Qatlam qalinligi qazish ishlari va kon lahimlarini o‘tish texnologiyasiga ta’sir ko‘rsatadi.
Masalan, yupqa va o‘rtacha qalinlikka ega bo‘lgan qatlamlar, shuningdek, qalin, o‘ta qiya qatlamlarning bir qismi butun qalinligi bo‘yicha qazib olinadi, qalin yotiq qatlamlar esa, tabaqalarga ajratib qazib olinadi.
Kon-tayyorlov lahimlarining kesim yuzasi, balandligi, odatda, qatlam qalinligidan kamroq bo‘ladi (qalinlik 2,5 m dan kam bo‘lmaganda). Agar lahimning ushbu o‘lchami qatlam qalinligidan katta bo‘lsa, u holda qatlam osti yoki ustiga joylashgan kon jinslarining bir qismini ham qazishga to‘g‘ri keladi (qatlam ostidan, ustidan yoki har ikki tomonidan).
Qatlam og‘ish burchagi ko‘mirni kavjoy bo‘ylab tashishga ta’sir etadi: og‘ish burchagi 20—25° gacha bo‘lganda ko‘mir mexanik
vositalar yordamida tashilsa, burchak katta bo‘lgan sharoitlarda ko‘mir o‘z og‘irlik kuchi ta’sirida tashish shtrekiga tushadi.
Qatlam atrof jinslarining parchalanib qulash yoki ohista egilish xususiyati kon bosimini boshqarish usulini tanlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Jinslarning bu xususiyati qazish ishlarini mexanizatsiyalash vositalariga ham ta’sir ko‘rsatadi, ularning turg‘unlik xususiyati esa, kon-tayyorlov lahimlarini qatlam orasidan yoki kon-jinslari orasidan o‘tish lozimligini belgilab beradi.
Qatlamlardagi geologik buzilishlar uni qazib olish ishlarini murakkablashtiradi. Shu bois qazish tizimini tanlash va uning elementlarini asoslash, shuningdek, qazish jarayonlarini komp- leks mexanizatsiyalash masalalarini geologik buzilishlarni hisobga olgan holda hal qilish lozim.
Dastadagi qatlamlarning o‘zaro joylashishi ularni qazib olish navbati va qazishga tayyorlash usulini belgilashga ta’sir etadi.
Konlarning suvdorlik darajasi mashinalarning ishonchli ishlashi va mehnat unumdorligiga ta’sir ko‘rsatadi. Shuningdek, suvdorlik darajasi katta bo‘lganda kon ishlarini olib borish xavfi ko‘payadi. Shu sababli suvdorlik darajasi katta bo‘lgan qatlamlarni qazishda yerosti suvlarini qazish kavjoylariga o‘tkazmaydigan qazish tizimlarini qo‘llash yoki bunday qatlamlarni dastlab suvsizlantirib, so‘ng qazish ishlarini bajarish tavsiya etiladi.
Qazish tizimini tanlashga kon jinslarining darzdorligi, ularning yo‘nalishiga qatlamning tabaqalanish yo‘nalishi mos kelishi yoki kelmasligi ham ta’sir ko‘rsatadi.
Darzlarning mavjudligi va ularning yo‘nalish tarzi lava kavjoylarining cho‘ziqlik bo‘yicha qanday joylashtirish lozim- ligi, kavjoy oldi bo‘shlig‘i shiftining turg‘unligi, mehnat unumdorligi va xavfsizligi kabi ko‘rsatkichlarga ham sezilarli ta’sir ko‘rsatadi.