55
“Avesto”da odamlarni iymonli bo’lishga, doimo pok, toza yurishga, tanani
ozoda tutishga, har qanday yomon niyat va so’zlardan tiyilishga, yomon
amallardan voz kechishga, nojo’ya ishlardan yuz o’girishga da’vat etadigan
axloqiy qoidalar, diniy o’gitlar, falsafiy g’oyalar nihoyatda ko’p.
“Avesto”da qayd etilgan eng muhim falsafiy fikrlardan biri — insonlarni
mehnat qilishga, o’z qo’llari bilan moddiy boyliklar yaratib to’q, farovon hayot
kechirishga da’vat etilganligidadir. Zardushtiylikda chorvaning ko’payishiga,
yaylovlarning gullab-yashnashiga yordam bergan taqdirda, tinmay mehnat
qilgandagina xudoning inoyatiga noil bo’ladi, deyiladi. Zardusht xudo
Axuramazdadan yer yuzidagi eng yaxshi joy qaerda, deb so’raganda u, inson
qaerdaki o’ziga uy tiklab, oilasi (xotini va farzandlari)ga, podalariga o’rin ajratib
bersa, yem-xashagi ko’p bo’lib, chorvasi va itlari to’q yashasa, uyda noz-ne’matlar
muhayyo bo’lib, xotini va farzandlari faravon yashasa, uyda e’tiqodi sobit, olovi
alangali, boshqa narsalari ham mo’l-ko’l bo’lsa, o’sha manzil, o’sha go’sha
ulug’dir, muhtaramdir, deb javob beradi.
“Avesto” mehnat qilib, boylik yaratib, yangi joylarni obod qilib, qo’riq va
bo’z yerlarni haydab, sug’orib o’zlashtirgan, sut, go’sht, yog’, don-dun yetishtirib
jamiyat taraqqiyotiga yo’l ochib bergan, farovonlikni ta’minlagan dehqonlar,
chorvadorlar, ovchilarni ulug’laydi. Unda, masalan, yerga mehr qo’yib mehnat
qilish zarurligi haqida aytilgan. Kimda-kim, ham o’ng qo’li bilan, ham chap qo’li
bilan yerga ishlov bersa, yerga foyda keltiradi. yer ham undan o’zining har xil
noz-ne’matlarni, ziroatlarini, mo’l-ko’l hosilini ayamaydi, deyiladi kitobda.
Kimki yerga vaqtida ham o’ng qo’li, ham chap qo’li bilan ishlov bermagan,
mehnat qilmagan bo’lsa, unday kimsalarga zamin: “O sen, odam, menga
topilmaydigan, mehnat qilmaydigan odam! Sen haqiqatan ham tilanchilar qatorida,
yot eshiklarga ta’zim qilib, abadul-abad bosh egib turajaksan! Haqiqatan ham
sening yoningdan xilma-xil ziroatlarni olib o’tadilar, bu noz-ne’matlarning
barchasi mehnat qilayotgan: to’q va farovon yashayotgan xonadonga nasib qiladi.
Abadul abad shunday bo’lajak!” - deb mehnatga da’vat qiladi.
|