286 Ilmiy bilishning asosiy maqsadi tabiatdagi narsa va hodisalar mohiyatini
bilishdan iborat. Shuning uchun ham narsalarni o’rganishda metafizik usul dastlab
tabiatshunoslik zaminida tarkib topa boshlagan. Sofistik tafakkurga qarshi o’laroq
vujudga kelgan metafizik usul fan rivojlanishi tarixida o’ziga yarasha ijobiy rol
o’ynagan. Tabiatshunoslik yig’ma, to’plovchi fan sifatida ko’ringan davrlarda
narsalarni o’rganish metodi bo’lgan metafizika mavjud voqelikda alohida olingan
narsalar haqidagi juda ko’p aniq materiallarni to’plashda olimlarga yordam berdi.
Tabiatdagi aniq narsa yoki jarayonlarni bilmasdan turib, dunyoning umumiy
ko’rinishi to’g’risida tasavvur qilish mumkin emas.
Tabiatdagi narsalarni mukammal o’rganish, ularning mohiyatini chuqurroq
ochib borishga intilish — metafizik tafakkur uslubining ijobiy tomonini tashkil etadi.
Uning ulkan tarixiy haqqoniyligi ham shundadir. Bu shu bilan tavsiflanadiki,
metafizik tafakkur uslubidan faqat tabiatshunoslargina emas, balki XVII-XVIII asr
faylasuflari ham unumli foydalanganlar.
Metafizik tafakkur uslubining xususiyati shundan iboratki, tabiatdagi narsa va
hodisalarni bir-biridan ajralgan va harakatsiz holda olib qaraydi.
Bunday fikrlash, kundalik, odatdagi turmush miqyosida ma’lum darajada
muvofiq kelsada, haqiqiy ilmiy bilishda esa nomuvofiqdir, chunki bizni o’rab turgan
har bir narsa voqelikdagi boshqa narsalar bilan o’zaro chambarchas bog’langan va
ular uzluksiz harakatda, o’zgarishda, rivojlanishdadir. Har qanday jonli mavjudot ham
ma’lum vaqtda o’z mohiyatini saqlab tursa, ma’lum vaqtda saqlay olmaydi: chunki,
tashqi muhitdan olgan hayotiy zaruratni qayta ishlab, o’zidan boshqa modda
chiqaradi.
Har bir daqiqada ba’zi bir hujayralar o’z faoliyatini tugatsalar, ba’zi birlari esa
o’z faoliyatlarini yangidan boshlaydilar. Shu tariqa oz yoki ko’p vaqt davomida
organizm tarkibidagi moddalar yangi atomli moddalar bilan almashinadi. SHuning
uchun ham organik mavjudot yoki jism bir paytda ham shu joyda, ham shu joyda
bo’lmaydi. Ammo shu tahlitda tushunish metafizik tafakkur g’ayri ilmiy bir
tomonlama, cheklangan tafakkur uslubidir.