203 Falsafaning voqelikdagi narsa va hodisalarni har tomonlama va o‘zaro
munosabatda tahlil qilish tamoyili o‘rganilayotgan ob’ektga bir tomondan, bir
yoqlama, bir munosabatda tahlil etishni maqsad etib qo‘ygan formal mantiq
tafakkur uslubidan tubdan farq qiladi. Bunday fikrlash usuli sofistika va metafizika,
eklektika usullariga ham qarama-qarshidir. Bulardan farqli o‘laroq, falsafiy fikrlash
usuli narsa va hodisalarni tahlil qilishda ularga xos bo‘lgan hamma aloqa
vositalarini hisobga olishni talab etadi. Xuddi shunday yondashish olamni chuqur va
atroflicha bilish va amaliy faoliyati muvafaqqiyatining shartidir.
Falsafiy fikrlash usuli olamdagi narsa va hodisalarni faqat o‘zaro aloqada va
bir-birini taqozo qilishda olib qaramasdan, balki harakatda, o‘zgarishda va
rivojlanishda qarashni talab qiladi. Bu ham falsafaning muhim tamoyillaridan biri
bo‘lib hisoblanadi. U bevosita narsa va hodisalarning o‘zaro aloqadorligi tamoyilidan
kelib chiqadi. Buning boisi shundaki, voqelikdagi barcha narsa va hodisalar o‘zaro
aloqadorligi, bog‘lanishlari tufayli bir-biriga ta’sir qiladi va ularning xuddi shu o‘zaro
ta’siri harakatdir.
Tabiat va jamiyat hodisalarining o‘zaro bog‘liqligi va bir-biriga ta’sir qilib
turishi ularning doimiy harakatda, rivojlanish va o‘zgarishda bo‘lib turishini
ko‘rsatib beradi. Hamma hodisalar o‘zaro bog‘liq bo‘lib, biri ikkinchisidan kelib
chiqadi. Dunyo abadiy harakat, o‘zgarish va rivojlanishda bo‘ladi. Shuning uchun
ham olamdagi narsa va hodisalarga dialektik mantiq nuqtai-nazaridan yondashish
ularni nafaqat o‘zaro aloqada va bir-birini taqozo qilishda, balki harakatda,
o‘zgarishda va rivojlanishda qarashni talab qiladi. Bunday yondashish ham shaklan
ham mantiqan metafizik usulga ziddir. Masalan, metafizika uchun o‘rganilayotgan
ob’ekt ularning fikriy in’ikosi-tushunchalar o‘zgarmaydigan, qotib qolgan, biridan
keyin ikkinchisi va biri ikkinchisiga bog‘lanmasdan alohida tahlil qilinadigan
narsalardir.
Narsa va hodisalarni, tadqiq etilayotgan ob’ektlarning barchasini o‘zaro
aloqada, ularning harakatida, paydo bo‘lishi va yo‘qolishida qaralishi dialektikaning
muhim tamoyillaridan bo‘lib hisoblanadi.