naviy tarbiyaning birinchi bosqichi hisoblangan. «Kashful mahjub» kitobining muallifi Abulqosim Qushayriy fikricha, suluk yо‘liga kirgan kishi tо‘rt buyuk marhala (maqom)ni bosib о‘tishi lozim, ya’ni shariat, tariqat, ma’rifat va haqiqat. Ba’zilar ma’rifatni alohida maqom sifatida tilga olmasalar ham, ammo shariat, tariqat va haqiqatni sanab о‘tganlar.
Yana shunisi borki, kо‘pgina shayxlar о‘z muridlariga birinchi navbatda shariat asoslarini puxta о‘rgatganlar, murid toki Qur’on va Hadisni butun mohiyati bilan anglab yetmasa, shariat ahkomi bо‘lmish tavhid, iymon ma’nosini tushunmasa, besh vaqt namozni ado etib, rо‘za tutib, zakot va haj talablarini ham bajarmasa, u haqiqiy musulmon deb qaralmagan va xonaqoga kiritilmagan. Biroq, hamma gap shundaki, tariqat peshvolari shariat talablari ustiga yana yangi talablar qо‘yganlar, musulmonlik shartlarini chuqurlashtirganlar. Aniqroq qilib aytsak, omma toqat qila olmaydigan, biroq maxsus kishilargina toqat qiladigan qishimcha riyozatlar yuklaganlar va soliklar buni majburiy emas, ixtiyoriy ravishda о‘z zimmalariga olganlar. Ana shu asosda qо‘shimcha namoz, qо‘shimcha rо‘za, parhez va taqvo, qо‘shimcha haj qilish joriy etilgan. Shunga qudrati bor kishilar uchun bu narsa ravo deb qaralgan. Chunki bunday odamlar о‘z hayotlarini Xudo yо‘liga bag‘ishlagan edilar, ular uchun bundan muhim, bundan olijanob va qimmatli narsa bо‘lmagan. Xо‘sh, buni man’ etib bо‘ladimi? О‘zini Xudo yо‘liga bag‘ishlagan, tunu-kun ibodat bilan shug‘ullanishni odat qilgan odamni sen gunoh qilayapsan deyish mumkinmi? Bu har bir bandaning о‘zining shaxsiy ishi. Shuning uchun ham tasavvuf va tariqatni xoslar yо‘li deydilar va indivudial (fardiy) hodisa sifatida olib qaraydilar.
Aslini olganda, shariatning о‘zi ham riyozatdir. Besh vaqt namozni ado etish, bir oy rо‘za tutish, uzoq safarga chiqib haj qilish riyozat emasmi?
X–XI asrlardan boshlab shariat va tariqat ahllari orasida munozaralar boshlangandan keyin tasavvuf nazariyotchilari bu ikki tomonni kelishtirish, shariat va tariqatni muvofiqlashtirish ustida bosh qotirib, fikrlar bayon etganlar.
Bu ishga birinchi bо‘lib qо‘l urgan kishi Abubakr Kalobodiy Buxoriy (vafoti 990 yil)edi. U о‘zining «At-taarruf li mazhabi tasavvuf» (Tasavvuf mazhabi bо‘yicha tanishtirish kitobi) nomli asarida tasavvuf aqidalarining islom ahkomlariga muvofiq kelishini isbotlashga intilgan. Olim asosan Qur’on va Hadisdan olingan misollar va tasavvuf shayxlari sо‘zlarini qiyoslash usulidan foydalangan. Keyinchalik Abdulloh Ansoriy (1006–1089) Abdulloh Kushayri (986–1072), Hujviriy (vafoti 1075) ham bu masalada fikr bildirib, shariat va tariqat bir-birini tо‘ldiradigan, rivojlantiradigan yо‘llar ekanini qayd etganlar. Chunonchi, Abdullo Ansoriy deydi: «Shariat barcha inkor va tasdiqdan iborat, u inson vujudiga qaratilgan bо‘lib, shakl-rusumlar (qoliplar)ni tashkil etadi. Tariqat butkul mahv bо‘lmoq (fano), haqiqat esa barcha xayratdan iborat. Shariatni tana deb bil, tariqatni dil degin, haqiqatni esa jon hisobla».
Ammo bu borada hech kim Imom Muhammad G‘azzoliychalik chuqur ilmiy fikrlar bayon etgan emas.

Yüklə 83,53 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin