Bevosita foydali qazilmani qazib olish ishlari foydali qazilma yotqizig‘i ustidagi qoplama jinslari qazib olingandan so‘ng boshlanishi, karyerning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha o‘lchami katta bo‘lishi tufayli unda yuqori unumdorlikka va o‘lchamlarga ega bo‘lgan uskunalarni qo‘llash mumkinligi, qoplama jinslar va foydali qazilmani ekskavatorlar orqali qazib olish ochiq kon ishlarining asosiy belgilari hisoblanadi.
Tub kon jinslari (magmatik, metomorfik va cho‘kindi jinslar) va ularni qoplab yotgan ustama jinslar kon qazish ishlarining obyektlari hisoblanadi. Bu jinslarning xossalari asosida ularni qazib oluvchi va qayta ishlovchi uskunalar tanlab olinadi. Kon jinslarining bo‘shoqligi, yumshoqligi, pishiqligi, yarim qoyasimon, qoyasimon va ularning bo‘lakdorligi kabi xossalari kon jinslarining asosiy xususiyatlaridir.
Kon jinslarining bo‘shoqligi va yumshoqligi ularni massivdan dastlab maydalamasdan turli kon qazish mashinalari yordamida osonlik bilan ajratib olish mumkinligi bilan tavsiflanadi va ulardagi zarrachalarning o‘zaro ilashish kuchi
03—0,05 mPa dan katta bo‘lmaydi.
Pishiq jinslar (qattiq gil, bo‘r, toshko‘mir va qo‘ng‘ir ko‘mir) kon qazish mashinalari bilan, dastlab maydalamasdan jins massividan bevosita ajratib olinadi. Bu jinslar pog‘ona balandligi 10—20 m qiyalik tekisligi burchagi 60—70° gacha bo‘lganda pog‘ona barqarorligini ta’minlaydi. Yarim qoyasimon jinslarni qazib olish portlatish asosida, dastlab maydalab, so‘ng qazib olishni talab etadi.
Bu jinslarni nuragan magmatik, metomorfik, shuningdek, cho‘kindi jinslar (gillangan slaneslar, qumtoshlar, gemotit rudalar, mergellar, arglitlar, alevrolitlar, toshko‘mir va turli qo‘ng‘ir ko‘mirlar) tashkil qiladi.